Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Yanvar, 2025   |   24 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:19
Quyosh
07:41
Peshin
12:40
Asr
15:48
Shom
17:32
Xufton
18:49
Bismillah
24 Yanvar, 2025, 24 Rajab, 1446

06.04.02018 y. Oilada erning vazifasi

2.04.2018   8239   10 min.
06.04.02018 y. Oilada erning vazifasi

بسم الله الرحمن الرحيم

OILADA ERNING VAZIFASI

Muhtaram jamoat! Alloh taolo erkaklarga oiladek muqaddas qo‘rg‘onga rahbarlik qilish vazifasini yukladi.  Shu bilan birga erkaklarni ruhiy va jismoniy jihatdan ayollardan farqli qilib, uni oila rahbari bo‘lishiga munosib holda yaratdi. Erkaklar o‘z zimmalaridagi vazifalarini ado etishlari bu oilaning tinchligi va baxtu saodatiga sabab bo‘luvchi eng katta omildir.

Shariatimizda erning ayoli oldida moliyaviy va ma’naviy vazifalari bor. moliyaviylari asosan uch qismga bo‘linadi:

Birinchisi, ayoliga mahr berish. “Mahr” aqdi nikoh yoki eru xotinlik muomalasi bo‘lish bilan er zimmasiga yuklanadigan, xotinga berish lozim bo‘lgan moldir.

Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

            وَآَتُوا النِّسَاءَ صَدُقَاتِهِنَّ نِحْلَةً فَإِنْ طِبْنَ لَكُمْ عَنْ شَيْءٍ مِنْهُ نَفْسًا فَكُلُوهُ هَنِيئًا مَرِيئًا

سورة النساء/4

ya’ni: “Xotinlarga mahrlarini mamnunlik bilan beringiz! Agar sizlarga o‘zlari undan biror narsani ixtiyoriy ravishda kechsa (bersa)lar, sizlar uni bemalol, ishtaha bilan tanovul qilaveringiz”. (Niso surasi, 4-oyat).

         Payg‘ambarimiz sollallohu alayhu vasallam mahr borasida shunday marhamat qiladilar:

عَنْ سَهْلِ بْنِ سَعْدٍ السَّاعِدِي رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ قَالَ النَبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لِرَجُلٍ أَرَادَ الزَّوَاجَ: اِلْتَمِسْ وَلَوْ خَاتَمًا مِنْ حَدِيْدٍ

متفق عليه

ya’ni: Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhu vasallam: “Temirdan bo‘lsa ham bir uzik toping”, deganlar (Muttafaqun alayh).

Ikkinchisi, ayolini oziq-ovqat va kiyim-kechak bilan ta’minlash.

Darhaqiqat, erkaklarning zimmasiga ahli ayol nafaqasi farzdir. Bu xususda Rasululloh sallollohu alayhi vassallam hadislarining birida:

عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرِو بْنِ الْعَاصِ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ  كَفَى بِالْمَرْءِ إِثْمًا أَنْ يُضَيِّعَ مَنْ يَقُوتُ

رواه الامام أبو داود

ya’ni: “Kishi o‘z qaramog‘idagilarini nafaqasiz tashlab qo‘yishi uning qattiq gunohkorligiga kifoya qiladi, deya marhamat qilganlar, (Abu Dovud rivoyati).

Ming afsuslar bo‘lsinki, hozirgi kunda ba’zi bir oila boshliqlari ayni shu masalada o‘z vazifalarini unutib qo‘ymoqdalar. Hatto ba’zilari oriyatsizlik bilan o‘z juftu halollarini  o‘zga yurtlarga borib, ishlab pul topib kelishga majburlayotganliklari va ayolini topgan maoshiga kun kechirayotganliklari ham ma’lum bo‘lmoqda. Bunday holatlarni paydo bo‘lishi achinarli holdir.

عَنْ جُبَيْرِ بْنِ مُطْعِمٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: لَيْسَ مِنَّا مَنْ وَسَّعَ اللهُ عَلَيْهِ ثُمَّ قَتَرَ عَلَى عِيَالِهِ

رواه الامام الديلمي

ya’ni: Jubayr ibn Mut’im roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir kishiga Alloh taolo kenglik qilib molu davlat bersayu u kishi o‘z ahli ayoliga torlik qilsa u bizdan emasdir”, deganlar (Imom Daylamiy rivoyati).

Ahli-ayolga nafaqa berish eng muhim va savobli ishlardan ekanligi haqida Jobir roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

عَنْ جَابِرٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ  أَوَّلُ مَا يُوْضَعُ فِي مِيْزَانِ الْعَبْدِ نَفَقَتُهُ عَلَى أَهْلِهِ

رواه الامام الطبراني

ya’ni: “Qiyomat kuni tarozuda  birinchi tortiladigan narsa kishining ahli-ayoliga qilgan nafaqasidir”  (Imom Tabaroniy rivoyati).

Shu bilan birga, ayoli bemor bo‘lganda dori-darmon olib berish, shifokorga ko‘rsatish kabilar ham erning zimmasidagi vazifalardandir. Ayoli kasal bo‘lsa, otasining uyiga olib borib qo‘yish holatlari ham ko‘paymoqda. Sog‘lik paytida uydami, tomorqadami, daladami ishlatib, kamiga bozorga chiqarib, betob bo‘lib ishga yaramay qolganida, parvarishga muhtoj bo‘lib turganda, ota uyiga olib borib qo‘yish, ortidan xabar olmaslik, mehnatga yaraydigan bo‘lganda, olib ketishlik  insofli erkakni ishi emasligini unutmasligimiz kerak.

Uchinchisi, ayolini turar joy bilan ta’minlash. Alloh taolo bu haqda Qur’oni karimning Taloq surasida aytadi:

أَسْكِنُوهُنَّ مِنْ حَيْثُ سَكَنْتُمْ مِنْ وُجْدِكُمْ

سورة الطلاق/6

ya’ni: “Ularga (taloq iddasini saqlayotgan xotinlaringizga) o‘zlaringiz maskan tutgan joydan toqatingizga qarab joy beringiz (Taloq surasi 6-oyat).

Endi esa, erning ayoli oldidagi ma’naviy vazifalarini ba’zilari haqida to‘xtalib o‘tsak. Ular quyidagilardir:

Birinchisi, ayoli bilan chiroylik muomalada bo‘lish.

Alloh taolo O‘z kalomi sharifida quyidagicha marhamat qiladi:

                                                                                                                                    وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ فَإِنْ كَرِهْتُمُوهُنَّ فَعَسَى أَنْ تَكْرَهُوا شَيْئاً وَيَجْعَلَ اللَّهُ فِيهِ خَيْراً كَثِيراً

سورة النساء/19

ya’ni: Ular bilan totuv turmush kechiringiz. Agar ularni yomon ko‘rsalaringiz, (bilib qo‘yingki,) balkim sizlar yomon ko‘rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko‘pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin (Niso surasi, 19-oyat).

Dinimiz o‘z ayollariga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lgan erkaklarni insonlarning eng yaxshisi qatoriga qo‘shadi. Bu xususda Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vassallam bunday marhamat qilganlar:

عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: خَيْرُكُمْ خَيْرُكُمْ لِأَهْلِهِ، وَأَنَا خَيْرُكُمْ لِأَهْلِي

رواه الامام الترمذي

ya’ni: Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning ichingizda eng yaxshingiz o‘z ahli ayoliga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lganingizdir. Men esa o‘z ahlimga sizlardan ko‘ra yaxshiroq munosabatdaman”, (Imom Termiziy rivoyati).

Albatta, har to‘kisda bir ayb deganlaridek, inson zoti aybu nuqsonlardan holi emas. Shunday ekan, erkaklarga o‘z ayollarining ayblarini berkitib, oilaning bardavom va baxtiyor bo‘lishini ko‘zda tutgan holda ularga vaqti-vaqti bilan pandu nasihat qilib turishlari lozim bo‘ladi.

Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vassallam marhamat qiladilar:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: لَا يَفْرَكْ مُؤْمِنٌ مُؤْمِنَةً إِنْ كَرِهَ مِنْهَا خُلُقًا رَضِيَ مِنْهَا آخَرَ

رواه الامام مسلم

ya’ni: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Hech bir mo‘min hech qaysi mo‘mina ayolini yomon ko‘rmasin. Agar uning hulq atvoridan birini yoqtirmasa, boshqa hulqini yoqtirishi mumkin” (Imom Muslim rivoyati).

Ikkinchisi, Ayoliga e’tiborli  bo‘lish.

Erkaklar o‘z xotiniga nisbatan har tomonlama e’tiborli bo‘lishlari zarur. O‘z ayoliga beparvolik oilada katta muammolar chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin. Odatda eridan mehr va e’tibor ko‘rmagan ayolda eriga nisbatan hurmatsizlik va itoatsizlik hissi tug‘iladi. Ibn abbos roziyallohu anhu bu haqda shunday deganlar:

عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: إِنِّيْ أُحِبُّ أَنْ أَتَزَيَّنَ لِلْمَرْأَةِ، كَمَا أُحِبُّ أَنْ تَتَزَيَّنَ لِيَ الْمَرْأَةُ

سنن البيهقي ومصنف ابن أبي شيبة

ya’ni: "Men uchun xotinim qanchalik ziynatlanib yurishini xohlaganimdek, men ham u uchun shunday ziynatlanishni yaxshi ko‘raman" deganlar (Imom Bayhaqiy va Ibn Abu Shayba rivoyati).

Demak, ayolidan mehr va itoat kutgan har bir er o‘z xotiniga ham mehrli va e’tiborli bo‘lishi lozim.

Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, er ota-onasi va boshqalarning gapiga kirib o‘z ayoliga zulm qilishi va taloq qo‘yishi dinimiz ko‘rsatmalariga mutlaqo ziddir.

Muhtaram jamoat! Mavizamiz davomida nafl ro‘za tutish haqida ma’lumot berib o‘tamiz.

Nafl ro‘za tutishlikda buyuk savob, ziyoda ajr-mukofot, farz ro‘zada yo‘l qo‘yilgan kamchilik va xatolarni o‘rnini to‘ldirish, qalb va badan uchun manfaat va shularga o‘xshagan bir qancha foydalar mavjud. Nafl ro‘zani Ramazon va Qurbon hayiti kunlari, shuningdek, qurbon hayitdan keyingi uch kundan boshqa kunlarda tutsa bo‘ladi.

Hadislarda yilning ba’zi muayyan kunlarida nafl ro‘za tutishning savobi ulkanligi alohida ta’kidlangandir. Muayyan kunlarning ba’zilari quyidagilardan iborat: 

  • Eng afzal nafl ro‘za Dovud alayhissalomning ro‘zasi bo‘lib, bir kun ro‘za tutib, bir kun tutmaslikdir;
  • Ramazon oyidan keyin eng afzal ro‘zalardan biri Muharram oyi ro‘zasi bo‘lib, uning ham o‘ninchi, so‘ngra to‘qqizinchi kuni ta’kidlangandir. Muharramning o‘ninchi kuni tutilgan ro‘za o‘tgan yilgi gunohlarga kafforatdir, degan bashoratlar ham bor;
  • Shavvol oyida olti kun ro‘za tutish. Hayitdan keyingi kundan boshlab, uzluksiz tutish afzaldir. Bu kunlarning orasini bo‘lib tutish ham joizdir;
  • Har oyda uch kun ro‘za tutish. ya’ni qamariy oyning o‘n uch, o‘n to‘rt, o‘n beshinchi kunlari ro‘za tutish sunnatdir. Shuningdek, istasa oyning boshida, yoki oxirida uch kun tutishi mumkin. Bu bilan bir oy ro‘za tutgandek savobga ega bo‘lishi rivoyat qilingan;
  • Zulhijja oyining dastlabki to‘qqiz kuni ro‘zasi. Bu kunlarning ham afzali to‘qqizinchi kuni, ya’ni Arafa kuni ro‘za tutishlikdir. Haj ibodatiga ehrom bog‘lagan kimsalar bundan mustasno. Arafa kunining ro‘zasi o‘tgan va kelajak yildagi, ya’ni ikki yillik kichik gunohlarga kafforat bo‘lishi to‘g‘risida ko‘rsatmaalar bor;
  • Sha’bon oyining boshida ko‘proq ro‘za tutish sunnatdir;
  • Haftaning dushanba va payshanba kunlari ham ro‘za tutish sunnatdir;
  • Rajab oyida ham baqadri imkon nafl ro‘za tutishning savobi kattadir.

Alloh taolo barcha oila rahbarlariga o‘z zimmalaridagi vazifalarini sidqidil bilan, shariatga muvofiq holda ado etish  baxtini nasib aylasin. Omin!

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Fiqh ilmining paydo bo‘lishi va shakllanish tarixi

20.01.2025   8605   11 min.
Fiqh ilmining paydo bo‘lishi va shakllanish tarixi

Inson yaratilgan vaqtdan buyon jamiyat o‘rtasida uning huquqlari va majburiyatlari birga shakllandi. Huquq va majburiyatlar insonlar o‘rtasida paydo bo‘ladigan nizolarni oldini olish uchun yuzaga kelgan. Asrlar osha inson takomillasha borgan sari uning huquq va majburiyarlari ham shunga monan rivojlanib bordi. Shuning uchun ham Alloh taolo turli zamonlarda va turli millatlarga turli xil shariat mezonlarini nozil qilgan. Boshlang‘ich bosqichda islom davlatida huquqiy institutlar rivojlanmagan shaklda mavjud bo‘lib, islomning axloqiy vazifalari va mazhabiy figurasi bir-biri bilan hamohang va uyg‘unlashgan edi.

Shuni ta’kidlash kerakki, har bir jamiyatda, uning qanday sharoitda yashashidan qat’i nazar, unga tegishli bo‘lgan ishlar, muammolar, shaxsiy va ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish, jamiyatda tinchlikni ta’minlab, jinoyatning oldini olish va boshqa ko‘p hayotiy muammolarini yechish uchun bir miqdor qonun-qoidalarga zarurat bo‘lgan. Islom dinini birinchi bo‘lib qabul qilgan arablar jamiyati yetarli darajada rivojlangan bo‘lmasa ham, o‘ziga xos qoidalar va an’analarga ega edi. Ularda salam (pulni oldindan to‘lab, pishib yetmagan mol, masalan, bug‘doyni keyinroq olish bitimi), muzoraba (sheriklik asosida pulni foydaga ishlatish uchun birovga berish), xilma-xil nikoh shakllari, hakamiyat (hakamlik), savdo va muomalotga tegishli bir qator urf-odatlar mavjud bo‘lib, jamiyatda qonun tusini olgan edi. Lekin mazkur udum va qoidalar yetarli darajada o‘sib rivojlanmagani tufayli, butun jamiyat hayoti sohalarini qamrab olib, birlashgan jamiyat va umumiy huquqiy tizim qurish uchun yetarli emasdi. Arablar qabilaviy sharoitda yashaganliklari uchun ularda markazlashgan hokimiyat yo‘q edi, bu esa yagona sud tizimini tashkil etish uchun imkon bermasdi. Makka shahri eng muhim tijorat markazi bo‘lgan. Savdo va tijorat sohasidagi qonunlarni savdogarlar o‘zaro ijro etardilar.

Oilaviy munosabatlar (qarindoshlik va meros)ga oid qonunlar, shuningdek, jazo qonuni,ham ko‘chmanchilar va ham shaharlarda yashovchi aholi orasida eski qabilaviy tuzum ta’siri ostida edi. Unga binoan biron-bir qabilaga mansub bo‘lmagan kishi qabilaviy qonun himoyasidan chetda qolardi[1]. Arablar orasida nizo va kelishmovchiliklar paydo bo‘lganda, tomonlar muzokara yo‘li bilan kelisha olmasalar, hakamlarga murojaat qilinardi. Hakamlar biron-bir xos firqaga mansub bo‘lmay, keng ma’lumotli, zukko va yaxshi nom chiqargan kishilar hamda ilohiy kuchga ega hisoblangan kohinlar ichidan tanlanardi.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam (payg‘ambarligidan ilgari) Ka’bani ta’mirlash ishlari olib borilganda Qoratosh (Hajarul-asvad)ni o‘rniga qo‘yish bo‘yicha urug‘lar orasida yuzaga kelgan nizoni hakam sifatida hal qilishga muvaffaq bo‘lgan edilar.  Islom dini o‘z huquqiy tizimi va qonunchiligini rivojlantirar ekan, Qur’on va Sunnaga asoslangan holda arablar jamiyatida qonun darajasiga ko‘tarilgan urf-odatlar va an’anaviy udumlardan ham foydalandi. Shu ma’nodaki, ularning ayrimlari Qur’on oyatlari yoki hadislar orqali bekor qilindi, ayrimlariga o‘zgartirishlar kiritib qabul qilindi va ba’zilariga qonuniy tus berildi. Shuningdek, muzoraba va shirkat me’yorlari qabul qilinib, ribo (sudxo‘rlik) butunlay harom deb e’lon qilindi.

Hijriy I asrda islom huquqi shakllana boshlab, hijriy II va III asrlarda taraqqiyot bosqichlariga ko‘tarildi. Hijriy II asr boshlarida ilk huquqiy maktablar (mazhablar) yuzaga kela boshladi va yangi shakllangan islom jamiyati o‘zining boshlang‘ich huquqiy va qonuniy institutlari-muassasalarini qurishga muvaffaq bo‘ldi[2]. Arab xalifaligida ijroiy faoliyatlar va qonun tuzish ishlari bir-biri bilan chambarchas bog‘liq edi va uning maqsadi yangi tasarruf qilingan mamlakatlar idoralarini islom qonunlari asosida tashkil etib, boshqarish edi. Hijriy I asr o‘rtalariga kelib islom siyosiy qarama-qarshiliklarga duch keldi. Xavorij (xorijiylar) va shia firqalari ko‘pchilikni tashkil etgan ahli sunna val-jamoaga qarshi turdilar. Keyinroq shialar sunniylikning buyuk olimlari tomonidan asos solingan va takomillashtirilgan huquqiy tizimlarni iqtibos etib, hijriy II asrning ikkinchi yarmida ularga ayrim o‘zgartirishlar kirgizdilar[3]. Hijriy I asr asosan tasarruf etilgan mamlakatlar huquqiy normalarini ko‘rib chiqib, ularning urf-odatlarini shariat qonunlariga moslashtirish jarayoni bilan o‘tdi. Islom huquqining yaratilib, tartibga solinishi hijriy II asr o‘rtalarida boshlandi va o‘z taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Islom huquqi o‘z rivojlanish bosqichlarini shu yo‘sinda bosib o‘tdi. Asli arab bo‘lmagan ko‘p xalqlar, ayniqsa, Movarounnahr faqihlari va muhaddislari uning rivojiga beqiyos darajada katta hissa qo‘shib keldilar. Islom tarixchilarining fikrlariga ko‘ra, islom huquqi (fiqh) o‘z taraqqiyot jarayonida quyidagi olti davrni bosib o‘tgan:

Birinchi bosqich: Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam  davrlari;
Ikkinchi bosqich: Sahobalar davri;
Uchinchi bosqich: Tobeinlar davri;
To‘rtinchi bosqich: Mujtahidlar davri;
Beshinchi bosqich: Muharrijlar davri;
Oltinchi bosqich: Muqallidlar yoki taqlid davri[4].

Abdulhay Laknaviy rahimahulloh hanafiy mazhabi faqihlarini tabaqalashtirishda muharrijlar davridan so‘ng as’hobut-tarjih, ya’ni buyuk faqihlar tomonidan yozib qoldirilgan hukmlardan ayrimlarini zaruratga binoan bir-biridan ustun qo‘yish vakolatiga ega bo‘lgan olimlar davrini ham ko‘rsatib o‘tadi. Lekin bizning fikrimizcha, muharrijlar va as’hobut-tarjih davrini bir bosqich deb hisoblash mumkin, chunki ular ko‘pincha bir davrda yashab, o‘z vazifalarini bajarib kelganlar. Zamon o‘tishi va davr taqozosi bilan islom huquqi, ya’ni fiqh ilmi rivojlanib, asta-sekin tafsir, hadis va boshqa islomiy ilmlardan ajralib bordi. Payg‘ambarimiz hazrat Muhammad sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin sahobalar davri va undan keyin tobeinlar davri qaror topdi.

Hijriy II asrning dastlabki o‘n yilliklarida ilk huquqiy maktablar yuzaga kela boshladi. “Islomda huquq” kitobida ular “qadimiy huquqiy maktablar” deb atalgan. Biz ularni “ilk huquqiy maktablar” deb atadik. Mazkur maktablar hech qanday mushaxxas va konkret tashkilotni ko‘rsatmaydi, ularning foydalanadigan usul va qoidalari tizimga solinmagan va hech qanday rasmiy tus olmagan edi[5]. Ushbu maktablar vakillari bo‘lgan faqihlar o‘z sohalari bo‘yicha iqtidorli kishilar bo‘lib, islom ta’limotiga asoslangan barcha ilmlar, masalan, tafsir, hadis va fiqh ilmlariga qiziqardilar va ular bo‘yicha keng ma’lumot va yuksak malakaga ega edilar. Ular o‘z shaxsiy qiziqishlari asosida musulmonlar jamoasi orasida yuksalib, o‘z ilmu fazilatlari bilan barcha xalq tomonidan ishonch va hurmatga sazovor bo‘lgan edilar.

Ahli sunna val-jamoaga tegishli bo‘lgan ilk huquqiy maktablar quyidagilardan iborat edi:

1. Madina huquqiy maktabi;
2. Makka huquqiy maktabi;
3. Basra huquqiy maktabi;
4. Kufa huquqiy maktabi;
5. Shom huquqiy maktabi.

Basra va Kufa huquqiy maktablari Iroq maktabini tashkil etadi.

Misr o‘ziga xos huquqiy maktabga ega bo‘lmay, boshqa huquqiy maktablar, ayniqsa, Madina maktabi ta’siri ostida edi .

Ilk huquqiy maktablarning mashhur vakillari quyidagilardan iborat edi:

1. Madina maktabi namoyandalaridan Umar ibn Xattob, Ali ibn Abu Tolib, Abdulloh ibn Umar, Zayd ibn Sobit, Said ibn Musayyib, Zuhriy, Yahyo ibn Said va boshqalar.

2. Makka maktabidan Abdulloh ibn Abbos, Sufyon ibn Uyayna, Muslim ibn Xolid.

3. Iroq maktabidan Alqama ibn Qays, Qozi Shurayh, Ibrohim Naxaiy, Hammod ibn Sulaymon, Ibn Abi Laylo.

4. Shom maktabining vakili Abdurahmon Avzo’iy edi. 

Fiqh tarixi mutaxassislari ta’kidlashlaricha, Iroq islom huquqining muhim markazlaridan biri edi. Hijriy II asr davomida ham Iroq bu sohada o‘z ustunligini saqlab qoldi[6]. Faqat doktor Muhammad Yusuf Muso turli shaharlarda tashkil topgan huquqiy maktablar qatorida Misrda ham shunday maktab bor ekanligini qayd etib o‘tadi . Ilk huquqiy maktablarning eng muhim jihatlari shundan iborat ediki, birinchidan, ular Qur’onga asoslanar edi va Sunnaga katta e’tibor qaratardi. O‘sha davrlarda qiyos, shariatning asosiy manbai sifatida o‘z rivojlanish bosqichlarini bosib o‘tmagani uchun, ular ushbu metoddan keng ko‘lamda foydalanmasdilar deyish mumkin[7].


Xulosa:

Zamon o‘tishi bilan islom dini keng miqyosda tarqalib, turli dinlarga mansub kishilar unga o‘tgani, ayrim siyosiy, ijtimoiy va aqidaviy sabablarga ko‘ra musulmonlar orasida yuzaga kelgan qarama-qarshiliklar oqibatida Islom muxoliflari tomonidan ko‘p to‘qima hadislar ishlab chiqilib tarqatila boshlandi va bu hodisa ushbu manbadan qat’iy ishonch bilan foydalanishni og‘irlashtirdi. Shu vaqtlarda hadislarni chuqurroq o‘rganib, tahlil qilish, ular orasidan to‘qima hadislarni chiqarib tashlash va faqatgina haqiqiy hadislar, ya’ni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadislardan huquqiy manba sifatida foydalanish zarurati yuzaga keldi. Bunday yondashuv bir tomondan hadisshunoslik ilmining rivojlanishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, yangi huquqiy maktablarning yuzaga kelishi uchun zamin yaratib berdi. Ilk huquqiy maktablarning ish uslubiga tanqidiy yondashilib, har bir maktab tarkibida yangi uslub tarafdori bo‘lgan olimlar yuzaga keldi. Shunday qilib, ilk huquqiy maktablar negizida to‘rtta asosiy sunniy huquqiy maktab shakllandi va har biri o‘z muhitidagi sharoitga muvofiq rivojlandi. Shu yo‘sinda ahli sunna val-jamoa fiqhi, ya’ni islom huquqi bir mukammal va rivojlangan huquqiy tizim sifatida o‘z taraqqiyot bosqichlarini bosib o‘tdi.

Ro'zimuhammad VAHOBOV,
Surxondaryo viloyati, Sho'rchi tumani
“Abu Bakr Siddiq” jome masjidi imom-xatibi.

 

 


[1]Islomda huquq./ To‘plovchilar: Majid Xadduriy va Herbert J.Libesni. (Mualliflar guruhi: Sharq va G‘arbning 12 ta mashhur huquqshunos, islomshunos va sharqshunos olimlari jumlasidan Muhammad Abu Zahra, Subhiy Muhassamoniy, Shukriy Qardoshiy, Abul’alo Mordin, Jozef Shaxt va boshqalar). Tehron–Nyu-York, 1955 y. ­B.37.
[2]O‘sha asar. B.40.
[3]I.Tabariy. Erondagi dunyoqarashlar va ijtimoiy harakatlar haqida tekshirishlar. Kobul: Davlat chop va nashr qo‘mitasi, 1361 h.y. B.221.
[4]Shayx Muhammad Xuzariybek.Tarixut tashri’il islomiy.­Bayrut: 1988. ­B.14-6.
[5]Vahba Zuhayliy. Islom fiqhi va uning manbalari. J.1. ­Bayrut: Dorul­fikr. 1984. ­30-­b.
[6]Shayx Muhammad Xuzariybek, Tarixut ­tashri’il ­islomiy.­Bayrut: 1988. ­B.149-b.
[7]Vahba Zuhayliy. Islom fiqhi va uning manbalari. J.1. ­Bayrut: Dorul­fikr. 1984. ­29-b.

MAQOLA