Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Iyul, 2025   |   29 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:34
Quyosh
05:11
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:52
Xufton
21:21
Bismillah
24 Iyul, 2025, 29 Muharram, 1447

Ismoil Muhammad Sodiq: Qur’oni Karim kirib borgan xonadonga fayzu baraka yog‘iladi

03.04.2018   3066   6 min.
Ismoil Muhammad Sodiq: Qur’oni Karim kirib borgan xonadonga fayzu baraka yog‘iladi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda ta’lim-tarbiya, diniy-ma’rifiy yo‘nalishlardagi islohotlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Binobarin, ushbu ezgu sa’y-harakatlar Islom dini ulug‘lagan fazilatlar — bag‘rikenglik, saxovat, muruvvat, yaxshilik kabi ezgu amallarga hamohangligi bilan ahamiyatlidir.

28 mart kuni “Hilol nashr” matbaa-nashriyoti tomonidan chop etilgan Mus'hafi sharif kitobxonlarga taqdim qilindi.

Bu haqda noshir Ismoil Muhammad Sodiq «Xalq so‘zi» gazetasi
muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:

— Bismillahir rohmanir rohim. Alloh taoloning muborak, barchani ojiz qoldiruvchi tengsiz kalomi — Mus'hafi sharif yurtimizda nashrdan chiqishi sharafli voqeadir. Kuni kecha nashriyotimizning barcha do‘konlari orqali bir xil narxda xalqimizga yetkazilishiga muvaffaq bo‘lindi.

Avvalambor, bu xayrli niyatning amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlagan rahbarlarimiz, unga o‘z hissasini qo‘shgan azizlarimiz, vatandoshlarimizni muborakbod etamiz. Qalbi Qur’onga oshno xalqimiz yangi nashr etilgan Mus'hafni shod-xurramlik, xursandchilik va sevinch ko‘zyoshlari bilan kutib oldi. Bu yorqin hodisa mamlakatimizning deyarli barcha ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmoqda.

Davlatimiz rahbarining Islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalarimizning ilmiy merosini o‘rganish, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirish, dinimizning sofligini asrash borasidagi ezgu tashabbuslari, el-yurtning dardiga malham bo‘lish, har bir fuqaroning mushkulini oson qilishdek ulug‘ ishga bel bog‘laganlari har birimizga ulkan rizolik, minnatdorlik baxsh etdi.

Bugungi kunda ushalgan qalb orzularimizdan biri Qur’on musobaqasi bo‘lsa, biri ushbu Mus'hafi sharifning chop qilinishidir. Mus'hafi sharifni nashr etish nashriyotimizga asos solgan ustozimiz, padari buzrukvorimiz shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining ko‘p yillik sa’y-harakatlari, xolis duolari in’ikosi, desak, mubolag‘a emas. Ustozimiz ko‘plab kitobxonlarimizning talab va istaklarini inobatga olib, yurtimizda Mus'haf chop etishni ham yo‘lga qo‘yishga astoydil harakat qilgan, buning uchun matbaa-nashriyotimizning zarur moddiy-texnik asos hamda yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlanishiga intilgan edilar. Ana shu mehnatlar tufayli so‘nggi yillarda matbaamizda boy va noyob tajriba to‘plandi, Qur’oni Karimni qadimiy an’analarga, o‘ziga xos tartib-qoidalari va odoblariga rioya qilgan holda, ilg‘or texnologiyalar yordamida sifatli va go‘zal shaklda chop etish uchun barcha shart-sharoit yuzaga keldi. Zero, Islom ulamolari Mus'haf chop etiladigan bosmaxonaning shart-sharoiti hamda xodimlarga qo‘yiladigan talablarni ham ko‘rsatib berganlar. Jumladan, Mus'haf nashrga tayyorlanadigan xonalar, muqaddas oyati karimalar bosiladigan dastgohlarning pokizaligi va boshqa ko‘plab talablar borki, “Hilol-nashr” matbaa-nashriyotidagi shart-sharoitlar bularning barchasiga to‘la javob beradi.

Qur’oni Karim — Alloh taoloning insoniyatni dunyo va oxirat saodatiga eltuvchi muqaddas kalomidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qur’oni Karimni Alloh taolodan qabul qilib olib, ummatlariga omonat ila yetkazganlar, uni hayotga tatbiq etib ko‘rsatganlar. Payg‘ambarlarning merosxo‘rlari bo‘lgan ulamoi kiromlarning vazifasi ushbu ilohiy omonatni — Qur’on va sunnatni xalqqa yetkazish bo‘lib kelgan va kelmoqda. Qur’oni Karimni o‘rganish, yod olish va o‘rgatish Islomda eng ulug‘ ibodat sanaladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning eng yaxshilaringiz — Qur’onni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir”, deya marhamat qilganlar. Shuning uchun qadim tariximiz davomida Qur’oni Karim o‘qilmagan, Mus'hafi sharif kirmagan xonadon bo‘lmagan.

Alloh taologa hamdlar bo‘lsinki, Islomga, xususan, Qur’oni Karimga ulkan xizmat qilgan buyuk allomalar yurti bo‘lmish jannatmonand Vatanimiz mustaqillikka erishgach, masjid-madrasalar ochildi, milliy qadriyatlarimiz, diniy ta’lim, diniy adabiyotimiz tiklandi. Xalqimiz yana emin-erkin Qur’on o‘qiy boshladi, natijada Mus'hafga bo‘lgan ehtiyoj, talab kuchaydi. Shu bois respublikamizda Mus'hafi sharifni chop qilish davr talabiga aylandi.

Aytish joizki, hozirgi kunda xorijdan keltirilayotgan Mus'haflarning narxi yo‘lkira, boj to‘lovlari va ustama hisobiga juda yuqorilab ketmoqda. Biz taqdim etayotgan Mus'hafning narxi esa bir necha baravar arzon. Zero, nashriyotimizda Mus'hafi sharifni chop etishdan ko‘zlangan maqsad daromad olish emas, balki xalqimizning ma’naviy ehtiyojini qondirish, diyorimizda muqaddas kitobimizni nashr qilish an’anasini tiklash, davom ettirish hamda ajru savobga erishishdir.

Mazkur loyiha bo‘yicha dunyoda Mus'haf nashri bo‘yicha yetakchi matbaalardan hisoblangan — Misr Arab Respublikasidagi “Dorus-salom” nashriyoti bilan hamkorlik shartnomasi imzolangan. “Dorus-salom” nashriyoti shundan kelib chiqib, “Hilol-nashr”ga Mus'haf chop etish uchun maxsus ijozat berdi va Qur’oni Karim nusxasi andozasini taqdim qildi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ko‘magida ushbu tabarruk loyihani bajarishga kirishdik.

Nashriyot imkoniyatidan kelib chiqib birinchi bosqichda mazkur Mus'hafning adadi 50000 dona deb belgilandi, dastlab shu adaddan 10000 nusxa savdoga chiqarildi va 31000 so‘mdan sotildi. Inshaalloh, bundan buyon har ikki-uch oyda ana shunday adadda Mus'hafi shariflarni xalqimizga taqdim qilib borish ko‘zda tutilmoqda. Kelgusida faqat Mus'hafi sharif chop etish maqsadida alohida bosmaxona tashkil qilishni rejalashtirganmiz.

Zero, Qur’on kirib borgan, o‘qiladigan har bir xonadonga Alloh taoloning fayz-barakoti yog‘ilib turadi. Binobarin, Alloh taoloning kalomi — Qur’oni Karimning ko‘p ming nusxada bosmadan chiqarilishi va uning samarasi o‘laroq, har bir mo‘min-musulmonning xonadonida mus'haflar ko‘z qorachig‘idek saqlanishi jonajon Vatanimiz uchun mislsiz xayr-barakadir.

Qur’oni bor xonadonda tarbiyalangan farzandlar diniga, el-yurtiga, millatiga sodiq vatanparvar, chinakam avlod sifatida kamol topadi.
Alloh taolo aziz diyorimizni Qur’on nuri bilan munavvar aylasin, bu buyuk xizmatga bel bog‘lab, xayrli ishlarga bosh-qosh bo‘layotgan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevni O‘zining hifzu himoyasida asrab, ko‘zlagan barcha ezgu maqsadlariga yetkazsin, niyatlarini ro‘yobga chiqarib, o‘ylaganlaridan ham ziyoda natijalarga erishtirsin.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Tunda tosh ostidagi chumolini ko‘rgan Zot sizni ham ko‘rib turibdi

23.07.2025   2486   3 min.
Tunda tosh ostidagi chumolini ko‘rgan Zot sizni ham ko‘rib turibdi

Hasan Basriy rahimahulloh Robbiga osiylik qilayotgan bir jamoani ko‘rdilar va ularga qarata bunday dedilar: “Alloh taoloning nazdida xor bo‘lishdi va U Zotga osiy bo‘lishdi. Bordi-yu, ular Alloh uchun qadrli bo‘lganlarida, Alloh ularni gunohdan saqlagan bo‘lur edi”.

Demak, Alloh taolo qaysi bandasini yaxshi ko‘rsa, uni gunohlardan saqlab qo‘yar ekan. Birortamiz gunoh qilib, Allohni unutib, Robbining nazdida haqir banda bo‘lishni istaymizmi?! Albatta, yo‘q! 

Nafsingiz sizni gunohga chorlagan paytda qilayotgan ishingizning oqibati haqida o‘ylang hamda Alloh taolo sizni ko‘rib turganini his eting. O‘zingizga o‘zingiz shu savolni bering: “Seni hurmatlab e’zozlovchi biror kim shu holingda ko‘rib qolsa, undan uyalgan bo‘larmiding?! Qanday qilib Robbing bo‘lmish Alloh taolodan uyalmaysan?!”.

Nafsingizga: “Sen ertaga boshingga bu gunohlarning balosi urishi va sharmanda bo‘lishdan omondamisan?” deng. Bir narsani yodingizdan chiqarmangki, siz qanday gunoh qilishingizdan qat’i nazar, Allohning ato etgan ne’matlaridan foydalangan holingizda gunohga qo‘l urgan bo‘lasiz. Alloh taolo sizga bergan, siz u bilan haromga nazar tashlayotgan ko‘zingizning o‘zi qancha ne’mat?! Haromga cho‘zayotgan qo‘lingizning o‘zi aslida qancha ne’mat?! Qanchadan-qancha talaffuzi halol bo‘lmagan narsalarni tilingizda aylantirasiz. Ato etilgan ne’matlar ila gunoh qilishingiz ne’mat ato etguvchi Zotga nisbatan minnatdorchilikmi, shukrmi?!

Zimiston tunda tosh ostidagi chumolini ko‘ra olgan Zot sizni ham ko‘rib turibdi, buni yodingizdan chiqarmang!

Hikoyat. Bir kuni bir erkakka begona ayol bilan birga xilvatda qolishni shayton ziynatli qilib ko‘rsatibdi. Ayolning yoniga kirganida ko‘zlari olayganicha unga qarab: “Bizni hech kim ko‘rmayaptimi?” – debdi. Ayol: “Yo‘q, Allohdan boshqasi ko‘rmayapti”, debdi. Shu payt erkakning ko‘zlari yoshlanib: “Xudo haqqi, ko‘rayotganlar ichida Robbim buyukdir! Mabodo meni biror kichikroq bola ko‘rib turgan bo‘lsa-da, uning oldida bunaqangi ish qilishga jur’atim yetmaydi-yu, qanday qilib olamlar Rabbi bo‘lgan Zot ko‘rib turgan bo‘lsa, men bu kabi gunoh ishni qila olaman?!” – debdi va ayolning uyidan chiqgani holda Alloh taoloning: «(Alloh) ko‘zlarning xiyonatini (ya’ni, qarash man etilgan narsaga o‘g‘rincha ko‘z tashlashni) ham, dillar yashiradigan narsalarni (yomon niyatlarni) ham bilur»[1], degan kalomini eslabdi.

Shoir aytadi:

Xilvat bir go‘shada qolsang-da yuz yil,
Holing ko‘rib turgan Xudo bor, bilgil. 

Oshkoru yashirin – baridan voqif,
Alloh hech ishingdan emasdir g‘ofil.

Gunohkorga qilayotgan ishi qanchalik kichik, arzimasdek ko‘rinsa-da, Allohning nazdida qilgan gunohi kattalashib boraveradi.

Muhammad ibn Abu Bakr rahimahulloh aytadilar: “Bandaning gunohni kichik deb hisoblashi – bu uning Allohga bo‘lgan jur’atidan. Boisi, banda ma’siyatni kichik deb hisoblasa, gunohga bepisand qaraydi, qalbida uni yengil qabul qiladi va gunohlarining ko‘payishidan parvosi falak ham bo‘lmaydi”.

Ibn Mas’ud roziyallohu anhu ham bu borada shunday dey­dilar: “Musulmon odam bir tog‘ning ostida turibman-u, mana shu tog‘ boshimga qulab ketay deyapti, deya gunohlarini tasavvur qilgan odamdir. Fojir esa gunohlarni burniga qo‘nib, keyin tezda uchib ketgan pashsha deya hisoblaydi”. 


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  G‘ofir surasi, 19-oyat.