Avval Namangan va Farg‘ona viloyatlarida diniy xodimlar, imom-xatiblar va mudarrislar ishtirokidagi yig‘ilishlar o‘tkazilgani haqida xabar berilgan edi.
Farg‘ona viloyatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rildi. O‘zbekiston musulmonlari idorasining Farg‘ona viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Tursuntohir Erbo‘tayev o‘z xohishiga ko‘ra egallab turgan ushbu lavozimidan ozod etilib, Farg‘ona shahri “Ummul Quro” jome masjidi imom-xatibi vazifasida qoldirildi.
Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahri bosh imom-xatibi Abdullayev Ubaydullo O‘zbekiston musulmonlari idorasining Farg‘ona viloyati vakili vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari, "Vaqf" xayriya jamoat fondi rahbari Zayniddin doma Eshonqulov "Hasana" tashkilotining O‘zbekiston bo‘yicha vakillari Husayn Karaga va Namik Demirkanni qabul qildi.
Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuvda "Hasana" vakillari "Vaqf" xayriya jamoat fondi bilan bir necha yillardan buyon hamkorlik qilib kelishini, tashkilot turli xayriya va saxovat tadbirlarida ishtirok etishini ta’kidlab, yaqinlashib kelayotgan Qurbon hayitida ham bu an’ana davom etishidan umidvor ekanligini qayd etib o‘tishdi.
"Vaqf" xayriya jamoat fondi rahbari mehmonlarni O‘zbekistonda ko‘rib turganidan xursandligini bildirib, Qurbon hayiti munosabati bilan yurtimizda ko‘plab ezgu ishlar amalga oshirilayotganini, Yurtboshimiz tashabbusi bilan yuzlab og‘ir ahvoldagi bolajonlarning davolanish xarajatlari davlat tomonidan qoplab berilayotgani ta’kidlab o‘tdi. Fond "Hasana" bilan bo‘ladigan hamkorlikdagi ishlarga doim tayyorligini aytib, ehtiyojmand, kam ta’minlangan oilalarga naf beradigan har qanday xayrli loyihaning amalga oshishidan xursand bo‘lishini qayd etib o‘tdi.
Muloqot davomida "Hasana" vakillari fond tomonidan amalga oshirilayotgan xayrli loyihalarni e’tirof etib, ta’lim, tibbiyot va boshqa yo‘nalishlarda ham fond bilan hamkorlik qilishga kelishib olishdi. Bu safar muborak Qurbon hayiti munosabati bilan 10 bosh qoramol qurbonlik qilib, talaba va kam ta’minlangan oilalarga tarqatishni rejalashtirayotganini aytib o‘tishdi.
"Vaqf" xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati