Taraqqiyotning yangi davrida O‘zbekistonda ro‘y berayotgan yangilanishlar nafaqat yurtimiz aholisi, balki dunyo hamjamiyatini ham hayratga solmoqda. Muhtaram Prezidentimizning bevosita tashabbuslari bilan jamiyatning barcha sohalari qatori din yo‘nalishida ham ulkan savobli ishlar qilinmoqda-ki, bundan barcha mamnun bo‘lmoqda. O‘tgan bir yarim yil davomida xalqimizga berilgan erkinliklar va yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar hammamizni behad quvontirmoqda. Xususan, diniy sohasida olib borilayotgan islohotlarni alohida ta’kidlash kerak. O‘tib borayotgan qisqa muddatni asrga tatigulik yil bo‘ldi, desak sira mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu vaqt ichida bir qancha hayratga sazovor o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Keling shulardan ayrimlarini keltirib o‘tamiz:
– mamlakatimiz poytaxtidan tortib, eng olis hududlarida ham yangi jome masjidlar ochilmoqda, azon tovushlari baralla yangrab, xalqimizni jomelar bag‘riga chorlamoqda;
– islomiy ta’lim muassasalari soni 11 taga yetdi. Buxoroda Oliy madrasa ish boshladi. Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va ilmiy maktablar ochilgani ilmiy izlanishlarni yana bir pog‘ona ko‘targan bo‘lsa, o‘tgan yil oxirida Islom akademiyasi tashkil etilishi bunday ishlarni eng yuqori darajaga olib chiqish uchun katta asos bo‘ladi, inshoalloh;
– televideniyada har kuni diniy ko‘rsatuvlar efirga ketmoqda, ayniqsa, “So‘ragan edingiz”, “Qur’oni karimni o‘rganamiz”, “Oltin silsila”, “Bitiklar mutolaasi” kabi ko‘rsatuvlar dastlabki sonidanoq mo‘min-musulmonlar qalbidan joy oldi;
– yana bir xursandchilik, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va “Hilol nashr” nashriyoti bilan hamkorlikda Qur’oni karim chop etilishi mo‘min-musulmonlar ko‘pdan beri kutgan quvonchli voqea bo‘ldi.
Mana shunday ishlardan odamlarning shodu xurramligi nihoyatda cheksiz. Ularning ruhoniyatida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar va hayajonlarini ifodalash juda qiyin. Butun respublikamiz bo‘ylab davom etayotgan qorilar musobaqasi hammasidan ham fayzli bo‘lmoqda. Chunki bu bir musobaqa degani bilan uning tarovati, fayzu barakasi hech kimni chetlab o‘tmayapti. Qur’oni karim o‘qilgan, tilovat qilingan joyga rahmat farishtalari tushadi, baloyu qazolar daf bo‘ladi, odamlar orasida mehr-muhabbat ziyoda bo‘ladi. Bularni ko‘rib quvonish ham, Allohga hamdu sano aytish ham chin mo‘minlik sifatidir.
Haqiqatan, Alloh ta’oloning fazlu karami bilan mana shunday savobli ishlarning tashabbuskori davlatimiz Rahbari ekani va hukumatimizning barcha tashkilotlari o‘zining munosib hissasini qo‘shayotganini sira unutmasligimiz kerak. Din sohasida yangidan-yangi xayrli islohotlar davom etmoqda. Sohani tartibga soluvchi me’yoriy hujjatlarni zamon talabiga moslashtirish borasida ham sa’y-harakatlar olib borilmoqda.
Shu o‘rinda afsus bilan aytish kerakki, ayrim shaxslar yoki kuchlarning ta’siri ostida ba’zi diniy xodimlar tomonidan oqibatini o‘ylamay e’lon qilinayotgan maqolalar, haqiqiy voqelikka zid bo‘lgan xabarlar ko‘pchilikni ranjitmoqda. Tarqatilgan materiallar masjid ochish bo‘lsin, Qur’on kurslari tashkil etish bo‘lsin yoki hamkor tashkilotlar to‘g‘risida bo‘lsin, ularning birortasi haqiqiy holatni ifoda etmaydi. To‘g‘ri kamchiliklarimiz ham bor, lekin kamchilik yoki tushunmovchilik qaysi sohada yo‘q? Bugun jamiyatimizdagi hamma sohada iqtisoddan tortib, ijtimoiy, ma’rifiy, madaniy sohalarning barchasida tubdan islohotlar olib borilmoqda. Nima uchun? Chunki bugungi zamon, tezkor axborot asri shuni talab etmoqda. Bunday holatda agar munosabat bildiriladigan bo‘lsa, yo masalaga obyektiv yondashish kerak yoki umuman munosabat bildirmagan maqul bo‘ladi. Zero, bo‘lib turgan jarayonlardan to‘g‘ri xulosa chiqarmay asossiz vajlar bilan Hukumat idoralariga, yuqori tashkilotlarga tosh otishlar bu o‘ta madaniyatsizlikdan boshqa narsa emasdir.
Mo‘min-musulmonlarga berilayotgan imkoniyatlar, barpo etilayotgan masjidlar, yo‘l yoqalaridagi ochiladigan namozxonalar, ilmiy maktablar, xalqaro markazlar, dunyoning e’tiborini tortayotgan qorilar musobaqasi, baralla aytilayotgan azonlar, namozxonlarning to‘p-to‘p bo‘lib ibodat qilayotganini e’tirof etish o‘rniga ayrim hal etilayotgan muammolar haqida shoshqaloklik qilib noo‘rin gap-so‘zlarni aytishlik haqiqiy mo‘minlik sifatiga to‘g‘ri kelmaydi.
Boshqa qator ishlarda bo‘lgani kabi din sohasidagi ishlarning bosh tashabbuskori ham muhtaram Prezidentimiz ekanini sira ham yoddan chiqarmasligimiz lozim.
Yurtimizda bo‘layotgan bunday ulkan ijobiy o‘zgarish va yangilanishlarni tushunib yetmagan kishilar oqibatini o‘ylamay qilgan ishlari natijasida turli fitnalarga sababchi bo‘lib qolishdan saqlanishlarini tavsiya etamiz.
G‘arbdagi ayrim buzg‘unchi kuchlar taraqqiyotimizga, milliy ma’naviyatimiz, muborak dinimizga bolta urish payida bo‘layotgan bir paytda, o‘zaro ixtilof qilish bilan ovvora bo‘lsak bu juda ham og‘ir musibat bo‘ladi. Atrofga teran ko‘z bilan boqish kerak, har bir narsaning haqiqati, hikmati, mohiyati va oqibatini o‘ylash kerak. Har bir ishimizda Allohning roziligi bo‘lishi kerak, aks holda hammasi befoyda.
Davlatimiz rahbarining dinu diyonatimiz yo‘lida olib borayotgan tinimsiz sa’y-harakatlari Alloh taoloning buyuk marhamati ekanini har doim yodimizda tutishimiz lozim. Shu bilan birga bu ne’matlarning shukrini har lahzada ado etishga, oldimizga quyilayotgan vazifalarni chin yurakdan, ixlos bilan bajarib, Prezidentimizga kamarbasta bo‘lishda eng avvalo birdamlik va g‘ayrat ko‘rsatishimiz darkor.
Mamlakatimizda diniy sohada olib borilayotgan islohotlar, yangilanishlardan qo‘lga kiritilayotgan muvaffaqiyatlarning barchasi diyorimiz mo‘min-musulmonlarining huquq-manfaatlarini o‘zida ifoda etadi va ularni to‘la ta’minlashga qaratilgandir. Shu bois, sohadagi taraqqiyot tadrijiyligiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, har bir o‘zgarish avvalgisidan mazmunan va mohiyatan tubdan farqlanib, yuqoriga qarab harakatlanayotganiga guvoh bo‘ladi kishi.
Birgina misol, Shayx Muhammadsodiq Muhammadyusuf hazratlari xotirasiga ehtirom ko‘rsatib, masjid, majmua va muzey tashkil etilishi O‘zbekiston mo‘min-musulmonlarining xohish-istaklarining yorqin ifodasi emasmi?
Umuman olganda O‘zbekistonda bugun diniy sohada olib borilayotgan islohotlar Alhamdulilloh barcha mo‘min-musulmonlarimizning uzoq yillik asriy orzularining amaliy ifodasidir. Eng muhimi bu o‘zgarishlar, islohotlar hali davom etmoqda. Parvardigorimizdan oldimizda turgan barcha masalalarni hal etilishida O‘zi madadkor bo‘lishini so‘rab qolamiz. Shuningdek, so‘zimiz oxirida, mo‘min-musulmonlarimizning qiziqtirgan har qanday mas’ala-masoillar, savol-javoblar va taklif-mulohazalar bo‘yicha O‘zbekiston musulmonlari idorasining eshiklari doimo ochiq ekanini ma’lum qilib qolamiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati