Ma’lumki, tilini tiygan odamning xatosi kam, xavf-xatardan xoli, sirlarining tizgini esa o‘z qo‘lida bo‘ladi. Payg‘ambar alayhissalom bir hadislarida: “Gapirsang yaxshi so‘zni gapir, aks holda sukut saqla”, yana boshqa bir hadisda esa: “Odam bolasining uch toifa so‘zidan boshqa barcha so‘zlari uning zararigadir. Ular yaxshilikka chaqirish, yomonlikdan qaytarish va Alloh taoloning zikrini eslatadigan so‘zlardir”. Imom Navaviy rahmatullohi alayh aytadi: «Bilginki, har bir musulmon tilini har kanday foydasiz gapdan tiymog‘i lozim. Agar bir gapni aytish- aytmaslikning foydasi teng bo‘lsa, uni aytmaslik sunnatdir. Zero, gohida muboh gap harom yoki makruh gapga aylanib ketadi. Odatda bunday ishlar ko‘p bo‘ladi. Salomatlikka nima yetsin?!»
Kimning tili to‘g‘ri bo‘lsa, boshqa a’zolari ham shunga qarab to‘g‘ri bo‘ladi. Agar til osiylik qilib odamlarning obro‘sini to‘kish yo‘lini tutsa, boshqa a’zolar ham unga ergashib, Alloh belgilab ko‘ygan xududdan chiqadi. Payg‘ambar alayhissalom shunday deganlar: «Odam bolasi ertalab o‘rnidan turganida uning hamma a’zolari tilga yolborib shunday deydilar: Biz xususimizda Allohdan taqvo qilgin. Zero, biz sen bilan birgamiz. Agar to‘g‘ri bo‘lsang, to‘g‘ri bo‘lamiz, egri bo‘lsang egri bo‘lamiz»
To‘g‘ri mulohaza yuritsang, til Allohning ulug‘ ne’matlari va ajoyib yaratiqlaridan biridir.U aslida bir parcha etdan iborat, lekin toati ham, gunohi ham juda katta. Zero, toatning manbai bo‘lmish iymon ham, gunohning oxirgi nuqtasi bo‘lmish kufr ham shu tilning guvohligida amalga oshadi. Tilning maydoni keng, u ezgulik va yovuzlik borasida ham xohlaganicha ot sura oladi. Shuninig uchun til tizginini qo‘yib yuborgan odamni shayton yetaklab, xalokatga olib boradi. Tilni shariat tizgini ila tizginlab olgan hamda bu tizginni dunyo va oxirat uchun foydali amallarga burgan odam omondadir.
«... va ayrimlaringiz ayrimlarni g‘iybat kilmasin! Sizlardan biron kishi o‘zining o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni yaxshi ko‘rurmi?! Ana yomon ko‘rdingizmi?! (Bas, gunoxi bundan-da ortikroq bo‘lgan g‘iybatni ham yomon ko‘ringiz)! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta Alloh tavbalarni Kabul kilguvchi, Mexribondir». (Hujurot, 12- oyat).
«(Ey inson),o‘zing anik bilmagan narsaga ergashma! Chunki kulok, ko‘z, dil — bularning barchasi to‘grisida (har bir inson) mas’ul bo‘lur (ya’ni, bu uch a’zosi borasida qiyomat kunida so‘roqqa tutiladi)». (Isro, 36-oyat).
«U (inson) biron so‘zni talaffuz qilmas, magar (talaffuz qilsa), uning oldida xoziru nozir bo‘lgan bir kuzatuvchi (aytilgan so‘zlarni yozib oluvchi farishta) bordir». (Qof, 18-oyat)
Abu Muso roziyallohu anhu aytadiki: “Men Payg‘ambar alayhissalom musulmonlarning qandaylari afzal bo‘ladi, deb so‘ragan edim, u zot: «Musulmonlar uning tili va qo‘lidan salomat bo‘lgan kishidir», dyeb javob berdilar.Payg‘ambar alayhissalom aytadilar: «Kimki Allohga va oxiratga iymon keltirgan bo‘lsa, yaxshi gap bo‘lsa gapirsin, bo‘lmasa jim tursin!»
Uqba ibn Omir aytadiki: «Ey Rasulullox, najot nimada», degan edim. U zot: «Tilingni tiy, uying senga keng bo‘lsin (ya’ni axlinga yaxshi muomalada bo‘l) va gunoxlaringga yig‘la», dedilar.
Muoz ibn Jabal rivoyat qilgan hadisda keladiki, Payg‘ambar alayhissalom unga ishning boshi, ustunlari va cho‘qqisini uqtirib, keyin shunday dedilar: ″Bularning hammasining asosi nimada ekanini aytib beraymi?″. Muoz ha, ey Rasulullox, dedim. Shunda u zot tillarini ushlab: ″Buni tiygin″, dedilar. Men ey Rasulullox, gapirgan gaplarimizga ham javob beramizmi, degan edim, u zot: ″Shuni ham bilmaysanmi, axir odamlarni do‘zaxga yuz tuban qilib tushiruvchi shu tillari bilan o‘rib olgan hosillari-ku!″, dedilar.
Anas roziyallaxu anxu aytadi: Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam bizga xutba qilib, ribo (sudxo‘rlik) xususida so‘zladilar va uning na qadar katta gunox ekanligiga urg‘u berib shunday dedilar:
«Kishining ribodan topgan dirhamining gunohi Allohning nazdida o‘ttiz olti marta zino qilishidan ham kattaroqdir. Musulmonning obro‘sini to‘kish ribolarning ribosidir».
Endi g‘iybatchini dunyoyu oxiratda jazolanishiga bir nazar tashlaylik.
Payg‘ambar alayhissalom aytadilar: «Ey tili bilan mo‘min bo‘lib diliga iymon kirmagan kimsalar! Musulmonlarni g‘iybat qilmanglar, ularning ayblarini kuzatib yurmanglar. Zero, kimki musulmon birodarining aybini kuzatib yursa, Alloh uning aybini kuzatib yurur. Endi Alloh kimning aybini kuzatib yurgan bo‘lsa, garchi uyining ichida bo‘lsa ham sharmandasini chiqarur».
Jobir ibn Abdulloh aytadiki: «Biz Payg‘ambar alayhissalom bilan birga edik. Birdan sassik xid taraldi. Shunda Payg‘ambar alayhissalom: «Bu nimaning xidi ekanini bilasizlarmi? Bu mo‘minlarni g‘iybat qiladigan kishilarning xididir», dedilar.
Anas ibn Molik aytadiki: Payg‘ambar alayhissalom shunday deganlar:
«Meni me’rojga olib chiqilganida bir kavmning oldidan o‘tdim. Ularning misdan tirnoqlari bo‘lib, yuzlarini va ko‘kraklarini tirnar edilar.″Ey Jabroil, bular kimlar?″, deb so‘ragan edim. U zot: ″Odamlarni go‘shtlarini yeydigan va obro‘larini to‘kadigan kimsalar″, deb javob berdilar».
G‘iybat xaromdir. Imom Qurtubiy musulmon ulamolari bir ovozdang‘ g‘iybat gunoxi kabiradir deb aytishgan. G‘iybat qilgan odamning Allohga tavba qilmogi vojibdi, degan.
G‘iybatning ta’rifi. G‘iybat birodaringizning o‘zi eshitib kolsa, yoqtirmaydigan ″ayb″ini aytishdan iborat. Bu ″ayb″ uning xoh badaniyu nasabida, xoh xulqiyu dinida, xoh fe’liyu so‘zida va xoh kiyimboshida bo‘lsin farqi yo‘qdir. Badandagi ″ayb″ga ko‘rlik, g‘ilaylik, novchalik, pakanalik, qoralik, sariqlik, kallik va boshqa yoqimsiz sifatlar kiradi. Nasabdagi ″ayb″ga uning otasini zoti past, yo u hindi, yo fosiq, yo xasis, yo axlat tashuvchi va shu kabi odamlar xush ko‘rmaydigan sifatlarini aytish kiradi. Xulqdagi ″ayb″ga badxulq, baxil, mutakabbir, janjalkash, arazchi, qo‘rqoq va tegmanozik kabi sifatlar kiradi. Dinga aloqador fe’llardagi ″ayb″ga o‘g‘ri, kazzob, aroqxo‘r, xoin, zolim, namozga beparvo, zakotga e’tiborsiz, ruku’ni to‘g‘ri qilmaydi, sajdani yaxshi bajarmaydi, najosatdan saqlanmaydi, ota-onasiga yaxshilik qilmaydi, qasamxo‘r, ro‘za tutgani nimayu g‘iybatu fisqi-fasodi nima, deyish kiradi. Dunyoga aloqador fe’llardagi ayblarga odobsiz, manman, o‘z xaddini bilmaydigan, mahmadana, uyquchi, boshqalar ustidagi o‘z xaqqini ko‘rib, o‘zi ustidagi boshqalar xaqqini ko‘rmaydigan va boshqa sifatlar kiradi. Kiyimdagi ayblarga yengi keng, poychasi kalta, ustiboshi kir kabilar kiradi. Payg‘ambar alayhissalom g‘iybatning ta’rifini so‘rab dedilar: «G‘iybat nima o‘zi? Bilasizlarmi?”Sahobalar Alloh va uning rasuli biluvchiroq, deyishdi. “(G‘iybat bu) birodaringizning o‘zi yomon ko‘radigan bir ″ayb″ini aytmogingizdir”, dedilar. Agar birodarimda men aytgan ″ayb″ (xaqiqatda ham) bor bo‘lsa-chi, deb so‘rashdi. “Agar birodaringda sen aytgan ″ayb″ bor bo‘lsa, uni g‘iybat qilibsan, agar bor bo‘lmasa bo‘xton qilibsan», dedilar.
Til bilan g‘iybat qilishning xaromligiga sabab unda boshqa bir birodarini kamsitish mavjud. G‘iybat faqat til bilan bo‘lmaydi. Kinoya bilan aytish ochiq aytishdan farq qilmaydi. Imo va ishora, mazax qilish va ermaklash, yozuv va harakat, xullas boshqa birovni kamsituvchi har qanday ish g‘iybatga kiradi. Oisha onamiz aytadi: «Biznikiga bir ayol kirdi. Qaytib chiqib ketayotganida, qo‘lim bilan uning pakanaligiga ishora qildim. Shunda Payg‘ambar alayhissalom uni g‘iybat qilding, dedilar».
Birovning xatti-harakatiga o‘xshatib, ishora bilan ermaklash eng xunuk g‘iybatdir. Payg‘ambar alayhissalom Oisha onamizni bir ayolga o‘xshatib qiliq qilayotganini ko‘rib shunday dedilar: «O‘zimda falon-falan (ayblar) bo‘la turib, boshqa bir odamni ermaklashni men o‘zimga ep ko‘rmayman».
Yozuv bilan g‘iybat qilish ham xarom hisoblanadi. Zero, qalam ikki tilning biridir.
Yuqoridagilardan birini qilgan odam garchi rost so‘zlayotgan, bor ishni qilayotgan bo‘lsada, u g‘iybatchidir, gunoxkordir, birodarining go‘shtini yeguvchidir. Agar yolgon so‘zlayotgan bo‘lsa, u ham g‘iybatchi va ham yolg‘onchi-bo‘htonchidir. Hasan aytadi: «Boshqalarning aybini aytish uch xil bo‘ladi. Uchalasi ham Allohning kitobida bor. Birinchi g‘iybat (unda bor narsani aytish ), ikkinchi bo‘hton (unda yo‘q narsani aytish), uchinchi yolg‘onchilik (eshitganini aytaverish)». Payg‘ambar alayhissalom aytadilar: «Musulmonning musulmonga hamma narsasi harom: Qoni ham, moli ham, obro‘si ham». G‘iybat obro‘ga aloqador bo‘lgani uchun uni mol va qon qatoriga qo‘yildi.
G‘iybatning turlari. G‘iybat turli xil ko‘rinish va shakllarda bo‘ladi. Eng yomoni bir vaqtning o‘zida ham g‘iybat, ham riyo qilishdir. Chunonchi, bir odam oldida boshqa bir odamning podshox saroyiga borganligi aytilsa, u ″Allohga shukurki, podshohlarning oldiga kirish, “suyak” ilinjida ularga yaltoqlanish balosi bizga yuqmadi″, deb riyo va g‘iybat qiladi. Yana bir misol shuki, boshqalarni kamsitish va o‘zini ulug‘lash maqsadida Alloh bizni xayosizlikdan asrasin, deydi. Gohida bir odamni maqtab keyin yomonlashga o‘tadi.
Aytadiki: ″Qanday yaxshi odam edi-ya! Ibodatlarni to‘la-to‘kis ado etar edi. Shunday odam mana shu ahvolga tushib qolsa-ya. U ham hammamizga o‘xshab sabrsizlik qildi-ya″. Bu gaplaridan maqsadi birovni yomonlash orqali o‘zini maqtash bo‘ladi. Bu ish bilan u ham g‘iybatchi, ham riyokor va ham maqtanchoqqa aylanadi.
G‘iybatning sabablari. 1. Allohdan qo‘rqish va haromdan extiyot bo‘lishning yetarli darajada bo‘lmasligi. Chunki Allohning ulug‘ligini va har bir ishdan voqifligini his qilgan odam darhol u Zotni g‘azablantiradigan ishlardan o‘zini chetga oladi. 2. Biror ish tufayli yomon ko‘rib qolgan odamini g‘iybat qilish bilan alamidan chiqish. 3. Gohida odam do‘stlari bilan aloqa uzilib qolmasligi uchun ham ularning g‘iybatlariga qo‘shiladi. Ularning gaplariga e’tiroz bildirsam, og‘ir olib qolmasinlar, deb shunday qiladi. 4. Boshqalarni kamsitish orqali o‘zini ulug‘lash. Masalan, falonchi nodon, dunyoqarashi tor, deydi. Bu bilan o‘zini ilg‘or bir inson qilib ko‘rsatmokchi bo‘ladi. 5. Hasad. Hasadchi, odamlar boshqa birovni yaxshi ko‘rib, hurmat qilayotganlarini ko‘radida, u odamga hasad qilganligidan g‘iybat qilishga o‘tadi. 6. Hazil. Odamlarni kuldirish uchun birovlarga so‘zi va harakatida taqlid qilib, ermak qiladi. Ayrimlar bu ishni o‘zlariga hatto kasb qilib ham olganlar. 7. O‘zini hamma narsadan xabardor, ko‘p ma’lumotga ega kishi qilib ko‘rsatish. G‘iybatning bundan boshqa sabablari ham bor.
Mubox (ruxsat etilgan) g‘iybat. G‘iybatsiz erishib bo‘lmaydigan bir shar’iy maqsad uchun g‘iybat qilish muboh hisoblanadi. Buning sabablari oltita: 1. Sulton yoki qoziga arzini aytayotgan paytida. Masalan, falonchi menga zulm qildi, deyish mumkin. 2. Biron munkar ishni o‘zgartirishga yordam so‘rash maqsadida. Masalan, falonchi falon ishni qilib yuribdi, uni tiyib qo‘ygin, deyish mumkin (buni ham shu ish qo‘lidan keladigan odamga aytiladi). 3. Fatvo so‘rash. Masalan, muftiga borib, falonchi menga bunday zulm qildi. Undan xalos bo‘lish uchun nima qilishim kerak, deyish mumkin. Ammo yaqin kishilari xaqida so‘ramoqchi bo‘lsa, masalan, bir odamga otasi yoki eri zulm qilsa, nima qilishim kerak qabilida gapirsa g‘iybat bo‘lmaydi. 4. Musulmonlarni yomonlikdan ogohlantirish. Masalan, roviy (hadisni rivoyat qiluvchi) yoki guvoxning aybini bilsa aytib qo‘yish. Bu ish joizgina emas, balki vojibdir. Qudachilik yoki sherikchilik ishlarda ham aybni yashirmasdan aytish. 5. Bir odam fisqu-fujur ishlarni xech kimdan yashirmasdan ochiqchasiga qilayotgan bo‘lsa uni gapirish mumkin. 6. Aniqlik kiritish. Masalan, birov ko‘r, kar yoki soqov laqabi bilan tanilgan bo‘lsa, uni (tanishtirish paytida zarur bo‘lsa) aytish mumkin. Uning boshqa bir xurmatli sifati aytilib, aniqlik kiritilsa yaxshiroq bo‘ladi.
G‘iybatning kafforati. G‘iybat harom va gunohi kabiradir, uning kafforati xususida olimlar ixtilof qilgan bo‘lsalar ham, tavba qilish vojibligi xususida ittifoq qilganlar. Tavba qabul bo‘lishining uchta sharti bor: birinchisi, qilingan gunohdan tiyilish. Ikkinchisi, qilgan ishdan pushaymon bo‘lish. Uchinchisi, qaytib qilmaslikka kat’iy qaror qilish. To‘rtinchisi, agar gunoh boshqalar haqiga taalluqli bo‘lsa, uni ado etish va rozi qilish.
G‘iybatdan tavba qilishning to‘rt sharti ham bor. Chunki g‘iybatchi ikkita jinoyat kiladi. Birinchidan, u harom ishni qilib Allohning haqqiga jinoyat kiladi. Uning kafforati tavba va pushaymonlik. Ikkinchidan, u bandaning haqqiga jinoyat qilgan bo‘ladi. Bunda agar aytgan gapi o‘sha odamning qulog‘iga yetib borgan bo‘lsa, undan kechirim so‘rab qilgan ishidan pushaymonligini izhor kiladi, agar g‘iybati uning qulog‘iga yetib bormagan bo‘lsa, gapirib o‘tirmasdan g‘oyibona uning haqqiga istig‘for aytadi.
G‘iybatning davosi. Iyso alayxissalom havoriylardan: «Shamol avratining bir chetini ochib tashlagan xolda yotgan bir odamning oldiga kelib qolsangizlar, uni yopib qo‘yarmidingizlar?», deb so‘radilar. Ha, dedilar. “ Bekor aytibsizlar. Qolganini ham ochib tashlardingizlar”, dedilar Iyso alayhissalom. Subhanalloh, qanday qilib qolganini ham ochib tashlaymiz?!, deb hayron bo‘lishdi as'hoblari.“ Oldingizda birodarlaringizdan birining aybi aytilsa, uning qolgan barcha yomon ishlari haqida so‘zlashmaysizlarmi? Shu ishlaringiz uning qolgan avratini ochib tashlashingiz emasmi?”, dedilar.
G‘iybat atalmish mash’um illatdan qutilish uchun bilish va qilish kerak bo‘lgan ayrim ishlarni o‘quvchilar hukmiga havola etamiz:
Payg‘ambar alayhissalom: «Bilasizlarmi? Xonavayron, qarzdor-muflis kim?, deb so‘radilar.Sahobalar: “Biz puli ham, narsasi ham yo‘q odamni xonavayron muflis odam deymiz, deyishdi. Payg‘ambar alayhissalom: “Ummatimning xonavayron muflisi shunday kimsadirki, u qiyomat kuniga namozi, ro‘zasi, zakoti bilan keladi. Ayni paytda bir odamni xaqorat qilgan, birovning molini yegan, yana birovni noxaq qonini to‘kkan, yana birovni esa urgan bo‘ladi. Bu kimsalarga uning yaxshi amallarining savobidan beriladi. Qarzini to‘lab bo‘lmay turib, yaxshiliklarining savobi tugab qolsa, ularning xatolaridan olinib uning ustiga yuklanadi. Keyin o‘zi do‘zaxga tashlanadi”, dedilar». (Imom Muslim rivoyati).
G‘iybatdan man qilishning fazilati. G‘iybatning shohidi bo‘lgan musulmon uni darxol to‘xtatib, birodarining obro‘sini saqlab qolmogi lozim. Bu ish nafl emas, balki vojibdir. Agar to‘xtatilmasa, ertami-kech jazosini tortadi. Bu vazifani ado etishning fazilati xususida aniq dalillar kelgan. Asmo’ bint Yazidning rivoyat qilishicha, Payg‘ambar alayhissalom shunday deganlar: “Kimki do‘stining obro‘sini o‘zi yo‘qligida ximoya qilsa, uni do‘zaxdan ozod qilish Allohning ustidagi xaq bo‘lib qoladi”. Yana Payg‘ambar alayhisalom shunday deydilar:“Kimki birodarining obro‘sini saqlasa, Alloh ta’olo qiyomat kuni uni do‘zaxdan saqlaydi” (Termiziy rivoyati).
Hadisi shariflardan bilamizki, g‘iybatga quloq solgan odam g‘iybatchining gunohiga sherikdir. Iloji bo‘lsa tili, bo‘lmasa dili bilan qaytarish lozim. Qodir bo‘la turib qaytarmasa, gunohkor bo‘ladi. Tili bilan jim bo‘l, deyishiyu, ichida o‘zi xohlab turishi munofiqlikdir. To‘xtashlikka ishora qilishning o‘zi kifoya qilmaydi. Ochiqchasiga qaytarmoq lozim.Payg‘ambar alayhissalom aytadilar: “Kimning oldida bir mo‘min xorlansa va u yordam berishga qodir bo‘la turib yordam bermasa, uni Alloh qiyomat kunida hamma xaloyiq qoshida xorlaydi».
G‘IYBAT QILISHGA UNDAYDIGAN
SABABLAR
Muhammadsiddiq USMONOV
tayyorladi
O‘MI Matbuot xizmati
Qur’oni karimda “ONA” so‘zi ulug‘vor va mo‘tabar narsalarni ifodalash uchun qo‘llaniladi. Shuningdek, Alloh taolo ularga hech kimga nasib qilmagan buyuk maqomni in’om etgan. Bu haqda Alloh taolo Luqmon surasida: “Biz insonga ota-onasi haqida tavsiya qildik: onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan ko‘tardi; uni sutdan ajratish ikki yil ichidadir” degan (14-oyat).
Mufassir Ibn Atiyya rahimahulloh ushbu oyatning tafsirida: “Alloh taolo bu oyatda onaning xizmatini alohida ta’kidlab o‘tgani, onalarning darajasi yuqori ekaniga ishora qiladi”, degan.
O‘z havoi nafslaridan biror so‘z aytmagan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan kimga yaxshilik qilish kerakligi so‘ralganda uch bora “onangga yaxshilik qil” deb javob berganlar.
Onaning vazifasi – farzandni dunyoga keltirish, boqish va uni tarbiyalab voyaga yetkazish bilan cheklanadimi yoki ularning bundanda boshqa muhim hamda kattaroq mas’uliyatlari bormi?
Bu savolga zamonaviy ilm-fan bizga javob beradi...
Keling, savolga javobni ona qornida rivojlanadigan va ona tanasining ajralmas qismi hisoblangan homiladan boshlaylik. Onaning jismoniy holati va uning ovqatlanishi homilaga ta’sir qilganidek, onaning hissiy holati ham ta’sir qiladi.
2013 yilda Granada (Ispaniya) universiteti olimlari 5 yil davomida tadqiqot o‘tkazishdi. 17 ming nafar onalar va 18 ming chaqaloqlar qamrab olgan tadqiqotda sog‘lom ovqatlanish va emizishning farzand salomatligiga ta’sirini kuzatdilar.
Unga ko‘ra, homiladorlik vaqtida onalarning to‘g‘ri ovqatlanishi va diyeta qilishi – farzandning sog‘lom tug‘ilishi va rivojlanishi uchun asosiy omil bo‘lib xizmat qilishi aniqlangan. Tadqiqotda onaning aqliy salohiyatining yuqori bo‘lishi farzandga katta ta’sir etishi isbotlangan.
Shuningdek, onaning ruhiy holati homilaga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qilishi kuzatilgan. Ruhiy tushkunlik, depressiya, qayg‘u va tashvish ichki stress, xususan, kortizol gormonini keltirib chiqaradi.
Ona tushkunlikka tushganda kortizol farzand miyasining rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladi. Natijada bola miya qismidagi o‘zgarishlar sababli bezovtanaladi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, kortizol gormoni qondagi kislorod miqdoriga, natijada bolaning nafaqat tug‘ma nuqsonlar bilan yoki erta tug‘ilishi, hatto uning butun kelajakdagi hayotiga ta’sir qilishi mumkin.
Stressni boshdan kechirgan homilador ayollardan dunyo kelgan farzandlarda ruhiy kasalliklar, semirish, qand kasalligi, saraton va asab tizimi kasalliklari ehtimoli ham ularda yuqori bo‘lgan.
Xavotirli yeri shuki, bu alomatlar kelgusi avlodga ham o‘tgan. Ha, uning asorati nafaqat farzandlari, balki nabiralarining hayotlariga ta’sir o‘tkazgan.
Onaning bolasiga bo‘lgan g‘amxo‘rligi va mehri farzandning maktabdagi fanlarni yaxshi o‘zlashtirishni, ayniqsa, matematika va chet tillari kabi fanlarni puxta o‘rganish qobiliyatini hamda o‘qish ko‘nikmalarini shakllantiradi.
Shuningdek, olimlarning ta’kidlashicha, bolaga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan eng muhim omillardan biri bu – ona-bola o‘rtasidagi iliq munosabatlar sanaladi. Onaning stress holati esa, farzandning miyasiga jiddiy ta’sir qiladi.
Miyaning tubiga kirib borishga imkon beruvchi so‘nggi texnologiyalar onaning mehr-muhabbati bola miyasining gippokampus deb ataladigan qismiga ta’sir qilishi aniqlangan. U xotira hujayralarining yangilanishi, yodlab qolish qobiliyati va stressga javob berish vazifalarini bajaradi.
Boshqa bir tadqiqotga ko‘ra, gippokampus ko‘rsatkichi onasidan mehr ko‘rganlarda mehr ko‘rmagan bolalarga qaraganda yuqori ekani kuzatilgan.
Ruminiyada yoshligidan stressda, beparvo munosabatda ulg‘aygan bolalar ustida olib borilgan tadqiqot natijalarida ularning miya qismida qora tuynuklar borligi aniqlangan.
Gerhard Suyu o‘zining “Muhabbat qanday ta’sir qiladi?” nomli kitobida “Farzandga qilingan har qanday munosabat uning miya faoliyatiga ta’sir qiladi. Agar farzandga doimiy ravishda qattiqqo‘llik, do‘q-po‘pisa qilinsa, u asabiy, qo‘rqoq, o‘z fikrini erkin bayon eta olmaydigan bo‘lib voyaga yetadi”.
AQSHda 3 mingga yaqin shaxslar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada, ona va bola o‘rtasida sog‘lom hissiy munosabatlar mavjud bo‘lsa, ularning jismoniy va ruhiy salomatligiga ijobiy ta’siri 74 yil davom etishi mumkinligini aniqlangan.
Demak, farzandning nafaqat sog‘lom, balki salohiyatli bo‘lishida ham Onalarning o‘rni va mas’uliyati shunchalik yuqori ekan.
Davron NURMUHAMMAD