Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Fevral, 2025   |   7 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:09
Quyosh
07:29
Peshin
12:42
Asr
16:04
Shom
17:49
Xufton
19:03
Bismillah
06 Fevral, 2025, 7 Sha`bon, 1446

Baxtiyor oila – salafi solihlarimiz nazdida

28.03.2018   4644   5 min.
Baxtiyor oila – salafi solihlarimiz nazdida
  1. Ayoliga, farzandlariga, xodimlariga yaxshilik qilish borasida.

Imom Molik rahimahulloh shunday dedilar: “Kishi o‘z ahliga yaxshilik qilishi kerak. Toki u oila a’zolari uchun eng sevimli kishiga aylansin”. 

  1. Rahmonning bandalarining sifatlari bilan bezanish.

Alloh taolo shunday deb marhamat qilgan: 

وَالَّذِينَ يَقُولُونَ رَبَّنَا هَبْ لَنَا مِنْ أَزْوَاجِنَا وَذُرِّيَّاتِنَا قُرَّةَ أَعْيُنٍ وَاجْعَلْنَا لِلْمُتَّقِينَ إِمَاماً

“Ular: “Ey Robbimiz, O‘zing bizga jufti halollarimizdan va zurriyotlarimizdan ko‘zimiz quvonadigan narsa hadya et hamda bizlarni taqvodorlarga yo‘lboshchi et”, deydiganlardir” (Furqon surasi, 74-oyat).

Quraziy rahimahulloh: “Mo‘min kishi ayolini, farzandlarini Alloh azza va jallaga itoat qilayotgan holda ko‘rishidan ko‘ra uning ko‘zini quvontiradigan boshqa narsa yo‘q” deganlar. 

  1. Isrof, zino va xiyonatdan saqlanish borasida.

Imom, tobeiy Yahyo ibn Abu Kasir: “Agar mana bu uch narsa uyda bo‘ladigan bo‘lsa, u uydan baraka olinadi. Bular isrof, zino va xiyonat” deganlar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda shunday deyilgan: “Ey Allohning Rasuli, ayollarning qaysi biri yaxshiroq?” deyildi. U zot sollallohu alayhi vasallam:

“Qaraganda, xursand qiladigani, buyursa, itoat qiladigani, erining ayoli nafsida va o‘z molida yoqtirmaydigan narsasi borasida unga xilof qilmaydigani” dedilar. Imom Nasaiy rivoyat qilgan. 

  1. Ayolning erga itoat qilishi borasida.

“Ibn Ravoha bir kuni yig‘ladi. Ayoli ham yig‘ladi. Shunda u ayolidan: “Yig‘ingning boisi nima?” deb so‘radi. Ayoli: “Sizning yig‘layotganingizni ko‘rdim va shuning uchun men ham yig‘ladim” deb javob berdi. Shunda eri: “Albatta, menga sirotdan o‘tishim haqida xabar berildi. Amallarning o‘lchovi haqida menga xabar berilmadi” dedi.

Bu rivoyatda ayolning eriga itoat qilishiga go‘zal bir misol keltirilyapti. Ayolning eriga itoati oilaning barqarorligi va saodatining mus'hatkam tayanchi, kafolatidir. 

  1. O‘z g‘amlarini oila ahliga aytmaslik borasida.

Imom Ibrohim Harbiy aytadilar: “Onamga ham, singlimga ham, ayolimga ham tanamdagi istimamni aytib, shikoyat qilmadim. Chinakam erkak o‘z g‘amini ichiga yashiradigan va oilasini o‘z g‘amlari bilan parishon qilmaydigan kishidir”.

Darhaqiqat, bu axir Nabiy sollallohu alayhi vasallamning so‘zlarining hayotga tatbiq qilish borasida yuksak xulq namunasi emasmi?!

U zot sollallohu alayhi vasallam shunday degan edilar:

“Sizlarning yaxshilaringiz ahliga yaxshi bo‘lganlaringizdir. Men sizlarning orangizdagi ahliga eng yaxshirog‘ingizman”. 

  1. Allohdan soliha ayol so‘rash borasida.

Alloh taolo Zakariyo alayhissalom haqida hikoya qilganda, shunday deb marhamat qilgan: 

وَأَصْلَحْنَا لَهُ زَوْجَهُ

“Juftini o‘nglab qo‘ydik” (Anbiyo surasi, 90-oyat).

Ba’zi ulamolar: “Kishi Alloh taologa: “Ey Robbim! Ayolimni isloh qilgin! Soliha qilib bergin!” deb ko‘p duo qilishi kerak” deb aytishgan. 

  1. Ayolning eriga murojaat qilishi borasida.

Sa’id ibn Musayyib rahimahullohning ayoli: “Biz erimizga, xuddi sizlar amirlaringizga gapirgandek, gapiramiz” degan. 

  1. Erning ayoliga qanday muomala qilishi kerakligi.

Umar roziyallohu anhu: “Men kishi o‘z ahlida yosh boladek bo‘lishini yaxshi ko‘raman. Agar u erkakka ehtiyoj tushsa, unda erkakdek bo‘lib, (ehtiyojni qondira)di” deganlar. 

  1. Ota-onalarning farzandlari haqiga ko‘p duo qilishlari.

Ota-onalar o‘z farzandlari haqlariga ko‘p duo qilishlari kerak va ularni qarg‘ashdan saqlanishlari lozim.

“Agar ota bolasining haqqiga zolimona ravishda duoibad qilsa, gunohkor bo‘ladi. Bu ish mazlum bola uchun gunohlariga kafforot bo‘ladi va sabr qilganiga ajr oladi”. 

10. Ota-onalarning farzandlariga ibrat bo‘lishi.

Said ibn Musayyib rahimahulloh: “Albatta, men namoz o‘qiyman va shu payt bolamni eslab qolaman. Shuning uchun namozimni ziyoda qilib ado etaman” deganlar.

Ya’ni bolam mendan ibrat oladi deb o‘ylab, namozimni chiroyli tarzda, xushu’-xuzu’sini o‘rniga qo‘yib ado etaman, deganlar. 

 

“Al-usra as-sa’iyda indas salafis solih” nomli

maqoladan Nozimjon Iminjonov tarjimasi

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Lazzati ketadi-yu, gunohi qoladi...

5.02.2025   1500   2 min.
Lazzati ketadi-yu, gunohi qoladi...

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Hakimlardan biri aytadi: “Odam dard oldida yiqilishi ayb emas, balki lazzatlar jarligiga qulab ketishi haqiqiy aybdir”.

Aliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u zot: “Gunohdan lazzatlansang,  u lazzat ariydi, uning gunohi esa qoladi. Agar yaxshilik yo‘lida xorisang, charchoqlar tarqab ketadi, yaxshilik (foydaga) qoladi”, dedilar.

Men Shayx Aliy Tantoviydan hayotlarida o‘qigan eng go‘zal hikmat qaysi ekanini so‘raganimda, u zot: “Yetmish yildan oshibdiki, o‘qish bilan bandman va Ibn Javziy rahimahullohning “Saydul-xotir” kitobida rivoyat qilgan “Shak yo‘qki, toatning mashaqqati ketadi va uning savobi qoladi, ma’siyatlarning lazzati ketadi va uning gunohi qoladi” degan hikmatidan go‘zalrog‘ini o‘qiganim yo‘q”, degan edilar. 

Ushbu ma’nolarni Kusayyir Izza ham aytib, bunday deganlar:

 Haromdan totsang gar lazzat qaymog‘in,
Mazasi ketib qolar, gunohi-ori...

Doimo yodingizda tutingki, hayotda insonni chalg‘itadigan ziynatlar qarshisida nafs ustidan g‘olib bo‘lishdan-da lazzatliroq narsa yo‘q.

Har kishining o‘z lazzat unsurlari bor:

Obidlarning lazzati munojotda.

Ulamolarning lazzati tafakkurda.

Saxiylarning lazzati ehsonda.

Muslihlar (islohotchilar)ning lazzati hidoyatda.

Badbaxtlarning lazzati birov bilan g‘ijillashishda.

Pastkashning lazzati dilozorlikda.

Zalolatdagilarning lazzati ig‘vo va buzg‘unchilikda.

Hech nafsingizdan: “Mening lazzatim nimada?” deb so‘rab ko‘rganmisiz. Hayotning qadr-qimmatini belgilaydigan lazzat puldor bo‘lish, obro‘ orttirish, katta-katta mansab­larda emas. Aslida u  o‘zingizdan keyin qoldiradigan yaxshi nomdadir... U – riyosiz qilayotgan yaxshi ishingizda. U – foydali ilmda. U – farzandlaringizga o‘rgatgan ilmingizda. Ular Qur’on tilovati ila sizga savob yo‘llashadi. Siz undan dunyo va oxiratda foyda olasiz. Hayotning mazmuni bo‘lgan lazzat – bu biror-bir yaxshi odatdir. Sizdan keyin atrofingizdagilar uni odat qilib, hayotlariga tatbiq etadilar. Bu lazzat hayotning qaysi jabhasida bo‘lmasin, Allohning roziligiga erishtiradi...

Hasson Shamsiy Poshoning "Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar" nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.