Avvalroq, O‘zbekiston musulmonlari idorasida Shayx Muhammadsodiq Muhammadyusuf xotirasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tgani va ushbu tadbirda Shayx hazratlarining farzandlari ishtirok etgani haqida xabar bergan edik. Ushbu tadbirda yurtimizda chop etilgan Qur’oni karimning har biri 31 ming so‘mdan sotilishi tavsiya etilgan edi. Sotuv jarayoni 28 mart kuni boshlanishi ma’lum qilingan edi.
Bugun "Hilol nashr" matbaa-nashriyoti do‘konlarida chop etilgan Qur’oni karimning sotilishi boshlandi. Vakillarimiz sotish jarayonidan fotolavhalarni Siz aziz muxlislarimizga taqdim etamiz. Yuzlab Qur’on muxlislarining navbatda turganini ko‘rib, Mus'hafga nisbatan vatandoshlarimizning muhabbati qanchalik yuqori ekanini kuzatish mumkin.
Bunday hollarda odob saqlagan holda, musulmon kishining o‘z birodariga ozor yetkazmasligi, navbatda turganda ayollar va nuroniy kishilarga ko‘mak ko‘rsatishi maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.
O‘MI Matbuot xizmati
Bir odamning qorni ochdi. U garchi iqtisodiy ahvoli yaxshi bo‘lmasa-da, bir tamaddixonaga kirib, taom buyurtma qildi. Buyurtma tayyor bo‘lgunga qadar derazadan tashqariga qarab o‘tirarkan, ellik yoshlardagi odam tez-tez tamaddixonaga qarab qo‘yayotgani, kirishga jazm qilolmay turganiga ko‘zi tushdi. O‘tgan ketganlar unga e’tibor bermas, u esa aftidan juda och qolgan edi.
Shu payt buyurtma berilgan taom olib kelindi. U esa hech o‘ylanmasdan ovqatni olib, o‘zi och bo‘lsa-da, ko‘chadagi odamga olib chiqib berdi. So‘ng ortiga qaytib, hisobni berishlarini so‘radi. Holatni zimdan kuzatib turgan tamaddixona rahbari xizmatchiga bir qog‘oz berdi. Unda bunday so‘zlar yozilgan edi:
“Insoniylik bebahodir, sizday oliyjanob inson bizning tamaddixonaga kelganidan baxtiyormiz. Ruxsat bersangiz, siz bir miskinni mehmon qilganingiz kabi biz ham sizni mehmon qilsak”.
Xulosa shuki, Alloh taolo hech bir amalni zoye qilmas, bandasini bandasidan qarzdor holda qoldirmas, ehsonga ehson bilan javob qaytarar ekan.
Shunday ekan, imkonimiz borida boshqalarga yaxshilik qilib qolaylik.
Akbarshoh Rasulov