Har bir payg‘ambar o‘z onasidan ham ustun bo‘ladi. Shunga qaramay payg‘ambarlar ham onalariga hurmat ko‘rsatib, xizmatlarini qilganlar.
Odob kitoblarimizda kofir bo‘lgan ota-onaga xizmat qilish, nafaqalarini berish, ziyorat etish kerak. Kufrga sabab bo‘ladigan narsalarni qildirishidan qo‘rqsa, ziyorat qilishga borilmaydi, deyilgan. (Bazzoziya)
Rivoyatlarda kelishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam onalarini esga olganlarida ko‘zlariga yosh to‘lardi. Bir kuni yonlaridagi as'hoblariga onadek aziz va mo‘tabar zotning qadr-qimmatini tushuntirib: “Qani endi mening ham onam yoki otam hayot bo‘lib, namoz o‘qib turgan vaqtimda menga “Muhammad o‘g‘lim!” deb ovoz bersalar-u, men esa “Labbay onajon!”, “Labbay otajon!” deb javob bersam” degan ekanlar.
Islom olimi Ibn Sa’dning “Tabaqot-ul Kubro” kitobida yozilishicha, hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bir safar Hudaybiya Umrasini amalga oshirish uchun Makkaga ketishlarida onalarining qabrini ziyorat qilgan ekanlar. Ziyorat chog‘ida qabrni qo‘llari bilan silab, tozalab, ko‘zlariga yosh oladilar. Buning sababini so‘raganlarida: “Onamning menga bo‘lgan shafqat va marhamatlarini esladim” degan ekanlar.
Sut onalari Suvayba
Islom tarixnavisi Ibnu Asirning “Al-Komil fit-Tarix” kitobida yozilishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni Halima xotunga berib yuborilishlaridan oldin, onalari Ominadan keyin birinchi bo‘lib, ma’lum vaqt emizgan ayol Suvayba xotin bo‘ladi. Suvayba Abu Lahabning joriyasi bo‘lgan. U shuningdek, o‘g‘li Masruh bilan birga hazrati Hamza va Abu Salama roziyallohu anhumolarni ham emizgani kitoblarda bayon qilingan. Shuning uchun ham bular Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan sut birodar hisoblanadilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilganlaridan keyin biroz o‘tib Abu Lahab Suvaybani ozod qiladi.
Adabiyotlarda yozilishcha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam umrlari davomida Suvayba xotinni hech qachon unutmaganlar. Makkada bo‘lgan vaqtlarida unga doimo hadiyalar, narsalar berib turganlar. Madinaga hijrat qilganlarida ham har doim hollaridan xabar olib turganlar, tanho qoldirmagan ekanlar. Haybar urushidan qaytishda Suvaybaning va uning o‘g‘li Masruhning vafot etganini eshitib, ko‘zlari yoshlanadi. “Yaqinlaridan kim qolgan?” deb so‘raganlarida, “Hech kim qolmagan”, deb aytadilar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni bor yo‘g‘i bir necha kun emizgan bir ayolga umrlari bo‘yi vafo ko‘rsatishlari... Yillar davomida xizmatini qilgan o‘z onasiga, hatto, bir martalik mehrli tabassumini hadiya qilmaganlar haqida nima ham deyish mumkin?
Sut onalari Halimai Sa’diya (r.a.)
Halima binti Abu Zuayb (r.a) Sa’d qabilasiga mansub bo‘lgan. Halima xotun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni o‘g‘li Abdulloh bilan birga emizgan va to‘rt yoshlarigacha uning yonida qolganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlarida qayd etilgan hayratomuz voqealar, jumladan, choravalarda sutlarining ko‘payishi, har turlik barakaning yog‘ilishi, samodagi soyabon bulut, “qalbni yorish” hodisalari ham aynan mana shu muborak xotin oilasida yashaganlarida ro‘y bergan.
Ibni Sa’dning “Tabaqot”ida yozilishicha, bir kuni Halima xotun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Xadicha onamizga uylanib Makkada yashab turganlarida yonlariga kelib: “Qahatchilik tufayli hayot kechirish juda ham qiyinlashib ketdi, qurg‘oqchilikdan hayvonlar qirilib ketmoqda”, deb aytadilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xadicha onamiz bilan maslahatlashib qirqta qo‘y, minib yuklarini tashib ketish uchun bitta tuya beradilar.
Hatto bir kuni Halima ona yonlariga kelganida o‘rinlaridan turib: “Onajon!, onajon!” deb hurmat va muhabbat ko‘rsatganlari, ridolarini yerga solib unga o‘tkazganlari ham naql qilingan. Halima xotun (r.a) Madinadagi Baqiya qabristoniga dafn qilingan.
Enagalari Ummu Ayman (r.a.)
Barakot nomini olgan bu muborak ayol ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga onalik qilganlar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning onalari hazrati Omina onamiz Madinadan qaytishda yo‘lda vafot etadilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni sog‘-salomat bobolari Abdulmuttalibga olib kelib topshirgan ham aynan mana shu ayol bo‘ladi. Shunda Pag‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam olti yoshlarida bo‘lganlar.
Asl ismi Barakot bo‘lgan, biroq Ayman ismli farzandi tug‘ilganidan so‘ng “Aymanning onasi” laqabi bilan atalgan, shu bilan asl nomi unutilib, ushbu taxallusi bilan mashhur bo‘lib ketgan. U Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oilalarida otalaridan meros sifatida qolgan edi. Payg‘ambarimiz sollallohu alahi vasallam bu zot haqida: “Siz, onamdan keyin onamsiz!” deb marhamat qilganlar. Sarvari koinot sollallohu alayhi vasallam Xadicha onamiz (r.a) bilan turmush qurganlaridan so‘ng, uni ozod qilganlar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam enagalari Ummu Aymanni onalaridek sevganlar, onalaridek o‘zlariga yaqin olganlar. Bu holat o‘sha davr uchun juda ham muhim hodisa bo‘lgan. Zero Ummu Aymanning butun umr joriya maqomida bo‘lgani holda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning unga “Onam” deb murojaat qilishlari masalaning naqadar muhimligiga oydinlik kiritadi. Chunki johiliya davrida arablarda joriyalar hamma insoniy haq va huquqlardan mahrum qilingan edilar. Ana shunday siyosiy-ijtimoiy tuzum hukmron bo‘lgan davrda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning joriya bo‘lgan Ummu Ayman (r.a)ga ona sifatida hurmat va ehtirom ko‘rsatishlari uning maqomini yuksaltirgan edi.
Fotima xotun (r.a.)
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yosh bo‘lganlarida ular uchun juda ham katta xizmati singan yana bir ayol bu Abu Tolibning turmush o‘rtog‘i Fotima xotun hisoblanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘rsatilgan yuksak hurmat va marhamati tufayli ham tez-tez hol-ahvolini so‘rab turganlar. Sakkiz yoshlaridan e’tiboran shu ayolning qaramog‘ida, uning bolalari bilan bir qatorda yotib-turib, birga hayot kechirdilar. Hatto Fotima xotun vafot etganlarida: “Onam vafot etdilar!” degan iborani ishlatganlar va ko‘ylaklarini kafanlikka berib, qabrga ham o‘zlari qo‘yganlar.
Ahmad bin Yaqub bin Ja’farning “Tarixi Yaqubiy” kitobida shunday ifoda etiladi: Fotima xotunning vafoti bilan bog‘liq hodisalarni ko‘rganlar buning sababini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan so‘raganlarida:
“Abu Tolibdan keyin menga bu xotinchalik yaxshilik qilgan odam bo‘lmadi. Oxiratda jannat kiyimlarini kiyishligi uchun ko‘ylagimni berdim. Qabrga ko‘nikishi, o‘rnashib olishi uchun u yerga birga kirdim”, deb aytganlar. Ushbu so‘zlari esa yanada ta’sirlidir:
“U mening onamdir. O‘zining bolalari och turib, yuzlari burishib tursalar-da, oldin mening qornimni to‘ydirardi, sochlarimni tarab qo‘yardi, u mening onamdir!”
Ushbu tarixiy haqiqatlar nazardan o‘tkazilar ekan, butun olamlarga rahmat qilib yuborilgan hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallamda onalarga bo‘lgan muhabbatning juda ham kuchli bo‘lganini ko‘rish mumkin bo‘ladi.
Onalari Ominaning qabrlarini ziyorat qilib, ta’sirlanib yig‘lashlari; bir necha vaqt bo‘lsa-da sut bergan Suvayba xotunga katta iltifotlarda bo‘lganliklari; sut onalari Halima xotunga “Onajonim!, Onajonim!” deb hurmat ko‘rsatib, har turlik yordamlarini ayamaganliklari; onalari yo‘qligini his ettirmasdan qo‘lidan kelgan xizmatini qilgan Ummu Aymanga “Siz mening ikkinchi onamsiz!” deb rahmat bildirishlari; shuningdek, uzoq vaqt bolalari bilan birga bitta dasturxon atrofida o‘tirgan Fotima xotunni “U mening onam edi!” deb hurmat bilan yod etishlari Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamda onalarga bo‘lgan hurmatning naqadar yuksak ekanligining jonli dalillari hisoblanadi.
Ulug‘bek Sultonovning
"Ota-onaga xizmat qilish
odoblari" kitobidan olindi
O‘MI Matbuot xizmati
Hayotda shunday sohalar borki, ularni mukammal egallash uchun butun umr o‘qib-izlanish lozim. Ana shunday kasblardan biri imom-xatiblikdir. Kimdir bu kasb egalariga oson tutishi mumkin. Lekin yetuk imom bo‘lish uchun to‘rt yil madrasa, to‘rt yil diniy oliy ta’lim dargohida o‘qishning o‘zi kamlik qiladi. Chunki imom o‘zi uchun ham jamoat uchun Alloh oldida burchli bo‘lsa, el oldidiga javobgarlik ham katta mas’uliyat yuklaydi. Bu mas’uliyat va xalq ishonchini oqlashning birdan bir yo‘li ilm va taqvodir.
So‘nggi yillarda ilm-fanning barcha yo‘nalishlar qatori diniy-ma’rifiy xususan, shariat, fiqh, aqoid kabi ilmlarni o‘rganish uchun keng yo‘llar ochildi. Bu borada Samarqandda Hadis ilmi oliy maktabi, Imom Moturidiy markazi qoshida Kalom ilmi, Farg‘onada – Marg‘inoniy ilmiy markazida islom huquqi maktabi, Buxoroda – Bahouddin Naqshband markazida tasavvuf maktabi, Qashqadaryoda – Abu Muin Nasafiy markazida aqida ilmi maktabini tashkil etilishi o‘z samarasini berib kelayotir. Chunki imom-xatiblarning madrasa va oliy ta’lim dargohida olgan bilimlarini mustahkamlash, ularni yanada chuqurlashtirish, yangi zamonaviy diniy masalalarni keng o‘rganishda mazkur maktablar muhim ahamiyat kasb etyapti. Bir so‘z bilan aytganda, bu maktablar imom-xatiblarni chin ma’noda sohaning yetuk egasiga aylanishiga zamin bo‘layotir.
Ayni kunda Farg‘ona viloyatidagi Marg‘inoniy ilmiy markazida islom huquqi maktabida yigirmadan ortiq vodiylik imom-xatiblar o‘z ish joylaridan uzilmagan holda diniy bilimlarini yana mustahkamlab, fiqh ilmini chuqurroq o‘rganmoqdalar. Ularga tajribali imom-xatiblar Ubaydulloh domla Abdullayev, Ibrohimjon domla Qodirov va Ahmadxon domla Nizomovlar ustoz-shogird an’anasi asosida ta’lim bermoqdalar. Shu kunga qadar tinglovchilar mazkur ustozlar ko‘magida “Muxtasarul-viqoya”, “Alfiqhul-akbar” kitoblari o‘qib tugatishdi. Ayni vaqtda “Kanzul-daqoiq” va Mulla Aliy Qorining “Alfiqhul-akbar”ga yozgan “Sharhul fiqhil Akbar” kitoblari mutolaa qilinib, asarlar batafsil o‘ranilmoqda. Ushbu asarlar Ahli sunna val jamoa aqidasi asosida mo‘min-musulmonlarni to‘g‘ri aqida hamda dinimiz ta’limotlariga amal qilishda vasatiy tarzda yurishlarida asosiy manbalardir.
Ta’kidlash joizki, imom-xatiblarning mazkur ilm dargohida olayotgan bilim va malakalari faoliyatlari uchun nihoyatda manfaatli bo‘lmoqda. Zero, turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib adashgan yurtdoshlarimizni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, mo‘min-musulmonlarga Ahli sunna val-jamoa va Hanafiy fiqhi asosida islom ta’limotlarini yetkazish, dolzarb mavzularda chiqish qilish, maqolalar yozishda bu dargohdan olinayotgan ilmiy va hayotiy tajribalar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shuningdek, turli uchrashuvlar va mahallalarda olib borilayotgan targ‘ibot tadbirlarida ham mazkur ilmiy maktabda hosil qilingan bilim va ko‘nikmalar asqotmoqda. Imom-xatiblar o‘rtasidagi bilimlar bellashuvida ham mazkur maktab tinglovchilari o‘zini har tomonlama namoyon etayotgani ham e’tiborga molik. Shu bilan birga maktab tinglovchilarining bir qanchasi ilmiy izlanishlarda davom etib, o‘z tadqiqotlari bilan dinimiz ravnaqiga o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar.
Ma’lumki, ilk o‘rta asrlarda Farg‘ona vodiysida fiqh maktabi shakllanib, buyuk allomalar yetishib chiqdi. Birgina Burhoniddin Marg‘inoniy islom xuquqshunosligi borasida beqiyos asarlar ta’lif etgani barchaga ma’lum. Bugun u kishining “al-Hidoya” asari butun musulmon olamida mashhur bo‘lib, islom huquqi – fiqh bo‘yicha eng aniq, mukammal asar sifatida tan olingan.
Bugun ham mazkur an’analar qayta tiklanib, yurtimiz yana ilmu ma’rifat, olim ulamolar diyoriga aylanayotgani quvonarli holdir.
Rahmatulloh JALILOV,
Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot kotibi
(Hidoyat jurnali, 12-son)