Hayoti davomida kishining boshi ustidan quyosh charaqlab turishi barobarida, turli xil tashvish bulutlari ham suzib o‘tadi. Kenglik—tanglik ham, to‘qlik—ochlik ham, g‘alaba—mag‘lubiyat ham, shodlik—musibat ham. Umri faqat shodligu g‘alaba bilan o‘tgan kimsani tarix bilmaydi. Odam bolasidan mashaqqat va musibat paytida sabr qilishi, umidsizlanmasligi, haq ustida sabot bilan turishi talab etiladi. Dunyo g‘ami kelib – ketuvchi mehmondir. Abadiy qoladi, deb ranjimaslik kerak.Tongni kutadigan odam sabr qilishi shart. Tun qiyomatga qadar davom etmaydi. Ne’matga sabr bilan erishiladi, shoshqaloq va besabr ne’matdan mahrum qoladi. Ne’matni ko‘rish bilan shokir, musibatga duch kelganda esa sobir bo‘lish iymon jumlasiga kiradi. Hayot qiyinchiliklarsiz bo‘lmaydi, qiyinchiliklarsiz ma’nosini yo‘qotar edi. Biz yo muvaffaqiyat qozonamiz yoki yutqazamiz. G‘alaba qozonmoqchi bo‘sak kurashmoq kerak. Kurash tufayli qo‘lga kiritgan yutug‘imiz ko‘nglimizni tog‘dek ko‘taradi, mamnun bo‘lamiz, eng muhimi, ruhimiz yana bir pog‘ona yuksaladi. Umidimiz so‘nib, hafsalamiz pir bo‘lgan paytlar ko‘p bo‘ladi. Orzularimiz, rejalarimiz amalga oshmagan paytda o‘zimizni qanday his qilamiz? Halol ishlasak, tinmay mehnat qilsak, birovning diliga ozor bermasak ham baribir hamma o‘ylarimiz barbod bo‘lyapti. Nima uchun, deb savol beramiz. Mavlono Jaloliddin Rumiy shunday deydilar: “Hech tomondan umidim yo‘q. Faqat U karam sohibi : “Umidsiz bo‘lmang” – deydi. Xoqonimiz doimo bizga dalda bermoqda, “Umidingizni uzmang” deb qulog‘imizni buramoqda” .
Alloh taolo shunday deb marhamat qiladi:
“(Ey, Muhammad!) Mening iymon keltirgan bandalarimga ayting: “Parvardigoringizdan qo‘rqingiz! Bu dunyoda ezgu ish qilgan zotlar uchun (oxiratda) chiroyli (oqibat – jannat) bordir.Allohning Yeri kengdir. Albatta, sabr qiluvchilarga (oxiratda) mukofotlari behisob berilur” (Zumar surasi 10 – oyat). Hisob–kitob va kuzatishlarga qaraganda, katta qiziqish va manfaat ko‘rish bilan boshlangan har qanday firma, ilmiy tadqiqotlar qaysidir bosqichga yetganda birdan barbod bo‘ladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, besh yil ichida har yuzta firmadan atigi beshtasigina qolar ekan. Qolganlari raqobatga dosh berolmagani, ishchilari ketib qolgani, moliyaviy qiyinchiliklar tufayli yopilar ekan. Xuddi shuningdek, inson hayotini yuz foiz xursandchilikdan iborat deb bo‘lmaydi, hayotimizdagi eng quvonchli kunlarda to‘satdan butun hayotimizni ostin – ustun qilib yuboradigan kasallik, oilaviy munosabatlar, xizmatdagi keskin o‘zgarish, moddiy qiyinchiliklar bilan bog‘liq biror voqea ro‘y berishi mumkin, ana shunda hamma orzularimiz, umidlarimiz so‘nadi. Nega? Nima uchun?
Inson qanchalar kuchli bo‘lmasin, baribir to‘satdan boshga kelgan zarbalar har birimizni esankiratib qo‘yishi tabiiy. Hamma birdek ruhiy iroda va kuchga ega, hamma ham sharoitlar bilan murosa qila olishga qodir emas. Hatto jasur, dadil inson ham mushkul vaziyatlarda talmovsirab qoladi, ruhiyati tushib ketadi. Endi vaziyatni tahlil qilib, umidimizning so‘nishiga olib keladigan sabablarni qidiramiz. Birinchi navbatda o‘zimizning mohiyatimizni anglab olamiz. Ya’ni, nima uchun bu dunyoga keldik, yashashimizdan maqsad nima? Bu dunyoga o‘zimizni kashf etish, ruhiyatimizni kamol toptirish uchun kelamiz. Maqsad ruhiyatimizni mukammallikka erishtirish ekan, hayotimiz davomida saboq olamiz. Ruhiyatimizni chiniqtirish, ma’lum bir sinovlardan o‘tish uchun biz dars o‘tishimiz, shaxsiyatimizni shakllantirishimiz kerak. Sabr me’yorni bilish, iroda inson ruhini chiniqtiradi. Umidlarni so‘ndiradigan sharoitlar esa ruhiyatimizni chiniqtirish uchun kerak bo‘lgan omillarning aynan o‘zginasi. Shular biz uchun dars vazifasini o‘taydi. Ba’zida biz kuchga, hatto juda katta kuchga ega bo‘lamiz. Falokatlar esa, katta kuchga ega bo‘lganimiz uchun emas, balki shu kuchimizni noto‘g‘ri taqsimlaganimiz uchun ro‘y beradi. Barbod bo‘lish – o‘zingizning shaxsingizni tushunmaslik, noto‘g‘ri xulosa qilish, irodangizni suiste’mol qilishdan kelib chiqadi. Ayrim hollarda bu moliyaviy, o‘zaro munosabatlar, martaba, amal yoki izzat – obro‘ kabi moddiy yo‘qotishlarga ham olib keladi. Buni o‘zimiz o‘ylagandek kuchimiz quvvatli, tushunchalarimiz to‘la va mukammal emasligi uchun yuborilgan alomat sifatida qabul qilishimiz mumkin. Ba’zida falokatlar insonning mehnatsiz rohatga erishasan, degan shayton so‘zlariga quloq solib to‘g‘ri yo‘lda bo‘lmaganidan sodir bo‘ladi. Agar biz ruhiyatimizni kamolga erishtirish o‘rniga moddiy boylik to‘plashga mukkasidan ketsak, oqibatda shu kungacha qo‘lga kiritgan va erishganlarimizning hammasidan judo bo‘lamiz. Biz ko‘z oldimizda sodir bo‘layotgan hodisalar ustidan g‘olib kelib bo‘y ko‘rsatishimiz, ya’ni ruhiy yuksalishimiz lozim. Avval boshdan aql bilan ish ko‘rganimizda hozirgidek falokatlar sodir bo‘lmasmidi?! Lekin endi aqlimiz kirdi, agar hozirgi mushkullik boshimizga tushmaganda bu aql hech qachon kelmasdi ham. Demak, u sinov va dars. Ana shu saboqni o‘zlashtirsak, keyingi safar huddi shuningdek qiyin vaziyatlardan oson chiqib ketamiz. Ko‘pincha ziddiyatli vaziyatlarda biz insonlar haddimizdan oshib ketganimizni payqaymiz va buning uchun javobini berishimiz kerak bo‘ladi. Falokat o‘zimizga juda ishonib, mag‘rurlanib ketganimiz, aslida mavjud bo‘lmagan iroda va kuchimizga ortiqcha ishonib yuborganimizning natijasi.
“Ba’zida yutqazganingizni ro‘yi rost tan olishingiz kerak, qoqilish – o‘zingizning aybingiz. Boshga ish tushganda eng avvalo umidsizlanmaslik kerak, qayerda qanday xatoga yo‘l qo‘yganini tushunib, ularni tuzatishga harakat qilish lozim” .
Hud surasida Odam bolalarining qandayligi chiroyli tarzda bayon etilgan:
“Agarda biz insonga O‘z marhamatimizni tottirib, so‘ngra (yana) uni tortib olsak, (qarabsizki) u noumid va noshukr (bo‘lib qolur). Agarda unga biror zarar kelib ketgandan keyin noz – ne’matlarni tottirib qo‘ysak: “Yomonliklar mendan (o‘zicha) ketdi”, – deydi, albatta. Zero, u mag‘rur va faxrlanuvchidir. Illo, sabrli bo‘lgan va ezgu ishlarni qilganlarga, aynan o‘shalarga mag‘firat va katta mukofot bordir” (Hud surasi 9 – 11 oyatlar).
Mazkur uch oyat “Bu vasf iymon va islom taqozo qilgan sifatlari bilan to‘la sifatlanmagan insonning vasfidir”, — deb tafsir qilinadi “Tafsiri hilol”da. — Agar unday odamga biror ne’mat berib turib, so‘ngra olib qo‘yilsa, tushkunlikka tushib, dod–voy qiladi, o‘zini har tomonga uradi. Yoki aksincha, yo issiqqa ko‘nadi yo sovuqqa. Oxirgi oyatda solih bandalarning ikki sifati alohida ta’kidlanmoqda: sabr va yaxshi amallar qilish. Sabr doimo, hammaga kerak: yaxshilik yetganida ham, yomonlik yetganida ham, zarar – kamchilik paytida ham, foyda – borchilik paytida ham g‘oyatda zarur. Yo‘qchilikka sabr qilish oson. Ammo borchilik–to‘qchilikka hamma ham toqat qila olmaydi. Aslida banda og‘ir paytda bardosh bilan, ne’mat yetganda shukr va yaxshilik bilan sabr qilsagina saodatga yetisha oladi. Oramizda ba’zi birovlar hayot yo‘llariga nazar solib, uning nuqul to‘siq, g‘ovlar tog‘idan iborat ekanini aytishlari mumkin. Ular ana shu g‘ovlar ustiga tik yurib, yengganlar, aylanib o‘tganlar. Hatto yo‘llarida: “Bu sening qo‘lingdan kelmaydi, buni qo‘lga kiritolmaysan, bu sen uchun emas” deb gapiradiganlar uchrab qoladi. Ogohlantiruvchi kishilarning ko‘p yoki kamligidan qat’iy nazar, ichimizdagi qandaydir bir kuch bizni uyg‘otadi, tetiklashtiradi, hayotga va o‘zimizga bo‘lgan ishonch kuchi, ehtimol baxtga erishish umidi, orzusi bizni oldinga qarab, yangicha hayot kechirishga undar. Orada paydo bo‘lgan tanaffuslar olg‘a qadam bosishga imkonimiz borligini bildiradi va buni idrok etamiz. Hayot to‘siqlardan iborat. Biz ularni oson va tez yoki stress bilan qabul qilishimiz mumkin. Biz to‘siq va muammolarni yengish uchun o‘zimizni xayolan tayyorlashimiz yoki taslim bo‘lishimiz mumkin. Odatda qiyinchiliklardan o‘tib olganimizda yengillik va mamnunlikni his etamiz. Lekin to‘siqlardan o‘tish oson emas, qat’iylik va to‘g‘ri qaror qabul qilishni talab qiladi. To‘g‘ri qarorga kelish esa o‘z hayotimizni falsafiy mushohada etish bilan amalga oshadi. Agarki to‘siqlarga taslim bo‘lsak, bu bizning hayot imtihoni oldidagi katta xatoyimiz bo‘ladi. Zero, yurtboshimiz bizlarni olg‘a intilishga chaqirib shunday deydilar: “Birovning qo‘liga va yuziga qarab yashaydigan inson va davlatning ozodligi butun bo‘lmaydi, mustaqilligi to‘liq bo‘lmaydi. Hayotning shafqatsiz qonuni shu: faqat o‘z kuch–qudratiga ishongan xalqgina o‘z – murod – maqsadiga yetadi” .
Alloh taolo Qur’oni karimning Oli Imron surasida shunday deb marhamat qiladi:
“Mol-mulklaringiz va jonlaringiz (ofati va musibati) ila sinalursizlar. Shuningdek, sizlardan oldin Kitob berilganlar va mushriklardan ko‘p aziyatli (achchiq) gaplarni eshitasizlar. Agar sabr qilsalaringiz va taqvoli bo‘lsalaringiz, albatta, bu ishlarning puxtaligidandir” (Oli Imron surasi 186 – oyat).
Ana shu dushmanlar insonni yo‘ldan urishga, unga shahvatlarni chiroyli qilib ko‘rsatishga va uni toat – ibodatlardan uzoqlashtirishga urinadilar. Ular ko‘zlagan maqsadlariga erishish uchun beto‘xtov huruj qilib turishadi. Shu bois, inson nafsini jilovlab olish, havoi – hoxishini shariat izmiga yurgizish va haqiqiy dushmanni – shaytonni mag‘lub etish yo‘lida jiddu – jahd ko‘rsatmog‘i lozim. Atrofimizda optimistlar, o‘zini kuchli deb biladigan odamlar bor, ularni kuzatishimiz, kuchli shaxslar davrasida bo‘lishimiz kerak, negaki biz muloqot qilgan odamlar bizga ham kuch–quvvatlarini beradilar, o‘z tebranishlari ta’siriga kiritadilar. Psixologik nuqtayi nazardan aytganda, omadsizlar va hayoti, yashash tarzidan doim noliydigan insonlarga yaqin yurmaslik lozim, chunki ular tez va oson taslim bo‘ladilar, hayotga teskari tomondan qaraydilar va noto‘g‘ri xulosa chiqaradilar.
“Darhaqiqat, inson betoqat qilib yaratilgandir. Qachonki, unga yomonlik (kambag‘allik yoki musibat) yetsa, u o‘ta besabrlik qiluvchidir” (Maorij surasi 19 – 20 – oyatlar).
“Qat’iylik ruhiy kuchdir. U insonni hayotiy darajaga ko‘taradi. V.Jikarentsev, aynan umidsizlik paytida biz hayot ma’nosini va baxtni tuyamiz, deb hisoblaydi. Bu holatda qarama–qarshi qutbning biridan ikkinchisiga o‘tayotgan bo‘lamiz. Insondan talab etiladigani shuki, jarayonlarning kechishiga qo‘yib berish uchun ularning birontasiga bog‘lanib qolmaslik kerak. G‘alaba va mag‘lubiyat, to‘g‘ri qaror va xatolik, qayg‘u va quvonch, ko‘tarilish va qulash–bu qarama–qarshiliklar birgalikda hayot va baxt degan kategoriyani keltirib chiqaradi. Xo‘sh, hayotni to‘laligicha qabul qilib yashashga bizlarga nima halal beradi? O‘ylab ko‘rsak, qo‘rquv paytida ma’lum bir holatda unga butun kuchimiz bilan bog‘lanib qolamiz va qarama – qarshi tomonga, ya’ni qo‘rquvni yengib, kuch to‘plab harakatlanish o‘rniga qo‘rquv iskanjasida qolib ketaveramiz, to‘siqlardan o‘tish o‘rniga monelik qilamiz. Qanchalar ehtiyotkor bo‘lmaylik, baribir o‘tishimiz kerak bo‘lgan vaziyatga tushamiz.Ichimizda biz o‘tadigan vaziyatlarni yaratib beradigan
kuchlar bor, buning ortidan tajribaga ega bo‘lamiz. Shuning uchun qiyin vaziyatga tushdingizmi, avval tinchlaning, muammoni mamnuniyat bilan qabul qiling. Oldindan ko‘ra bilmaganingiz, sezmaganingiz uchun o‘zingizni koyib o‘tiradigan bo‘lsangiz, vaziyatni yanada murakkablashtirasiz. Bu narsa ongingizga chuqur singib boraveradi va hozirgi holatdan saboq chiqarmaguningizgacha yanada qiyin vaziyatlarni keltirib chiqaraveradi” . Yurtboshimizning ushbu so‘zlarini doimo yodda saqlamoq kerak: “Biz boshimizdan kechirayotgan zamon barchamizdan, har birimizdan ogoh va sezgir bo‘lib yashashimizni, bugungi va ertangi kunimizni, tinch hayotimizni o‘zimiz asrashimizni talab etadi. Faqatgina tinchlikni niyat qilish, orzu qilish emas, balki tinchlik, osuda hayot uchun, musaffo osmon uchun albatta baholi qudrat kurashishimiz darkor” .
“Sizga vahiy etilgan narsaga ergashing va to Alloh hukm qilgunicha sabr qiling! Albatta, U hukm qiluvchilarning yaxshisidir” (Yunus surasi 109–oyat).
“Deyarli barcha afsonalarda odam bolasi maxluqni yengib g‘alabaga erishgani haqida gapiriladi. Ertak va afsona qahramonlari ichki hotirjamligi va Allohga bo‘lgan ishonchi bilan uch boshli, to‘qqiz boshli va hatto qirq boshli ajdarhoni o‘ldirgan. U bilagi kuchga to‘lgan pahlavon bo‘lgani uchun emas, balki vatani, xalqiga xavf tug‘dirayotgani, ularni xavfdan ozod etish hissi yuragida jo‘sh urgani, ana shu jo‘shqinlik jismoniy quvvatini oshirgani uchun ham dushmanini mag‘lub etdi. Cho‘pchaklardagi maxluq ramz, u biznining ichimizga joylashib olgan. Ajdarho quvvatimiz, hissiyotlarimiz va bizdan – da kuchli bo‘lishi mumkin bo‘lgan xislatlarimizdir. Kuchingizga, o‘zingizga ishonsangizichingizdagi maxluqni o‘rgatishingiz mumkin. Demakki, o‘zingizga ishonsangiz, kuchingizga ishonsangiz, eng kuchli bo‘lgan dushmanni ham yenga olasiz” .
“Qachon (Biz) insonga (tinchlik, salomatlik, farovonlikni) in’om etsak, u (shukr qilishdan) yuz o‘girib, o‘z holicha ketur.Qachon unga (hastalik, kambag‘allik kabi) biror yomonlik yetsa, noumid bo‘lur”(Isro surasi 83 – oyat). Umidsizlikka tushsak, demak, bilishimiz lozim bo‘ladiki, biz kamolga yetishish yo‘lidamiz. Qiyinchiliklarni yengib, hammasini bir boshdan tiklab, biz keyingi zinapoyadan yuqoriga ko‘tarilamiz. Maqsadga erishish uchun albatta qo‘rquvlarimizni yengib, ularni taslim bo‘lishiga erishishimiz lozim. Buning uchun esa doimiy chiroyli sabr va Yaratgandan duo ila umidlanish lozim bo‘ladi. Unutmaslik lozimki, umidsizlik ulg‘ayish uchun bor yo‘g‘i bir sabab. Zero, prezidentimiz Islom Karimov shunday deydilar: “O‘zimning hayot tajribamdan kelib chiqib aytamanki, bu dunyoda yomonlikni ko‘rmagan odam yaxshilikning qadrini bilmaydi. Qiynalmagan odam haqiqiy baxt nima ekanini to‘liq anglab yetmaydi” .
Xurshida USMONOVA
“Xadichai Kubro” o‘rta maxsus islom bilim yurti
mudarrisasi
O‘MI Matbuot xizmati
O‘tgan solihlardan qoida va meros bo‘lgan so‘z bor:
من رام العلم جملة ذهب عنه جملة
."Kimki ilmning hammasini birdaniga o‘rganishni istasa, ilmning hammasidan quruq qoladi"
Oz vaqtda ilmning hammasini o‘rganib olaman, deya xomtama bo‘lgan talaba, ilmning hammasidan bebahra qoladi. Hech narsaga erishmaydi.
Qur’oni karim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga 23 yil davomida nozil bo‘lgan...
Imom Burhoniddin Marg‘inoniy rahimahulloh "Hidoya" asarini 13 yil mobaynida ro‘zador holda yozganlar...
Imom Buxoriy rahimahulloh "Sahihul Buxoriy"ni 16 yilda, tahorat olgan holda va ikki rakat nafl namoz o‘qib, yozganlar...
Ilm kitoblari harfma-harf va kalima-kalima izohlab o‘rganiladi. Igna bilan quduq qazishga sabr-toqat, oliy himmat, intizom va uzoq vaqt zarur. Shoshqaloqlik va puxtalik bir-biriga zid – hech qachon jamlanmaydi.
Muhtaram tolibi ilm! Ilmning boshi sabrdir: kitobga sabr qilasiz, ustozga sabr qilasiz, yashayotgan shahringizga sabr qilasiz, hamdarslaringizga sabr qilasiz va hokazo.
Ilm olish lazzatiga erishgach, sabr maqomidan rozilik va muhabbat maqomiga o‘tib olgach hayotingiz mazmuni kitob va ustozlar suhbatiga aylanadi.