Dunyoda siz hech kim bo‘lmasligingiz mumkin,
Lekin kim uchundir – butun dunyosiz
Gapirish va eshitish qobiliyatlari cheklangan insonlar, yigit-qizlar, otaxon va onaxonlar. Ular dunyoning eng og‘ir yukini yelkasiga, dard unvonini ko‘ksiga ko‘tarib yurgandek go‘yo. Ular ba’zan odamlardan o‘zlarini olib qochib, yashash uchun boshqalarga xalaqit berayotgandek, beun atrofdagilardan uzr so‘rayotgandek tuyuladilar... Aslida, u ham ona vujudida paydo bo‘lgan vaqtdan boshlab, hamma uni sog‘-omon dunyoga kelsin, deb duo qilgan. U tug‘ilgach, otasi ota, onasi ona maqomiga, yuksak daraja ko‘tarilgan. Yaratganning irodasi ekan, u boshqalarga o‘xshamaydi, unda o‘ziga xos kamchilik bor. Dard bor, alam bor, ba’zan shundan iztirob chekadi, yaqinlari ko‘magiga, daldasiga ehtiyoj sezadi .
U go‘daklik paytida samimiy tabassumi qalblarga shodlik o‘rniga, g‘am qayg‘u hadya etganini, u go‘yo dunyoga taklif qilinib, qutilmagan mehmon singari unga qarashganini ham sezadi... titrab turgan lablari, ko‘zmunchoqday pirpirab turgan ma’yus ko‘zlari, yaqinlarining ko‘ngil oynasini chilchil sindirganini eslab, ba’zan mahzun bo‘ladi.
Vaqt o‘tdi. U ulg‘aydi. Bularning bari Allohning xohish va irodasi, ota-onasiga esa Buyuk Allohning sinovi ekanini angladi. Va boshqalar singari yashashga, yaxshi inson bo‘lishga, o‘zidan keyin yaxshi iz qoldirishga oshiqdi.
Yuragida olam-jahon mehr jo bo‘lgan bu beg‘ubor insonlarning ko‘zlariga boqing, ular sizu bizga qarab qanchalik talpinishmoqda. Siz bilan birga ekanliklaridan naqadar mamnun bo‘lishmoqda. Ularda ayrim jismoniy kamchiliklar bo‘lsa-da, aslida ularning ko‘ngil dunyosi go‘zal. Ularda oqibat, mehr bor. Zabonlari bo‘lsada, til uchida oqibat qiladiganlardan ko‘ra, ularning oqibati xayrli. Chunki ularda zabon yo‘q, ne desalar ham dildan gapiradilar, har so‘zlari yurakdan chiqadi.
E’tibor beryapsizmi, ular juda ham baxtiyor, xursandchiliklarining cheki yo‘q. Chunki ular yon atroflarida ularni qo‘llaydigan, ruhiy dalda beradigan odamlar borligini his qilishyapti. Ertangi kunga umid, ishonch bilan qarashyapti. Bu e’tibor, odamgarchilikdan quvonib ko‘zlariga yosh olishmoqda. Shu o‘rinda hazrat Naoiyning quyidagi misralari beixtiyor esga tushadi:
Kimki bir ko‘ngli buzuqning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa obod aylagay.
Unutmang, bobomiz aytganlaridek, kim ko‘ngli o‘ksik bir insonni xursand qilsa, yiqilgan Ka’bani qaytadan qurgan, ta’mirlagan kabi savobga noil bo‘ladi.
O‘MI Matbuot xizmati
Imom-xatiblar faoliyatini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha ko‘chma seminar bugun respublikamizning Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarida tashkil etildi. Qorao‘zak tumanidagi markaziy "Idris eshon" jome masjidida Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Bahramaddin Razov boshchiligida soha xodimlari, mahalla raislari va ziyoratchilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, sayyor tadbirda amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami tushuntirildi.
Ishchi guruh a’zolari Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarining 5 ta masjidi va 19 ta mahallasiga biriktirildi. Ular o‘zlariga biriktirilgan mahalla hududidan 101 ta muammoli xonadonga kirib, o‘sha yerda yashayotganlarning holidan xabar oldi, yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishdi va suhbatlashdi. Ularning muammolari o‘rganilib, fikr-mulohazalari tinglandi. Imom-xatiblar 10 ta toifaga mansub 101 ta oilaga ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibot-tashviqot va amaliy yordam tadbirlarini olib bordi.
Shuningdek, masjidlar atrofida obodonlashtirish va tozalash ishlarini olib borish, ish yuritish, jamoani boshqarish jihatlari ham o‘rganildi.
Ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan qavmga, "Tinchlik baxti. Shukronalik. Ilm olish fazilati. Yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish. Missionerlik harakatlarining salbiy oqibatlari" kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar qildi.
Tadbir yakunida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlari imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy, masjid boshqaruvidagi ishlariga ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Tashrif davomida qoziyot qozisi boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari Qorao‘zak tumanidagi "Idris eshon" masjidining yangidan qurilayotgan binosining qurilish ishlari bilan tanishdi.
B.ABBAZOV,
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti xodimi