Bugungi kunda aksariyat musulmon mamlakatlarida jamiyatni ichidan tafriqa va fitnalar kelib chiqishiga sabab bo'layotgan ma'naviy tahdidlardan biri takfir hisoblanadi. Takfir hodisasining ilk ildizlari Ali (r.a.) davrida unga qarshi isyon ko'targan xorijiylar faoliyatiga borib taqaladi.
Horijiylar o'zlariga qo'shilmagan yoki ergashmagan barcha kishilarni, hatto ular musulmon bo'lsalar ham, kofir deb e'lon qilishgan. Katta gunoh qilgan musulmonlarni ham kofirga chiqarib, ularning avlodi, moli va jonini o'zlariga halol sanashgan. Ular o'z davrlarida Usmon ibn Affon (r.a.), Ali ibn Tolib (r.a.) kabi “xulofoi roshidinlar”ni ham kufrda ayblashgan. Taassufki, hozirgi kunda ham turli diniy mutassib va ekstremistik tashkilotlar yuqoridagi kabi islom ahkomlarini ko'r-ko'rona buzgan holda o'zlariga ergashmagan musulmonlarni va dunyoviy hokimiyatga nisbatan “kofir” deb asossiz hukm chiqarmoqdalar. Mutaassiblar shu yo'l orqali o'zlari muxolif sanagan odamlarning joni va moliga tajovuz qilishni, jamiyat va davlatga qarshi fitna qilishni shariat jihatidan “halol” qilib olishga, qotillik va bosqinchilik faoliyatini oqlab olishga harakat qiladi. Darhaqiqat, islom musulmon odamni kofirga chiqarishdan qaytaradi. Hanafiylik mazhabi va moturidiylik aqidasiga muvofiq, imonning sharti yakkaxudolikka til bilan iqror bo'lish, qalb bilan tasdiqlash sanaladi. Insonning imonini o'lchash imkoniyati boshqa insonda yo'q, chunki imon inson qalbida bo'ladi.
Shariatga ko'ra, qalbni faqat Alloh biladi. Shunga ko'ra, musulmon odamning imoni haqidagi hukmni yolg'iz Alloh chiqaradi. Bunga mazkur hadis dalil bo'ladi: “Payg'ambar (s.a.v.): “Uch narsa iymonning aslidandir: “Laa ilaaha illallohu” degan kimsaga tegmaslik. Gunohi tufayli uni kofirga chiqarmaymiz. Amali tufayli uni Islomdan chiqarmaymiz”, dedilar”. (Sunani Abu Dovud, 2532-hadis). Imom Buxoriyning “Sahih” asaridagi bir bob “Johiliyat ishlaridan bo'lib, kufr sanalmaydigan gunohlar bobi” deb nomlangani ham musulmon inson gunoh sodir etish bilan islomdan chiqmasligiga ishora qiladi. Katta (kabira) gunoh sodir etgan mo'min kishi, “Ahli sunna val-jamoa” e'tiqodiga ko'ra, qilgan ishini halol sanamas ekan, kofir bo'lmaydi. To'rt mazhab ulamolari ittifoqiga ko'ra, katta gunoh sodir etgan shaxs do'zaxda ham abadiy qolmaydi. Musulmonni kofirga chiqarishdan kelib chiqadigan xatarlar bois Qur'on va sunnatda birovlarni kofirga chiqarishdan qaytariladi. Musulmonlarni dinsizlikda ayblash mumkin emasligi haqida Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda: “Rasululloh (s.a.v.): “Biror kishi o'z birodariga: “Ey kofir!”, – desa, bu so'z ikkalasidan biriga tegishli bo'ladi”, dedilar (ya'ni, agar kofirlikda ayblovchi haq bo'lsa, ayblanuvchi kofirligicha qoladi. Basharti haq bo'lmasa, u holda o'zi kofir bo'ladi)”, deb ta'kidlangan (Imom Buxoriy, 6103-hadis). Boshqa hadisda “Buzuq va kofir bo'lmagan odamni buzuq va kofir degan odamning o'zi kofir va buzuqdir”, deyilgan (6045-hadis).
Hanafiylik mazhabida imonning sharti yakkaxudolikka til bilan iqror bo'lish (shahodat kalimasi), qalb bilan tasdiqlash hisoblanadi. Islom ta'limotiga ko'ra, gunoh sodir etgan odam, agar qilgan ishini halol deb hisoblamasa, u kofir bo'lmaydi, balki gunohkor bo'ladi. Imom Abu Hanifa o'zining “Fiqhi akbar” asarida mazkur masalaga quyidagicha hukm bergan: “Biror musulmonni qilgan gunohi sababli kofirga chiqarmaymiz, garchi u kabira gunoh bo'lsa ham, basharti uni halol deb e'tiqod qilmagan bo'lsa”. Abu Ja'far at-Tahoviyning “Al-aqidatut-tahoviya” risolasida esa “Bizning qiblamizga qarab namoz o'qiguvchilarni musulmon sanayveramiz. Shart shuki, Muhammad (s.a.v.) keltirgan barcha ma'lumotlarni e'tirof etadigan bo'lsalar”, deyilgan. Dunyo ulamolari birovni kofir deyishdan oldin bu gap o'ziga qaytishi mumkin ekanini haqida ogohlantiradilar. Chunki islomda kofir bo'lishlik bilan o'ta xatarli holatlar yuzaga keladi: u bilan turmush o'rtog'i orasidagi nikoh buziladi; bolalari uning qaramog'idan chiqadi; vafot etsa yuvilmaydi, kafanlanmaydi, janozasi o'qilmaydi, musulmonlar qabristoniga ko'milmaydi va merosdan mahrum bo'ladi; o'sha holida o'lganda do'zaxi hisoblanadi. Shu sababli ulamolar birovni kofirlikda ayblashdan o'zlarini tiyganlar hamda boshqalarni ham bunday ishdan qaytarganlar. Mashhur hanafiy alloma, “Al-bahrur roiq” nomli asar muallifi Ibn Nujaym ta'kidlagan: “Agar kofir deyish uchun to'qson to'qqizta dalil bo'lsayu, kofir demaslik uchun birgina dalil bo'lsa, to'qson to'qqizni qo'yib, o'sha bir dalilni olish kerak”. Shuningdek, ulamolar kufr haqidagi umumiy fatvoni yakka shaxslarga tatbiq qilib yuborish shariatga zid ekanini ham ta'kidlaydilar. Misol uchun, “falon toifaga mansub kishilar kofir bo'ladi” degan fatvo chiqarish xato hisoblanadi. Aslida shariatga ko'ra, yakka shaxslarga nisbatan kufr fatvosini berishdan oldin so'rab-surishtirish, aniqlash va uning o'zi bilan bahs olib borib, o'ziga tan oldirish lozim hisoblanadi. Afsuski, ayrim yoshlarimiz Internet nasl-nasabi, diniy ma'lumoti, kimga xizmat qilish noma'lum kimsalarning ta'sirida vatandoshlari, hatto yaqinlarini dindan chiqqanlikda ayblayotgani juda xatarli holatdir.
Mazkur muammoning eng og'ir jihati shundan iboratki, o'z dindoshlari, yurtdoshlari va qavmi-qarindoshini kofirlikda ayblayotgan bu kabi yoshlar keyingi bosqichda “rahnamo” va “ustozlari” tomonidan go'yoki “hijrat”ga chiqish da'vosida Suriya, Afg'oniston kabi qurolli to'qnashuvlar ketayotgan o'lkalarga chorlanmoqda. Mazkur hududlarga borganlar esa begunoh odamlarni o'ldirish, bosqinchilik qilish, birovlarning uy-joyini egallab olish kabi islomda butkul harom qilingan qabih, gunohi kabira ishlarga qo'l urib, oxiroqibatda juvonmarg bo'lib ketmoqda. Ularga ergashib, beqaror hududlarga borib qolgan turmush o'rtoqlari, singil va farzandlarining ayanchli taqdirini “Mehr” operatsiyalari doirasida Vatanimizga qutqarib olib kelingan ojizalar va go'daklarning ko'z yoshlari va achchiq qismatida ko'rishimiz mumkin. Shu nuqtai-nazardan, yoshlarimizdan Internet va boshqa vositalar orqali tinch-osoyishta yashab kelayotgan musulmonlarni, ayniqsa, diniy ulamolarni kofirga chiqarib obro'sizlantirishga urinayotgan, davlat va jamiyatga qarshi fitna chiqarish, barqaror yurtni barbod qilish kabi gunoh ishlarga da'vat qilayotgan kimsalardan ogoh va ehtiyot bo'lishlari talab qilinadi.
Zangi ota jome masjidi imom-xatibi Ablakulov Luqmon
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi