Oyoqlar tirnoqlarining sarg‘ayib, qalinlashishi va yangi qavatlar o‘sib chiqishi, darz ketishi va barmoqlar orasining qichishishi — zamburug‘ (gribok) infeksiyasining belgilaridandir. Statistika Yer yuzi aholisining har 5-kishi bu illatdan aziyat chekishini ta’kidlaydi. Immunitet pasayishi, tor poyabzal, oyoqlarning haddan ziyod terlashi, badandagi ortiqcha vazn —bu kasallik yuqishining asosiy sabab bo‘luvchi omillaridandir. Agar oyoqlarda bunday belgilarni sezib qolsangiz, zudlik bilan undan forig‘ bo‘lishga kirishing.
Xalq tabobati davolash vositalari o‘zining faolligini amalda ko‘rsatgan. Ulardan birini e’tiboringizga havola qilamiz.
Tirnoqlar zamburug‘ illatiidan forig‘ bo‘lishda faol tabiiy vosita
Oddiy iste’mol sodasi va olma uksusi yordamida zamburug‘ga to‘liq barham berish mumkin.
Olma uksusini iliq suvga 1 : 3 nisbatda aralashtiriladi, bu aralashma tog‘oraga quyilib, unga oyoqlar 20 daqiqa davomida solib o‘tiriladi. Shundan so‘ng oyoqlar quruq holga kelgunicha sochiq bilan artiladi. Tog‘oraga yana 2 l iliq suv quyiladi va unga 2 osh qoshig‘ida iste’mol sodasi solib aralashtiriladi. Bu vannaga oyoqlar 15 daqiqa davomida solib o‘tiriladi, so‘ng oyoqlar undan olinib, sochiq bilan yana qurigunicha artiladi va zamburug‘ bilan og‘rigan tirnoqlar qaychi bilan kesib tashlanadi (ular oson ajralib chiqadi).
Zamburug‘ infeksiyasidan forig‘ bo‘lish uchun
bu muolajani har kuni kechqurun to sog‘ tirnoq o‘sib chiqqunigacha davom ettiriladi. Bu uslubdagi muolaja mohiyati shundan iboratki, zamburug‘ nordon suvda qirilib bitadi, iste’mol sodasi esa, kasallikning yangitdan tarqalishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Jaloliddin Nuriddinov tayyorladi
27 mart 2018 yil
O‘MI Matbuot xizmati
Birinchi foyda:
Nega Qur’oni karimda “ankabut” (o‘rgimchak) so‘zi muannas (ayol) shaklida keltirilgan, garchi u muzakkar (erkak jinsida) bo‘lsada?
Oyatda bunday deyilgan:
مَثَلُ الَّذِينَ اتَّخَذُوا مِنْ دُونِ اللَّهِ أَوْلِيَاءَ كَمَثَلِ الْعَنْكَبُوتِ اتَّخَذَتْ بَيْتًا
“Allohdan o‘zgani do‘st tutganlarning misoli, o‘z uyini qurgan o‘rgimchak kabidir...” (Ankabut surasi, 41-oyat).
Oyatdagi اتَّخَذَتْ kalimasida ayol jinsiga dalolat qiluvchi ت “t” harfi kelganiga e’tibor bering.
Aslida “عَنْكَبُوتِ” (o‘rgimchak) so‘zi erkak jinsiga taalluqli.
Demak oyatda اتخذ bo‘lishi kerak edi. Lekin, اتَّخَذَتْ shaklida, ayol siyg‘asida keldi.
Zamonaviy ilm-fan shuni isbotladiki, tabiatan urg‘ochi o‘rgimchakkina uy qurishga qodir ekan. Erkak o‘rgimchak esa, faqat to‘rdan foydalanib harakatlanar, lekin uy qurish imkoniyatiga ega emas ekan.
Agar Alloh taolo oyatda “ankabut”ni erkak siyg‘asida zikr qilganida, bu ilmiy va biologik jihatdan noto‘g‘ri bo‘lardi. Ammo Alloh taolo, ayol siyg‘asini ifodalovchi ت “t” qo‘shimchasini keltirishi Kur’oni karim haq kalom ekaniga bo‘lgan iymonimizni yanada mustahkamladi va bizga haqiqatni ko‘rsatdi. Subhanalloh...
Ikkinchi foyda:
Urg‘ochi o‘rgimchak, bolalari tug‘ilishi bilan erkagini o‘ldirib, uyning tashqariga uloqtiradi.
So‘ngra bolalar kattalashganda, onasini o‘ldirib, uni ham uydan tashqariga uloqtiradilar.
Eng zaif va notavon uy
Alloh taolo Qur’onda buni bitta oyat bilan tasvirlagan:
“Holbuki, eng zaif uy o‘rgimchakning uyasidir. Koshki bilsalar edi” (Ankabut surasi, 41-oyat).
Odamlar o‘rgimchak uyining jismonan zaifligini bilishgan, lekin uning ma’naviy zaifligini faqat shu zamonda tushundilar. Shuning uchun, oyat: “Koshki bilsalar edi!”, jumlasi bilan yakunlandi.
Shunga qaramay, Alloh taolo Qur’on suralaridan birini shunday yoqimsiz hasharotning nomi bilan atadi. Ushbu sura boshidan oxirigacha fitnalar haqida hikoya qiladi.
Suraning boshlanishi: “Odamlar “iymon keltirdik” deyishlari ila imtihon qilinmay, tark etilishlarini o‘yladilarmi?” (Ankabut surasi, 2-oyat).
Davomida:
“Va odamlardan, Allohga iymon keltirdik, deydigan, so‘ngra Allohning yo‘lida ozorlansa, odamlarning fitnasini Allohning azobidek qabul qiladiganlari ham bor. Agar Robbing tomonidan nusrat kelsa, ular, albatta, biz siz bilan birga edik, derlar. Alloh olamlarning ko‘ksilaridagi narsalarni o‘ta bilguvchi zot emasmi?!” (Ankabut surasi, 10-oyat).
Ehtimol, fitnalarga “o‘rgimchak”ning nima aloqasi bor deb o‘ylarsiz?
Javob shuki, fitnalarning bir-biriga chambarchas bog‘liqligi go‘yo o‘rgimchak to‘rining iplariga o‘xshaydi.
Fitnalar shunchalik bir-biriga kirishib ketganki, uni bir-biridan ajratib, farqlab olish juda mushkul. Ular juda ko‘p va murakkab, ammo Allohdan madad tilaganlar uchun ular o‘ta zaif va juda nozikdir.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV