O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida 2 aprel kuni Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) bosh direktori Uilyam Sving boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda XMTning Markaziy Osiyo bo‘yicha hududiy muvofiqlashtiruvchisi Deyan Keserovich, Markaziy Osiyo bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi ofisining O‘zbekiston bilan aloqalar bo‘yicha dasturiy xodimi S.Toshboyev, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi vakillari ishtirok etdi.
XMT bosh direktori U.Sving Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar dunyo miqyosida ijobiy baholanayotgani, xususan, 26-27 mart kunlari «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzusida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi muvaffaqiyatli o‘tganini qayd etdi. O‘zbekistonning mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash va odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha huquqiy mexanizmlarni amalga oshirishga qaratilgan muvaffaqiyati alohida ta’kidlangan holda, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ijrosi yuksak baholandi.
Uchrashuvda migrantlarga yordam ko‘rsatish, migratsiya oqimini tartibga solishning huquqiy mexanizmlarini ishlab chiqish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston bilan XMT o‘rtasidagi munosabatlar muhokama qilindi. 2016 yildan buyon O‘zbekistonda odam savdosi va ekstremizmga qarshi kurashish sohalarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Tadbirda mamlakatimizning XMTga qo‘shilish masalasi bo‘yicha fikr almashildi. Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi mazkur xalqaro tashkilot a’zosi bo‘lmagan holda, XMT tomonidan o‘tkazilayotgan loyihalarda faol ishtirok etmoqda. XMTga a’zo bo‘lish mamlakatimizga tashkilotga a’zo davlatlar bilan ko‘p tomonlama va ikki tomonlama hamkorlik qilish uchun keng salohiyatga ega bo‘lish imkonini beradi.
XMT bosh direktori bugungi kunda mazkur nufuzli tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha huquqiy asos tayyorlanayotgani to‘g‘risida xabardor qilindi. O‘z navbatida, Uilyam Sving O‘zbekistonni tashkilotga qabul qilish bo‘yicha har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi.
XMT delegatsiyasi, shuningdek, mamlakatimizning qator vazirlik va idoralarida ham muzokaralar o‘tkazdi.
Manba: O‘zA
Samarqandning tarixiy qismida turizm infratuzilmasini keng ko‘lamli yangilash ishlari davom etmoqda. Amalga oshirilayotgan loyihalarning asosiy maqsadi xorijiy sayyohlarning qolish muddatini uzaytirish, qulay shahar muhitini yaratish va bir vaqtning o‘zida mahalliy aholining hayot sifatini oshirishdan iborat.
“Samarkandskiy vestnik” nashriga ko‘ra, turizmni rivojlantirish dasturi doirasida eski shaharning 13 ta ko‘chasi bosqichma-bosqich zamonaviy piyodalar yo‘lagiga aylantirilmoqda. Bu yerda yangi xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etilmoqda, jamoat joylari obodonlashtirilmoqda, milliy me’morchilik an’analarini saqlab qolgan holda muhandislik kommunikatsiyalari va bino fasadlari yangilanmoqda.
Eng yirik loyihalardan biri Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan Buxoro ko‘chasini rekonstruksiya qilish bo‘ldi. Ko‘chaning 850 metr qismi to‘liq piyodalar hududiga aylantiriladi. Loyihani ishlab chiquvchilardan biri, Samarqand davlat texnika universiteti o‘qituvchisi Jasur Berdiqulovning ta’kidlashicha, ilgari bu yerda qatnov qismining torligi tufayli muntazam ravishda tirbandliklar yuzaga kelgan, qulay piyodalar yo‘laklarining yo‘qligi esa piyodalar uchun jiddiy noqulayliklar tug‘dirgan. Ishlar yakunlangach, ko‘cha xavfsiz jamoat maydoniga aylanadi. Aholi uchun alohida to‘xtash joyi ajratilgan bo‘lib, transport vositalarining kirishiga faqat zarurat tug‘ilganda maxsus xizmatlarga ruxsat beriladi. Shu bilan birga, suv, gaz, elektr va boshqa muhandislik tarmoqlari to‘liq modernizatsiya qilinmoqda.
Oltin asr mahallasida joylashgan Bag‘dod ko‘chasida ham ishlar davom etmoqda. Bu yerda 600 metrlik hudud obodonlashtirilmoqda. Loyiha doirasida zamonaviy turizm va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini yaratish, kichik biznes va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati