Malika turmush qurganiga 5 yil bo‘lganida farzand ko‘rish niyatida turli tabib va shifokorlarga murojaat qilishdi. Shifokorlarning xulosasidan ayb turmush o‘rtog‘ida ekanini bilganida dunyosi qorong‘u bo‘lib ketdi. Atrofdagilarni tana-yu dashnomlari, farzand ko‘rishga bo‘lgan kuchli ishtiyoqi, boz ustiga eriga bo‘lgan kuchli muhabbati dugonasining maslahatiga kirishga majbur qildi.
“Dugonajon guldek oilang bor. Hozir hamma muammoning yechimini topsa bo‘ladigan zamon. Tibbiyot rivojlanib ketgan. Sun’iy urug‘lantirish bilan farzandlik bo‘lasan. Buni esa hamma bilishi shart emas!”.
Eridan oilani saqlab qolish, farzandlik bo‘lish uchun, oradagi muhabbati hurmatidan bu muolajaga ruxsat oldi. Eri ham shifokorlar tashxisidan iztirobga tushgani uchun ham, bu jarayon oilani saqlashning yagona usuli bo‘linib tuyuldi.
Sun’iy urug‘lantirish jarayonida kim urug‘ berishi ham surishtirilmadi, shuning uchun noma’lum bo‘lgan erkak urug‘idan olib, sun’iy urug‘lantirish o‘tkazildi. Malika farzandlik bo‘lish orzusida kunlarni o‘tkazdi. Vaqt o‘tib, o‘zida homiladorlik belgilarini payqay boshladi.
Dard boshlanib, o‘g‘illik bo‘lganida esa hamma orzulari ro‘yobga chiqqanidan shodlanardi.
O‘g‘li katta bo‘lgani sari farzandining fe’lidagi nuqsonlar asli noma’lum erkak nasabiga borib taqalardi.
Bir davrada shar’iy nikohida bo‘lmagan kishidan sun’iy urug‘lantirish orqali farzandli bo‘lish mumkin emasligini eshitib, ustidan sovuq suv quygandek bo‘ldi. Dardini hech kimga aytolmas, yuragining siqilishi kundan-kunga oshib borardi.
Mahalla masjidi imomiga uchrashib, dilidagilarni aytganida, domlaning yuzlaridagi o‘zgarish og‘ir gunoh qilingandagi iztirobga o‘xshardi. Domla bir oz tin olib, “Surishtirmasdan gunoh ishga qo‘l uribsizlar! Eringiz bu muolajaga qanday ruxsat berdi?...”
“Shifokorlardan turmush o‘rtog‘im farzand ko‘ra olmasliklarini bilganlarida oilani saqlab qolish uchun ruxsat berdilar”.
“Tavba qilinglar, tavba qilinglar!”...
Farzand ko‘rish ishtiyoqida yurgan oilalar o‘z zamonasidagi tib ilmi taraqqiyoti darajasidagi turli uslublarni qo‘llab kelishgan. Nihoyat, bizning asrimizga kelib, sun’iy yo‘l bilan homila paydo qilish, ya’ni bachadonga urug‘likni tabiiy yo‘l bilan emas, sun’iy yo‘l bilan tushirish paydo bo‘ldi.
Tib ilmi rivojlanishi natijasida er-xotin urug‘liklari tashqarida urchitib olinib, bir yo‘la tayyor homilani bachadonga qo‘yish joriy qilindi. Bu uslub ilmda “naycha usuli” yoki “naycha bolasi” deb ataladi. Ba’zan “sun’iy urug‘lantirish” deb ham yuritiladi.
Bu uslub avval G‘arbda, Yevropa davlatlarida yo‘lga qo‘yildi, keyinchalik musulmon davlatlariga ham kirib keldi. Bizning muqaddas dinimiz ta’limotlarida sun’iy urchitishga qanday qaraladi?
Mo‘tabar ulamolarimiz Qur’oni karim va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning sunnatlariga suyanib javob axtarishadi. “Azhari sharif”, “Islom fiqhi akademiyasi” kabi mo‘tabar muassasalar masalani atroflicha o‘rganib chiqib, yirik anjumanlar o‘tkazib, so‘ngra fatvolar chiqarishgan.
Sun’iy homila paydo qilish masalasida ulamolarimiz fatvolarida – bachadonga sun’iy yo‘l bilan urug‘lik kiritiladimi yoki naychada urchitib, so‘ngra bachadonga qo‘yiladimi, asosiy shart – urug‘lik ayolning eridan, shar’iy jufti halolidan olingan bo‘lishi lozim. Begona erkakdan olinsa, zino hisoblanadi. Zino esa shar’an haromdir.
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:
“Zinoga yaqinlashmangiz! Chunki u fahsh va yomon yo‘ldir” (Isro, 32).
Buyuk Alloh O‘z kalomida: “Zinoga yaqinlashmangiz!” , deb qat’iy ogohlantirmoqda. Faqat zino qilish emas, balki zinoga yaqinlashish ham gunoh ekanligini ta’kidlaydi.
“Mo‘minalarga ham ayting, ko‘zlarini (nomahram erkaklardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar!” (Nur, 31).
Shar’iy nikohdagi oilalar uzoq vaqt farzand ko‘ra olmayotgan bo‘lsalar o‘zlarini mutaxassislarga ko‘rsatib, davolanishlari kerak. Bunda er va xotin barobar ko‘rikdan o‘tishlari va davolanishlari shart.
Erning urug‘ligini olib, xotinining bachadoniga solib qo‘yish yo‘li ila homila orttirish joizdir. Bunda er-xotin oralarida to‘laqonli nikoh bo‘lishi shart.
Oralarida nikoh bo‘lmagan erkak va ayol orasida bunday amaliyotni bajarish mutlaqo harom bo‘lib, zino hukmida bo‘ladi. Ba’zi hollarda erning akasi yoki ukasi qondoshi bo‘lgani uchun aka yoki ukaning xotini bilan sun’iy urug‘lantirish mumkin deb, erining akasi yoki ukasining urug‘idan homilador bo‘lganlar ham uchraydi. Erning aka-ukalari nomahram hisoblangani bois, bunday uslublarni qilish mutlaqo mumkin emas. Bunday holatlarda nasab aralashib, ko‘pgina dilxiraliklarga ham olib kelishi mumkin.
Sun’iy urchitishning harom bo‘lgan uslublaridan yana biri er-xotinning urug‘liklarini olib boshqa ayolning bachadoniga solib farzand ko‘rishdir. Bunday amaliyotlarni aslo o‘tkazmaslik zarur. Chunki nasl-nasab pok bo‘lishining asosiy omili shar’iy nikohning bo‘lishidir. Dinimizning ushbu ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilish har bir musulmon uchun lozim va lobuddir.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi tomonidan 2018 yil 6 fevralda tasdiqlangan “Sun’iy urug‘lantirish haqida fatvo”si e’lon qilindi. Fatvoda sun’iy urug‘lantrish haqida batafsil ma’lumot olsa bo‘ladi.
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:
“Osmonlar va Yerning hukmronligi Allohga (xos)dir. (U) xohlagan narsani yaratur. Xohlagan kishisiga qizlarni hadya etur va xohlagan kishisiga o‘g‘illarni hadya etur”.
“Yoki ularga o‘g‘illar va qizlarni qo‘shib berur va xohlagan kishisini farzand ko‘rmaydigan qilib qo‘ygay. Albatta, U (buning hikmatini) biluvchi va (o‘zi xohlagan narsani yaratishga) qodirdir. (Sho‘ro, 49-50 oyat).
Alloh taolo kimlargadir o‘g‘il, kimlargadir qiz farzandlar ato etadi. Ba’zilariga esa farzandsizlik nasibdir. Ko‘pchilikka esa o‘g‘il-qiz aralash beriladi. Bu ilohiy taqsimot bandalarining sinovi uchundir. Binobarin, bandasidan ne’matga shukr va musibatga sabr matlubdir.
Munira ABUBAKIROVA
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi