Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Dekabr, 2024   |   20 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:45
Peshin
12:26
Asr
15:16
Shom
17:00
Xufton
18:20
Bismillah
21 Dekabr, 2024, 20 Jumadul soni, 1446

Kichik shirkdan xabardormizmi?

27.03.2018   4163   13 min.
Kichik shirkdan xabardormizmi?

Tavhid aqidasini lozim tutgan musulmon inson shirk narsalarning barchasidan xalos bo‘lishga harakat qiladi. Ammo maxfiy shirk xastaligiga chalinish ehtimoli bor. Bu xastalikning nomi riyodir. Keling, riyo haqida batafsil so‘z yuritamiz.

“Riyo” lug‘atda “ko‘z bilan ko‘rish”, “nazar solish” va “odamlar ko‘rsin”, degan ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa, riyo bir musulmonning Allohning roziligini ko‘zlamay amal qilishi va dunyoviy foydalarni ko‘zlab, zararlarni daf qilish hamda dunyoda martabasi ulug‘lanishi uchun ibodatlarni zohir qilishdir.

O‘z amali ila xolisona Alloh Taoloning roziligini istamagan riyokor halokatga uchrashi bayoni ochiq-oydin dalillar bilan kelgan. Alloh Taolo Baqara surasida:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا لَا تُبْطِلُوا صَدَقَاتِكُمْ بِالْمَنِّ وَالْأَذَى كَالَّذِي يُنْفِقُ مَالَهُ رِئَاءَ النَّاسِ وَلَا يُؤْمِنُ بِاللَّهِ وَالْيَوْمِ الْآَخِرِ فَمَثَلُهُ كَمَثَلِ صَفْوَانٍ عَلَيْهِ تُرَابٌ فَأَصَابَهُ وَابِلٌ فَتَرَكَهُ صَلْدًا لَا يَقْدِرُونَ عَلَى شَيْءٍ مِمَّا كَسَبُوا وَاللَّهُ لَا يَهْدِي الْقَوْمَ الْكَافِرِينَ

«Ey iymon keltirganlar! Sadaqalaringizni minnat va ozor berish bilan, Allohga va oxirat kuniga iymon keltirmasa ham, molini odamlar ko‘rishi uchun nafaqa qilganga o‘xshab botil qilmang. U misoli ustini tuproq bosgan, so‘ngra kuchli yomg‘ir yog‘ib, uni sip-silliq qilib qo‘ygan yassi toshga o‘xshaydir. Kasb qilgan narsalaridan biror narsaga qodir bo‘lmaslar. Va Alloh kofir qavmlarni hidoyat qilmas», degan (264-oyat).

Alloh Taolo Ma’un surasida:

فَوَيْلٌ لِلْمُصَلِّينَ الَّذِينَ هُمْ عَنْ صَلَاتِهِمْ سَاهُونَ الَّذِينَ هُمْ يُرَاءُونَ

«Bir «namozxonlar»ga vayl bo‘lsinki, ular namozlarini unutuvchilardir. Ular riyo qiladiganlardir», degan (4-6-oyatlar).

Ibn Lubayddan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Sizlardagi eng xavfsiraydigan narsam maxfiy shirkdir», dedilar. Shunda sahobalar: «Ey Allohning Rasuli, maxfiy shirk nima?» deb so‘rashdi. U zot bunday dedilar: «Bu riyodir. Qiyomat kuni odamlar o‘z amallari bilan kelishganida Alloh Taolo: «Dunyoda riyo qilganlaringizning oldiga boringlar. Nazar solinglar-chi, ularning oldida mukofot bormikan?» deydi» (Imom Ahmad rivoyati).

Ushbu maqolada riyoning ayrim ko‘rinishlariga to‘xtalib o‘tamiz.

Birinchisi, riyo badan-jasad bilan bo‘ladi. Bunda riyo qiluvchi gavdasining ozg‘inligini, terisining rangi sarg‘ayganini izhor etadi. Bu bilan odamlarga qattiq ijtihod qilganini va oxirat xavfidan ko‘rqayotganini ko‘rsatmoqchi bo‘ladi.

Badan birlan riyo qilgan riyokor

Tani ozg‘in, yuzida safrosi bor.

Ul go‘yoki din uchun mahzun emish

Ham kechalar qiyomi uzun emish.

Shunga o‘xshab, sochini tarashga vaqti yo‘qligini va butunlay din g‘amiga g‘arq bo‘lganini izhor etish maqsadida to‘zigan sochlarini odamlarga riyo qiladi. Ovozini pasaytirib gapirish, doimo ro‘zadorligiga ishora sifatida lablarining qurishgani, ko‘zlarining ichiga kirib kirtayganini riyo qilib ko‘rsatish ham shunga yaqin hisoblanadi.

Shuning uchun ham Iso (alayhissalom) bunday deganlar: “Agar orangizda kimdir ro‘zador bo‘lsa, sochlarini yog‘lab, yaxshilab tarab olsin”. Nega deganda, ro‘zadorga riyo ofatlaridan xavf mavjud. Bular din ahliga badanidan bo‘ladigan riyolardandir.

Ahli dunyolar odamlarga o‘zlarining to‘la-semizliklarini va chiroyli ranglarini, kelishgan qaddi-qomatlarini, go‘zal yuzlarini hamda ozodaliqlarini ko‘rsatib riyo qilishadi.

Ikkinchisi, kiyim-bosh bilan bo‘ladigan riyo. Boshni quyi solib yurish, yuz-peshonada sajda asarini qoldirish  kabilar.

Hikoyat: Bir tegirmonchining eshagi yo‘lda yotgan arslon terisini ko‘rdi. O‘ziga-o‘zi: «Buni kiysam, har kimni qul qilib olaman» deb, darhol arslon terisini kiyib oldi. Bu nayrangni bilmagan hayvonlar unga hurmat va ta’zimni kanda qilmadilar. Tegirmonchi buni bilib qoldi. Eshakning qulog‘i katta bo‘lganidan arslon terisidan chiqib turardi. Tegirmonchi qo‘liga bir tayoq olib, eshakni darhol oldiga solib, urib, bir qul kabi aylantira boshladi…

Tushunib turibsiz, bu nayrangboz va riyokor kimsalar haqidagi hikoyat. Eshak tabiatli kimsalar o‘zlarini arslon ko‘rsatib, kishilarni aldaydilar. Holbuki, ularning bu ishlari riyokorlikdan o‘zga narsa emas. Riyokorlar shu hikoyatda bayon etilgan arslon terisidagi eshakka o‘xshaydilar.

Ammo ahli dunyolarning munofiqliklari nafis liboslarni kiyish, chiroyli ot-ulovlarni minish, kiyimlar, uy-joylar va asbob-uskunalarini bezatish bilan bo‘ladi.

Qimmat markab va hashamdor maskanlar,

Qomat uzra oltin-zarlar osganlar.

Ko‘z-ko‘z etar barcha obro‘-boyligin,

Xonimlar chiroyda shams-u oyligin.

Hozirgi kunda  zamonaviy  kiyinish, yani yoshlar tili bilan aytilsa “moda”ga qarab kiyinish urfga aylanib bormoqda. Ayollarimiz ichida  xorijdan kelgan kiyimlar kiyish, ko‘ylaklar rangiga qarab tufli, hattoki qo‘l sumkalarini ham rangiga mos qilib mashhur firma markalari bosilgan turli-tuman mavsumiy kiyimlarga buyurtma berib kiyinish ommalashib bormoqda. Hattoki erkaklar orasida ham xilma-xil rusumli shim-ko‘ylaklar kiyish urfga aylanmoqda. Alloh Taolo Quroni Karimda “Yenglar, ichinglar, isrof qilmanglar”, deb buyurgan. Yani, ushbu oyatni olimlarimiz tafsir qilganlarida, bu oyatdagi xitob nafaqat yeyish-ichish, balki kiyinishga va boshqa hayotiy ehtiyojlarga taalluqli ekanini eslatib o‘tishgan.

Uchinchisi, so‘z bilan riyo qilish. Riyoning bu turida inson o‘zini so‘zga chechanligini namoyon qilish maqsadida, ibratli she’r, matal, qofiyador jumlalar va boshqalarni yodlab olib, o‘zini boshqalar ichida ajralib turishini namoyon qilgisi keladi.

Riyo birin gap-so‘zinda ayondir,

Dastagi so‘z hamda go‘zal bayondir.

Turfa xabar asarlarni yod olar

Va go‘yoki olimman deb dod solar.

Bezarurat amru-nahi qilar u

Go‘yo olim ko‘p narsani bilar u.

Din ahlining va’z, oxiratni eslash, diniy xabar va osorlarni ma’ruza qilish maqsadida yodlashi, solih salaflar ahvoliga qattiq ahamiyat berishga dalolat qiluvchi hikoya va chuqur ilmni izhor etishi, odamlar huzurida zikr aytish bilan lablarini harakatlantirishi, insonlar o‘rtasida yomon ko‘rilgan narsalardan g‘azablanishini bildirishi, xavf, tavoze va shu kabilarga dalolat bo‘lishi uchun Qur’oni Karimni past ovoz bilan sekin-asta o‘qishi

Dunyo ahlin riyosi ham o‘zgacha,

Go‘zal yuz-u va ohangdor so‘zgacha.

Ranglar toza qomatlar ham mo‘tadil,

Hech kim bilmas so‘zlar aytarlar dadil.

 

To‘rtinchisi, amal bilan riyo qilish. Bunda inson odamlar ko‘rishi va u inson haqida gapirilishi, maqtalishi uchun amal qilinadi.

Yana birin amalida maraz bor,

Namoz qilgay valiy o‘zga g‘araz bor.

Ruku’si ham sujudi uzun-uzun,

Elga dindor ko‘rsatmoq bo‘lgay o‘zin.

Namoz o‘quvchi riyo bilan uzoq vaqt namozda qoim turishi, namoz ruku’ va sajdalarini cho‘zishi, ta’zim-tavozeni izhor qilishi va shuningdek, ro‘za, g‘azot, haj, sadaqa kabilarda ham shu yo‘lni tutish.

Ahli dunyoning riyokorligi odamlarga takabburlik, gerdayish, qo‘llarini silkitish, kerilib yurish bilan bo‘ladi.

Beshinchisi, do‘st va ziyoratchilar bilan riyo qilish. Bunga misol, bir olim yoki obidni ziyorat etish talabida bo‘lishdir. Bu vaqtda: “Chindan ham falonchi falonchini ziyorat qildi”, qabilidagi gaplarga umidvor bo‘linadi. Darhaqiqat, din ahli ularning huzurlariga borib, ulardan tabarruklanishadi (barakalanishadi). Kishining atrofidagi odamlarning ko‘pligi bilan riyolanishi ham shu kabidir. Bunda: “U ko‘p shaxslar bilan uchrashdi va ulardan istifoda etdi”, degan e’tirof bo‘ladi. Bu bilan bir-birlariga maqtanishadi.

Riyo harommi, makruhmi yoki mubohmi, degan savolga bir og‘iz so‘z bilan javob berib bo‘lmaydi. Buning tafsiloti bor:

  • Riyo ibodatlarda bo‘lsa, haromdir. Namozi, sadaqasi, haj ila riyokorlik qiladigan banda osiydir. Chunki u o‘z riyosi ila Allohdan o‘zgani qasd qiladi. Holbuki ibodatga sazovor yagona zot Alloh Taoloning o‘zidir.
  • Riyo ibodatdan boshqa narsada, masalan, mol talabi kabi narsalarda bo‘lsa harom bo‘lmaydi. Chunki bu ish odamlar qalbida joy olmoqlikni istashdan iboratdir. Yusuf alayhissallom ham podshoh huzuridagi amalni o‘zlari talab qilib olganlar. Obro‘ ko‘p bo‘lsa ham, uni harom deya olmaymiz. Lekin obro‘ o‘z egasini nojoiz narsaga boshlamasligi shart. Ammo talabiga hirs qo‘yilmagan va zavol bo‘lganda g‘am-g‘ussaga botmaydigan obro‘ qancha baland bo‘lsa ham zarar qilmaydi.
  • Yaxshi kiyinish ham odamlar huzurida go‘zal ko‘rinish uchun bo‘ladi. Shuningdek, chiroyli ko‘rinish uchun qilinadigan boshqa harakatlarning barchasi ham man qilingan deya olmaymiz. Bunda maqsadlar turlicha bo‘ladi. Kimdir o‘ziga past nazar bilan qaralishini istamaydi. Kimdir berilgan ne’matni izhor qilish niyatida bo‘ladi.

Riyo ochiq va yashirin bo‘ladi:

  • Ochiq riyo insonni amal qilishga undaydi va rag‘batlantiradi (qiziqtiradi, majbur etadi).

Undan ko‘ra sal maxfiyroq riyo amal qilishga majburlamaydi, lekin Alloh Taolo yo‘lida bo‘ladigan amalni yengillatadi.

Undan ham yengilroq riyo amalga ta’sir qilmaydi, uni yengillatmaydi ham. Lekin shu bilan birga, kishi qalbidan o‘rin oladi. Bunda odamlar toat-ibodatidan xabardor bo‘lishsa, kishi juda xursand bo‘ladi. Ba’zan muxlis banda ixlos bilan amal qiladi-da, riyoni qasd etmaydi, aksincha yomon ko‘radi. Amali ham shunga qarab bo‘ladi. Lekin odamlar undan xabardor bo‘lsalar, bundan xursand bo‘lib, rohatlanadi. Bu narsa qalbidagi ibodatdagi ixlosini susaytiradi. Bu xursandchilik maxfiy riyoga dalolat qiladi. Agar qalbda odamlarga nisbatan iltifot bo‘lmasa edi, o‘zgalar xabardorligidan xursand bo‘linmasdi. Bu bilan olov toshga yashiringanidek, riyo qalbida o‘rin olgani bilinadi. Odamlarning xabardor bo‘lishi unda shodlik va xursandchilik uyg‘otadi. So‘ng bu lazzatni sezib qolsa, uni yomon ko‘rmaydi, balki sekin harakat qiladi va buni ochiq yoki ishora bilan boshqalarga bildirishga harakat qiladi.

  • Riyoning ikkinchi turi yashirin riyo hisoblanadi. Uni namoyon qilishga so‘z yoki ishora bilan ochiq urinmaydi. Lekin buni turli alomatlar orqali ko‘rsatadi, masalan, ozg‘inlikni, lablar qurishini, ko‘z yoshlarining asarini, kechasi bilan tahajjud namozi o‘qiganligi dalolati bo‘lgan esnashlikni ro‘kach qiladi.

Bundan ham yashirin riyo odam qilayotgan amalidan boshqalar xabardor bo‘lishini xohlamay, uni berkitadi. Lekin shu bilan birga, odamlarning birinchi bo‘lib salom berishlarini, ochiq yuz va hurmat-e’tibor bilan kutib olishlarini, uning hojatini g‘ayrat bilan tezda ado etishlarini, muomalada unga iltifot, muruvvat ko‘rsatishlarini, o‘tiradigan joyini qulay qilishlarini yaxshi ko‘radi. Xudo ko‘rsatmasin, biron bir kishi bularni bajarishda noqislik qilsa, og‘rinadi. Bularning barchasi ajr-savobni kamaytirishi mumkin. Bu holatdan faqatgina siddiqlargina saqlana oladi.

Xulosa o‘rnida menga juda qattiq tasir qilgan olimlarning so‘zidan quyidagi jumlalarni keltirib o‘tishni lozim deb topdim: «Riyo va sum’a (odamlar eshitishi) uchun amal qilgan kimsa hamyonini toshlar bilan to‘ldirib olgan kishiga o‘xshaydi. U bozorga bir narsa sotib olish uchun kirib, sotuvchining oldida hamyonini ochsa, ichi to‘la tosh bo‘ladi va sotuvchi toshlarni uning yuziga otadi. Insonlarning: «Hamyoni juda to‘la ekanmi?» degan so‘zlaridan boshqa unga hech bir manfaat yo‘q va unga hech vaqo berilmaydi».

Xuddi shunga o‘xshab riyo va odamlar eshitsin, deb qilingan amallardan zarracha foyda yo‘q, oxiratda unga savob ham berilmaydi. Alloh barchamizni riyo kabi yomon illatlarga kurashishda bardavom bo‘lishimizni  nasib qilsin. Faqat ixlos bilan o‘ziga ibodat qiladigan bandalaridan qilsin.

 

Azizaxon MO‘MINOVA

“Xadichai Kubro” o‘rta-maxsus islom bilim yurti talabasi

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Bolalarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lishning zararlari

20.12.2024   15773   1 min.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati