Avvalroq, O‘zbekiston musulmonlari idorasida Shayx Muhammadsodiq Muhammadyusuf xotirasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tgani va ushbu tadbirda Shayx hazratlarining farzandlari ishtirok etgani haqida xabar bergan edik. Ushbu tadbirda yurtimizda chop etilgan Qur’oni karimning har biri 31 ming so‘mdan sotilishi tavsiya etilgan edi. Sotuv jarayoni 28 mart kuni boshlanishi ma’lum qilingan edi.
Bugun "Hilol nashr" matbaa-nashriyoti do‘konlarida chop etilgan Qur’oni karimning sotilishi boshlandi. Vakillarimiz sotish jarayonidan fotolavhalarni Siz aziz muxlislarimizga taqdim etamiz. Yuzlab Qur’on muxlislarining navbatda turganini ko‘rib, Mus'hafga nisbatan vatandoshlarimizning muhabbati qanchalik yuqori ekanini kuzatish mumkin.
Bunday hollarda odob saqlagan holda, musulmon kishining o‘z birodariga ozor yetkazmasligi, navbatda turganda ayollar va nuroniy kishilarga ko‘mak ko‘rsatishi maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.
O‘MI Matbuot xizmati
Kecha, 2025 yil 19 avgust kuni soat 11:11 da Toshkent shahri Olmazor tumanida joylashgan Islom sivilizatsiyasi markazi binolaridan birining tom qismida izolyatsiya qoplamalarini yotqizish jarayonida texnologik qoidalar buzilishi oqibatida yong‘in sodir bo‘ldi.
Hodisa natijasida binoning 19 kvadrat metr tom qismi zararlangani, eng muhimi, binoda fuqarolar jabr ko‘rmagani hamda ichki qismi mutlaqo shikastlanmagani haqida xabar bergandik.
Ammo shunga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarda ushbu voqea yuzasidan turli asoslanmagan yolg‘on fikr va munosabatlar bildirilmoqda. Xususan, yong‘in sodir bo‘lgan paytda majmuada Markaz xodimlari faoliyat olib borayotgani, noyob artefaktlar zararlangani haqida haqiqatga zid xabarlar ham tarqalmoqda.
Shu munosabat bilan quyidagilarni ma’lum qilamiz:
1. Hozirgi paytda majmuada qurilish ishlari yakunlanmagani bois, Islom sivilizatsiyasi markazi xodimlari hali binoga ko‘chib o‘tishmagan.
2. Mazkur binoda hech qanday tarixiy eksponatlar, jumladan, Ka’ba yopinchig‘i joylashtirilmagan.
3. Markazning muzey ekspozitsiyasi uchun olib kelingan barcha noyob artefaktlar alohida nazorat ostida xavfsiz joyda, boshqa binoda saqlanmoqda.
4. Yangi majmua hozircha qabul qilinmagan va rasmiy ravishda foydalanishga topshirilmagan. Shu sababli, majmua binosida Markaz xodimlari ish olib borayotgani yo‘q.
Ma’lum qilamizki, qurilish ishlari quyidagi tashkilotlar mas’ulligida amalga oshirilmoqda: loyihachi – “O‘zog‘irsanoatloyiha” AJ, bosh pudratchi – “Trest-12” AJ, buyurtmachi – Toshkent shahar hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi, moliyalashtiruvchi – Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Alohida muhim ijtimoiy, madaniy va tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash direksiyasi, bundan tashqari xorijning yetakchi bir nechta kompaniyalari va dizaynerlar faoliyat olib borishmoqda.
Islom sivilizatsiyasi markazi fuqarolarimizning milliy meros va muqaddas qadriyatlarga bo‘lgan e’tibor va tashvishini yuksak qadrlaydi. Hozirda qurilish jarayonlari tegishli tashkilotlar tomonidan to‘liq nazoratga olingan, ishlar rejaga muvofiq davom ettirilmoqda va yakuniga yetkazilishi arafasida.
Shu o‘rinda barcha yurtdoshlarimizdan rasmiy manbalar orqali berilayotgan axborotlarga ishonishlarini, turli asossiz xabarlarga e’tibor bermasliklarini so‘rab qolamiz.
Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati