1-savol: Ayollar ruku va sajdani qanday qilishadi?
Javob: Ayollar sajdada qorinlarini sonlariga, boldirlari va bilaklarini yerga tekkizib, bilaklarini qo‘ltiqlariga yopishtirib sajda qiladi. Ayollar sajdada qadamlarini tikka qilmay, ularni juftlab o‘ng taraflaridan chiqarib, oyoq barmoqlarini iloji boricha qiblaga qaratishadi (“Hidoya”).
Ayollar ruku uchun salgina engashadi. Rukuda qo‘l barmoqlarini juftlashtirib, tizzalariga qo‘yishadi. Ayollar qa’dada dumbalari bilan yerga o‘tiradilar. Oyoqlari esa o‘ng tarafdan chiqib, barmoqlari qiblaga qaratiladi (“Raddul Muhtor”, “Bahrur roiq”).
2-savol: Ayol kishi umra qilayotgan vaqtida hayz ko‘rib qolsa, nima qiladi?
Javob: Ayol kishi umra qilayotib hayz ko‘rib qolsa, shu yerda umrasini yakunlaydi va sochini qisqartirib, ehromdan chiqadi. Haramdalik vaqtida hayzi to‘xtasa, umraning qazosini ado qiladi.
3-savol: Eri o‘lgan ayolning haj qilishi durust emas deb eshitdim, shu to‘g‘rimi?
Javob: To‘g‘ri. Eri qazo qilgan ayol to‘rt oy-u o‘n kun idda o‘tirishi lozimdir. Eri o‘lgani uchun iddadagi yo taloq iddasidagi ayol hajga bormaydi va boshqaga turmushga chiqmaydi. Iddasi tugab bo‘lgach, uning ixtiyori o‘zida bo‘ladi. Xohlasa, mahramlaridan biri, ya’ni otasi, aka yo ukasi, tog‘a yo amakisi, bobosi yoki o‘g‘illaridan biri hamrohligida haj ibodatini ado etishi mumkin (“Fatovoyi Hindiya”).
4-savol: Ba’zilar ayol kishi qabristonga borib, Qur’on tilovat qilsa, qabul bo‘lmaydi, deyishadi. Shu to‘g‘rimi?
Javob: Ayol kishi qabristonga borib, Qur’on tilovat qilsa, qabul bo‘lmaydi, deyish xatodir. Ammo o‘tganlarning ruhlariga Qur’on tilovat qilish uchun faqat qabristonga borish kerak, deyish noto‘g‘ri. Uyda, har bir namozdan keyin tilovat qilib, savobi marhumga bag‘ishlansa, yetib turadi.
5-savol: Farzandim tug‘ilmay turmush o‘rtog‘im vafot etdi. Uch oylik homilam bilan qoldim. Idda o‘tirishim kerak ekan. Idda nima ekanini tushuntirib bering?
Javob: Idda eri o‘lgan yoki eridan ajrashgan xotinlar boshqa erga chiqishi uchun o‘tishi shart bo‘lgan muddatdir. Bunday ayollarga idda o‘tmagunicha erga chiqish taqiqlanadi. Eri o‘lgan ayol uchun idda 4 oy-u 10 kun, eridan ajrashgan ayol uchun 3 hayz muddatidir. Ushbu muddat Qur’oni karimda bayon qilingan. Ayolning ajralgan yoki vafot etgan eridan homilasi bor yoki yo‘qligi mazkur muddatda aniq bo‘ladi va ayolning rahmi poklanadi. Eridan taloq ila ajrashgan ayol, iddani eri bilan yashagan uyda o‘tkazishi lozim. Homilador ayolning eri vafot etsa yoki taloq qilingan bo‘lsa, tug‘ishi bilan iddadan chiqqan hisoblanadi.
6-savol: Ayollarning tirnoq bo‘yashi mumkinmi?
Javob: Agar surtilgan lak tahorat olganida asl tirnoqqa suv yetishiga to‘sqinlik qiladigan bo‘lsa, yuvilishi lozim bo‘lgan ma’lum a’zoning bir qismiga suv yetmay qoladi. Natijada, tahorat to‘liq bo‘lmaydi. Qolaversa, tirnoqqa surilgan lak yoki bo‘yoq g‘uslga ham monelik qiladi. Shuning uchun ulamolar ayollar g‘usl qilayotganlarida tirnoq va lablaridagi bo‘yoqlarni ketkazishlari zarurligini ta’kidlashgan.
7-savol: Nima uchun Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning ayollari mo‘minlarning onalari deyiladi?
Javob: Alloh taolo bunday marhamat qilgan: “Payg‘ambar mo‘minlarga ularning o‘zlaridan mehribondir, uning xotinlari ularning onalaridir” (Ahzob, 6).
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning ayollari, hurmat qilish va uylanish haromligi borasida ona hukmidadirlar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) vafotlaridan keyin ularga biror kishining uylanishi mumkin emas.
Qur’oni karimda: “Sizlar uchun Allohning payg‘ambariga ozor berish va undan keyin ayollariga uylanishingiz aslo mumkin emasdir. Chunki bu Alloh nazdida ulkan (gunoh)dir”, deyilgan (Ahzob, 53).
Ularga qarash, ular bilan yolg‘iz qolish, ularga meros berib, meros olish va ularning qizlariga uylanish kabi hukmlarda begona ayollar kabidirlar. Begona erkaklar ularga qarashi va ular bilan yolg‘iz qolishi mumkin emas.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) musulmonlarga dinda ota kabi hisoblanadilar. Mujohid bunday degan: “Har bir payg‘ambar ummatining otasidir. Shuning uchun mo‘minlar aka-ukalardir”. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Men sizlar uchun ota kabidirman”, deganlar.
“So‘ragan edingiz” kitobi asosida tayyorlandi
O‘MI Matbuot xizmati
2025 yilning 26 iyun kuni – yangi 1447 hijriy yil – Muharram oyi boshlanishining 1 kunidir. Ashuro kuni 2025 yilning 5 iyul, shanba kuniga to‘g‘ri keladi.
Muharram oyi qanday oy?
Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to‘kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa’da, Muharram, Rajab) to‘rt oyning biri bo‘lib, uning o‘ninchi kuni ya’ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.
Ashuro qanday kun?
Bu kun haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro‘za tutgan. Men Musoga ko‘proq (yaqin bo‘lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro‘za tutib, odamlarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik ko‘rdim”, deganlar.
Ashuro kunini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazardilar?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunni o‘tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ashuro kuni ro‘zasini Ramazon oyi ro‘zasini kutib sog‘ingandek, boshqa kun va oy ro‘zasini kutganlarini ko‘rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xohlasa kelasi yil to‘qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).
Ulamolarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu niyatlariga e’tiboran, Ashuro kuniga qo‘shib bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutmoq afzal deydilar.
Alloh taolo ushbu oyning fazilatlaridan barcha mo‘min-musulmonlarni to‘liq bahramand etsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati