Imom Molik rahimahulloh shunday dedilar: “Kishi o‘z ahliga yaxshilik qilishi kerak. Toki u oila a’zolari uchun eng sevimli kishiga aylansin”.
Alloh taolo shunday deb marhamat qilgan:
وَالَّذِينَ يَقُولُونَ رَبَّنَا هَبْ لَنَا مِنْ أَزْوَاجِنَا وَذُرِّيَّاتِنَا قُرَّةَ أَعْيُنٍ وَاجْعَلْنَا لِلْمُتَّقِينَ إِمَاماً
“Ular: “Ey Robbimiz, O‘zing bizga jufti halollarimizdan va zurriyotlarimizdan ko‘zimiz quvonadigan narsa hadya et hamda bizlarni taqvodorlarga yo‘lboshchi et”, deydiganlardir” (Furqon surasi, 74-oyat).
Quraziy rahimahulloh: “Mo‘min kishi ayolini, farzandlarini Alloh azza va jallaga itoat qilayotgan holda ko‘rishidan ko‘ra uning ko‘zini quvontiradigan boshqa narsa yo‘q” deganlar.
Imom, tobeiy Yahyo ibn Abu Kasir: “Agar mana bu uch narsa uyda bo‘ladigan bo‘lsa, u uydan baraka olinadi. Bular isrof, zino va xiyonat” deganlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda shunday deyilgan: “Ey Allohning Rasuli, ayollarning qaysi biri yaxshiroq?” deyildi. U zot sollallohu alayhi vasallam:
“Qaraganda, xursand qiladigani, buyursa, itoat qiladigani, erining ayoli nafsida va o‘z molida yoqtirmaydigan narsasi borasida unga xilof qilmaydigani” dedilar. Imom Nasaiy rivoyat qilgan.
“Ibn Ravoha bir kuni yig‘ladi. Ayoli ham yig‘ladi. Shunda u ayolidan: “Yig‘ingning boisi nima?” deb so‘radi. Ayoli: “Sizning yig‘layotganingizni ko‘rdim va shuning uchun men ham yig‘ladim” deb javob berdi. Shunda eri: “Albatta, menga sirotdan o‘tishim haqida xabar berildi. Amallarning o‘lchovi haqida menga xabar berilmadi” dedi.
Bu rivoyatda ayolning eriga itoat qilishiga go‘zal bir misol keltirilyapti. Ayolning eriga itoati oilaning barqarorligi va saodatining mus'hatkam tayanchi, kafolatidir.
Imom Ibrohim Harbiy aytadilar: “Onamga ham, singlimga ham, ayolimga ham tanamdagi istimamni aytib, shikoyat qilmadim. Chinakam erkak o‘z g‘amini ichiga yashiradigan va oilasini o‘z g‘amlari bilan parishon qilmaydigan kishidir”.
Darhaqiqat, bu axir Nabiy sollallohu alayhi vasallamning so‘zlarining hayotga tatbiq qilish borasida yuksak xulq namunasi emasmi?!
U zot sollallohu alayhi vasallam shunday degan edilar:
“Sizlarning yaxshilaringiz ahliga yaxshi bo‘lganlaringizdir. Men sizlarning orangizdagi ahliga eng yaxshirog‘ingizman”.
Alloh taolo Zakariyo alayhissalom haqida hikoya qilganda, shunday deb marhamat qilgan:
وَأَصْلَحْنَا لَهُ زَوْجَهُ
“Juftini o‘nglab qo‘ydik” (Anbiyo surasi, 90-oyat).
Ba’zi ulamolar: “Kishi Alloh taologa: “Ey Robbim! Ayolimni isloh qilgin! Soliha qilib bergin!” deb ko‘p duo qilishi kerak” deb aytishgan.
Sa’id ibn Musayyib rahimahullohning ayoli: “Biz erimizga, xuddi sizlar amirlaringizga gapirgandek, gapiramiz” degan.
Umar roziyallohu anhu: “Men kishi o‘z ahlida yosh boladek bo‘lishini yaxshi ko‘raman. Agar u erkakka ehtiyoj tushsa, unda erkakdek bo‘lib, (ehtiyojni qondira)di” deganlar.
Ota-onalar o‘z farzandlari haqlariga ko‘p duo qilishlari kerak va ularni qarg‘ashdan saqlanishlari lozim.
“Agar ota bolasining haqqiga zolimona ravishda duoibad qilsa, gunohkor bo‘ladi. Bu ish mazlum bola uchun gunohlariga kafforot bo‘ladi va sabr qilganiga ajr oladi”.
10. Ota-onalarning farzandlariga ibrat bo‘lishi.
Said ibn Musayyib rahimahulloh: “Albatta, men namoz o‘qiyman va shu payt bolamni eslab qolaman. Shuning uchun namozimni ziyoda qilib ado etaman” deganlar.
Ya’ni bolam mendan ibrat oladi deb o‘ylab, namozimni chiroyli tarzda, xushu’-xuzu’sini o‘rniga qo‘yib ado etaman, deganlar.
“Al-usra as-sa’iyda indas salafis solih” nomli
maqoladan Nozimjon Iminjonov tarjimasi
O‘MI Matbuot xizmati
Mir Arab oliy madrasasida Buxoro davlat universiteti bilan hamkorlikda alloma ajdodlarimizdan bo‘lgan Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Boburning ijodini o‘rganishga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Unda Oliy madrasaning Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Mustafo Xodjayev, Bahouddin Naqshband jome masjidi imom xatibi Abdug‘ofur Razzoqov, Buxoro davlat universiteti O‘zbek adabiyoti kafedrasi o‘qituvchisi Azimjon Hamidov, ustoz va talabalar ishtirok etdi.
Abdug‘ofur Razzoqov Mir Alisher Navoiy hayoti va ijodi, qoldirgan ilmiy merosi, asarlaridagi yaxshilik, go‘zallikka targ‘ib masalalari, buyuk mutafakkirning nafaqat turkiy, balki, forsiy tilda qilgan ijodining bugungi kundagi ahamiyati haqida so‘zladi.
Azimjon Hamidov esa shoir, adib, olim, sarkarda, yirik davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Boburning hayot yo‘li, asarlari, Vatan sog‘inchi tarannum etilgan asarlariga to‘xtaldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati