Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Iyul, 2025   |   26 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:30
Quyosh
05:08
Peshin
12:34
Asr
17:38
Shom
19:55
Xufton
21:25
Bismillah
21 Iyul, 2025, 26 Muharram, 1447

Siz boysiz, faqir emassiz!

03.04.2018   3948   17 min.
Siz boysiz, faqir emassiz!

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “O‘zingizdan quyidagilarga nazar solinglar. O‘zingizdan yuqoridagilarga nazar solmanglar. Mana shunday qilishingiz Allohning sizga bergan ne’matini past sanamasligingiz uchun loyiq ishdir”. Muslim rivoyati.

Bu buyuk mulohaza, kuchli fikr, to‘g‘ri ko‘rsatma va eng to‘g‘ri qarashdir.

Biz odamlarning ahvoliga nazar solsak, ularning ko‘plarini muvaffaqiyatsizlikka uchragan, bezovta yashayotgan, mashaqqat ichra yonayotgan, baxtsizlikka duchor bo‘lgan holdaligini ko‘ramiz. Bularning bariga sabab – ularning o‘zlaridan yuqoriroq kishiga nazar solishlari, boshqalarning qo‘llaridagi narsalarga ko‘z tikishlaridir. Ular o‘sha puli ko‘p, o‘zlaridan puldorroq kimsalarni baxtli insonlar deb o‘ylashadi. O‘zlarini esa hech vaqosi yo‘q baxtsizlar deb o‘ylashadi. Shu o‘ylarining aksi nafslarida ko‘rinadi. Natijada ular Robbilariga kam shukr qiladilar va o‘zlarini yaxshi tanimaydilar.

Albatta, inson, garchi, qo‘lida ko‘p pul, ziynat bo‘lmasa-da, baxtli, boy yashay oladi. Chinakam baxt – qalbning baxtli bo‘lishidir. Xursandlik – nafs xursandligidir. Ne’matning barchasi dindadir. Baxt iymon bilan mukammal bo‘ladi. Hayotda masrur bo‘lish uchun o‘sha hayotga chiroyli ko‘z bilan qarash va yashash san’atini yaxshi bilish kerak bo‘ladi. Agar kishi oz narsaga qanoat qilsa, ko‘p narsaga shukr qilsa, bor narsa sababli xursandlikdan o‘zini yo‘qotmaydi, yo‘qotgani uchun mahzunlikdan o‘lib qolmaydi. Har bir bandaga Alloh ne’mat bergan.

Alloh taolo Qur’oni Karimda bunday marhamat qiladi: 

  قُلْ هُوَ الَّذِي أَنشَأَكُمْ وَجَعَلَ لَكُمُ السَّمْعَ وَالْأَبْصَارَ وَالْأَفْئِدَةَ قَلِيلاً مَّا تَشْكُرُونَ

“Sen: “U sizlarni yo‘qdan bor qilgan va sizlarga eshitish, ko‘rish va aqlni bergan zotdir. Juda ham oz shukr qilasizlar-a?!” deb ayt” (Mulk surasi, 23-oyat).

 

أَلَمْ نَجْعَل لَّهُ عَيْنَيْنِ

“Biz unga ikki ko‘zni bermadikmi?”

 

وَلِسَاناً وَشَفَتَيْنِ

“Va tilni va ikki labni (bermadikmi?)”

 

وَهَدَيْنَاهُ النَّجْدَيْنِ

“Va Biz uni ikki: (yaxshi va yomon) yo‘lga yo‘llab qo‘ydik” (Balad surasi, 8-10-oyatlar).

Kishi, martabasi qanday bo‘lishidan, imkoniyati qanchalik bo‘lishidan qat’i nazar, Alloh azza va jallaning unga bergan ne’mati ulkandir.

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:

 

وَآتَاكُم مِّن كُلِّ مَا سَأَلْتُمُوهُ وَإِن تَعُدُّواْ نِعْمَتَ اللّهِ لاَ تُحْصُوهَا إِنَّ الإِنسَانَ لَظَلُومٌ كَفَّارٌ

“Va U sizga barcha so‘ragan narsalaringizdan berdi. Agar Allohning ne’matlarini sanasangiz, sanog‘iga yeta olmassizlar. Albatta, inson o‘ta zolim va o‘ta noshukrdir” (Ibrohim surasi, 34-oyat).

Inson ertalab o‘z uyidan jismi sog‘, aqli salomat, a’zolari bus-butun holda chiqishi, nafas chiqarganda zararli gazlarning chiqib ketishi, xushbo‘y iforli gullarni hidlashi baxt emasmi?!

Quyosh nuridan bahra olib, uning chiqish-botishini kuzatib, tili bilan ravon so‘zlayotgani,  gapirishga qodirligi, boshqalar bilan muloqot qilayotgani, o‘z hojatini gap orqali qiynalmay bildirayotgani, ichidagi kechinmalari va sirlarini tashqariga chiqara olayotgani, atrofdagi ovozlarni, so‘zlarni eshitayotgani, azon sadosini eshitib, Qur’on tilovatini tinglayotgani katta baxtdir!

Sog‘lom oyoqlari borligidan xursand bo‘ladi, baquvvat qo‘llari borligidan sevinadi, chiroyli fikrlashi bilan quvonadi, aqli butunligi, xatti-harakatlari bir-biriga mutanosibligi, atrofida o‘rab turgan tabiat manzarasini ko‘rib zavqlanishi, sayroqi qushlar nolasidan dimog‘i chog‘ bo‘lishi, issiq tarayotgan Quyoshni, tunda nur sochayotgan Oyni, osmonga ziynat bo‘lib turgan yulduzlarni, osmono‘par tog‘larni, sharqiroq daryo va soylarni, yam-yashil dalalarni, turli-tuman jonzotlarni ko‘rib zavqlanayotgani uning saodatidir.

Kishi o‘z farzandlari bilan, aka-ukalari bilan, ayoli, ota-onasi, qarindoshlari bilan, do‘stlari bilan baxtlidir. Shularning bari saodat, xursandchilik emasmi?!

Siz millionlab bebaho ne’matlarga egasiz, lekin buni his qilmaysiz. Agar his qilmoqchi bo‘lsangiz, ko‘zingizga nazar soling. Ko‘zingizni million dollarga sotasizmi? Oyog‘ingiznichi? Balki, uni sotarsiz? Qulog‘ingizni million dollarga sotasizmi? Qo‘lingiznichi? Farzandlaringizdan birortasini milliard dollarga berasizmi? Oshqozoningizni bersizmi shu narxga? Ehtimol, tilingizni berarsiz? Yuragingizni milliard dollarga berarsiz? Yo‘q! Aslo bermaysiz! Bu ishni hech qachon qilmaysiz! Demak, siz bebaho davlatga egasiz!

O‘ylab ko‘ring, sizda milliard u yoqda tursin, trillion dollarga ham sotilmaydigan bebaho ne’matlar bor.

Siz boysiz, kambag‘al emassiz!

Siz baxtlisiz, baxtsiz emassiz!

Agar inson Allohning unga bergan ne’matlari haqida o‘ylab ko‘rsa, hech qachon hayotidan nolimaydi! Yo‘qchilik haqida o‘ylab o‘zini siqmaydi! O‘zidan puli ko‘proq kishilarga qarab, o‘zini baxtsiz his qilmaydi!

Bir kishi tijorat ishini boshladi. Biroz muddat o‘tib, tijoratida bankrotga uchradi. Barcha tajribalari bekor bo‘ldi. Og‘ir qarzga botdi. Yirik muammmoga ro‘para keldi. Yuragi siqila boshladi. Yashashi qiyinlashib ketdi. Bir kuni tushkun kayfiyatda, qalbini g‘am egallagan, hayotini bezovtalik qamrab olgan holda yo‘lda ketib borayotsa, ikki oyog‘i kesilib, nogironlik aravachasini ikki qo‘li bilan boshqarib, yo‘lni kesib o‘tayotgan bir kishini ko‘rib qoldi. Siqilgan odam o‘sha nogironligi bor kishiga yaqinlashganda, u yuzida tabassum bilan: “Xayrli tong! Bu tongning go‘zalligini qarang! Bugun juda baxtli kun, shunday emasmi?!” dedi. Siqilib borayotgan kishi o‘z ahvolidan uyalib ketdi. O‘zini o‘nglab oldi, himmatini baland tutgan holda: “Alhamdulillah, albatta, mening sog‘lom oyoqlarim bor. Ular bilan yura olaman, sayr qila olaman. Shunday bo‘lgach, nega g‘am qilishim kerak?! Nega bezovta bo‘lishim kerak?! Men bu kishi ega bo‘lmagan bebaho boylikka egaman-ku!” dedi.

Inson – hayoti baxtga to‘lishi uchun – o‘zidagi bor narsalarni sanashi kerak, yo‘q narsalarni emas. Qo‘lga kiritgan yutuqlariga nazar solishi kerak, ko‘rgan zararlariga emas. Hatto o‘sha musibat va zararlarning ham ijobiy tomonini, hikmatini ko‘ra bilishi kerak. Albatta, ular ham hikmatdan xoli emas! Hikmati ham, ijobiy tarafi ham bo‘lmagan taqdirda, o‘sha mashaqqatlarga sabr qilsa, ajr bor-ku!

Alloh taolo Luqmon surasida shunday degan: 

 أَلَمْ تَرَوْا أَنَّ اللَّهَ سَخَّرَ لَكُم مَّا فِي السَّمَاوَاتِ وَمَا فِي الْأَرْضِ وَأَسْبَغَ عَلَيْكُمْ نِعَمَهُ ظَاهِرَةً وَبَاطِنَةً وَمِنَ النَّاسِ مَن يُجَادِلُ فِي اللَّهِ بِغَيْرِ عِلْمٍ وَلَا هُدًى وَلَا كِتَابٍ مُّنِيرٍ

         “Alloh sizlarga osmonlardagi narsalarni va yerdagi narsalarni beminnat xizmatkor qilib qo‘yganini va sizga zohiriy va botiniy ne’matlarni mukammal qilib berganini bilmadingizmi?! Odamlardan ilmsiz, hidoyatsiz va yorituvchi kitobsiz Alloh haqida tortishadiganlari ham bor”. (Ba’zi odamlar o‘zlarida haqiqatni isbot qiluvchi ilm bo‘lmasa ham, Alloh haqida tortishaveradilar. To‘g‘ri yo‘lga boshlovchi hidoyatchilari bo‘lmasa ham, Alloh xususida bahslashaveradilar. Turli bo‘lmag‘ur fikrlarni aytadilar. Unga kufr keltiradilar. Unga shirk keltiradilar.) (20-oyat).

Nabiy sollallohu alayhi vasallam ochlik sababidan qorinlariga tosh bog‘lab yurganlar. Bir oy, ikki oy uylarida qozon qaynamas, olov yoqilmas edi. Ko‘pincha u zotni ochlik uylaridan chiqarardi. Sahobalari o‘ldirilardi. Ergashuvchilarining ba’zilari ezib tashlanardi. Ko‘plab yaqinlarini, yaxshi ko‘rgan insonlarini yo‘qotganlar. Katta-katta falokatlar tushar edi u zot alayhissalomning boshlariga. Musibatlari yetarli edi. U zotning chopag‘on markablari, hashamatli uylari bo‘lmagan. Shunday bo‘lishiga qaramasdan Alloh taolo u zot alayhissalomga:

 

وَأَمَّا بِنِعْمَةِ رَبِّكَ فَحَدِّثْ

“Va, ammo, Robbingning bergan ne’mati haqida so‘zla” (Zuho surasi, 11-oyat).

Boshqa bir oyatda esa Alloh taolo bunday deb marhamat qilgan:

 

الْيَوْمَ أَكْمَلْتُ لَكُمْ دِينَكُمْ وَأَتْمَمْتُ عَلَيْكُمْ نِعْمَتِي وَرَضِيتُ لَكُمُ الإِسْلاَمَ دِيناً

“Bugungi kunda Men sizning diningizni mukammal qilib berdim. Sizga ne’matimni batamom qildim. Va sizga Islomni din deb rozi bo‘ldim” (Moida surasi, 3-oyat).

U zot alayhissalom bo‘yra ustida uxlagan bo‘lsalar, bo‘yradan qolgan iz yuzlarida ko‘ringan bo‘lsa, qaysi ne’mat haqida gap ketyapti?!

Ne’matlar borasida gap ketar ekan, faqatgina moddiy tarafiga qaralmaydi. Bu yerda shunday ulkan ne’mat bor. Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan qadamlari shishib ketgunicha namozda qoim bo‘lishlari haqida so‘ralganda, u zot alayhissalom: “Ko‘p shukr qiluvchi banda bo‘lmayminmi?!” deb javob berganlar. (Buxoriy va Muslim rivoyati).

U zot alayhissalom eng baxtli inson bo‘lib yashadilar. O‘zlarini ham, atroflaridagi mo‘minlarni ham baxtiyor etdilar. Vaholanki, u zot alayhissalom dunyo boyliklaridan ozgina narsaga ham ega emasdilar. Ne’mat faqatgina mol-dunyo, oltin-kumush, zebu ziynatlar bilan bo‘lmaydi. Iymon ne’matdir! Ne’mat bo‘lganda ham eng buyuk ne’matdir! Hayot ham ne’mat! Sog‘lom tana a’zolari ham ne’mat! Aql ham ne’mat! Ibodatga muvaffaq bo‘lish ham ne’mat!

Rivoyat qilinishicha, bir banda Alloh taologa besh yuz yil ibodat qilibdi. Qiyomat kuni to‘xtatiladi. Alloh taolo: “Bu bandamni jannatga Mening rahmatim bilan kiritinglar!” deb amr qiladi. Shunda haligi banda “Amalim bilan kiraman” deydi. Alloh taolo: “Bandamga bergan ne’matim bilan qilgan amalini o‘lchanglar!” deb amr qiladi. Shunda ko‘z ne’mati uning besh yuz yillik ibodatini qamrab oladi. Tanasidagi qolgan barcha ne’matlar esa Allohning unga fazli bo‘ladi. Shunda Alloh taolo: “Bandamni do‘zaxga kiritinglar!” deb amr qiladi. Uni do‘zaxga sudraladi. Shunda o‘sha banda “Robbim! Rahmating bilan meni jannatga kiritgin!” deb nido qiladi. Shunda Alloh taolo: “Uni qaytaringlar!” deb amr qiladi. Bas, Alloh taolo uni rahmati bilan jannatga kiritadi”.

Hayotdan xursand bo‘ladigan inson shu xursandchiligi sababli quvvati ziyoda bo‘ladi. Natijada u jiddiy ishlarga, ishlab chiqarishga, go‘zal natijalarga erishishga imkoniyati bo‘ladi.

Xo‘sh, hayot nima? Uning qiymati nima? Dunyo nima? Uning ahamiyati nima? Agar Alloh taoloning nazdida dunyoning pashshaning qanoticha qadri-qiymati bo‘lganda, kofir kimsaga bir qultum ham suv bermas edi. Dunyo o‘tkinchi bosqich, qisqa safardir. Inson shu dunyoni deb o‘zini qiynashiga, iztirob chekishiga bu dunyo arzimaydi. Chunki, dunyoning haromdan topilganiga oxiratda azob bor, haloldan topilganiga esa hisob bor. Dunyoda moli ko‘plar oxiratda nasibasi ozlardir. Ammo kim molidan yaxshi ishlarga sarf qilsa, sadaqa qilsa, ular bundan mustasno. Ammo bundaylar juda oz bo‘lishadi.

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qiladi: 

   قُلْ بِفَضْلِ اللّهِ وَبِرَحْمَتِهِ فَبِذَلِكَ فَلْيَفْرَحُواْ هُوَ خَيْرٌ مِّمَّا يَجْمَعُونَ

“Sen: “Allohning fazli ila va Uning rahmati ila. Bas, ana shu bilan xursand bo‘lsinlar. U ular jamlaydigan narsalardan yaxshidir”, deb ayt”. (Bir ummatga ikki dunyo baxtiga erishtiruvchi ilohiy kitob berilishi o‘sha millatga Allohning fazli va marhamatidir. Bu millat ushbu oyatga amal qilib, qancha xursand bo‘lsa, arziydi. Alloh taoloning fazli va marhamati bo‘lmish Qur’oni Karimga iymon keltirib, uni o‘ziga dastur qilib olgan zotlar o‘sha eng ulug‘ fazl va rahmatga erishgan kishilar sifatida qanchalik xursand bo‘lsalar, shunchalik oz. Qur’onga erishish dunyodagi boshqa hamma narsalarni jamlab, o‘shalarga ega bo‘lishdan ko‘ra yaxshiroqdir.) (Yunus surasi, 58-oyat).

Urva ibn Zubayr rahimahullohning oyoqlariga qorason kelganda, tabiblar uni kesib tashlashdi. Keyin kesilgan oyoqlariga nazar solib, “Alloh biladiki, men sen bilan ma’siyatga yurib bormaganman” dedilar. O‘sha kuni farzandlaridan biri vafot etdi. Shunda Robbilariga bunday deb nido qildilar: “Ey Alloh! Qilgan hukming uchun O‘zingga hamd bo‘lsin! Mening to‘rtta a’zoyim (ikki oyoq va ikki qo‘lim) bor edi. Bittasini olib, uchtasini qoldirding. Mening to‘rtta o‘g‘lim bor edi. Bittasini olib, uchtasini qoldirding. Bergan ne’mating uchun O‘zingga hamd bo‘lsin! Qilgan hukming uchun O‘zingga hamd bo‘lsin!”

Qodisiyya jangi bo‘lgan kuni insonlar bir kishining yonidan o‘tdilar. Uning ikki qo‘li va ikki oyog‘i kesilgan edi. U kulgan holda: 

وَمَن يُطِعِ اللّهَ وَالرَّسُولَ فَأُوْلَـئِكَ مَعَ الَّذِينَ أَنْعَمَ اللّهُ عَلَيْهِم مِّنَ النَّبِيِّينَ وَالصِّدِّيقِينَ وَالشُّهَدَاء وَالصَّالِحِينَ وَحَسُنَ أُولَـئِكَ رَفِيقاً

“Kim Allohga va Rasulga itoat qilsa, bas, ana o‘shalar Alloh ne’mat bergan nabiylar, siddiqlar, shahidlar va solihlar bilan birgadirlar. Va ularning rafiqlari qanday ham yaxshi!” (Niso surasi, 69-oyat) oyatini o‘qir edi.

Bir kishi bemorni ko‘rgani kirdi. Bemorga juda katta kasallik kelgan edi. Ko‘rgani kirgan odam undan: “O‘zingizni qanday his qilyapsiz?” deb so‘radi. Shunda bemor: “Uning menga bergan ofiyatini menga kelgan balodan ko‘proq his qilyapman. Menga bergan ne’mati men sanolmaydigan darajada ko‘pdir” dedi-da, yig‘lab yubordi. Og‘riqdan qiynalayotgan nafsimga Robbim sabr ahliga qilgan va’dasini eslatib tasalli beryapman” dedi.

Bunday qissalar juda ko‘p. Ular ne’matning haqiqatini anglagan, sabrning ulkan ne’matligini his qilgan, ajrining ko‘pligini o‘ylagan zotlar haqidadir.

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan: 

ثُمَّ لَتُسْأَلُنَّ يَوْمَئِذٍ عَنِ النَّعِيمِ

“So‘ngra o‘sha kunda, albatta, berilgan ne’matlardan so‘ralasizlar”. (Ya’ni, qiyomatda har bir ne’matni nimaga, qandoq sarf qilganingiz haqida so‘raladi. Ha, kattayu kichik har bir ne’mat haqida so‘ralasiz. Har bir ne’matga shukr qildingizmi, yo‘qmi - so‘ralasiz. Alloh taolo sizga bergan molu dunyo ne’matini nimaga sarfladingiz, halolgami haromga, Allohni rozi qiladigan yo‘lgami, g‘azabini qo‘zg‘atadigan yo‘lgami hamma-hammasi haqida so‘ralasiz.) (Takosur surasi, 8-oyat).

Biz bu maqolada ko‘plab insonlarga Allohga shukr qilishlari lozimligini eslatmoqchi bo‘ldik. O‘sha insonlar o‘zlaridagi ko‘p ne’matlarni his qilmay, moddiy dunyoning qo‘ldan ketganiga siqilib, hayotlariga mahzunlik va g‘amni jalb qilgan, molu davlat borasida o‘zlaridan ustunroq bo‘lgan kishilarga nazar soladigan, ularning qo‘llaridagi narsaga ko‘z tikadigan, o‘zlarini mahrum, baxtsiz deb o‘ylaydigan, ko‘p ne’matlar ichida ekanliklarini anglamay, baxtli yashashlari uchun qancha-qancha imkoniyatlari borligini o‘ylamaydigan kimsalardir.

Zero, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Boylik molning ko‘pligi emas, lekin chinakam boylik nafsning to‘qligidir” deganlar.

Allohning bizga bergan ulkan ne’mati bo‘lmish – iymon ne’matiga shukr qilaylik. Sog‘lom tana a’zolari uchun shukr qilaylik. Chunki, shukr ne’matning ko‘payishiga sabab bo‘ladi.

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan: 

وَإِذْ تَأَذَّنَ رَبُّكُمْ لَئِن شَكَرْتُمْ لأَزِيدَنَّكُمْ وَلَئِن كَفَرْتُمْ إِنَّ عَذَابِي لَشَدِيدٌ

“Va Robbingiz sizga: “Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir”, deb bildirganini eslang” (Ibrohim surasi, 7-oyat).

Ey Robbim! Bizni ne’matlaringga shukr qiluvchi, karamingni e’tirof etuvchi, atolaringning qadriga yetuvchi, bergan narsalaring bilan shodlanuvchi, taqsimlab berganingga rozi bo‘lib, o‘zini boy hisoblovchi bandalaringdan qilgin!

Shukr qiluvchilarning imomi bo‘lgan zotga, u kishining oila a’zolariga va sahobalariga salovot va salomlaringni yuborgin!

 

 

Doktor Nosir Zahroniyning “Anta g‘oniyyun va lasta faqiyron” nomli maqolasidan Nozimjon Iminjonov tarjimasi

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

80 dan ziyod imomlar uchun media-mahorat o‘quvlari boshlandi

18.07.2025   6056   1 min.
80 dan ziyod imomlar uchun media-mahorat o‘quvlari boshlandi

#xabar #mahorat #imom
Bugun, 16 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi masjidlarda faoliyat yuritayotgan 80 nafardan ziyod voiz imom domlalar uchun Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash institutida “Zamonaviy axborot makonida diniy-ma’rifiy soha mutaxassislarining media-targ‘ibot faoliyatini takomillashtirishning dolzarb jihatlari” mavzusida 72 soatlik malaka oshirish o‘quvi boshlandi. 


Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida bo‘lib o‘tgan o‘quv kursining ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita boshqarma boshlig‘i Muhiddin Hakimov, mazkur institut direktori Husniddin Ahmedov va tinglovchilar ishtirok etdi. 


Tadbirda Homidjon domla bugungi murakkab davr barcha soha vakillari qatorida imom domlalardan ham o‘z bilim va malakalarini doimiy oshirib borish, insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, aholi, ayniqsa, yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan asrash yo‘lida jiddu jahd qilishni talab etayotganini ta’kidladi. Shuningdek, notiqlar mazkur kursning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.   


Ikki hafta davom etadigan mazkur o‘quvda bugungi kunda dolzarb bo‘lgan mavzularda dars mashg‘ulatlari olib boriladi.   

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

80 dan ziyod imomlar uchun media-mahorat o‘quvlari boshlandi 80 dan ziyod imomlar uchun media-mahorat o‘quvlari boshlandi 80 dan ziyod imomlar uchun media-mahorat o‘quvlari boshlandi 80 dan ziyod imomlar uchun media-mahorat o‘quvlari boshlandi 80 dan ziyod imomlar uchun media-mahorat o‘quvlari boshlandi 80 dan ziyod imomlar uchun media-mahorat o‘quvlari boshlandi 80 dan ziyod imomlar uchun media-mahorat o‘quvlari boshlandi 80 dan ziyod imomlar uchun media-mahorat o‘quvlari boshlandi 80 dan ziyod imomlar uchun media-mahorat o‘quvlari boshlandi
O'zbekiston yangiliklari