Bolalar axloqiy tarbiyani muhitdan olishadi,
boshqacha qilib aytganda, bolalar suvga o‘xshaydilar,
suv idishning shaklini olganidek, bolalar ham
muhitning odob – axloqini qabul qiladi.
Abdurauf Fitrat
To‘lin oy. Kuzning sho‘x shamoli o‘z kuyi bilan esmoqda. Hayotga intilayotgandek shohdagi barglar lola bargidek hilpiramoqda. Yo‘lakdagi gullar atrofga kelinchakdek egilmoqda. Sovuq havo oqimi ayoz bobodan darak bermoqda. Qorasi ko‘rinayotgan bir-ikki piyodalar ham og‘zidan bug‘ chiqarib, junjikib ketishmoqda. Hayollarni chalg‘itish uchun musiqa sadosi yangrasada, orqa o‘rindiqdan “uh-h” degan ingrash ovozi eshitilmoqda. Sobir aka moshinani qanchalik mohirlik bilan boshqarmasin, vaqt imillab o‘tayotgandek tuyulmoqda. Navbatchi do‘xtirlar bemorni zudlik bilan muolaja xonasiga olib kirarkan “kutib turing” degandek qo‘shnisining o‘g‘li arang qo‘li bilan ishora qildi.
Shifoxona ostonasida g‘amgin, o‘ychan o‘tirgan qora ko‘zlarni ko‘rib Sobir aka tan sihatlik cheksiz baxt ekanligiga yana bir bor amin bo‘ldi. Sovuq havo ta’sirini o‘tkazdimi, negadir ko‘ngli issiq choyni tusadi. Moshinani ohista boshqararkan, ulkan bino yerto‘lasining qiya ochilgan eshigidan, oshpazning qora qozonidan chiqayotgandek bug‘ chiqayotganiga ko‘zi tushdi. Zinapoyadan pastga yo‘nalarkan, ikkita barzangi yigit:
-Qayerga?- deya yuzlandi.
-Choy ichgani.
Yigitlar yelka qisgandek bir – biriga yuzlandi. Sobir aka devorga chizilgan ulkan ajdarhoni ko‘rib yuragi seskandi. Ajdarho vajohatli termular, og‘zidan olov purkab turardi. O‘tkir tirnoqli panjalari boshingiz uzra shaylangandek. Qoyatosh ustida hissiz yotgan suvparining suqli nigohlari sizni ta’qib qilmoqda. Ichkariga odimlarkan, bursiqib ketgan tamakining achchiq hidi dimog‘iga urildi va beixtiyor yo‘taldi. Quloqlarni qomatga keltiruvchi musiqa sadolari ostida, yosh yalanglar loyni tepkilayotgan Hakim paxsachidek harakat qilardi. Atrofni kuzatarkan kimdir imlayotganini sezdi va sekin yo‘naldi.
-Birinchi kelishingizmi?
-Ha.
-Nima ichasiz?
-Choy...
-Bu yer choyxona emas.
-Kofe...
-Mana kofe.
Ha, bu joy chehralardan hayo pardasi sidirilgan, or-nomus, ibo, adab xilqatidan mosuvo bo‘lgan makon edi. Qaynoq kofeni labiga tutarkan, atrofni kuzatishni davom etdi. Yoniga hushtori bilan suykalishib kelgan to‘satdan qiyqirib kulgan qizning qoziq tishlari-da ko‘rinib ketdi. Chiroqlarning lippilab o‘chib-yonishida qizning tipratikondek sochlari qizilga bo‘yalgani, ibo-latofat pardasi so‘tilgan ko‘zlarda, hirs o‘ti balqib turar, suvsagan tuyadek o‘tkir hidli stakandagi ichimlikni simirar edi. Qizning hayosiz kiyimidan qoshi chimirilgan Sobir aka yigitga yuzlandi.
Alpqomat, shalpaygan vujudning ko‘zlari qashqirdek maqsadli boqmoqda. Hilol oydek soqol qo‘ysada, og‘zi chetidan paravozdek tutun chiqmoqda. Lo‘mbozga loy bosayotgan hasharchidek peshonasiga lattani tang‘ib olgan. Fransuz konyagini ho‘plaganda tomog‘idagi chayon tatuirovkasi harakatga kelgandek. Tarang futbolkasiga odam bosh chanog‘ining surati tushirilgan , ko‘k shimi ham jiydazordan chiqqandek titilgan edi.
Qiziq..., kaskali yigit boshi bilan charxpalakdek chunonam aylandiki, oyoqlari vertolyot parragining o‘zginasi. Ajabo...,bu qiz bog‘da olma terayotgandek o‘ynasa, yonidagisi to‘k urgandek harakatlanmoqda. O‘yin ham har xil bo‘larkan-da.
Atrofdagi bu yuzlarda zarracha hayo hilqati ko‘rinmas, liboslari xijolat bo‘lgudek, ayyorona ko‘zlar suzilgan edi.
Xona o‘rtasida yuqoridan bir to‘p rangli chiroqlar yulduzlardek yog‘du sochmoqda. Ko‘zlar quyi tusharkan Sobir aka daxshatdan titrab ketdi... Yoshgina juvon chaqalog‘ini bag‘riga olib emizardi. Go‘dak jamalak sochlarni o‘ynoqlab yutinib-yutinib qo‘yarkan, munchoqdek ko‘zlari bilan bo‘ridan qo‘rqqan qo‘zichoqdek atrofga termulardi. O‘jar asov otdek taralayotgan kuy ohanglari go‘dakni holi qo‘ymasdi. Sharqirab oqayotgan zilol suvdek bola yana ona bag‘riga talpinardi.
Eh, qalblar chirog‘i bo‘lgan, ona allasidan bebahra bo‘lgan bolajon...,dunyo qanchalik keng bo‘lmasin onasi bag‘ri ham torlik qilayotgandek edi.
Telefon jiringladi.
-Allo...
-Qo‘shni, qayerdasiz?
-Hozir.
Sobir aka yuqoriga ko‘tarilarkan, qalbida nidolar buloqdek qaynay boshladi. Ey odamlar, jondan aziz farzandlarimizni ko‘z qorachig‘idek asraylik. Murg‘ak qalblariga yaxshilik urug‘ini qadaylik, toki mardlik, adab-axloq, ko‘zlarida sharmu hayo iforlari bo‘ylab tursin.
Toyirjon TUNGATOV
O‘MI Matbuot xizmati
#xabar #mahorat #imom
Bugun, 16 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi masjidlarda faoliyat yuritayotgan 80 nafardan ziyod voiz imom domlalar uchun Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash institutida “Zamonaviy axborot makonida diniy-ma’rifiy soha mutaxassislarining media-targ‘ibot faoliyatini takomillashtirishning dolzarb jihatlari” mavzusida 72 soatlik malaka oshirish o‘quvi boshlandi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida bo‘lib o‘tgan o‘quv kursining ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita boshqarma boshlig‘i Muhiddin Hakimov, mazkur institut direktori Husniddin Ahmedov va tinglovchilar ishtirok etdi.
Tadbirda Homidjon domla bugungi murakkab davr barcha soha vakillari qatorida imom domlalardan ham o‘z bilim va malakalarini doimiy oshirib borish, insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, aholi, ayniqsa, yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan asrash yo‘lida jiddu jahd qilishni talab etayotganini ta’kidladi. Shuningdek, notiqlar mazkur kursning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Ikki hafta davom etadigan mazkur o‘quvda bugungi kunda dolzarb bo‘lgan mavzularda dars mashg‘ulatlari olib boriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati