Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Iyul, 2025   |   25 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:29
Quyosh
05:07
Peshin
12:34
Asr
17:38
Shom
19:55
Xufton
21:26
Bismillah
20 Iyul, 2025, 25 Muharram, 1447

Sun’iy urug‘lantirish haqida

02.04.2018   6478   6 min.
Sun’iy urug‘lantirish  haqida

Malika turmush qurganiga 5 yil bo‘lganida farzand ko‘rish niyatida turli tabib va shifokorlarga murojaat qilishdi. Shifokorlarning xulosasidan ayb turmush o‘rtog‘ida ekanini bilganida dunyosi qorong‘u bo‘lib ketdi.  Atrofdagilarni tana-yu dashnomlari, farzand ko‘rishga bo‘lgan kuchli ishtiyoqi, boz ustiga eriga bo‘lgan kuchli muhabbati dugonasining maslahatiga  kirishga majbur qildi.

“Dugonajon guldek oilang bor. Hozir hamma  muammoning yechimini topsa bo‘ladigan zamon. Tibbiyot rivojlanib ketgan. Sun’iy urug‘lantirish bilan farzandlik bo‘lasan. Buni esa hamma bilishi shart emas!”.

Eridan oilani saqlab qolish, farzandlik bo‘lish uchun, oradagi muhabbati hurmatidan bu muolajaga ruxsat oldi.  Eri ham shifokorlar tashxisidan iztirobga tushgani uchun ham, bu jarayon oilani saqlashning yagona usuli bo‘linib tuyuldi.

Sun’iy urug‘lantirish jarayonida kim urug‘ berishi ham surishtirilmadi, shuning uchun noma’lum bo‘lgan erkak urug‘idan olib,  sun’iy urug‘lantirish o‘tkazildi. Malika farzandlik bo‘lish orzusida  kunlarni o‘tkazdi. Vaqt o‘tib, o‘zida homiladorlik belgilarini payqay boshladi.

Dard boshlanib, o‘g‘illik bo‘lganida esa hamma orzulari ro‘yobga chiqqanidan shodlanardi.

O‘g‘li katta bo‘lgani sari  farzandining fe’lidagi  nuqsonlar asli noma’lum erkak nasabiga borib taqalardi.

Bir davrada shar’iy nikohida bo‘lmagan kishidan sun’iy urug‘lantirish orqali farzandli bo‘lish mumkin emasligini eshitib, ustidan sovuq suv quygandek bo‘ldi. Dardini hech kimga aytolmas, yuragining siqilishi kundan-kunga  oshib borardi.

Mahalla masjidi imomiga uchrashib, dilidagilarni aytganida, domlaning yuzlaridagi o‘zgarish og‘ir gunoh qilingandagi iztirobga o‘xshardi. Domla bir oz tin olib, “Surishtirmasdan gunoh ishga qo‘l uribsizlar! Eringiz  bu muolajaga qanday ruxsat berdi?...”

“Shifokorlardan turmush o‘rtog‘im farzand ko‘ra olmasliklarini bilganlarida oilani saqlab qolish uchun ruxsat berdilar”.

“Tavba qilinglar, tavba qilinglar!”...

Farzand ko‘rish ishtiyoqida yurgan oilalar o‘z zamonasidagi tib ilmi taraqqiyoti darajasidagi turli uslublarni qo‘llab kelishgan. Nihoyat, bizning asrimizga kelib, sun’iy yo‘l bilan homila paydo qilish, ya’ni bachadonga  urug‘likni tabiiy yo‘l bilan emas, sun’iy yo‘l bilan tushirish paydo bo‘ldi.

Tib ilmi rivojlanishi natijasida er-xotin urug‘liklari tashqarida urchitib olinib, bir yo‘la tayyor homilani bachadonga qo‘yish joriy qilindi. Bu uslub ilmda “naycha usuli” yoki “naycha bolasi”  deb ataladi. Ba’zan “sun’iy urug‘lantirish” deb ham yuritiladi.

Bu uslub avval G‘arbda, Yevropa davlatlarida yo‘lga qo‘yildi, keyinchalik musulmon  davlatlariga ham kirib keldi. Bizning muqaddas dinimiz ta’limotlarida  sun’iy urchitishga qanday qaraladi?

Mo‘tabar ulamolarimiz Qur’oni karim va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning sunnatlariga suyanib javob axtarishadi. “Azhari  sharif”, “Islom fiqhi akademiyasi” kabi mo‘tabar muassasalar masalani atroflicha o‘rganib chiqib, yirik anjumanlar o‘tkazib, so‘ngra fatvolar chiqarishgan.

Sun’iy homila paydo qilish masalasida ulamolarimiz fatvolarida – bachadonga sun’iy yo‘l bilan urug‘lik kiritiladimi yoki naychada urchitib, so‘ngra bachadonga qo‘yiladimi, asosiy shart – urug‘lik ayolning eridan, shar’iy jufti halolidan olingan bo‘lishi lozim. Begona erkakdan olinsa, zino hisoblanadi. Zino esa shar’an haromdir.

Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:

“Zinoga yaqinlashmangiz! Chunki u fahsh va yomon yo‘ldir” (Isro, 32).

Buyuk Alloh O‘z kalomida: “Zinoga yaqinlashmangiz!” , deb qat’iy ogohlantirmoqda.  Faqat zino qilish emas, balki  zinoga yaqinlashish ham  gunoh ekanligini ta’kidlaydi.

“Mo‘minalarga ham ayting, ko‘zlarini (nomahram erkaklardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar!” (Nur, 31).

Shar’iy nikohdagi  oilalar uzoq vaqt farzand ko‘ra olmayotgan bo‘lsalar o‘zlarini mutaxassislarga ko‘rsatib, davolanishlari kerak. Bunda er va xotin barobar ko‘rikdan o‘tishlari va davolanishlari shart.

Erning urug‘ligini olib, xotinining bachadoniga solib qo‘yish yo‘li ila homila orttirish joizdir. Bunda er-xotin oralarida to‘laqonli nikoh bo‘lishi shart.

Oralarida nikoh bo‘lmagan erkak va ayol orasida bunday amaliyotni bajarish mutlaqo harom bo‘lib, zino hukmida bo‘ladi. Ba’zi hollarda erning akasi yoki ukasi qondoshi bo‘lgani uchun  aka yoki ukaning xotini bilan sun’iy urug‘lantirish mumkin deb, erining akasi yoki ukasining urug‘idan  homilador bo‘lganlar ham uchraydi. Erning aka-ukalari nomahram hisoblangani bois, bunday uslublarni qilish mutlaqo mumkin emas. Bunday holatlarda nasab aralashib,  ko‘pgina dilxiraliklarga ham olib kelishi mumkin.

Sun’iy urchitishning harom bo‘lgan  uslublaridan yana biri er-xotinning urug‘liklarini olib boshqa ayolning bachadoniga solib farzand ko‘rishdir. Bunday amaliyotlarni aslo o‘tkazmaslik zarur. Chunki nasl-nasab pok bo‘lishining asosiy  omili shar’iy nikohning bo‘lishidir. Dinimizning ushbu ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilish har bir musulmon uchun lozim va lobuddir.

O‘zbekiston musulmonlar idorasi tomonidan 2018 yil 6 fevralda tasdiqlangan “Sun’iy urug‘lantirish haqida fatvo”si e’lon qilindi. Fatvoda sun’iy urug‘lantrish haqida batafsil ma’lumot olsa bo‘ladi.

Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:

“Osmonlar va Yerning hukmronligi Allohga (xos)dir. (U) xohlagan narsani yaratur. Xohlagan kishisiga qizlarni hadya etur va xohlagan kishisiga o‘g‘illarni hadya etur”.

“Yoki ularga o‘g‘illar va qizlarni qo‘shib berur va xohlagan kishisini farzand ko‘rmaydigan qilib qo‘ygay. Albatta, U (buning hikmatini) biluvchi va (o‘zi xohlagan narsani yaratishga) qodirdir.  (Sho‘ro, 49-50 oyat).

Alloh taolo kimlargadir o‘g‘il, kimlargadir qiz farzandlar ato etadi. Ba’zilariga esa farzandsizlik nasibdir. Ko‘pchilikka esa o‘g‘il-qiz aralash beriladi. Bu ilohiy taqsimot bandalarining sinovi uchundir. Binobarin, bandasidan ne’matga shukr va musibatga sabr matlubdir.

 

 

Munira ABUBAKIROVA

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlari uchun namuna – Butunjahon Islom uyushmasi rahbari

16.07.2025   8165   5 min.
O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlari uchun namuna – Butunjahon Islom uyushmasi rahbari

Saudiya Arabistonining Makka shahrida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov hamda Butunjahon Islom uyushmasi Bosh kotibi Shayx Muhammad bin Abdulkarim al-Issa  ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuv va tashrif Butunjahon Islom uyushmasi taklifiga binoan amalga oshirildi. Unda O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi favqulodda va muxtor elchisi Nodir Turg‘unov ham qatnashdi.

Do‘stona va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda Markaz rahbari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizda bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida jumladan, Markaz doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar, barcha ilmiy va tashkiliy ishlar haqida ma’lumot berdi.

– O‘zbekiston Islom ilmi, fiqh va hadis sohasida yuksak merosga ega. Bu zaminda mashhur ulamolar, buyuk faqihlar, muhaddislar, mutafakkirlar va san’atshunoslar yetishib chiqqan, – dedi Islom uyushmasi bosh kotibi. – Ushbu merosning Islom olamidagi ahamiyati va dolzarbligini ko‘rsatishda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muhim o‘rin tutadi. Bu yurtning taniqli va mashhur allomalari tufayli Islom sivilizatsiyasining asl mohiyati xususan, insonparvarlik va bag‘rikenglik qadriyatlari bugungi kunga qadar saqlanib qolgan. Mazkur megaloyiha bu boy merosni jahon hamjamiyatiga tanitishda asosiy ahamiyatga ega. Biz Butunjahon Islom uyushmasi nomidan ushbu sa’y-harakatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlar uchun namuna bo‘ladi. Markaz bilan hamkorlik qilishdan benihoyat mamnunmiz! – deya ta’kidladi Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa.

Uchrashuv davomida Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar xususan, Islom sivilizatsiyasi markazining barcha tadbirlari, rejalashtirilgan turli anjumanlarga qiziqish bildirib, bu borada olib borilayotgan ishlarni yuksak baholadi va mamnuniyat bilan e’tirof etdi. Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimi  qanchalik ahamiyatli ekanligiga esa alohida to‘xtaldi. Shu o‘rinda Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqidan quyidagi iqtiboslarni keltirdi: “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi. Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati ham shu maqsadga xizmat qiladi”. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Prezidenti tomonidan BMT minbaridan turib ilgari surilgan mazkur ulkan tashabbus Butunjahon Islom uyushmasi nomidan qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab o‘tdi.

Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Markaz tarkibida Arab-islom xattotlik maktabini ochish yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa ushbu loyihani to‘la-to‘kis qo‘llab-quvvatladi:

– Yangi O‘zbekiston loyihasi bo‘lmish bu xattotlik maktabi orqali Qur’oni karimning har bir surasini maxsus arab xatida, bezaklar bilan boyitilgan tarzda qo‘lda ko‘chirish maqsadga muvofiq, – deya taklif qildi Bosh kotib, – O‘zbekistondagi bo‘lajak Arab-islom xattotlik maktabi faoliyatini yo‘lga qo‘yishda, shuningdek, jahon miqyosida mashhur bo‘lgan katta tajribaga ega xattotlarni ushbu markazga jalb etish, xattotlarning ish faoliyati samarali bo‘lishi uchun ularni rag‘batlantirish va umuman maktab faoliyatini rivojlantirishda astoydil hamkorlik qilishga   tayyormiz.

Delegatsiya a’zolari Makka shahrida joylashgan Hiro madaniyat dahasi, Vahiy muzeyi, “Burj as-sa’a” minorasida joylashgan shu nomdagi muzey, Ka’ba kisvasi uchun qirol Abdulaziz majmuasi va Madina shahridagi “Bo‘ston” muzeyi, Payg‘ambarimiz (s.a.v) siyratlari  va Islom sivilizatsiyasi muzeyi, Jidda shahridagi Islom san’ati muzeyi va kutubxonasiga tashrif buyurdi va hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib bordi.

Bundan tashqari, Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi a’zolari muzey va kutubxonalarga qilgan tashriflari jarayonida Payg‘ambarimizning faoliyat va turmush tarzlarini ifodalovchi videolavhalar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga taqdim etilishi masalasini ham ko‘rib chiqishdi. 

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Samarqandda yangidan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi ziyoratchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalasida ham fikr almashildi. Bu borada Saudiya Arabistoni tajribasidan foydalanish maqsadida Butunjahon Islom uyushmasi Tadbirlar va konferensiyalar bo‘limi boshlig‘i Shokir Saloh al-Advaniy bilan muloqot o‘tkazildi. Muloqot davomida Islom uyushmasi vakili bu  masalada Saudiya Arabistonining yetakchi tashkilotlaridan biri “Ilm” kompaniyasi ko‘mak berishini bildirdi. Keyingi muhokamalar videokonferensiya shaklida davom ettirilishiga kelishib olindi. 

Islom sivilizatsiyasi markazi

Dunyo yangiliklari