Inson o‘zi orzu qilgan haqiqiy saodatga erishish uchun intilib yashaydi. Lekin haqiqiy saodat haqida har kimning o‘z tushunchasi bor.
Kimdir haqiqiy baxtni mol-dunyoga erishish deb biladi. Umrini mol-dunyo jamlash uchun yelib-yugurib o‘tkazib yuboradi. Mol-dunyo “bir lahzalik saodat” ekanligidan, uning abadiy emasligidan xabari yo‘q. Qur’oni Karimda qiyomat kuni bandalar hisob qilinishi haqida hamda nomai a’moli chap tomondan berilgan bandaning quyidagicha hasrat chekishi zikr qilinadi:
مَا أَغْنَى عَنِّي مَالِيَهْ
هَلَكَ عَنِّي سُلْطَانِيَهْ
Menga mol–mulk ham asqotmadi. Saltanatim ham halok bo‘lib ketdi (Hoqqa surasi 28-29-oyatlar).
Kimdir haqiqiy baxtni hamma havas qiladigan, e’tiborli mansabga erishish deb biladi. O‘sha maqsadiga yetishish uchun barcha chora–tadbirlar, vosita–yu sabablarni ishga soladi. Yana kimdir uni sihat-salomatlik deb bilsa, boshqalar uni tinch-omonlikda hayot kechirish deb tushunadi. Ayrim insonlar esa, haqiqiy baxt–saodat bu Allohga iymon keltirish va Unga itoat etish, oxiratda Uning jannatiga noil bo‘lish deb biladilar.
Insonlarning baxt haqidagi tushunchalarining turli xil bo‘lishining sababi, o‘zlarida o‘sha narsaning bo‘lmasligi yoki uni yo‘qotganliklaridir.
Masalan, mol–dunyosini yo‘qotgan kishi haqiqiy baxtni mol–dunyoda deb biladi.
Bir muddat ish topa olmay sarson bo‘lgan kishi, o‘zi istagan faoliyatga kirishgach, o‘zini baxtiyor his qiladi.
Uzoq vaqt shiftga termulib xastalikni boshdan kechirgan bemor uchun tani jonining sog‘ bo‘lishidan katta baxt yo‘q.
Demak, biror narsani yo‘qotgan kishi unga ega bo‘lgandagina haqiqiy saodatni his qilar ekan.
Aslida, qalbida hotirjamlikni, jismida farovon hayotni izlagan kishi, uni Robbisiga itoat etish, buyruqlariga bo‘ysunish va gunoh ma’siyatlardan yiroqlashish bilangina topadi. Chunki haqiqiy mo‘minning qalbi dunyo matolari ila huzurlanishdan ko‘ra Robbisiga ibodat qilishdan lazzat oladi. U iymoni, toati bilan Robbisiga yaqinlashgani sayin, qalbi unga bog‘lanaveradi. Hatto, Allohning muhabbati uning asosiy maqsadi bo‘lib qoladi.
وَالَّذِينَ آمَنُوا أَشَدُّ حُبًّا لِلَّهِ
Iymon keltirganlarning Allohga bo‘lgan muhabbatlari esa (ularnikidan) kuchliroqdir (Baqara surasi 165-oyat).
Albatta, Allohga ibodat qilish va Unga yaqinlashish oddiygina quruq gaplar emas. Balki voqelikda o‘z isbotini topgan eng to‘g‘ri yo‘ldir. Ibodatning asari dunyo va oxiratda zohir bo‘ladi. Banda uchun undan foydali yo‘l yo‘q. Faqat shu yo‘l bilangina u haqiqiy saodatga erishadi.
فَمَنِ اتَّبَعَ هُدَايَ فَلَا يَضِلُّ وَلَا يَشْقَى (123) وَمَنْ أَعْرَضَ عَنْ ذِكْرِي فَإِنَّ لَهُ مَعِيشَةً ضَنْكًا وَنَحْشُرُهُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ أَعْمَى (124) قَالَ رَبِّ لِمَ حَشَرْتَنِي أَعْمَى وَقَدْ كُنْتُ بَصِيرًا (125)
Bas, sizlarga (Men) tarafdan hidoyat kelganidakim Mening hidoyatimga ergashsa, yo‘ldan ozmas va baxtsiz bo‘lmas. Kim mening eslatmamdan yuz o‘girsa, uning uchun tang (baxtsiz) turmush bo‘lishi muqarrar va Biz uni qiyomat kunida ko‘r holda tiriltirurmiz. U “Rabbim! Nega meni ko‘r holda tiriltirding,axir (oldin) ko‘ruvchi edim-ku?!” – deydi (Toho surasi 123-125-oyatlar).
Mufassir ulamolar ushbu oyati karimadagi فَلَا يَضِلُّ “yo‘ldan ozmas” so‘zini “dunyoda yo‘ldan ozmas” deb, وَلَا يَشْقَى “baxtsiz bo‘lmas” so‘zini “oxiratda baxtsiz bo‘lmas” deb tafsir qilganlar.
Shuningdek, doimiy tarzda Allohni zikr qilish qalbni qotib ketmasligiga sabab bo‘ladi. Qolaversa, qalb xotirjamlik va sakinat ila orom oladi.
الَّذِينَ آمَنُوا وَتَطْمَئِنُّ قُلُوبُهُمْ بِذِكْرِ اللَّهِ أَلَا بِذِكْرِ اللَّهِ تَطْمَئِنُّ الْقُلُوبُ
Ular imon keltirgan va qalblari Allohning zikri bilan orom oladigan zotlardir. Ogoh bo‘lingizki, Allohni zikr etish bilan qalblar orom olur. (Ra’d surasi 28-oyat).
Ulamolar zikr qilishning bir necha foydalarini bayon qiladilar:
1) Zikr qilish bilan banda Allohning roziligiga noil bo‘ladi.
2) Zikr shaytonni quvadi.
3) Mo‘minning qalbidan qayg‘u, g‘am-tashvishni ketkazadi.
4) Xursandchilik, shodlik va mamnunlikni olib keladi.
5) Sihat-salomatlikni mustahkamlaydi.
6) Yuz va qalbga nur baxsh etadi.
7) Rizqni ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
8) Alloh taologa va insonlarga muhabbatni paydo qiladi.
Avazxo‘ja BAXROMOV,
Toshkent tumani “Xolmuhammad ota”
jome masjidi imom-xatibi tayyorladi
O‘MI Matbuot xizmati
No‘monxon Yahyoxon,
Toshkent islom instituti talabasi