Ma’lumki, ko‘hna Nasaf diyoridan yetishib chiqqan alloma Abul Mo‘iyn an-Nasafiy kalom ilmining mustaqil fan sifatida rivojlanishi, islom dunyosida moturidiya ta’limotining keng tarqalishi yo‘lida olib borgan ulkan ishlari bilan ajralib turadi. Alloma qoldirgan ilmiy-ma’naviy meros nafaqat o‘z zamonasi, balki turli xil oqimlar, firqalar o‘z buzg‘unchi g‘oya va maqsadlarini davom ettirayotgan hozirgi davr uchun ham dolzarb hisoblanadi. U kezi kelganda Iroqda ahli sunna doirasida moturidiya bilan bir vaqtda vujudga kelib, u bilan ayrim qarashlarida juz’iy ixtiloflarga borgan ash’ariylarga ham asosli raddiyalar bergan.
Shuningdek, alloma asarlarida o‘rta asrlarda keng yoyilgan qadariya, xorijiya, jahmiya, qirmitiya, shia, mushabbiha, mu’taziliya va karromiya kabi adashgan oqimlarga qarshi kurashilgan. E’tiborli jihati, ushbu g‘oyalar ISHID, soxta salafiylik, Hizbut-tahrir singari adashgan zamonaviy to‘dalarga ham qarshi kurashish yo‘llarini ko‘rsatib beradi. «Qashqadaryo» nashrining bildirishicha, bu borada allomaning yaqinda o‘zbek tiliga tarjima qilinib, keng kitobxonlar e’tiboriga havola etilgan “At-tamhid li qavoidi-t-tavhid” kitobi muhim ahamiyatga egadir.
Tadqiqotlarga ko‘ra, jahon kutubxonalarida mazkur asarning 7 nusxasi bo‘lib, ular Arab davlatlari universitetiga qarashli arabiy qo‘lyozmalar institutida, Misr kitoblar uyi hamda Istanbul universitetida saqlanadi.
Avvalo, shuni ta’kidlash joiz, Abul Mo‘iyn an-Nasafiy aksar aqidaviy ixtiloflar sabab vujudga kelgan xunrezliklar barham topib, barcha ishlar ahli sunna aqidasiga ko‘ra qaror topgan, turli notinchliklar, fitna va kurashlardan xoli bir davrda yashagan.
Abul Mo‘iyn an-Nasafiy kitob muqaddimasida keltirishicha, hokimlardan biri ahli sunna val-jamoat aqidasini yozib berishni iltimos qilgan. Muallif hokimning kimligini aytmasdan, uni ulug‘ sifatlar bilan tavsiflaydi. Ayni paytda har bir masalaning ko‘z yumib bo‘lmaydigan asosiy jihatlarini va ulardan eng muhimlari, hujjatlarning eng to‘g‘risini keltirishni ta’kidlaydi.
Umuman, Nasafiy asarlariga xos xususiyat shuki, ularda muxolif firqa va mazhablarning nohaqligini isbotlashda kichik – ahamiyatsiz dalillardan voz kechilgan, iboralar o‘quvchiga malol keluvchi uzundan uzoq ham emas, tushunishga qiyin bo‘ladigan juda qisqa ham emas, balki barchaga birdek anglashiladigan o‘rtacha yo‘l tanlangan.
“Tamhid” barcha zamonlarda dolzarblik kasb etgan aqidaviy masalalarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, unda takvin, kalom sifatlari, payg‘ambarlik isboti, amallar xususida batafsil bayon qilingan.
Kitobning nomidan ko‘rinadiki, u faqat tamhid, ya’ni muqaddima. Shuning uchun unda tavhidning umumiy qoidalari bayon qilingan. Muallif asarni qism – boblarga ajratib, fasllar tartib beradi. Shunga ko‘ra, kitob narsalarning haqiqatlari va ilmlar haqidagi fasl bilan boshlanadi. Bu bo‘limda narsalarning haqiqatini inkor qiluvchi safsatachilar bilan munozara qilinadi. Toki bu inkor ularga foyda bermasligi, aksincha, shu inkorlarning o‘zi bir haqiqatni e’tirof etish ekanini anglasinlar.
Bilamizki, inson zoti ilmu hikmatni qabul qilishga tayyor, o‘sish va kamolot darajalariga ko‘tarilishga layoqatli qilib yaratilgan. Biroq u turli johillik va nodonliklardan ham chetda emas, shuning uchun insoniyat orasiga elchi, ya’ni payg‘ambarlar jo‘natiladi. Biroq ayrim adashgan firqalar payg‘ambarlikni rad etishgan.
Abul Mo‘iyn an-Nasafiy olamni yaratishdan maqsad inson ekani, payg‘ambarlarni yuborish yo‘li bilan xalq uchun chiroyli oqibat hosil bo‘lishi va odamlar orasida bekorchilik va buzg‘unchilikka chek qo‘yilishini ta’kidlaydi.
Ahli sunna va mu’taziliylar orasida ixtilofli masalalardan biri rizq bo‘lib, bunda quyidagi savollar tug‘iladi: “Harom ham rizqmi?”, “Kishi boshqa birovning rizqini yeyishi mumkinmi?”
“Rizq” so‘zi “mulk” ma’nosida sharhlansa, harom rizq bo‘lmaydi va kishi boshqa birovning ham rizqini yeyishi mumkin bo‘ladi. Bu – mu’taziliya e’tiqodi.
Abul Mo‘iyn an-Nasafiy bu tushunchani botil hisoblab, “rizq” so‘zini foydalaniladigan (yeyiladigan va ichiladigan) narsa, deb tafsir qiladi. Shunga binoan harom ham rizqdirki, har kim o‘z rizqini – halolmi, harommi – to‘la qilib tugatadi. Hech kim boshqaning rizqini yeyolmaydi.
Nasafiy rofiziylarning “Imomlik faqat Hoshim avlodlariga xos yoki faqat Ali va uning avlodlariga xos” degan fikrlarini rad etadi. Misol uchun, o‘z davrida barcha Abu Bakrning imomligiga iqtido qilgan, vaholanki u hoshimiy bo‘lmagan. Nasafiy Abu Bakr Siddiq qurayshiy bo‘lishi bilan birga imomga kerak bo‘lgan dindorlik, ilm va parhezkorlik kabi sifatlarni o‘zida jam qilganini aytadi. O‘z navbatida alloma rofiziylarning “Abu Bakr Alidan imomlik haqqini tortib olgan”, degan da’volari asossiz ekanini qayd etadi. Chunki Abu Bakr birovning haqqini tortib olmas va o‘z o‘rnida, Ali ham zulmga rozi bo‘lib, jim turmas edi. Yaxshilikka buyurish va 92 yomonlikdan qaytarish bilan sifatlangan sahobalar ham Abu Bakr zo‘ravonlik qilayotgan bo‘lsa, Aliga yordam berishdan tiyilib turmas edilar.
Abul Mo‘iyn an-Nasafiy o‘z kitobi va uning fasllari, masalalarini joylashtirishga e’tibor bilan yondashgan, takrorlar uchramaydi. Bir-biriga o‘xshash masalalar chiqib qolsa, gap cho‘zilishidan qochib va mavzudan chiqib ketmaslik uchun bu masalani oldin zikr qilganini aytadi. Agar tafsilotga ehtiyoj sezsa, “Tabsiratu-l-adilla” kitobiga yoki shu mavzuga tegishli boshqa asarlarga havola qiladi. Muxoliflar bilan munozara qilishda aqlga tayansa-da, ba’zan lug‘at bilan ham dalillar keltiradi.
Mu’taziliylar o‘lim boshqa, o‘ldirish boshqa, deydi. Ka’biyning: “O‘lim – Allohning fe’li, qatl (o‘ldirish) esa bandaning ishidir” degan gapi ham noto‘g‘ri, deydi Nasafiy. Alloma fikricha, qatl qilingan kishi ham o‘z ajali bilan o‘lgan. Ya’ni Alloh bandaning o‘ldirilishini o‘z ilmi azaliysi bilan bilib, shu o‘ldirilish vaqtini unga ajal muhlati qilib belgilagan.
Muallif ma’rifat – bilish yo‘li bilan bo‘lgan ilm sabablarini bayon qilib, ularni uchga bo‘ladi: besh sezgi, to‘g‘ri xabar, aql. Besh sezgi (ta’m, ko‘rish, eshitish, hid, sezish)dan har birining o‘z vazifasi bo‘lib, boshqa vazifaga o‘tolmaydi. Bu sezgilar bilan ilm hosil bo‘lishi shu darajada aniqki, uni inkor qiluvchi o‘z qaysarligini ochiq bayon qiluvchi mutakabbirdir.
Muallif to‘g‘ri xabarni ikkiga bo‘ladi: birinchisi – tasdiqlangan, ketma-ket keluvchi xabar. Unga ko‘ra, axborot shunday odamlar tomonidan yetkaziladiki, avvalo, uni yetkazuvchilar son jihatdan ko‘pchilikni tashkil qiladi. So‘ng ularning bir vaqtda bir makonda to‘planishi mumkin bo‘lmagani bois biror yolg‘on ma’lumotni tarqatish imkoni bo‘lmaydi.
Ikkinchisi – mo‘jiza bilan quvvatlangan payg‘ambarning xabari. To‘g‘ri xabarning bu turi dalillarga qarab hosil bo‘ladigan ilmni hosil qiladi.
Nasafiy zolimlik ham, nodonlik ham odamlarning o‘zi tomonidan sodir bo‘lishi, har qanday odam zarur bo‘lganida, o‘zining nimalarga majbur va nimalarda ixtiyoriy ekanini ajrata olishini ta’kidlaydi. Demak, bu masalada jabariylar bilan bahslashib o‘tirishning ma’nosi yo‘q. Chunki ularning e’tiqodiga ko‘ra, bahslashuvchi, so‘rovchi va javob beruvchi yaratganning o‘zi bo‘lib qoladi, bu esa aqlan botil. Abul Mo‘iyn an-Nasafiy bu firqa inqirozga uchrab, uning birorta ham tarafdori qolmaganini aytadi.
Umuman olganda, buyuk vatandoshimiz Abul Mo‘iyn an-Nasafiy tomonidan adashgan firqalarga berilgan asosli raddiyalar bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmaganki, allomaning “At-tamhid li qavoidi-t-tavhid” kitobini o‘qigan kishi bunga yaqqol ishonch hosil qilishi mumkin.
Dilafro‘z Muqimova, Qarshi davlat universiteti o‘qituvchisi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
- 58وَلِلدَّعَوَاتِ تَأْثِيرٌ بَلِيغٌ وَقَدْ يَنْفِيهِ أَصْحَابُ الضَّلاَلِ
Ma’nolar tarjimasi: Duolarning yetuk ta’siri bordir, gohida adashganlar uni inkor qiladilar.
Nazmiy bayoni:
Duolarning yetuk ta’sirlari bor,
Adashganlargina qilarlar inkor.
Lug‘atlar izohi:
لِ – jor harfi فِي ma’nosida kelgan.
دَعَوَاتِ – kalimasi دَعْوَةٌ ning ko‘plik shakli bo‘lib, lug‘atda “iltijolar” ma’nosini anglatadi. Jor va majrur mubtadosidan oldin keltirilgan xabardir.
تَأْثِيرٌ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado.
بَلِيغٌ – sifat. Ushbu kalimada duoning ta’sirga sabab ekaniga ishora bor. Chunki ta’sir, aslida, Alloh taoloning yaratishi bilan vujudga keladi.
وَ – “holiya” ma’nosida kelgan.
قَدْ – “taqliliya” (cheklash) ma’nosida kelgan.
يَنْفِيهِ – fe’l va maf’ul. نَفِي kalimasi lug‘atda “bir chetga surib qo‘yish” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
اَصْحَابُ – foil. Bu kalima صَاحِب ning ko‘plik shakli bo‘lib, “lozim tutuvchilar” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
الضَّلاَلِ – muzofun ilayh. Ushbu izofada لِ jor harfi muqaddar bo‘lgan[1]. “Zalolat” kalimasi “to‘g‘ri yo‘ldan adashish” ma’nosida ishlatiladi.
Matn sharhi:
Duo lug‘atda “iltijo”, “o‘tinch” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa “banda o‘zining faqirligini, hojatmandligini va muteligini hamma narsaga qodir bo‘lgan Alloh taologa izhor qilib, manfaatlarni jalb qilishni va zararlarni daf qilishni so‘rashi, duo deb ataladi”[2].
Mo‘min bandalarning qilgan duolarida o‘zlariga ham, agar marhumlar haqlariga duo qilayotgan bo‘lsalar, ularga ham manfaatlar yetadi. Duolarning ta’siri borligini adashgan kimsalargina inkor qiladilar. Matndagi “zalolatdagilar” degan so‘zdan mo‘taziliy toifasi ko‘zda tutilgan. Chunki mo‘taziliy toifasi bu masalada ham Ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga zid da’volarni qilgan.
Duolarning ta’sirini inkor etadiganlar bir qancha dalillarni keltirishgan. Masalan, oyati karimalarda har bir insonga o‘zi qilgandan boshqa narsa yo‘qligi bayon qilingan:
“Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur”[3].
Boshqa bir oyatda esa kishi o‘zining qilgan yaxshi ishlari tufayli mukofotga erishsa, yomon qilmishlari sababli jazolanishi bayon etilgan:
“Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir”[4].
Ushbu oyati karimalarda har bir kishining ko‘radigan manfaatlari boshqalarning qilgan duo va xayrli ishlaridan emas, faqat o‘zining qilgan ishlaridan bo‘lishi bayon qilingan, bu esa duolarning ta’siri yo‘qligiga dalolat qiladi, – deyishgan.
Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilarga raddiyalar
Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilar keltirishgan yuqoridagi va undan boshqa dalillariga batafsil javoblar berilgan. “Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy” kitobida quyidagicha javob kelgan: "Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur" ma’nosidagi oyatda bayon qilinganidek, haqiqatda inson o‘z sayi-harakati va yaxshi fe’l-atvori bilan do‘stlar orttiradi, uylanib bola-chaqali bo‘ladi, insonlarga mehr-muhabbat ko‘rsatadi va ko‘plab yaxshi ishlarni amalga oshiradi. Shunga ko‘ra insonlar uni yaxshilik bilan eslab, unga Alloh taolodan rahmat so‘rab duo qilsalar, toat-ibodatlarning savoblarini unga hadya qilsalar, bularning barchasi birovning emas, aslida, o‘z sayi-harakatining natijasi bo‘ladi.
Ikkinchi dalil bo‘lgan "Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir", ma’nosidagi oyat ham yuqoridagi kabi oyat bo‘lib, har bir kishi o‘zining qilgan yaxshi ishining samarasini ko‘radi, qilgan ma’siyatiga ko‘ra jazolanadi, kabi ma’nolarni ifodalaydi. (Ya’ni “har kim ekkanini o‘radi”, deyilgani kabi)”[5].
Shuningdek, duo qilishning foydasi bo‘lmaganida mag‘firat so‘rashga buyruq ham bo‘lmasdi. Qur’oni karimda esa mag‘firat so‘rashga buyurilgan:
“Bas, (ey Muhammad!) Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekanini biling va o‘z gunohingiz uchun hamda mo‘min va mo‘minalar(ning gunohlari) uchun mag‘firat so‘rang!”[6].
Shuningdek, vafot etib ketgan kishilar haqiga qilingan duolarda manfaat bo‘lmaganida, ularni eslab duo qilganlar Qur’oni karimda madh etilmasdi:
“Ulardan keyin (dunyoga) kelganlar: “Ey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga (nisbatan) qalbimizda nafrat (paydo) qilmagin. Ey, Robbimiz, albatta, Sen shafqatli mehribonsan”, – derlar”[7].
Shuningdek, vafot etganlarga janoza namozini o‘qish tiriklar zimmasiga vojib qilingan. Janoza namozida esa sano va salovot aytish bilan birgalikda “Ey Allohim, bizlarning tiriklarimizni ham, o‘liklarimizni ham mag‘firat qilgin”, ma’nosidagi duo o‘qiladi.
Mazkur dalillarning barchasida duolarning ta’siri borligi ko‘rinib turibdi. Shuning uchun inson vafotidan keyin ham o‘z haqiga xayrli duolar qilinishiga sabab bo‘ladigan yaxshi amallarni qilishi lozim.
Duo qilish bandaga foyda keltiradigan va undan zararlarni daf qiladigan eng kuchli sabablardan ekani Qur’oni karimda ham, hadisi shariflarda ham bayon qilingan:
“Parvardigoringiz: “Menga duo qilingiz, Men sizlar uchun (duolaringizni) ijobat qilay!” – dedi. Albatta, Menga ibodat qilishdan kibr qilgan kimsalar yaqinda tuban holatda jahannamga kirurlar”[8].
Ibn Kasir rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Alloh taolo bandalarini O‘ziga duo qilishga da’vat etgan va O‘z fazlu marhamati bilan qilgan duolarini albatta ijobat etishga kafolat bergan”, – degan. Oyati karimaning davomidagi “ibodatdan kibr qilganlar” esa Alloh taologa duo qilishdan takabburlik qilgan kimsalar deya tafsir qilingan. Hadisi shariflarda duoning qazoni qaytarishga sabab qilib qo‘yilgani bayon etilgan:
عَنْ سَلْمَانَ الْفَارْسِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قال لَا يَرُدُّ القَضاءَ إلا الدُّعاءُ وَ لَا يَزِيدُ فِي الْعُمُرِ إِلاَّ الْبِرُّ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ
Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qazoni faqatgina duo qaytaradi, umrni faqatgina yaxshilik ziyoda qiladi”, – dedilar (Termiziy rivoyat qilgan).
Sharh: Ushbu hadisda duoning bajariladigan ishlarga bog‘lab qo‘yilgan qazoni qaytarish sabablaridan ekani bayon qilingan. Zero, Alloh taolo amalga oshadigan barcha narsalarga azaliy sabablarni tayin qilib qo‘ygan. Solih amallar saodatga erishish uchun azaliy sabablar bo‘lsa, yomon amallar badbaxt bo‘lish uchun azaliy sabablardir. Shuningdek, yaxshilik, go‘zal xulqli bo‘lish, qarindoshlik aloqalarini uzmaslik kabi amallar ham azaliy sabablar qatoriga kiradi. Ana shunday azaliy sabablar yuzaga chiqarilgan paytda o‘sha sababga bog‘langan ishlar ham yuzaga chiqadi.
Imom Tahoviy[9] rahmatullohi alayh “Aqidatut Tahoviya” asarida quyidagilarni yozgan: “Tiriklarning duo va sadaqalarida o‘liklar uchun manfaatlar bordir. Alloh taolo duolarni qabul qiladi va xojatlarni ravo qiladi (deb e’tiqod qilamiz)”.
Keyingi mavzu:
Dunyoning yo‘qdan bor qilingani bayoni.
[1] Bu haqidagi ma’lumot 53-baytning izohida bayon qilindi.
[2] Doktor Ahmad Farid. Bahrur-Roiq. – Iskandariya: “Dorul Majd”, 2009. – B. 105.
[3] Najm surasi, 39-oyat.
[4] Baqara surasi, 286-oyat.
[5] Muhammad Anvar Badaxshoniy. Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy. – Karachi: “Zamzam babilsharz”, 1415h. – B. 192.
[6] Muhammad surasi, 19-oyat.
[7] Hashr surasi, 10-oyat.
[8] G‘ofir surasi, 60-oyat.
[9] Abu Ja’far Ahmad ibn Muhamad ibn Salama Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 239 yilda Misrning “Toha” shaharchasida tug‘ilgan.
Imom Tahoviy hanafiy mazhabidagi mo‘tabar olimlardan bo‘lib, “Sihohi sitta” mualliflari bilan bir asrda yashab faoliyat yuritgan. Bu zot haqida ulamolar ko‘plab maqtovli so‘zlarni aytganlar. Jumladan Suyutiy “Tobaqotul Huffoz” asarida: “Imom Tahoviy alloma, hofiz, go‘zal tasnifotlar sohibidir”, – degan. Zahabiy: “Kimki ushbu imomning yozgan asarlariga nazar solsa, bu zotning ilm darajasi yuqori, ma’rifati keng ekaniga amin bo‘ladi”, – degan.
Imom Tahoviy tafsir, hadis, aqida, fiqh va siyratga oid ko‘plab asarlar yozib qoldirgan. Ularning ayrimlari quyidagilardir:
1. Ahkamul Qur’an (Qur’on hukmlari);
2. Sharhu ma’onil osor ( Asarlarning ma’nolari sharhi);
3. Aqidatut Tahoviya (Tahoviy aqidasi);
4. Bayonu mushkilil osor (Asarlarning mushkilotlari bayoni);
5. Sharhu jomeis sag‘ir (Jomeus sag‘ir sharhi);
Imom Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 321 yilda Misrda vafot etgan.