Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Iyun, 2025   |   23 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:29
Asr
17:40
Shom
20:02
Xufton
21:41
Bismillah
19 Iyun, 2025, 23 Zulhijja, 1446

"Islomofobiya" - haqdan qo‘rqishmi yoki haqdan to‘silish?

30.03.2018   6755   4 min.

Hayotimizda ko‘p bora fobiya tushunchasiga duch kelamiz. Fobiya (phobia) aslida ingliz tilidan olingan bo‘lib, "biror bir narsadan qo‘rqish" degan ma’noni anglatadi. Fobiyaning turlari ko‘p, masalan: gidrofobiya - suvdan qo‘rqish, ayerofobiya - samolyotdan qo‘rqish, spayderfobiya - o‘rgimchakdan qo‘rqish...

 Ammo mana bir necha yildirki, fobiyalar qatorida islomofobiya ham tez-tez tilga olinmoqda. Islom so‘zi arab tilidan tarjima qilinganda "bo‘ysunish, taslim bo‘lish" degan ma’noni bildiradi. Agar Islom so‘zining yanada tub ma’nosiga nazar tashlasak, uning asli "tinchlik" degan ma’noni anglatishini bilamiz. Demak, Islom asli tinchlik ekan, u holda islomofobiya - "tinchlikdan qo‘rqish" bo‘ladimi?! Nahot insonlar asrlar davomida dunyo belanchagini o‘zining ezgu g‘oyalari ila tebratib kelgan haq dindan qo‘rqib, undan yuz o‘girsalar?! Nima sababdan avval Yevropa, asta-sekin Osiyo yoshlari orasida bu tushuncha tobora keng quloch solib bormoqda? Buning boisini bilishni istasak, ayni damda musulmonlar yashovchi mintaqalarida yuz berayotgan hodisalar bilan chuqur tanishimiz lozim.

XX asrning so‘nggi yillaridan buyon Arab diyorlaridagi notinchliklar jahon hamjamiyatining e’tiborini o‘ziga qaratdi. Avval Afg‘onistonda yuz bergan voqealar Misrdagi davlat to‘ntarishi bilan davom etdi. Yaman ham ichki urushlar oqibatida parchalanish holiga keldi. Liviya, Pokiston kabi davlatlarda ham ahvol havas qilinmaydigan darajaga yetdi. Uchinchi qo‘l kirdikorlari bilan yuzaga kelgan bu ziddiyatlardan aslida Islomni va musulmonlarni yomonotliq qilish, Islom ma’rifatini tarqalishiga to‘sqinlik qilish, omma nazdida musulmonlarni hamisha janjal chiqaradigan, hech tinchimaydigan  xalq sifatida ko‘rsatish edi.

Aynan shu vaziyatda Iroq va Suriyada ISHID tashkil topdi. Islom dushmanlari uchun yangi bahona topildi. Uni yo‘q qilishga olib borilgan harakatlar natijasi muvaffaqiyatli yakun topdi.

Keyingi voqealar Myanma hududida sodir bo‘ldi. Butun dunyoga Myanmada istiqomat qiluvchi rohinja musulmonlarini terroristlikda ayblab, o‘zlarini jabrdiyda qilib ko‘rsatgan, ularning hujumlarini qurboni bo‘lganlarini jar solgan myanmalik buddaviylarning, alaloqibat yolg‘on ma’lumot tarqatganlari ma’lum bo‘ldi. Necha minglab musulmonlar begunoh halok bo‘lganlari oydinlashdi.

Voqe’likka teran nigoh ila nazar tashlaydigan bo‘lsak, asl aybdor etib musulmonlar ko‘rsatilganiga guvoh bo‘lamiz. Ammo urushlar natijasida jabr chekkan, halok bo‘lganlar ham musulmonlar ekanligini kim qanday izohlab bera oladi?

 Aslida Islom tinchlik va omonlik dini.  Islomning muqaddas manbalari hisoblangan – Qur’oni Karim va hadislarda ko‘p bora insonlar yer yuzida buzg‘unchilik qilmay, o‘zaro ahil va inoq yashashlari kerakligi ta’kidlangan. Jumladan, Baqara surasining 60-oyatida shunday deyiladi: “Alloh bergan rizqdan yeb-ichinglar va Yer yuzida buzg‘unchilik ustiga buzg‘unchilik qilmanglar”. Yoki shu suraning 208-oyatida: “Ey iymon keltirganlar! Tinchlikka to‘lig‘icha kiringlar”, deb marhamat qilingan.

Islomda tinchlik inson qalbining tinchligidan boshlanadi. Banda o‘z Parvardigori, borliq va Oxirat haqidagi sof va sog‘lom Islom e’tiqodi bilangina qalb tinchligiga erisha oladi. So‘ngra bu tinchlik oilaga, so‘ng qo‘ni-qo‘shnilar orasiga, yurt orasiga ko‘chib, nihoyat Islom  ko‘zlagan tinchlikda butun dunyo tinchligiga erishiladi.

Hozirgi kunda Respublikamizda Islom ma’rifatini yosh avlod ongiga to‘g‘ri yetkazish borasida ko‘p ishlar amalga oshirilmoqda. O‘rta maxsus islom bilim yurtlari qoshida Qur’oni Karim va arab tilidan maxsus o‘quv kurslari ochilgani, islom bilim yurtlariga qabul qilish kvotalarini ko‘paygani, Yurtboshimiz Shavkat Miromonovichning “Qur’onni eshitish, eshita olish yuksak ma’naviyat, ma’rifat. Qur’on hech qachon yomonlikka da’vat qilmaydi. Agar Qur’onni eshita olsak, eshittira olsak, bu muvaffaqiyat bo‘ladi. Elimizga nur keladi” degan so‘zlarining amaldagi namunasi sifatida ilk bora O‘zbekiston Qur’on musobaqasi tashkil etilgani va shu kabi ishlar buning yaqqol misoli bo‘ladi.

Xulosa shuki, biz agar butun Yer kurrasi uzra tinchlik bo‘lishini istasak, avvalo o‘zimizning Islom borasidagi tushunchalarimiz, e’tiqodimizni poklashimiz, botil g‘oyalarga ergashmasligimiz lozim. Ana shunda Islomofobiya kabi mantiqsiz va zararli tushunchalar tarqalishiga to‘sqinlik qilgan bo‘lamiz.

Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta

maxsus islom bilim yurtining

4-kurs talabasi Yusufiy Rokiya

O‘MI Matbuot xizmati

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Yolg‘iz qolganda ham Allohdan hayo qiling!

18.06.2025   1684   3 min.
Yolg‘iz qolganda ham Allohdan hayo qiling!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Hayo – iymondandir. Iymon jannatdadir. Fahsh qabohatdandir. Qabohat esa do‘zaxdadir” [1], deganlar.

Ka’b hazratlarining bir gaplari bor: “Hammaning oldida odamlardan uyalganingiz singari yolg‘iz qolganda ham Alloh taolodan hayo qilinglar”.

Bizlar omma oldida uyatchan bo‘lganimiz qadar maxfiy paytlarda Alloh taolodan hayo qilayapmizmi?! Hammaning oldida biror xato qilib qo‘ygudek bo‘lsak, odamlar bizni gap-so‘z qilishlaridan qo‘rqib yurganimiz kabi hech kim ko‘rmagan paytda Alloh bizni ko‘rib turganini his qila olyapmizmi?! 

Ulug‘lardan biri bunday deydi: “Hammaning oldida qilishdan uyaladigan ishini yashirincha qilgan odamning qadri yo‘qdir”.

Alloh taoloning nazdida beqadr bo‘lishimiz va odamlar orasida hurmatimizni yo‘qotishimiz qay birimizga yoqadi?! Mana bu misralar juda to‘g‘ri yozilgan:

Gar hayo pardasi sitilsa nogoh,
Qo‘rquv ham solmasa ish nihoyasi,
Istagan narsangni qilaver gumroh,
Bexayr hayotning shudir doyasi.
Iffat tark aylasa insonni agar,
Ortidan ketgaydir xayru halovat.
Ko‘zlaring ochibroq solsang-chi nazar:
Po‘stloq turar ekan, novda salomat!

 Lekin hayo bobida uyalmaslik kerak bo‘lgan amallar ham borki, bu ishlarni hikmat va odob ila ado etmog‘imiz lozim. Ulug‘lardan biri: "Uch narsa borki, ulardan uyalma:

1. Ilm izlash. Bir so‘rab, bir so‘ramay yuradigan bo‘lsang, u holda hech qachon ilmga erisha olmaysan.

2. Badan kasalligi. Alloh taolo seni birorta kasallik bilan sinasa, o‘z qobig‘ingga o‘ralib olib, odamlardan ajralma.

3. Kambag‘al yaqin qarindosh. Bu mening amakimning o‘g‘li yoki tog‘amning o‘g‘li deyishdan uyalma”, deydi.

Hayo martabalarining eng yuqorisi banda Robbisidan hayo qilishi va U Zotga osiylik qilmasligi, ibodatlarida kamchilikka yo‘l qo‘ymasligidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim Alloh taolodan hayo qilsa, boshni va u qamrab olgan narsalar (ko‘z, quloq kabi a’zolar)ni  saqlasin, qorin va u qamrab olgan narsalar (farj kabi a’zolar)ni ehtiyot qilsin. O‘lim va chirishni yodga olsin. Oxiratni istagan kishi dunyo ziynatlarini tark qiladi, kim ularni qiladigan bo‘lsa, Alloh taolodan haqiqiy ma’noda hayo qilgan bo‘ladi”, [2] dedilar.

Alloh taolo bergan ne’matlarini va U Zotning haqqini ado etishda kamchilikka yo‘l qo‘yayotganingizni ko‘ra olishingiz hayodandir. Alloh taologa itoat qilib, Unga osiylik qilmasangiz qiyomat kunida bandaga amallari ko‘rsatilganida Alloh taolo u bandani azoblashdan hayo qiladi.

Rivoyat qilinishicha, Misr azizi (shoh yoki xazinabon)ning ayoli Yusuf alayhissalomga ko‘ngli tushib buzuq ishni qilmoqchi bo‘lganida, uyning burchagida turgan butning yuzini yopib qo‘yadi. Shunda Yusuf alayhissalom: “Nima qilyapsan?” – deb so‘raydi. Ayol javoban: “Undan hayo qilyapman”, deydi. Yusuf alayhissalom esa: “Men Allohdan hayo qilishga haqliroqman”, deydi.

 

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Imom Termiziy rivoyat qilgan va “Hasan sahih” qaror bergan.
[2]  Imom Ahmad va Imom Termiziy rivoyati.

 

Maqolalar