Islom olamida yashab o‘tgan olimlar tarixda ilm-fan taraqqiyotiga o‘zlarining qo‘shgan hissalari bilan ajralib turadilar. Qadimda o‘tgan olimlarning merosini o‘rganish orqali bugungi kun olimlari ham fanda katta ixtirolarga sabab bo‘lmoqdalar. Ularning faoliyati musulmon dunyosida ilmning ahamiyatini ko‘rsatadi. Biroq ayrim subyektiv sabablar tufayligina ko‘pchilik musulmon olimlarning mehnati qadrlanmay, e’tirofdan uzoqda qolib ketmoqda.
Olimlarning ishlarini o‘rganib, ularning ahamiyati qay darajada ekanidan kelib chiqqan holda mukofotlovchi Alfred Nobel xotirasiga tashkil etilgan Nobel mukofoti bir qancha musulmonlarga ham berilgan. Biroq ularning umumiy soni mukofotni qo‘lga kiritganlarning atigi 1,2 foizini tashkil etadi.
Nobel mukofoti deganda bizning ko‘z oldimizga ilm-fanda ulkan yutuqlarga erishgan olimlar keladi. Ularning fan taraqqiyotiga qo‘shgan hissalari beqiyosdir. Tinchlik yo‘lida jasorat ko‘rsatganlar esa Tinchlik uchun mukofoti bilan taqdirlanganlar.
Keling Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan musulmonlar bilan tanishamiz.
Tinchlik uchun Nobel mukofotini qo‘lga kiritganlar:
Anvar Sadat (1918–1981) Misr Arab Respublikasi prezidenti. U 1978 yilda Yaqin Sharq mintaqasida tinchlik o‘rnatish maqsadida Isroil va Misr o‘rtasida Kemp Devid sulhini imzolash tashabbuskori bo‘lgani uchun ushbu mukofot bilan taqdirlangan. Nobel mukofotini olgan birinchi musulmon sifatida dunyo tarixida nom qoldirgan.
Yosir Arofat (1929–2004) Falastin muxtoriyati rahbari. Yaqin Sharqda tinchlik uchun qo‘shgan hissasi uchun 1994 yilda Nobel mukofoti bilan taqdirlangan.
Shirin Ebadi (1947) eronlik inson huquqlari himoyachisi. Ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilishdagi xizmatlari uchun 2003 yilda Nobel mukofoti bilan taqdirlangan. Nobel mukofotini olgan birinchi muslima.
Muhammad al-Baradiy (1942) misrlik diplomat. 2005 yilda atom enargiyasini harbiy maqsadlarda emas, tinchlik maqsadlarda foydalanish borasidagi erishgan yutuqlari uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlangan. Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan ikkinchi misrlik.
Muhammad Yunus (1940) bangladeshlik iqtisodchi Grameen Bank asoschisi. 2006 yilda quyi qatlamning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi modelini yaratgani uchun ushbu mukofotga loyiq deb topilgan.
Tavakel Karman (1979) yamanlik inson huquqlari himoyachisi. 2011 yilda tinchlikka erishish jarayonida ayollarning huqularini himoya qilinishida amalga oshirgan xizmatlari uchun mukofotga loyiq deb topilgan. Mukofotni qo‘lga kiritgan birinchi arab ayoli.
Malala Yusufzay (1997) pokistonlik bolalarning ta’lim olish huquqini himoya qilgan faol. 2014 yilda bolalarning ta’lim olish huquqini tiklashdagi xizmatlari uchun mukofot taqdim etilgan. 17 yoshida mukofotni qo‘lga kiritgan eng yosh Nobel mukofoti sohibasi.
Adabiyot yo‘nalishida Nobel mukofotini qo‘lga kiritganlar:
Naguib Mahfuz (1911 –2006) Zamonaviy arab adabiyotiga ulkan hissa qo‘shgan misrlik yozuvchi. 1998 yilda insoniyatga xizmat qiluvchi yangi uslubdagi hayotiy asarlari uchun Nobel mukofotiga loyiq deb topilgan.
Orxan Pamuk (1952) Turkiyalik yozuvchi. Mening ismim Qizil (My Name Is Red) va Qor (Snow) asarlari bilan mashhur. 2006 yilda Adabiyot yo‘nalishidagi Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan. O‘z shahrining tushkunlik kayfiyatini simvollar yordamida tasvirlagan.
Kimyo yo‘nalishida Nobel mukofotini qo‘lga kiritganlar:
Ahmed Zevail (1946 - 2016) misrlik olim. 1999 yilda Kimyo yo‘nalishida Nobel mukofoti sohibiga aylangan. Uning tadqiqotlari kimyoviy reaksiyalarni o‘tish holatini o‘rganishda femtoskund spektroskopdan foydalanish borasida amalga oshirilgan.
Aziz Sanjar (1946) turkiyalik tadqiqotchi. 2015 yilda Aziz Sanjar DNKning qayta tiklanishi jarayonini mexanik o‘rganishda erishgan natijalari uchun Nobel mukofotiga loyiq deb topilgan.
Ko‘pchilik manbaalarda Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan musulmonlar soni 12 nafarni tashkil etilishi aytilgan. Biz esa yuqorida 11 nafar musulmon kishilar haqida ma’lumot berib o‘tdik. G‘arb manbaalarida pokistonlik olim Muhammad Abdussalom ham musulmonlar ro‘yxatiga kiritilgan. U 1926-1996 yillarda yashagan fizik olimdir. Unga 1979 yilda Fizika sohasidagi yutuqlari uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlangan. Ushbu olim Pokistondagi Ahmadiya oqimi a’zosi bo‘lganligi sababli barcha musulmonlar tomonidan yozilgan ma’lumotlarda musulmon olimlar qatoriga kiritilmaydi.
Ma’lumot uchun, 1974 yil aprel oyida Makkai mukarrama shahrida bo‘lib o‘tgan Islom olami anjumani qodiyoniya (Ahmadiya) firqasini Islom dinidan chiqqan firqa deb e’lon qilgan.
Azhari sharif shayxi Shayx Jodul Haq qodiyoniya firqasidan sanalmish ahmadiya guruhini dindan qaytgan guruh deb fatvo bergan.
Xulosa qilib aytganda dindoshlarimiz farzandlarini ilm-fanni egallashga, musulmonlar hayotini yanada yengillashtirishga qaratilgan ixtirolarni qilishga rag‘batlantirishlari lozim.
Jo‘rayev Zohirshoh
O‘MI Matbuot xizmati
Bir qishloqda jahli tez chiqadigan, o‘zini boshqa olmaydigan o‘spirin yigit bor ekan. Kunlardan birida otasi unga har gal jahli chiqqanida bir mix olib, uyning oldidagi daraxtga qoqishini aytdi.
O‘g‘il shunday qila boshladi. Bir necha mix qoqilgan daraxtni ko‘rib, yigitning unga rahmi keldi. O‘zini boshqarishni, sabrli bo‘lishni o‘rgandi. Daraxtga mix qoqmay qo‘ydi. Buni ko‘rgan ota endi o‘g‘liga qoqilgan mixlarni sug‘urib tashlashni buyurdi. O‘g‘il otasining aytganini bajardi.
Daraxtning yaralari bitib, o‘rnida chandiqlar paydo bo‘ldi. Ota o‘g‘liga:
– Qara, o‘g‘lim! Qoqilgan har bir mix bu daraxtni yaralagan edi. Ularni sug‘urib tashlagan taqdiringda ham, o‘rni, chandiqlari qoldi. Endi daraxtning ana shu joylari mo‘rtlashib, qurt tushadi va uni yemiradi.
O‘g‘il boshini egib qoldi. Ota so‘zida davom etdi:
– Bu-ku bir daraxt ekan, Alloh taolo azizu mukarram qilib yaratgan inson zotining qalb atalmish daraxtiga ham ba’zan til atalmish bolg‘a bilan so‘z atalmish mixlar qoqiladi. Garchi keyin xatolar tan olinib, uzr so‘ralib, u “mix”lar sug‘urib olinsa-da, o‘rnida chandig‘i, dog‘i qoladi... Sen o‘shanday mixlarni qoqishdan saqlan. O‘zingni idora qilishni, jahlingni jilovlashni o‘rgan!..
Darhaqiqat, inson qalbi go‘yo nafis bir oynaga o‘xshaydi. U darz ketsa, keyin hech qachon aslidagidek tiklanmaydi. Shunday ekan, har doim Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga o‘xshab muomila qilishni o‘rganaylik hech bo‘lmasa harakat qilaylik. Alloh hammamizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin! Zero, ko‘ngil – Yaratganning nazargohidir.
Qudsiy hadislardan birida Alloh taolo: “Men sizlarning na suratingizga va na chiroylaringizga qarayman. Balki qalblaringizga qarayman va sizlardagi yaxshi xislatlardan rozi bo‘laman”, degan.
Akbarshoh Rasulov