Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Iyul, 2025   |   30 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:35
Quyosh
05:12
Peshin
12:35
Asr
17:36
Shom
19:51
Xufton
21:20
Bismillah
25 Iyul, 2025, 30 Muharram, 1447

Rajab oyini g‘animat biling

03.04.2018   4352   3 min.
Rajab oyini g‘animat biling

Rajab oyi to‘rt ulug‘ oyning biri. Mana shu to‘rt – zulqa’da, zulhijja, muharram va rajab oylari ayrim ishlar harom qilingan oylardir. Qadimdan, ya’ni, Ibrohim (a.s.) shariatlaridan to islomgacha bo‘lgan davrlarda ham, bu oylarda urush qilish harom sanalgan. Arab xalqlari johiliyat davrida barcha samoviy dinlarning ahkomlarini buzib, o‘zgartirib yuborgan bo‘lsalar-da, mazkur to‘rtta oyning hurmatini saqlab qolganlar. Shahri haromda har qanday urushni, gunoh, zulm ishlarni, ov qilishni to‘xtatishar, hatto o‘z otasining qotilini ko‘rib qolsalar ham, undan o‘ch olishga shoshilmay, ushbu oylarning tugashini kutar edilar.

Alloh jalla jaloluhu oyati karimalarda: “Albatta, Allohning nazdida oylarning adadi – Allohning osmonlar va Yerni yaratgan kunidagi bitigiga muvofiq – o‘n ikki oydir. Ulardan to‘rttasi (urush) harom qilingan oylardir...” deb, yuqorida nomi zikr etilgan oylarning shahri harom ekanligi va ularning hurmatini saqlamoq zarurligini ma’lum qiladi (Tavba, 36).

Rasululloh (s.a.v.) mazkur oyatni oxirgi hajlari – “Hajjatul vado”da o‘qib, musulmonlarga bu oylarning hurmati to‘g‘risida ko‘p ma’lumot berganlar.

Usmon ibn Hakimdan rivoyat qilinadi: «Sa’id ibn Jubayrdan Rajab oyida turganimizda Rajab ro‘zasi haqida so‘radim. U: «Ibn Abbosning: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro‘za tutar edilar, hatto og‘izlarini ochmasalar kerak, der edik. Og‘izlari ochiq bo‘lardi, hatto ro‘za tutmasalar kerak, der edik», deyayotganini eshitganman», dedi».

Usmon ibn Hakim Sa’id ibn Jubayrdan Rajab oyi ro‘zasi haqida so‘rasa ham, u kishi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning doimiy odatlari haqida javob berganlar. U zot sollallohu alayhi vasallam gohida surunkasiga ro‘za tutar edilar, hatto kishilar u kishi og‘izlarini ochmaslar kerak, deb o‘ylab qolishardi. Gohida esa, surunkali og‘izlari ochiq yurganlaridan kishilar endi ro‘za tutmasalar kerak, deb o‘ylab qolishar edi. Rajab oyda ham shundoq bo‘lar edi.

Mujiyba al-Bohiliyya roziyallohu anhodan, u kishi o‘z otalari yoki amakilaridan rivoyat qiladi: «Albatta u (otasi yoki amakisi) Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga boribdi. So‘ngra esa bir yildan keyin yana holati va ko‘rinishi o‘zgargan holda kelibdi va:
«Ey Allohning Rasuli, meni tanimayapsizmi?», debdi.
«Seni nima o‘zgartirdi? Chiroyli ko‘rinishda eding?», dedilar.
«Sizdan ajraganimdan so‘ng faqat kechasigina taom yedim», dedi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Nima uchun o‘zingni azobga solding?», dedilar-da, so‘ngra:
«Sabr oyi ro‘zasini tut va har oydan bir kun tut», dedilar. «Bir oz ziyoda qiling, mening quvvatim bor», dedi. «Ikki kundan ro‘za tut», dedilar. «Bir oz ziyoda qiling», dedi. «Uch kundan ro‘za tut», dedilar.
«Bir oz ziyoda qiling», dedi.
«Harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, deb uch barmoqlarini buklab-yozib ko‘rsatdilar» (Abu Dovud, Ahmad va Nasaiy rivoyat qilgan).

Ushbu hadisdan ma’lum bo‘ladiki, Rajab oyida nafl ro‘za tutish savobli ish hisoblanadi. Ilojini topgan kishilar bu oyda nafl ro‘za tutsalar yaxshi bo‘lar ekan.

 

Oybek MA’RUPOV

 “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi

O‘MI Matbuot xizmati

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Tunda tosh ostidagi chumolini ko‘rgan Zot sizni ham ko‘rib turibdi

23.07.2025   3519   3 min.
Tunda tosh ostidagi chumolini ko‘rgan Zot sizni ham ko‘rib turibdi

Hasan Basriy rahimahulloh Robbiga osiylik qilayotgan bir jamoani ko‘rdilar va ularga qarata bunday dedilar: “Alloh taoloning nazdida xor bo‘lishdi va U Zotga osiy bo‘lishdi. Bordi-yu, ular Alloh uchun qadrli bo‘lganlarida, Alloh ularni gunohdan saqlagan bo‘lur edi”.

Demak, Alloh taolo qaysi bandasini yaxshi ko‘rsa, uni gunohlardan saqlab qo‘yar ekan. Birortamiz gunoh qilib, Allohni unutib, Robbining nazdida haqir banda bo‘lishni istaymizmi?! Albatta, yo‘q! 

Nafsingiz sizni gunohga chorlagan paytda qilayotgan ishingizning oqibati haqida o‘ylang hamda Alloh taolo sizni ko‘rib turganini his eting. O‘zingizga o‘zingiz shu savolni bering: “Seni hurmatlab e’zozlovchi biror kim shu holingda ko‘rib qolsa, undan uyalgan bo‘larmiding?! Qanday qilib Robbing bo‘lmish Alloh taolodan uyalmaysan?!”.

Nafsingizga: “Sen ertaga boshingga bu gunohlarning balosi urishi va sharmanda bo‘lishdan omondamisan?” deng. Bir narsani yodingizdan chiqarmangki, siz qanday gunoh qilishingizdan qat’i nazar, Allohning ato etgan ne’matlaridan foydalangan holingizda gunohga qo‘l urgan bo‘lasiz. Alloh taolo sizga bergan, siz u bilan haromga nazar tashlayotgan ko‘zingizning o‘zi qancha ne’mat?! Haromga cho‘zayotgan qo‘lingizning o‘zi aslida qancha ne’mat?! Qanchadan-qancha talaffuzi halol bo‘lmagan narsalarni tilingizda aylantirasiz. Ato etilgan ne’matlar ila gunoh qilishingiz ne’mat ato etguvchi Zotga nisbatan minnatdorchilikmi, shukrmi?!

Zimiston tunda tosh ostidagi chumolini ko‘ra olgan Zot sizni ham ko‘rib turibdi, buni yodingizdan chiqarmang!

Hikoyat. Bir kuni bir erkakka begona ayol bilan birga xilvatda qolishni shayton ziynatli qilib ko‘rsatibdi. Ayolning yoniga kirganida ko‘zlari olayganicha unga qarab: “Bizni hech kim ko‘rmayaptimi?” – debdi. Ayol: “Yo‘q, Allohdan boshqasi ko‘rmayapti”, debdi. Shu payt erkakning ko‘zlari yoshlanib: “Xudo haqqi, ko‘rayotganlar ichida Robbim buyukdir! Mabodo meni biror kichikroq bola ko‘rib turgan bo‘lsa-da, uning oldida bunaqangi ish qilishga jur’atim yetmaydi-yu, qanday qilib olamlar Rabbi bo‘lgan Zot ko‘rib turgan bo‘lsa, men bu kabi gunoh ishni qila olaman?!” – debdi va ayolning uyidan chiqgani holda Alloh taoloning: «(Alloh) ko‘zlarning xiyonatini (ya’ni, qarash man etilgan narsaga o‘g‘rincha ko‘z tashlashni) ham, dillar yashiradigan narsalarni (yomon niyatlarni) ham bilur»[1], degan kalomini eslabdi.

Shoir aytadi:

Xilvat bir go‘shada qolsang-da yuz yil,
Holing ko‘rib turgan Xudo bor, bilgil. 

Oshkoru yashirin – baridan voqif,
Alloh hech ishingdan emasdir g‘ofil.

Gunohkorga qilayotgan ishi qanchalik kichik, arzimasdek ko‘rinsa-da, Allohning nazdida qilgan gunohi kattalashib boraveradi.

Muhammad ibn Abu Bakr rahimahulloh aytadilar: “Bandaning gunohni kichik deb hisoblashi – bu uning Allohga bo‘lgan jur’atidan. Boisi, banda ma’siyatni kichik deb hisoblasa, gunohga bepisand qaraydi, qalbida uni yengil qabul qiladi va gunohlarining ko‘payishidan parvosi falak ham bo‘lmaydi”.

Ibn Mas’ud roziyallohu anhu ham bu borada shunday dey­dilar: “Musulmon odam bir tog‘ning ostida turibman-u, mana shu tog‘ boshimga qulab ketay deyapti, deya gunohlarini tasavvur qilgan odamdir. Fojir esa gunohlarni burniga qo‘nib, keyin tezda uchib ketgan pashsha deya hisoblaydi”. 


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  G‘ofir surasi, 19-oyat.