O'zbekiston Respublikasi madaniyat va turizm vazirligi ko'magida Indoneziyaning etakchi "SCTV" telekanalining ijodiy guruhi Samarqandga tashrif buyurdi.
Indoneziyalik jurnalistlar Samarqand haqidagi ikkita teleko'rsatuv uchun materiallar tayyorlash maqsadida qadimiy shaharning tarixiy va diqqatga sazovor joylarida bo'lishdi.
Eslatib o'tamiz, o'tgan hafta viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning Indoneziya Respublikasi Parlamenti Vakillar palatasi Spikeri o'rinbosari Rahmat Gobel bilan uchrashuvi bo'lib o'tgandi.
26 aprelda Jakarta-Toshkent yo'nalishidagi birinchi aviareys orqali SCTV muxbirlari O'zbekistonga 7 kunga kelishi va Toshkent, Samarqand hamda Buxoro kabi qadimiy shaharlar ziyorat turizm salohiyati haqida teleko'rsatuvlar tayyorlashi rejalashtirilganligi ma'lum qilingan edi.
Avval xabar berilganidek, shu yilning aprel' oyida Indoneziyaning mashhur SCTV telekanali O'zbekiston ziyorat turizmi haqida ko'rsatuv namoyish etdi. Ko'rsatuvda ta'kidlanishicha, O'zbekiston ziyorat turizm salohiyati Turkiya sayyohlik sohasi bilan raqobatlasha oladi va indoneziyaliklar uchun yangi al'ternativ va takrorlanmas yo'nalish sifatida ko'rilmoqda.
Surya Citra Televisi (SCTV) Indoneziyaning 240 ta shahrida efirga uzatiladi, teleauditoriya soni 160 million nafarga etadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati