O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Samarqand allomalari”, “Samarqand yodgorliklari” va “ISHIDning botil g‘oyalari va ularga raddiyalar” kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi nashriyoti tomonidan chop etilgan mazkur kitoblar markaz tashkil topgan kundan boshlab, bir yil mobaynida bajarilgan ilmiy-tadqiqot faoliyatining o‘ziga xos hisoboti bo‘ldi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi matbuot xizmati bildirishicha, taqdimotda akademik-olimlar, professor-o‘qituvchilar, mutaxassislar, tadqiqotchilar, talabalar, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda bugungi globallashuv jarayonida yurtimizda islom dinining asl mazmun-mohiyatini, buyuk allomalarimizning ilmiy va ma’naviy merosini, pandu-o‘gitlarini o‘rganish, tadqiq va targ‘ib qilish muhim ahamiyatga ega ekani alohida ta’kidlandi.
Mazkur kitoblar umumta’lim, o‘rta maxsus ta’lim o‘quvchilari, oliy ta’lim muassasalari talabalarining tarixiy bilimlarga asoslangan huquqiy, diniy bilimini boyitishga ko‘maklashish bilan birga, ilmiy tadqiqotchilar, tarixchi va manbashunoslar uchun manbaviy asos bo‘lib xizmat qiladi.
“Samarqand allomalari” va “Samarqand yodgorliklari” kitoblarida Samarqand viloyatining boy tarixi, ulug‘ allomalari, madaniy obyektlari, ziyoratgohlar, madaniy merosga oid inshootlar tarixiy hamda zamonaviy suratlar bilan bezatilib, ular haqida batafsil ma’lumot berilgan. Kitobning tayyorlanish jarayonida Samarqanddan yetishib chiqqan allomalar tarixi va ular tomonidan qoldirilgan ilmiy-ma’naviy meros keng o‘rganilib, muhim ma’lumotlar keltirilgan. Tadqiqot natijasida hali keng ilmiy jamoatchilikka ma’lum bo‘lmagan bir qancha buyuk shaxslar, alloma va mutafakkirlar tarixi ham o‘rganilib, ilmiy muomalaga kiritilgan.
“ISHIDning botil g‘oyalari va ularga raddiyalar” kitobida bugungi kunda o‘zlarining botil g‘oyalarini ilgari surib, “takfir", "jihod", "hijrat", "bay’at", "tog‘ut", "xalifalik” singari chaqiriqlar bilan dunyo afkor ommasini tashvishga solayotgan barcha yot diniy oqimlarga nisbatan “jaholatga qarshi ma’rifat” uslubida raddiyalar berilgan. Kitob diniy mutaxassislar, profilaktika ishlari bilan shug‘ullanuvchi soha xizmatchilari, diniy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha maslahatchilar hamda ma’rifiy ishlar bilan mashg‘ul bo‘lgan yurtdoshlarimizga mo‘ljallangan.
Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Savol: O‘qilgan namozimdan ko‘nglim to‘lmadi. Shu namozni qayta o‘qishim kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu masalaning biroz tafsiloti bo‘lib, unga ko‘ra namoz quyidagi holatlarda qayta o‘qilishi lozim:
• Namozda biror farz amal bajarilmay qolib ketgan bo‘lsa;
• Namozda biror vojib amal qasddan bajarilmay qolib ketsa;
• Namozda biror vojib amal unutib bajarilmasa va namoz oxirida sajdai sahv ham qilinmay tugatilgan bo‘lsa.
Agar namozda sunnat amallar tark qilingan bo‘lsa yoki namoz makruhlik bilan o‘qilgan bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qish vojib emas, balki mustahab (chiroyli sanalgan) ish hisoblanadi. Ushbu holatda qaytadan o‘qimasa ham gunohkor sanalmaydi.
Savolda so‘ralgan holatga kelsak, ko‘ngil to‘lmasligi yuqorida sanab o‘tilgan farz yoki vojib amal tark qilingan holatlar sababli bo‘lsa, namoz qayta o‘qilishi kerak. Ammo haqiqatda sobit bo‘lmagan shubha-gumonlar, vasvasalar sababli ko‘ngil to‘lmayotgandek bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qilmaydi. Chunki ko‘p hollarda “ko‘nglim to‘lmayapti”, deb namozni qayta-qayta o‘qiyverish insonni o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi va vasvasa kasaliga chalinishiga olib keladi.
Shunday ekan, namozda bajariladigan farz, vojib, sunnat amallar haqida yaxshi o‘rganish, eng asosiysi turli xayollarga chalg‘imasdan namozni e’tibor bilan ado etish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.