Britaniya poytaxti Londondagi “Christie's” kimoshdi savdo uyida joriy yilning 26 aprel kuni sotuvga qo‘yiladigan ashyolar ro‘yxati e’lon qilindi. Bu haqda “christies.com” saytida xabar berildi.
Eng noyob lot hisoblanayotgan o‘nta ashyo ro‘yxatida birinchi bo‘lib Qur’oni Karimning qadimiy mus'hafi turibdi.
Mus'haf Usmonli imperiyasi davridagi turk xattoti Yahyo Hilmi tomonidan ko‘chirilgan bo‘lib, yaratilgan vaqti 1886–1877 yillar ekani ma’lum qilingan. Mus'haf illyuminatsiyasiga Usmon Yumni imzosi chekilgan.
Qur’oni Karim qo‘lyozma nusxasining boshlang‘ich narxi 492 449 AQSH dollaridan 703 499 AQSH dollarigacha deb baholangan.
Kimoshdi savdosida Islom va hind dunyosi san’atiga tegishli qo‘lda to‘qilgan qadimiy sholcha va gilamlarni o‘z ichiga olgan san’at namunalari savdoga qo‘yilishi ma’lum qilingan.
Bundan tashqari, savdoga ikki dona Qur’on oyati yozilgan pushti rangdagi sahifalar qo‘yilgani va ularning 13 asrda Ispaniyada yaratilgani aytib o‘tilgan. Ularning har biriga 11-16 ming AQSH dollari miqdorida boshlang‘ich narx belgilangani qayd etilgan.
O‘MI Matbuot xizmati
Savol: O‘qilgan namozimdan ko‘nglim to‘lmadi. Shu namozni qayta o‘qishim kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu masalaning biroz tafsiloti bo‘lib, unga ko‘ra namoz quyidagi holatlarda qayta o‘qilishi lozim:
• Namozda biror farz amal bajarilmay qolib ketgan bo‘lsa;
• Namozda biror vojib amal qasddan bajarilmay qolib ketsa;
• Namozda biror vojib amal unutib bajarilmasa va namoz oxirida sajdai sahv ham qilinmay tugatilgan bo‘lsa.
Agar namozda sunnat amallar tark qilingan bo‘lsa yoki namoz makruhlik bilan o‘qilgan bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qish vojib emas, balki mustahab (chiroyli sanalgan) ish hisoblanadi. Ushbu holatda qaytadan o‘qimasa ham gunohkor sanalmaydi.
Savolda so‘ralgan holatga kelsak, ko‘ngil to‘lmasligi yuqorida sanab o‘tilgan farz yoki vojib amal tark qilingan holatlar sababli bo‘lsa, namoz qayta o‘qilishi kerak. Ammo haqiqatda sobit bo‘lmagan shubha-gumonlar, vasvasalar sababli ko‘ngil to‘lmayotgandek bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qilmaydi. Chunki ko‘p hollarda “ko‘nglim to‘lmayapti”, deb namozni qayta-qayta o‘qiyverish insonni o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi va vasvasa kasaliga chalinishiga olib keladi.
Shunday ekan, namozda bajariladigan farz, vojib, sunnat amallar haqida yaxshi o‘rganish, eng asosiysi turli xayollarga chalg‘imasdan namozni e’tibor bilan ado etish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.