Nigeriyaning Kaduna shtatida yashovchi muslima Ramatu hoji Tijoniy yaqinlashib kelayotgan Pasxa bayrami munosabati bilan nasroniy hamyurtlariga quvonch ulashdi. Bu haqda “IslamNews” nashriga tayanib “info.islom.uz” xabar berdi.
U 50 ta kambag‘al nasroniy bevalarga tovuq go‘shti va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini ehson qilgan hamda bu ishini dinlararo uyg‘unlikka hissa qo‘shish istagi bilan amalga oshirganini izohlagan.
Vanguard Nigeria nashri Ramatu hojining so‘zlarini keltirib, “butun dunyodagi nasroniylar shu hafta 40 kunlik ro‘za va ibodatlarini yakunlaydilar, shunday kunlarda bevalarga tovuq go‘shti va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari bilan madad berishga ahd qildim, toki ular diniy bayramni dunyodagi boshqa nasroniylar qatori xush kayfiyatda o‘tkazsinlar”, deganini ma’lum qilgan.
Saxiy Ramatu hoji nasroniylarning Pasxa bayramida savob qilishni odatga aylantirib olgan. O‘tgan yili muslima tergov davomida qo‘lga olingan 10 nafar yosh nasroniy uchun garov pulini to‘lab, ularning bayramni ozodlikda, o‘z oilasi davrasida nishonlashiga imkon yaratib bergan edi. “Bu tinchlik va dinlararo bag‘rikenglikka hissa qo‘shishning bir usulidir”, deydi u.
O‘MI Matbuot xizmati
Inson hayotida eng qimmatbaho ne’matlardan biri vaqtdir. U nihoyatda tez o‘tadi, biror narsaga bog‘lab, to‘xtatib, ortga qaytarib bo‘lmaydi. Har lahza inson umridan bir bo‘lakdir. Shuning uchun vaqtni samarali o‘tkazish, uni qadrlash har bir aqlli inson uchun juda muhim.
Har insonga bir umr berilgan. U yillar, oylar, kunlar, daqiqalar bilan hisoblanadi. Bir soat bekorga ketsa, umrimizdan bir qism bekor ketgan bo‘ladi. Ko‘pincha biz "ertaga qilib qo‘yaman", "keyinroq boshlayman" deya o‘zimizni aldab qo‘yamiz. Aniq reja asosida hayot kechirish, har bir kunni maqsadli va mazmunli o‘tkazish vaqtdan unumli foydalanishning asosiy yo‘lidir. Ilm o‘rganish, mehnat qilish, sog‘liqqa e’tibor qaratish, oila va yaqinlarga vaqt ajratish — bularning bari vaqtning to‘g‘ri taqsim qilinishi bilan bo‘ladi.
Tan olish kerak, zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va axborot oqimi vaqtimizni o‘g‘irlab, bizni chalg‘itmoqda. Lekin ayb o‘zimizda. Ba’zan keraksiz narsalarga soatlab vaqt sarflaymiz, keyin esa "vaqtim yetmadi" deb shikoyat qilamiz. Shuning uchun ham hayotda "nimalar muhim, nimalar esa vaqt sarflashga arzimaydi" degan savolga aniq javob topib olish lozim. Vaqtga e’tiborli inson – mas’uliyatli insondir. U har bir vazifani o‘z vaqtida bajaradi, orzulari sari qat’iyat bilan intiladi va hayotini nazorat qila oladi.
Islom dinida ham vaqtga alohida ahamiyat berilgan. Qur’oni karimdagi Asr surasida Alloh taolo asr (vaqt)ga qasam bilan insonning zararda ekani ta’kidlagan. Bu esa vaqtning beqiyos ekanini yana bir bor yodga soladi. Faqat iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan, bir-birlariga Haq (yo‘li)ni tavsiya etgan va bir-birlariga (mana shu Haq yo‘lida) sabr-toqat qilishni tavsiya etgan zotlargina najot topishi aytilib, ulgurib qolishga da’vat etilgan. Demakki, vaqtni to‘g‘ri sarflay olgan insongina yutuqqa erishadi. Hayotimizdagi har bir daqiqa – bebaho xazina. Undan oqilona foydalanib qolish kerak, azizlar.
Abdulvohid ISAQOV,
Namangan shahridagi
“Miryoqubboy Mirhakimboy”
jome masjidi imom xatibi