Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Iyul, 2025   |   26 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:30
Quyosh
05:08
Peshin
12:34
Asr
17:38
Shom
19:55
Xufton
21:25
Bismillah
21 Iyul, 2025, 26 Muharram, 1447

Hurmatli ota-onalar, e’tibor bering...

03.04.2018   4735   4 min.
Hurmatli ota-onalar, e’tibor bering...

Dunyoda farzandi odobli bo‘lishini istamagan ota-ona yo‘q. Xo‘sh, bolani qanday odobli qilamiz? Buning uchun eng oldin ota-onaning o‘zi tarbiyali bo‘lishi kerak. Axir, inson o‘zida yo‘q narsani birovga berolmaydi-ku.

Quyidagi tavsiyalarga e’tibor berish va amal qilish maqsadga muvofiq:

– ota-ona salohiyatli, bolalariga ibrat bo‘lishi kerak. Kitob o‘qimagan kishi farzandining qo‘liga yaxshi kitob tutolmaydi;

– bolani mustaqil fikrlashga o‘rgatish juda muhim. Voqea-hodisalarga qanday munosabat bildirishiga ota-ona qiziqishi, uni ting­lashi, savollariga erinmay javob berishi kerak. Bunday yo‘l bolaning mustaqil fikr yuritishiga yordam beradi, unda fikrini ifodalash shijoatini shakllantiradi;

– munosabatlar ikki tomonlama bo‘lsin.  Shunday yo‘l tuting, u sizga  yaqin do‘stidek ishonsin. Shunda unga nasihat qilsangiz, og‘ir olmaydi. Hazrat Ali : “Farzand bilan yetti yoshgacha o‘yna va unga fikri qabul qilingani hamda inobatga olinganini bildirib qo‘y, bu uslubning yaxshi samarasi ko‘p”, deganlar. Farzand bilan do‘stlarcha munosabatda bo‘lish uni yomonlar bilan do‘stlashishdan, buzg‘unchi axborotlarga ergashishdan saqlaydi;

– farzand oilasida alohida o‘ringa egaligini, qadrli ekanini his etishi zarur;

– bola uy ishlarini bajarishda hamma bilan ahil-inoq bo‘lishi, oila muammolarini berkitishi, jipslikni saqlashni o‘rganishi lozim. Ota-ona farzandiga ish va mas’uliyat yuklab, so‘ngra natijasiga e’tibor qaratsa, bola burchiga sadoqatli bo‘ladi;

– ota-ona uydagi narsa-buyumlarni bir kishiga xoslamasin. Aksincha, ular hammaga tegishli ekanini aytsin. Masalan, uydagi ulov faqat otaniki deb qaralsa, o‘g‘il farzand o‘zini otasiga nisbatan g‘arib sanashi va bu hol unga salbiy ta’sir qilishi mumkin;

– bolaning istagan narsasiga erishaverishi yaxshi emas. Mahrum bo‘lish achchig‘ini totib ko‘rishi, nafsining xohishlarini qaytarishni o‘rganishi kerak;

– ota-ona farzandlarining yoshi, aqli, ziyrakligi, rivojlanishi, ta’sirchanligi hamda dunyoqarashiga e’tibor qilishi zarur;

– bolalar yoshligidan bir-biriga gina-adovatli bo‘lmasligi uchun barchalariga birdek munosabat ko‘rsatish muhim. 

Ko‘pincha yo‘l qo‘yiladigan xatolar:

– ota-onaning bolaga: “lapashang”, “ahmoq”, “odobsiz” singari noxush so‘zlar bilan murojaat qilishi. Xato, kamchilik farzandning o‘zida emas, ishidadir;

– urib-so‘kib tarbiyalash. Farzand xato ish qilganida tanbeh berish va tergash uchun uni urish-so‘kishdan ko‘ra, yaxshi ko‘rgan narsalaridan mahrum qilish, gapirmaslik, qovoq uyish,­ dakki berish samarali bo‘ladi;

– noto‘g‘ri rag‘batlan­tirish. Ota-ona o‘n yoshga to‘lmagan bolalalarining yaxshi ishlarini mukofotlashda shirinlik yoki pul berish bilan birga savob bo‘lishini, evaziga jannatga erishuvini ham uqtirishsin;

– bolalarni bir-biriga qarama-qarshi o‘stirish. Bir oilada tug‘ilib o‘sgan bolalarning ham shaxsiyati turlicha bo‘ladi. Ularni zehni, qobiliyati va dunyoqarashining pastu balandiga qarab yo‘naltirish lozim. Bir-biriga solishtirish bilan ularning orasi buzilishi mumkin;

– yomon duo qilish. Farzandi jahlini chiqarsa, ayrim onalar darrov qar­g‘ashga tushadi. Bu odatning oqibati juda yomon;

– va’da berib bajarmaslik. Ota-ona va’dasida turmasa, ishonchini yo‘qotadi. Masalan, “Kel, urmayman”, deydi. Ammo kelganida uradi. “Bunday qilsang, uni olib beraman”, deydi, lekin so‘zida turmaydi.

– farzandini yomon holatlarga guvoh qilishi. Sha’nini yuksaltirish, botirlikka o‘rgatish o‘rniga tahqirlaydigan manzaralarni ko‘rsatish bola qalbini sindiradi;

– yoqtirmagan narsasini sovg‘a qilish;

– yolg‘on gapirish: odatlarning eng yomoni yolg‘on so‘zlashdir. Bola o‘rnak oladigan kishilar yolg‘on gapirib tursa, u ham shunga odatlanadi.

Toshkent Islom instituti mudarrisi

Imommuhammadxon  UBAYDULLAYEV

tayyorladi.

O‘MI Matbuot xizmati

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Yarimta olma haqqi

21.07.2025   9   2 min.
Yarimta olma haqqi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Sobit ibn Ibrohim tahorat ola turib ariqda oqib kelayotgan bir olmaga ko‘zi tushadi va olmani olib yeydi. Olmaning yarmini yeb bo‘lganida, uning haqqi haqida o‘ylab qoladi. Shu xayolda Sobit ibn Ibrohim ariq chetidan yurib olma oqib chiqqan bog‘ga kiradi va bog‘ egasiga:

– Yeb qo‘ygan yarimta olmam uchun haqqingizni halol eting. Qolgan yarmi mana, oling, – deydi.

– Mayli, haqqimni halol etaman, faqat bir shartim bor, – deydi bog‘ egasi yigitning halol, taqvoli ekanini anglab.

– Shartingizni ayting, – deydi Sobit ibn Ibrohim.

Shunda bog‘ egasi:

– Bir qizim bor, uni nikohingga olasan. Lekin rozi bo‘lishingdan avval uning holatidan seni ogoh etishim lozim. Qizimning ko‘zi ojiz, hech narsani ko‘rmaydi, soqov – gapirmaydi va yana qulog‘i eshitmaydi – kar, qimirlamaydi – shol, – deydi.

Bog‘ egasining gaplarini eshitgan Sobit ibn Ibrohim lol bo‘lib qoladi. Yeb qo‘ygan yarimta olmaning haqqidan qo‘rqib, qizga uylanishga rozi bo‘ladi va:

– Mayli, taklifingizni qabul qildim, zora shu bilan Allohning roziligiga erishsam, – deydi.

Ota qiziga oq fotiha beradi. To‘y-tomoshalar o‘tgach, Sobit ibn Ibrohim salom berganicha qizning yoniga kiradi. Qiz salomga alik qaytargancha qo‘li ko‘ksida qulluq qiladi.

Yigit bo‘layotgan ishlardan hayratlanadi: Bu juda g‘alati-ku, soqov emas ekan-da, salomimga javob berdi. Tik turibdi, demak shol ham emas. Qo‘li ko‘ksida, bundan chiqdi ko‘zlari ham ko‘radi”.

Yigit shoshgancha tashqariga chiqadi va qizning otasiga: “Bu menga va’da qilingan qiz emas-ku, ko‘r, soqov, kar va shol deganingizning boisi ne?!” – deydi.

“Nega endi?” – izoh beradi qizning otasi: “Bu o‘sha qiz. Ko‘zi ojiz deganim – uning ko‘zlari Alloh harom qilgan narsaga boqmagan, qulog‘ining karligi – Alloh harom qilgan narsalarga quloq tutmagan, soqovligi ham rost, chunki tili Allohning zikrigagina aylangan, sholligi – yomon ishga yurmagan”.

Sobit ibn Ibrohim birovning haqqidan qo‘rqqanligi evaziga oliy mukofotga erishadi. Vaqt o‘tishi bilan uning ayoli yer yuzini ilm va fiqhga to‘ldirajak bir zotga, buyuk Imom Abu Hanifaga homilador bo‘ladi.

 

Maqolalar