Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Iyul, 2025   |   30 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:35
Quyosh
05:12
Peshin
12:35
Asr
17:36
Shom
19:51
Xufton
21:20
Bismillah
25 Iyul, 2025, 30 Muharram, 1447

Hayotiy hikoya: Hayo pardasi ko‘tarilmasin

04.04.2018   5270   4 min.
Hayotiy hikoya: Hayo pardasi ko‘tarilmasin

Bolalar axloqiy tarbiyani muhitdan olishadi,

boshqacha qilib aytganda, bolalar suvga o‘xshaydilar,

suv idishning shaklini olganidek, bolalar ham

muhitning odob – axloqini qabul qiladi.

Abdurauf Fitrat

 

To‘lin oy. Kuzning sho‘x shamoli o‘z kuyi bilan esmoqda. Hayotga intilayotgandek shohdagi barglar lola bargidek hilpiramoqda. Yo‘lakdagi gullar atrofga kelinchakdek egilmoqda. Sovuq havo oqimi ayoz bobodan darak bermoqda. Qorasi ko‘rinayotgan  bir-ikki piyodalar ham og‘zidan bug‘ chiqarib,  junjikib ketishmoqda. Hayollarni chalg‘itish uchun musiqa sadosi yangrasada, orqa o‘rindiqdan “uh-h” degan ingrash ovozi eshitilmoqda. Sobir aka moshinani qanchalik mohirlik bilan boshqarmasin, vaqt imillab o‘tayotgandek tuyulmoqda. Navbatchi do‘xtirlar bemorni  zudlik bilan muolaja xonasiga olib kirarkan “kutib turing” degandek qo‘shnisining  o‘g‘li arang qo‘li bilan ishora qildi.

Shifoxona ostonasida g‘amgin, o‘ychan o‘tirgan qora ko‘zlarni ko‘rib Sobir aka tan sihatlik cheksiz baxt ekanligiga yana bir bor amin bo‘ldi. Sovuq havo ta’sirini o‘tkazdimi, negadir ko‘ngli issiq choyni tusadi. Moshinani ohista boshqararkan, ulkan bino yerto‘lasining qiya ochilgan eshigidan, oshpazning qora qozonidan chiqayotgandek bug‘ chiqayotganiga ko‘zi tushdi. Zinapoyadan pastga yo‘nalarkan, ikkita barzangi yigit:

-Qayerga?- deya yuzlandi.

-Choy ichgani.

Yigitlar yelka qisgandek bir – biriga yuzlandi. Sobir aka devorga chizilgan ulkan ajdarhoni ko‘rib yuragi seskandi. Ajdarho vajohatli termular, og‘zidan olov purkab turardi. O‘tkir tirnoqli panjalari boshingiz uzra shaylangandek. Qoyatosh ustida hissiz yotgan suvparining suqli nigohlari sizni ta’qib qilmoqda. Ichkariga odimlarkan, bursiqib ketgan tamakining achchiq hidi dimog‘iga urildi va beixtiyor yo‘taldi. Quloqlarni qomatga keltiruvchi musiqa sadolari ostida, yosh yalanglar loyni tepkilayotgan Hakim paxsachidek harakat qilardi. Atrofni kuzatarkan kimdir imlayotganini  sezdi va sekin yo‘naldi.

-Birinchi kelishingizmi?

-Ha.

-Nima ichasiz?

-Choy...

-Bu yer choyxona emas.

-Kofe...

-Mana kofe.

Ha, bu joy chehralardan hayo pardasi sidirilgan, or-nomus, ibo, adab xilqatidan mosuvo bo‘lgan makon edi. Qaynoq kofeni labiga tutarkan, atrofni kuzatishni davom etdi. Yoniga hushtori bilan suykalishib kelgan to‘satdan qiyqirib kulgan qizning qoziq tishlari-da ko‘rinib ketdi. Chiroqlarning lippilab o‘chib-yonishida qizning tipratikondek sochlari qizilga bo‘yalgani, ibo-latofat pardasi so‘tilgan ko‘zlarda, hirs o‘ti balqib turar, suvsagan tuyadek o‘tkir hidli stakandagi ichimlikni simirar edi. Qizning hayosiz kiyimidan  qoshi chimirilgan Sobir aka yigitga yuzlandi.

Alpqomat, shalpaygan vujudning ko‘zlari qashqirdek  maqsadli boqmoqda. Hilol oydek soqol qo‘ysada, og‘zi chetidan paravozdek tutun chiqmoqda. Lo‘mbozga loy bosayotgan hasharchidek peshonasiga lattani tang‘ib olgan. Fransuz konyagini ho‘plaganda tomog‘idagi chayon tatuirovkasi harakatga kelgandek. Tarang futbolkasiga odam bosh chanog‘ining  surati tushirilgan , ko‘k shimi ham jiydazordan chiqqandek titilgan edi.

Qiziq...,  kaskali yigit boshi bilan charxpalakdek chunonam aylandiki, oyoqlari vertolyot parragining o‘zginasi. Ajabo...,bu qiz bog‘da olma terayotgandek  o‘ynasa, yonidagisi to‘k urgandek harakatlanmoqda. O‘yin ham har xil bo‘larkan-da.

Atrofdagi bu yuzlarda zarracha hayo hilqati ko‘rinmas, liboslari  xijolat bo‘lgudek, ayyorona ko‘zlar suzilgan edi.

Xona o‘rtasida yuqoridan bir to‘p rangli chiroqlar yulduzlardek yog‘du sochmoqda. Ko‘zlar quyi tusharkan Sobir aka daxshatdan titrab ketdi... Yoshgina juvon chaqalog‘ini bag‘riga olib emizardi. Go‘dak jamalak sochlarni o‘ynoqlab yutinib-yutinib qo‘yarkan, munchoqdek ko‘zlari bilan bo‘ridan qo‘rqqan qo‘zichoqdek atrofga termulardi. O‘jar asov otdek taralayotgan kuy ohanglari go‘dakni holi qo‘ymasdi. Sharqirab oqayotgan zilol suvdek bola yana ona bag‘riga talpinardi.

Eh, qalblar chirog‘i bo‘lgan, ona allasidan bebahra bo‘lgan bolajon...,dunyo qanchalik keng bo‘lmasin onasi  bag‘ri ham  torlik qilayotgandek edi.

Telefon jiringladi.

-Allo...

-Qo‘shni, qayerdasiz?

-Hozir.

Sobir aka yuqoriga ko‘tarilarkan, qalbida nidolar buloqdek qaynay boshladi. Ey odamlar, jondan aziz farzandlarimizni ko‘z qorachig‘idek asraylik.  Murg‘ak qalblariga yaxshilik urug‘ini qadaylik, toki mardlik, adab-axloq, ko‘zlarida sharmu hayo iforlari bo‘ylab tursin. 

 

Toyirjon TUNGATOV

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Tunda tosh ostidagi chumolini ko‘rgan Zot sizni ham ko‘rib turibdi

23.07.2025   3140   3 min.
Tunda tosh ostidagi chumolini ko‘rgan Zot sizni ham ko‘rib turibdi

Hasan Basriy rahimahulloh Robbiga osiylik qilayotgan bir jamoani ko‘rdilar va ularga qarata bunday dedilar: “Alloh taoloning nazdida xor bo‘lishdi va U Zotga osiy bo‘lishdi. Bordi-yu, ular Alloh uchun qadrli bo‘lganlarida, Alloh ularni gunohdan saqlagan bo‘lur edi”.

Demak, Alloh taolo qaysi bandasini yaxshi ko‘rsa, uni gunohlardan saqlab qo‘yar ekan. Birortamiz gunoh qilib, Allohni unutib, Robbining nazdida haqir banda bo‘lishni istaymizmi?! Albatta, yo‘q! 

Nafsingiz sizni gunohga chorlagan paytda qilayotgan ishingizning oqibati haqida o‘ylang hamda Alloh taolo sizni ko‘rib turganini his eting. O‘zingizga o‘zingiz shu savolni bering: “Seni hurmatlab e’zozlovchi biror kim shu holingda ko‘rib qolsa, undan uyalgan bo‘larmiding?! Qanday qilib Robbing bo‘lmish Alloh taolodan uyalmaysan?!”.

Nafsingizga: “Sen ertaga boshingga bu gunohlarning balosi urishi va sharmanda bo‘lishdan omondamisan?” deng. Bir narsani yodingizdan chiqarmangki, siz qanday gunoh qilishingizdan qat’i nazar, Allohning ato etgan ne’matlaridan foydalangan holingizda gunohga qo‘l urgan bo‘lasiz. Alloh taolo sizga bergan, siz u bilan haromga nazar tashlayotgan ko‘zingizning o‘zi qancha ne’mat?! Haromga cho‘zayotgan qo‘lingizning o‘zi aslida qancha ne’mat?! Qanchadan-qancha talaffuzi halol bo‘lmagan narsalarni tilingizda aylantirasiz. Ato etilgan ne’matlar ila gunoh qilishingiz ne’mat ato etguvchi Zotga nisbatan minnatdorchilikmi, shukrmi?!

Zimiston tunda tosh ostidagi chumolini ko‘ra olgan Zot sizni ham ko‘rib turibdi, buni yodingizdan chiqarmang!

Hikoyat. Bir kuni bir erkakka begona ayol bilan birga xilvatda qolishni shayton ziynatli qilib ko‘rsatibdi. Ayolning yoniga kirganida ko‘zlari olayganicha unga qarab: “Bizni hech kim ko‘rmayaptimi?” – debdi. Ayol: “Yo‘q, Allohdan boshqasi ko‘rmayapti”, debdi. Shu payt erkakning ko‘zlari yoshlanib: “Xudo haqqi, ko‘rayotganlar ichida Robbim buyukdir! Mabodo meni biror kichikroq bola ko‘rib turgan bo‘lsa-da, uning oldida bunaqangi ish qilishga jur’atim yetmaydi-yu, qanday qilib olamlar Rabbi bo‘lgan Zot ko‘rib turgan bo‘lsa, men bu kabi gunoh ishni qila olaman?!” – debdi va ayolning uyidan chiqgani holda Alloh taoloning: «(Alloh) ko‘zlarning xiyonatini (ya’ni, qarash man etilgan narsaga o‘g‘rincha ko‘z tashlashni) ham, dillar yashiradigan narsalarni (yomon niyatlarni) ham bilur»[1], degan kalomini eslabdi.

Shoir aytadi:

Xilvat bir go‘shada qolsang-da yuz yil,
Holing ko‘rib turgan Xudo bor, bilgil. 

Oshkoru yashirin – baridan voqif,
Alloh hech ishingdan emasdir g‘ofil.

Gunohkorga qilayotgan ishi qanchalik kichik, arzimasdek ko‘rinsa-da, Allohning nazdida qilgan gunohi kattalashib boraveradi.

Muhammad ibn Abu Bakr rahimahulloh aytadilar: “Bandaning gunohni kichik deb hisoblashi – bu uning Allohga bo‘lgan jur’atidan. Boisi, banda ma’siyatni kichik deb hisoblasa, gunohga bepisand qaraydi, qalbida uni yengil qabul qiladi va gunohlarining ko‘payishidan parvosi falak ham bo‘lmaydi”.

Ibn Mas’ud roziyallohu anhu ham bu borada shunday dey­dilar: “Musulmon odam bir tog‘ning ostida turibman-u, mana shu tog‘ boshimga qulab ketay deyapti, deya gunohlarini tasavvur qilgan odamdir. Fojir esa gunohlarni burniga qo‘nib, keyin tezda uchib ketgan pashsha deya hisoblaydi”. 


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  G‘ofir surasi, 19-oyat.