Allohning roziligini topish va jannatga kirish har bir mo‘min-musulmonning oliy maqsadi hisoblanadi. Bu esa bandadan savobli amallarni ko‘proq qilishni talab qiladi. Shunday imkoniyatlardan biri nafl nomozlarni uyda o‘qilishligidir. Zayd ibn Sobit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “(Nafl) namozni uyingizda o‘qingiz. Albatta, kishining eng yaxshi namozi uyidagisidir. Faqat farz namoz bundan mustasno”, dedilar”. Ikki shayx va Termiziy rivoyat qilgan.
Hadisdan ko‘rinib turibdiki, nafl namozlarni uyda o‘qishlik afzal ekan. Chunki, bunda riyodan uzoq bo‘linadi, qabul aniq bo‘ladi, barakoti uyga uradi, shayton uydan qochadi. Ko‘pincha uyda baraka yo‘qligi haqida savollar bilan murojaat qilishadi. Ba’zilar esa uyimda shayton ko‘payib ketgan deb “uy tozalovchilarga” murojaat qilishadi. Nima uchun insonlar Alloh taolning payg‘ambari aytgan nasihatga quloq solmasdan, o‘z bilganidan qolmasdan folbinlarga yoki “uy tozalovchilarga” murojaat qilishadi. Tekinga mushuk ham oftobga chiqmaydi deganlaridek, ularga ham ancha-muncha harajat qilinadi. Vaholanki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hech qanday xarajat talab qilmaydigan nasihatni aytib ketganlar. Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Qachon biringiz masjiddagi namozni bitirsa, uyi uchun ham o‘z namozidan nasiba qilsin. Chunki, Alloh uning uyida namozi sababli yaxshilik qiladir”, dedilar”. Imom Muslim rivoyat qilgan. Ya’ni uyda o‘qilgan nafl namoz uy uchun xayr baraka hosil bo‘lishi, shaytonga esa nasiba qolmasligiga sabab bo‘lar ekan.
“Kichkina tabib” degan filmni ko‘pchilik ko‘rgan. Ana o‘sha yerda bemor qizning buvasi tabib boladan nima uchun navaram tuzalmayapti, ko‘rsatmagan shifokorlar qolmadi, hatto chet eldan ham doktorlar olib keldik deganda, u uyingizda farishta yo‘q deydi.
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Alloh zikr qilinadigan uy bilan, Alloh zikr qilinmaydigan uy misoli, xuddi tirik bilan o‘likning misoliga o‘xshaydi”, dedilar”. Imom Muslim rivoyat qilgan.
Demak, Allohning zikri uyni tirik holiga keltiradi. Ma’naviy tirik odamning uyi ham tirik bo‘ladi. Kim uyida nafl namoz o‘qib turar ekan uning uyining sharafi oshadi, qadri yuksaladi. Sajda qilingan har bir parcha yer, qiyomatda sajda qiluvchi foydasiga guvohlik beradi. Shuning uchun ham har bir mo‘min-musulmon o‘z uyini namoz bilan, Allohning zikri bilan obod qilsa foydadan holi bo‘lmaydi. Zayd ibn Sobit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Kishining o‘z uyidagi farz namozidan boshqa namozi mening ushbu masjidimdagi namozidan afzaldir”, dedilar”. Abu Dovud rivoyat qilgan.
Odatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning masjidlaridagi bir rak’at namoz boshqa masjidlardagi ming rak’at namozga teng bo‘ladi. Lekin shundoq bo‘lsa ham, kishining o‘z uyida o‘qigan nafl namozi Masjidi Nabaviyda o‘qiydigan namozidan afzal ekani Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tomonidan tasdiqlanishi Alloh taoloning bandalariga bergan juda katta imkoniyati ekanligini hech qachon unitmasligimiz kerak.
M.ABDUSAITOV
Bo‘stonliq tumani
“Doniyor bin Ozod” jome masjidi imom-noibi
O‘MI Matbuot xizmati
Buyuk mutafakkir va faqih Burhoniddin Marg‘inoniyning yetuk shogirdi, hanafiy olim Imom Zarnujiy rahimahullohning "Ta’limul muta’allimi toriqot ta’allumi" kitobi asosida ilm olishning foydalari, odoblari, inson va jamiyat taraqqiyotida ilm-fanning o‘rni haqida so‘z boradi. Sakkiz asrdan beri ilm ahli, talabalar va ziyolilar orasida keng foydalanib kelinayotgan mazkur asar haqida Alloma Laknaviy rahimahulloh haqida "Ko‘p foydalarga ega, nafis, manfaatli kitob", deya ta’rif bergan.
Abduvohid domla Ahmadaliyev,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi mutaxassisi.