Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Yanvar, 2025   |   1 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:14
Quyosh
07:35
Peshin
12:41
Asr
15:56
Shom
17:41
Xufton
18:57
Bismillah
31 Yanvar, 2025, 1 Sha`bon, 1446

Rajab oyini g‘animat biling

3.04.2018   3989   3 min.
Rajab oyini g‘animat biling

Rajab oyi to‘rt ulug‘ oyning biri. Mana shu to‘rt – zulqa’da, zulhijja, muharram va rajab oylari ayrim ishlar harom qilingan oylardir. Qadimdan, ya’ni, Ibrohim (a.s.) shariatlaridan to islomgacha bo‘lgan davrlarda ham, bu oylarda urush qilish harom sanalgan. Arab xalqlari johiliyat davrida barcha samoviy dinlarning ahkomlarini buzib, o‘zgartirib yuborgan bo‘lsalar-da, mazkur to‘rtta oyning hurmatini saqlab qolganlar. Shahri haromda har qanday urushni, gunoh, zulm ishlarni, ov qilishni to‘xtatishar, hatto o‘z otasining qotilini ko‘rib qolsalar ham, undan o‘ch olishga shoshilmay, ushbu oylarning tugashini kutar edilar.

Alloh jalla jaloluhu oyati karimalarda: “Albatta, Allohning nazdida oylarning adadi – Allohning osmonlar va Yerni yaratgan kunidagi bitigiga muvofiq – o‘n ikki oydir. Ulardan to‘rttasi (urush) harom qilingan oylardir...” deb, yuqorida nomi zikr etilgan oylarning shahri harom ekanligi va ularning hurmatini saqlamoq zarurligini ma’lum qiladi (Tavba, 36).

Rasululloh (s.a.v.) mazkur oyatni oxirgi hajlari – “Hajjatul vado”da o‘qib, musulmonlarga bu oylarning hurmati to‘g‘risida ko‘p ma’lumot berganlar.

Usmon ibn Hakimdan rivoyat qilinadi: «Sa’id ibn Jubayrdan Rajab oyida turganimizda Rajab ro‘zasi haqida so‘radim. U: «Ibn Abbosning: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro‘za tutar edilar, hatto og‘izlarini ochmasalar kerak, der edik. Og‘izlari ochiq bo‘lardi, hatto ro‘za tutmasalar kerak, der edik», deyayotganini eshitganman», dedi».

Usmon ibn Hakim Sa’id ibn Jubayrdan Rajab oyi ro‘zasi haqida so‘rasa ham, u kishi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning doimiy odatlari haqida javob berganlar. U zot sollallohu alayhi vasallam gohida surunkasiga ro‘za tutar edilar, hatto kishilar u kishi og‘izlarini ochmaslar kerak, deb o‘ylab qolishardi. Gohida esa, surunkali og‘izlari ochiq yurganlaridan kishilar endi ro‘za tutmasalar kerak, deb o‘ylab qolishar edi. Rajab oyda ham shundoq bo‘lar edi.

Mujiyba al-Bohiliyya roziyallohu anhodan, u kishi o‘z otalari yoki amakilaridan rivoyat qiladi: «Albatta u (otasi yoki amakisi) Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga boribdi. So‘ngra esa bir yildan keyin yana holati va ko‘rinishi o‘zgargan holda kelibdi va:
«Ey Allohning Rasuli, meni tanimayapsizmi?», debdi.
«Seni nima o‘zgartirdi? Chiroyli ko‘rinishda eding?», dedilar.
«Sizdan ajraganimdan so‘ng faqat kechasigina taom yedim», dedi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Nima uchun o‘zingni azobga solding?», dedilar-da, so‘ngra:
«Sabr oyi ro‘zasini tut va har oydan bir kun tut», dedilar. «Bir oz ziyoda qiling, mening quvvatim bor», dedi. «Ikki kundan ro‘za tut», dedilar. «Bir oz ziyoda qiling», dedi. «Uch kundan ro‘za tut», dedilar.
«Bir oz ziyoda qiling», dedi.
«Harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, deb uch barmoqlarini buklab-yozib ko‘rsatdilar» (Abu Dovud, Ahmad va Nasaiy rivoyat qilgan).

Ushbu hadisdan ma’lum bo‘ladiki, Rajab oyida nafl ro‘za tutish savobli ish hisoblanadi. Ilojini topgan kishilar bu oyda nafl ro‘za tutsalar yaxshi bo‘lar ekan.

 

Oybek MA’RUPOV

 “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi

O‘MI Matbuot xizmati

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Robbim, O‘zing meni uyg‘otgin

31.01.2025   883   9 min.
Robbim, O‘zing meni uyg‘otgin

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Asli Bangladeshlik yosh olimlardan biri, hozirda Buyuk Britaniyada istiqomat qiluvchi Ahmad Mahfuz yozadi:

2024 yilning 25-31 dekabr kunlari Istanbulga ilmiy safar qildim. Bu mening qadimiy Qustantiniya(Vizantiya)ga bo‘lgan beshinchi safarim edi. Safardan ko‘zlangan maqsad ulug‘, muhaqqiq olim, yirik muhaddis, shayx Muhammmad Avvoma hafizahulloh bilan uchrashib, u kishining foydali suhbatlaridan bahramand bo‘lish edi. Sababi, Muhammad Avvomadek olimlarning suhbatlari bag‘oyat manfaatli. Imom Navaviy rahimahullohning: “Sohasini mukammal biluvchi olimning suhbatida bo‘lish, soatlab, hatto kunlab kitob o‘qishdan ko‘ra foydalidir” degan so‘zlari ham buning yaqqol dalilidir.

Safarni rejalashtirishdan oldin, Shayximizning o‘g‘illari,  Muhyiddin Avvoma hafizahulloh bilan bog‘landim.  U  kishi menga, otalarining ilmiy faoliyatlari va turli kitoblarining tahqiqi bilan band ekanliklari, qolaversa sog‘liqlaridagi o‘zgarishlar sababli faqat qisqa muddatga ko‘rishishimiz mumkinligini ma’lum qildilar.

Mehmonxonamiz Shayximizning Istanbuldagi darsxonalariga yaqin edi. Shayx Muhyiddin bizni tushlikka taklif qilib, olib ketish uchun mashina jo‘natdilar. Bu shayx Muhyiddin hafizahullohning yuksak saxovat va go‘zal xulqlaridan dalolatdir, Alloh u kishini yaxshilik ila mukofotlasin.

Shayximiz bilan birinchi uchrashuvimiz 2024 yil 26 dekabr, payshanba kuni tush paytida bo‘ldi. Ushbu qisqa suhbatda, shayximiz avvalo Muhammad Anvar Shoh Kashmiriyning "آثار السنن" kitobiga yozgan ta’liqlarining nashr ishlari haqida so‘radilar. Men shunday javob berdim: "Men 2023 yil oktyabrda Karachi shahridagi ilmiy safarimda Alloma Muhammad Yusuf Bannuriyning o‘g‘li Shayx Muhammad  Habibullohdan: “Alloma Kashmiriyning ushbu ta’liqlari ustidagi ishlar nihoyasiga yetgan, tez orada bir necha mujallad qilib nashr qilinadi» deb eshitgan edim. Shayximiz: “Bunday xabarlarni uzoq vaqtdan buyon eshitib kelyapmiz, lekin kitob hali chop etilmagan”, – dedilar.

Shayximizning ikkinchi savollari: “Alloma Yusuf Bannuriy o‘zining ustozi Alloma Kashmiriyni necha yil lozim tutib, u kishidan dars olgan?” –  deb so‘raganlari bo‘ldi. Men aniq javobni bilmasdim,  “unchalik ko‘p emas, taxminan besh yil atrofida bo‘lishi mumkin” dedim. Shayximiz: “Ha, men shu masalani uzoq vaqtdan beri qidiryapman”, dedilar.

Oxirida shayximiz: “Yangi nashr qilingan asarlaring bormi?” –  deb so‘radilar.

O‘tgan yili kaminaning tahqiqi bilan “الآمالي على سنن أبي داود” kitobi ikki jildda nashr qilingani, o‘tgan yili oxirgi uchrashuvimizda , undan shayximizga ham hadiya qilganim esimda edi. O‘shandan keyin boshqa yangi nashrlarim bo‘lmaganini, magistratura disertatsiyam va boshqa ingliz tilidagi tadqiqotlarim bilan band bo‘lganimni bildirdim.

Shayximizning alohida e’tibori meni juda ilhomlantiradi. 2019 yil oktyabr oyida

 “الفوائد المنتقاة من آمالي إمام العصر محمد أنوار شاه الكشميري”  nomli kitobimni  shayximizga taqdim qilgandim. Shundan buyon, har safar uchrashganimizda, shayximiz Kashmiriyning hayoti va ilmiy merosi haqida gapiradilar yoki menga bu mavzuda savollar beradilar. Shayximiz meni, bu katta olimni haddan tashqari yaxshi ko‘ruvchi va u kishining xodimlaridan biri deb o‘ylashlarini his qilaman. Bu shunchaki  ichki hissiyot bo‘lishi mumkin, lekin bu holat meni juda ilhomlantiradi.  Aynan shu ilhom imom Kashmiriy va boshqa imomlarimizning ilmiy meroslarini chuqurroq o‘rganishga turtki beradi. Shayximizning bu ishlari kamina haqida yaxshi fikrda ekanliklaridan  deb o‘ylayman va Alloh taolodan bu kichik, kamtarona xizmatimizni qabul qilishini so‘rayman.

Shayximiz bilan 27 dekabr, shanba kuni yana bir bor uchrashishga muyassar bo‘ldim. Men u kishiga  Alloma Bannuriy imom Kashmiriyni qancha vaqt lozim tutgani haqida qidirganimizni,  Urdu tilidagi maqolada Alloma  Bannuriyning o‘zi: “Men oliy diniy ta’limni Debanddagi “Dorul Ulum”da hijriy 1345-1347 yillarda oldim. So‘ng shayximiz alloma, imom Anvar Shoh Kashmiriyni kechasiyu kunduzi lozim tutdim. Bu to‘liq bir yildan ziyodroq davom etdi”,  degan gaplarini topganimiz xabarini berdim. Bu maqola Karachidagi islom ilmlari universitetining kam sonli chiqadigan “Bayyinot” jurnalida chop etilgan bo‘lib, uni Shayx Muhammad Habibulloh Muxtor arab tilidan urdu tiliga tarjima qilgan va chop ettirgandi. Maqolaning asli arab tilida alloma Bannuriyning o‘zi tomonidan yozilgan ekan.

Shayximiz bu ma’lumotdan juda xursand bo‘ldilar, va alloma Bannuriy imom Kashmiriyning shogirdlari ichida ajralib turganini zikr qildilar.

Shundan keyin shayximiz Imom Anvar Shoh Kashmiriyning shogirdlaridan yana biri, Badr Olam Mirtahiy haqida qiziq bir voqeani hikoya qilib berdilar. Bu zot Imom Kashmiriyning “Sahihi-Buxoriy”ga yozgan sharhlarini mashhur “Fayzul Boriy” kitobiga jamlaganlar.

“Bir kuni  Badr Olam Madinada, ravzai-sharif oldida chiroyli, oq libosda yurganida, bir kishi unga yaqinlashib, kim ekanini so‘ragan. Badr Olam o‘zini tanishtirib: “Men Badr Olamman”, deganida, haligi kishi: “Yo‘q, sen Badr Olam emassan, Badr Olam bu qabrning egasi!” – deb qabrga ishora qilgan ekan.(bu yerdagi Badr Olam ism bo‘lib, u lug‘atda butun dunyoning yorqin, to‘lin oyi ma’nosini bildiradi). Shayximiz bu qiziqarli hikoyani aytib bo‘lib, odatlariga muvofiq tabassum qildilar.

Mening odatim shuki, katta olimlarning oila a’zolari bilan uchrashib qolsam, bu olimning shaxsiy va oilaviy hayotidan o‘rnak olish maqsadida ba’zi savollarni beraman. Istanbuldagi oxirgi kechamizda, Shayximizning o‘g‘illari Muhyiddin Avomma bizni mehmonxonadan uylariga olib ketish uchun ikkinchi o‘g‘illari Muhammadni yubordi. Muhammad ingliz tilida ateistlarga qarshi juda yaxshi kitob yozgan kishi. U mashinani boshqarib, bizni olib ketayotganda, men gap boshlab: “Alloh sizning oilangizni ilmda bizlarga yetakchi bo‘lishingiz uchun tanladi, endi siz mashinada ham bizning yetakchimizsiz!” dedim. Birodarimiz Muhammad tabassum qildi,  so‘ngra men unga: “Biz har doim bobongizning ilmiy kitoblarini o‘qib, undan ko‘plab foydalar olamiz. Lekin siz shayximizni yaqindan bilasiz, shaxsiy hayotlaridan biron-bir foydali ma’lumotni biz bilan bo‘lishsangiz” dedim. U: “Sizlarga ikkita narsani aytishim mumkin. Birinchisi, bobom dunyo ishlari haqida hech qachon gapirmaydi, so‘zlari faqat ilm haqida bo‘ladi. Hatto suv so‘raganda ham, gapirish o‘rniga qo‘llari  bilan ishora qiladilar. Ikkinchisi, u kishi juda kuchli iroda sohibi, himmatlari juda oliy. Yoshlari katta bo‘lishiga qaramasdan, hech qanday dangasalik alomatlarini ko‘rmaysiz.

Yetib borganimizda, boshqa bir o‘rinda, Muhyiddin Avommaga shu savolni berdim. Allohga hamd bo‘lsin, u kishi bizga otasining kundalik jadvali haqida ko‘plab muhim ma’lumotlarni aytib berdi. Bu suhbat bizdek ilm toliblariga juda foydali bo‘ldi. Quyida u kishining gaplarining qisqacha mazmunini keltiraman. Ushbu jadvalni birodarimiz Abdulloh Fahem suhbat yozilgan to‘liq tasmadan ajratib berdilar.

Shayximizning o‘g‘illari, doktor  Muhyiddin Avomma aytadilar:

“Men otamni umridan bir daqiqani ham behuda sarflaganini ko‘rgan emasman. U kishining vaqt soniyama-soniya rejalashtirilgan. Bu otamning  ikki asosiy ustozlari: Shayx Abdulfattoh Abu G‘udda va Shayx Abdulloh Sirojuddinlarning yo‘nalishlarini o‘zlarida mujassam qilganliklari sabablidir. Otam o‘zlarini ilm va ibodat orasida qattiq ushlaydilar. Shayx Abdulfattoh ilm va tahqiqqa qattiq e’tibor berishlari bilan mashhur bo‘lsa, Shayx Abdulloh ilmga qo‘shib tasavvuf, kechasi namoz o‘qish kabilarni jamlaganlari bilan mashhur.

Otam ikkala jihatni – ilmga bo‘lgan katta e’tibor, har bir soniyani qadrlash hamda  tasavvuf orasini birlashtirgan. Albatta, bu jismoniy holatlari va sog‘liklariga bevosita bog‘liq.

Otam shu yoshlarida ham kech soat 12:00da uxlashga yotadilar. Nimaga buncha kech uxlashlarini sal keyin tushuntiraman. Lekin har kuni bomdoddan  uch yarim soat oldin uyg‘onadilar. Bu yoz kunlari kechasi uxlashga ulgurmaydilar, degani. Chunki soat 4:00 da bomdodga azon aytiladi,  undan uch yarim soat oldin esa, 12:30 bo‘ladi va faqat yarim soat vaqt qolgani uchun uxlamasdan, tunlarini kunduziga ulab yuboradilar. Qish kunlari kechalari uzun bo‘lganda ham, hech qachon kerakli paytda uyg‘otish uchun “uyg‘otgich” (budilnik) qo‘ymaydilar. Otam menga: “Men Robbimga duo qilib,  “Robbim, mening qachon uyg‘onishimni istasang – shunda uyg‘ot” deb aytaman, u doim bomdoddan uch yarim soat oldin uyg‘otadi” degandilar.


Hadis ilmi maktabi talabasi
Saidmahmudxon Urvatillayev tarjimasi