Yevropada bugungi kunda muqaddas Islom dini mavqei jihatidan yirik ikkinchi dinga aylandi.
Albaniya, Kosova, Bosniya va Hersogovina, Turkiya singari mamlakatlar aholisining katta qismini musulmonlar tashkil etsa, G‘arbiy Yevropada bu miqdor biroz pastroq.
2010 yilda berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Yevropa aholisining 44 millioni musulmonlardir.
Bugungi kunda Yevropada minglab masjidlar va nomozxonalar faoliyat yuritadi. Biz esa ularning o‘ntasi haqida ma’lumot beramiz.
Sharqiy London masjidi (East London Mosque)
1985 yilda asos solingan bo‘lib, qurilish ishlariga 22,3 million funt sterling sarflangan. Ushbu masjid London shahrining yirik musulmonlar jamoasi istiqomat qiluvchi mavzesida qad rostlagan. Uning tarkibida London musulmonlari markazi va Maryam markazi faoliyat yuritadi.
Masjidda bmr vaqtning o‘zida 7 ming kishi ibodat qilishi mumkin.
Rim masjidi (Moschea di Roma)
Rim masjidi 1994 yilda qurilgan bo‘lib, qurilish ishlariga 40 million yevro sarflangan va masjidda bir vaqtning o‘zida 12 ming musulmon ibodat qilishiga imkoniyat yaratilgan.
Masjid Rim shahrining Parioli tumanida joylashgan bo‘lib, Yevropadagi (Rossiyani qo‘shmaganda) eng yirik masjid hisoblanadi.
Jeneva masjidi (Geneva Mosque)
1978 yilda asos solingan Jeneva masjidi Petit-saksonez masjidi nomi bilan ham mashhudir. Ushbu masjid Shveysariyadagi eng yirik masjid hisoblanadi. Masjid qurilishi Saudiya Arabistoni tomonidan moliyalashtirilgan.
Masjid ochilishida Saudiya Arabistoni podshohi hamda Shveysariya Konfederatsiyasi prezidenti ishtirok etganligi ma’lum. Bu masjidda bir vaqtning o‘zida 1,5 ming musulmon ibodat qilishi mumkinligi aytilgan.
Madrid markaziy masjidi (Madrid Central Mosque)
1988 yilda asos solingan va 30 yildan buyon faoliyat olib borayotgan Madrid markaziy masjidi Ispaniya poytaxtining Tetuan tumanida joylashgan. Ushbu masjid Abu Bakr Siddiq masjidi deb ham atalib, uzoq vaqt davomida qurilgan. U Ispaniyaga Islom dini kirib kelganidan qariyb 800 yil o‘tib Madridda ochilgan ilk masjid ekani qayd etilgan.
Glazgo markaziy masjidi (Glasgow Central Mosque)
1983 yilda foydalanishga topshirilgan Shotlandiya poytaxtidagi markaziy masjid o‘z bag‘riga 2,5 ming kishini sig‘dira oladi. U Klayd daryosi bo‘yidagi Gorbal tumanida joylashgan.
Suonsi masjidi (Swansea Mosque)
1990 yillardan buyon musulmonlar uchun xizmat qilib kelayotgan Suonsi masjidida bir vaqtning o‘zida 500 nafar kishi ibodat qila oladi. Ushbu masjidning Uelsdagi boshqa masjidlardan farqi shundaki, uning binosi 1862 yilda qurilgan Avliyo Andryu cherkovi binosida joylashgan.
1980 yilga qadar uning o‘rnida cherkov faoliyat yuritgan va shahar ma’muriyati katta jamoaga ega bo‘lgan musulmonlar ehtiyojidan kelib chiqib foydalanilmayotgan cherkov binosini masjid uchun ajratgan.
Cherkov binosi 1997 yilda musulmonlarga qarashli xayriya jamg‘armasi tomonidan sotib olingach qayta qurish ishlari boshlab yuborilgan.
Gdansk masjidi (Mechet v Gdanske)
1989 yilda barpo etilgan Gdansk masjidi Polshada faoliya yuritayotgan besh masjiddan biri hisoblanadi. Ushbu masjidga arab mamlakatlaridan o‘qish uchun kelgan talabalar mablag‘i hisobiga barpo etilgan. Masjidga shoir Jamoliddin al Afg‘oniyning nomi berilgan.
Maryam al Batul masjidi (Mariam Al-Batool Mosque)
1982 yilda Malta Respublikasining Paola shahrida barpo etilgan Maryam al Batul masjidi Korradino masjidi nomi bilan ham mashhur. Ushbu masjidning dastlabki tamal toshi 1978 yilda Muammar Qaddafi tomonidan qo‘yilgan bo‘lib, 1984 yildan ish boshlagan. U Maltada qurilishiga rasman ruxsat berilgan yagona masjiddir.
Ushbu masjid Maltaga ishlash uchun kelgan liviyalik muhojirlar uchun xizmat qilgan.
Segrat masjidi (Moschea di Segrate)
1988 yilda ochilgan al-Rahmon masjidi yoki Segrat masjidi nomlari bilan ataluvchi masjid Italiyaning Milan shahri yaqinidagi Segrat shahrida joylashgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Segrat masjidi Italiyaning Lucherasida 688 yil oldin (1300 yilda) oxirgi masjid buzib tashlanganidan so‘ng ochilgan birinchi masjid sifatida tarixga kiritilgan.
Masjid qoshida Milan va Lombardiya uchun musulmon markazi hamda “Islom xabarchisi” jurnali faoliyat yuritadi.
Dublin masjidi (Dublin Mosque)
Dublin masjidi Irlandiyaning poytaxti Dublin shahridagi Janubiy aylanma yo‘lda joylashgan bo‘lib, Irlandiya Islom jamg‘armasining shtab-kvartirasi hisoblanadi
Ushbu masjid binosi faoliyat yuritmayotgan cherov asosiga tashkil etilgan. Masjidda bir vaqtning o‘zida 500 nafar musulmon ibodat qilishi uchun sharoit yaratilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Irlandiyada musulmon jamoalari soni 1990 yillarda muhojirlar hisobiga ko‘paygan. Respublikada 2016 yilgi statistikaga ko‘ra, 63 ming musulmon yashaydi.
O‘MI Matbuot xizmati
Ajdodlarimizning qoldirgan asarlarining katta qismi arab tilida yozilgani barchamizga ma’lum. Arab tili dunyo tillari ichida eng ko‘p o‘rganilgan va hanuz o‘rganilayotgan til hisoblanadi. U lug‘at boyligi, qoidalarining turli-tumanligi, bir so‘zni bir necha uslubda ishlatish imkoniyatlarining ko‘pligi bilan mukammal tillar ichida ajralib turadi. Shuningdek, u shevalarining juda ko‘pligi bilan ham dunyoda yuqori o‘rinni egallaydi.
Bu til Qur’oni karim va janob Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tillari bo‘lgani uchun uni o‘rganish usullari sahobai kiromlar davridayoq ishlab chiqilgan. Arab tilini o‘rganish uchun lug‘at, morfologiya, grammatika, ya’ni sarf va nahv ilmlari mukammal o‘rganiladi. Shu bilan birga, arab tilida mukammal gaplashish va uni tushunish uchun albatta, balog‘at fani qoidalarini yaxshi bilish kerak.
Balog‘at ilmini tahsil qilish orqali Qur’oni karim va hadisi shariflar ma’nolarini to‘g‘ri tushunish va nozik jihatlarni teran anglash oson kechadi. Shuningdek, Qur’oni karimning fasohat va balog‘at e’tiboridan mo‘jizakorligi kashf qilinadi. Shu bois, Qur’oni karim tafsiri, hadisi shariflar sharhi va boshqa diniy ilmlarni o‘rganmoqchi bo‘lgan kishi lug‘at, sarf, nahv ilmlari bilan bir qatorda balog‘at ilmini ham puxta egallashi lozim. Bu haqda Abdurauf Fitrat shunday degan: “Diniy va ijtimoiy ta’limotimiz Qur’on va hadislarda mavjud. Qur’on va hadislar esa arab tilidadir. Binobarin, ularni tushunish uchun arab tilining sarfu-nahvini o‘rganish zarur. Lekin bu yetarli emas, Qur’on ma’nolarini tushunishimiz uchun balog‘at ilmini – bayon, bade’ va ma’oniy ilmlarini ham bilishimiz lozim.”
Bu ilm boshqa fanlardan o‘zining fazilati bilan ajralib turadi. Lug‘at sir-asrorlarini ochishda va xazinalarini kashf etishda balog‘at ilmining o‘rni beqiyosdir. Jorulloh Mahmud Zamaxshariy o‘zining “Kashshof” nomli tafsirining muqaddimasida shunday deydi: “Tafsir ilmiga kirishgan kishi Qur’onga xos bo‘lgan ilmi ma’oniy va ilmi bayonda bilimdon bo‘lsa va bu ilmlarni puxta o‘rgansa, tafsirning haqiqatlariga yeta oladi.”
Shuningdek, Alisher Navoiy, Zaxiriddin Muhammad Bobur, Lutfiy, Fuzuliy, Umar Hayyom, Mashrab kabi mumtoz adabiyot namoyondalari o‘z asarlarida majoz, tashbeh, istiora, kinoya kabi balog‘at qoidalaridan keng foydalanganlar. Buyuk ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini chuqur o‘rganib, boshqalarga yetkazishda balog‘at ilmining ahamiyati katta.
Balog‘at ilmining tarixi, shakllanishi, taraqqiyot bosqichlari va bu ilmga hissa qo‘shgan ulamolarning hayoti hamda asarlarini o‘rganish bugungi kunda muhim vazifalardan biridir. Arab tilining balog‘at va bade’ ilmlarini o‘rganish orqali kishida bu fanlarga nisbatan qiziqish va mukammal bilim shakllanadi. Balog‘at fanini chuqur o‘zlashtirish orqali faqat arab tilida emas, balki o‘zbek tilida yozilgan mumtoz adabiyotimiz sirlarini ham anglash mumkin bo‘ladi.
Abdulqayum Turdaliyev,
Toshkent Islom instituti talabasi.