Dinimizda vafot etib ketgan ota-onalarimiz, yaqin qarindoshlarimiz, ustozlarimiz hamda do‘stu yoronlarimizni eslab, ularning haqlariga duoi xayrlar qilib turishni buyuradi. Marhumlarga qilgan duolarimiz, sadaqa va ehsonlarimiz savobi yetadi. Ularning yaxshi sifatlari va o‘rnak bo‘ladigan jihatlarini gapirib, insoniylik yuzasidan qilib qo‘ygan ba’zi kamchiliklarini gapirmaslik musulmonlarning bir-birlariga bo‘lgan hurmatlari ifodasidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam biz ummatlariga o‘tganlarning yaxshi sifatlarini eslab, yomonliklarini gapirmaslikni tavsiya qilganlar.
O‘tganlarni eslash, ularning qabrlarini ziyorat qilish o‘limni, qabr va oxirat holatlarini eslatadi. Bir-birimizdagi haqlarni ado etishimiz va oxiratni eslab turishimiz uchun payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam biz ummatlarga qabrlarni ziyorat qilishni tavsiya qilganlar. Sulaymon ibn Burayda otasidan rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Sizni qabrlarni ziyorat qilishdan qaytargan edim. Batahqiq, Muhammadga onasini ziyorat qilishga izn bo‘ldi. Bas, u(qabr)larni ziyorat qiling. Albatta, ular oxiratni eslatadi”, dedilar” (Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan. Lafz Termiziyniki).
Qabrlar ziyoratidan Alloh taoloning roziligini, qalbni isloh etishni qasd qilish kerak. Qabrlarni ziyorat qilgan inson qalbi yumshaydi, o‘limni va oxiratni eslaydi. Mahshardagi hisob kitobni o‘ylagan kishi kim bo‘lishidan qat’i nazar, qilgan yomonliklariga pushaymon bo‘ladi. Qolgan hayoti xususida jiddiy fikr yuritadi, yomonliklardan o‘zini tiyadi, savobli va xayrli ishlar qilishga intiladi.
Dinimizda qabrlarni ziyorat qilish mandub yani targ‘ib qilingan amal hisoblanadi. Lekin ziyorat qilish asnosida qabrlarni behuda toptash, ulardan yordam talab qilib biror narsa so‘rash, qabrni silash, o‘pish va tavof qilish, chiroq yoqish, daraxtlarga ip bog‘lash kabi bid’at amallarni bajarib savob olish o‘rniga gunohga qolishdan ehtiyot bo‘lish lozim. Chunki bularning barchasi boshqa din vakillarining odatlaridan hisoblanadi. Shu bois ziyoratchilarga mutasaddilarimiz va imom-xatiblarimiz bu ishlar Islomga zid ekanini doimo uqtirib borishlari zarur. Zero, Islom dinimizda faqat hajarul asvad – qora tosh o‘piladi va Ka’badan boshqa joy tavof qilinmaydi.
Qabrlar ziyorati haqida so‘z yuritilganida, ayollarning qabrlarni ziyorat qilishlari xususida alohida to‘xtalib o‘tish shart deb o‘ylaymiz. Ushbu mavzu borasida kelgan hadislar va bunga bog‘liq dalillarni jamlab, o‘rganib chiqqan ulamolar ayollar qabrlarni ziyorat qilishlari joiz, degan xulosani aytishgan. Lekin ularda avratlarini yopish, tavozelik, oxirat ishlarini eslash, qabrda bo‘ladigan holatlardan ibrat olish, qattiq ovoz chiqarib yig‘i-sig‘i qilib, yuzlariga urmaslik, yoqalarini yirtmaslik va yomon gaplarni gapirmaslik hamda agar ziyorat joyi uzoqda bo‘lsa, yosh yoki yoshi ulug‘ bo‘lishidan qat’i nazar, ayolga biror mahrami hamrohlik qilishi talab etiladi.
Ayollar qabrlarni ziyorat qilish asnosida yuqorida aytib o‘tganimiz kabi Alloh taoloning g‘azabini keltiradigan ishlarni sodir etsalar, ularga ziyorat qilish mumkin bo‘lmaydi. Shariatimizdagi “kelib chiqadigan yomonliklar oldini olish kutilayotgan manfaatdan oldin turadi”, degan muqarrar qoidani unutmaslik lozim.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qabrlarni ziyorat qiluvchi ayollarni la’natladilar”. Ulamolarimiz bu kabi hadislarda dinimiz ko‘rsatmalariga va ziyorat odoblariga rioya qilmagan ayollar nazarda tutilgan, deyishadi. Chunki sabrsizlik, yoqalarini yirtish, yuzlarini tirnash kabi xunuk holatlar ularning odatlari bo‘lib, bu narsalar ko‘pincha sodir bo‘lib qoladi.
Dinimizda qabrlar boshida qattiq ovoz chiqarmasdan, Alloh taologa shikoyat qilmasadan yig‘lashga ruxsat berilgan. Zero, vafot etgan yaqinini, ayniqsa, ota-onasi qabrini ziyorat qilgan har qanday kishining qalbi yumshab, beixtiyor ko‘ziga yosh keladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga onalarining qabrini ziyorat qilishga Alloh taolo izn berganida, borib ziyorat qilganlar. Qabrlari tepasida yig‘laganlar. Umar roziyallohu anhu “Sizni nima yig‘latdi, Rasululloh?” – deb so‘raganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: farzandning onasiga bo‘ladigan mehribonligi yig‘latdi”, – deb javob berganlar.
Alloh taolo barchalarimizni eshitgan va ko‘rgan narsalarimizdan ibrat oladigan va hayotimizni O‘zi rozi bo‘ladigan tarzda o‘tkazadigan bandalaridan qilsin.
Husniddin BAYNIYAZOV
“Qorabog‘” jome masjidi bosh imom-xatibi
O‘MI Matbuot xizmati
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «O‘zingizdan yuqoridagilarga emas, o‘zingizdan quyidagilarga qaranglar, shunda Allohning sizga bergan ne’matlarini oz sanamaysiz» (Imom Muslim rivoyati).
Inson mol-dunyoda, chiroyda, ijtimoiy holatda o‘zidan ustunroq odamlarga e’tibor beraversa, Alloh taolo haqida yomon gumonga borib qoladi. «Mendan boshqalarga rosa yaxshi ne’matlar bergan ekan, ular ne’matlarga ko‘milib yashayapti. Men esa doim nimagadir muhtoj bo‘lib yashayman» deb, o‘ziga berilgan ne’matlarni oz sanaydi, hatto ko‘rmay qoladi. Bu esa Alloh taolo bergan ne’matlarni mensimaslikka olib boradi. Natijada rozilik hissini yo‘qotib qo‘yadi, buning halovatini tuya olmay, azob ichida yashaydi. Bu esa uni nafrat, hasad tomon yetaklaydi. Natijada inson o‘zidan ustun bo‘lganlarga yomonlik qilishga o‘tadi. Ba’zida ulardan ustun bo‘lish maqsadida hatto o‘g‘rilik qilishdan, yolg‘on so‘zlashdan ham toymaydi. Boylik orttirish yo‘lida odamlar bilan musobaqalashib, o‘zini g‘am-g‘ussaga, iztirobga ko‘mib tashlaydi.
Inson mol-dunyo, chiroy, sog‘lik, quvvat borasida o‘zidan pastroq bo‘lganlarga qarasa, Alloh taoloning unga ko‘rsatgan karamini ko‘radi, boshqa ko‘plab odamlarga bermagan ne’matlarini unga berganini his qiladi. Natijada sakinat, xotirjamlik tuyadi, odamlarga nisbatan mehr-muhabbatli bo‘ladi, faqir-miskinlarga xayr-ehsonlar qilib, Allohning marhamatiga shukr keltirib, umrguzaronlik qiladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z ummatlariga dunyoda ham, oxiratda ham saodatga erishtiruvchi narsani vasiyat qilganlarini tushunib yetadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotni yana ham go‘zal qiladigan, qalbni baxt va sururga to‘ldiradigan eng go‘zal vasiyatlaridan biri - Abu Zarr G‘iforiy roziyallohu anhudan naql qilingan quyidagi hadisdir.
«Xalilim menga yetti narsani vasiyat qilganlar:
miskinlarni yaxshi ko‘rishni, ularga yaqin bo‘lishni buyurganlar;
o‘zimdan yuqoridagilarga emas, ortdagilarga qarashni buyurganlar;
hech kimdan hech narsa so‘ramaslikni buyurganlar;
silai rahm qilishni buyurganlar;
achchiq bo‘lsa ham, haqiqatni aytishni buyurganlar;
Alloh yo‘lida malomatchining malomatidan qo‘rqmaslikni buyurganlar.
«Laa havla va laa quvvata illaa billah (qudrat va quvvat faqat oliy, ulug‘ Alloh bilandir)» ni ko‘p aytishni buyurganlar».
Bir qiz aytadi: «Bu hayotdagi shodligimning sababi – Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Abu Zarr roziyallohu anhuga qilgan yettita vasiyatlaridir. Bu vasiyatni o‘rganish boshqa, unga amal qilish boshqa ekan. Men Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan ishonchim sababli bu vasiyatlarga amal qildim. Axir u zot biz ummatlar ikki dunyoda ham baxtli-saodatli bo‘lishimiz uchun yuborilmaganmidilar? Men bu vasiyatlar doim ko‘z oldimda, yonimda bo‘lsin deb, bir nechta qog‘ozga ko‘chirib, birini cho‘ntagimga, birini yostig‘imning ostiga, birini kiyim javonimga, birini dars stolimga qo‘yib qo‘yganman. So‘ngra ularga amal qila boshladim. Shu vasiyat sababli o‘zimga ishonchim ortdi, qalbim sakinatga to‘ldi. Masalan, o‘smirlik muammolari sabab biror kun ham psixolog maslahatiga muhtoj bo‘lmadim. Yaqinlarim, dugonalarim ko‘paydi. Har kecha Allohning fazli bilan xotirjam uyquga ketaman».
Boshqa bir qiz aytadi: «Necha yillar o‘zimdan, hayotimdan, atrofdagi hammadan norozi bo‘lib yashabman. Siqilish, tushkunlik, uyqusizlik – hammasini boshdan o‘tkazdim. Hatto jonimga qasd qilmoqchi ham bo‘lganman. Boy oilaning farzandi bo‘la turib, shu ahvolga tushib qoldim. Bir kuni bir dugonam meni yetimlarga, kambag‘allarga ehson qilaylik deb, yordamlashishga chaqirdi. Uning yaqinlari bir xayriya jamg‘armasida ishlar ekan, bu ehsonlar o‘sha jamg‘armadan edi. Allohning marhamati bilan, xayrli ish ekan deb, rozi bo‘ldim. Mana shu fikr hayotimning o‘zgarishida ilk qadam bo‘ldi. Bir beva ayolnikiga bordik. Yosh-yosh yetim bolalari bor ekan. Uning uyiga bordimu, hayotimda ilk bor saodat, shukrona hissini tuydim. Bu ayolning uyini, sharoitini ko‘rsangiz edi… Ayol murg‘ak go‘daklari bilan hayotning achchiq zarbalariga dosh berib yashayotgan bo‘lsa-da, Allohning ne’matlari, ko‘rsatgan marhamatlari uchun tinmay hamd aytar edi. Biz ozginagina pul, ro‘zg‘or uchun kerakli narsalarni bersak, haqqimizga uzundan-uzoq duolar qildi. Uning duolarida xursandchilik, samimiyat, rozilik va ixlos balqib turar edi. O‘sha kungi ziyoratdan yig‘lab qaytganim hali ham esimda. Chunki shu paytgacha naqadar ahmoqona hayot kechirib kelganimni o‘sha kuni his qilgan edim. Afsuski, umrimning asosiy qismi boylarga qarash, mol-dunyo borasida ular bilan musobaqa qilish bilan o‘tib ketibdi. Birorta dugonam menikidan chiroyliroq narsa sotib olsa yoki unikiga o‘xshash narsani izlab topa olmasam, ko‘zlarimdan uyqu qochib, hatto yig‘lashga tushardim.
Beva ayolning ziyoratidan keyin hayotga munosabatim butunlay o‘zgardi. Shundan keyin endi buyog‘iga zaiflar, ojizlarga, kambag‘allarga yordam beraman deb bel bog‘ladim. Moddiy jihatdan qiynalib turgan odamga yordam berish shunaqangi buyuk saodat ekanki, ko‘plab insonlar bundan mutlaqo bexabar ekan. Kambag‘allar bilan yelkadosh bo‘lib yashasangiz, qanday ahvolda yashayotgan bo‘lsangiz ham, hayotingizdan rozi bo‘lib qolasiz. Ularga yanada ko‘proq yordam berish uchun o‘qishda, ishda yanada ko‘proq ter to‘kasiz. Bu esa hayotingizga baraka kirgizadi, xotirjam uxlashingizga sabab bo‘ladi. Boshimdan o‘tkazgan tajribalarimdan kelib chiqib, barcha mahzun qizlarga kambag‘allarning, yetimlarning onalariga yaqinroq bo‘lishni, ularga imkon boricha moddiy, ma’naviy yordam berishni, ular bilan tez‑tez suhbatlashib turishni tavsiya qilaman. Bu tavsiyaga amal qilsangiz, haqiqiy halovat, chinakam xotirjamlik nimaligini o‘shanda bilasiz. Birovga yordam berishning zavqi birovdan yordam olishning zavqidan ko‘ra totli bo‘lar ekan».
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.