Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Yanvar, 2025   |   3 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:32
Asr
15:24
Shom
17:08
Xufton
18:28
Bismillah
02 Yanvar, 2025, 3 Rajab, 1446

Munosabat: Yelkama yelka turib ishlash davri keldi!

26.03.2018   2946   6 min.
Munosabat: Yelkama yelka turib ishlash davri keldi!

Taraqqiyotning yangi davrida O‘zbekistonda ro‘y berayotgan yangilanishlar nafaqat yurtimiz aholisi, balki dunyo hamjamiyatini ham hayratga solmoqda. Muhtaram Prezidentimizning bevosita tashabbuslari bilan jamiyatning barcha sohalari qatori din yo‘nalishida ham ulkan savobli ishlar qilinmoqda-ki, bundan barcha mamnun bo‘lmoqda. O‘tgan bir yarim yil davomida xalqimizga berilgan erkinliklar va yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar hammamizni behad quvontirmoqda. Xususan, diniy sohasida olib borilayotgan islohotlarni alohida ta’kidlash kerak. O‘tib borayotgan qisqa muddatni asrga tatigulik yil bo‘ldi, desak sira mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu vaqt ichida bir qancha hayratga sazovor o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Keling shulardan ayrimlarini keltirib o‘tamiz:

– mamlakatimiz poytaxtidan tortib, eng olis hududlarida ham yangi jome masjidlar ochilmoqda, azon tovushlari baralla yangrab, xalqimizni jomelar bag‘riga chorlamoqda;

– islomiy ta’lim muassasalari soni 11 taga yetdi. Buxoroda Oliy madrasa ish boshladi. Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va ilmiy maktablar ochilgani ilmiy izlanishlarni yana bir pog‘ona ko‘targan bo‘lsa, o‘tgan yil oxirida Islom akademiyasi tashkil etilishi bunday ishlarni eng yuqori darajaga olib chiqish uchun katta asos bo‘ladi, inshoalloh;

– televideniyada har kuni diniy ko‘rsatuvlar efirga ketmoqda, ayniqsa, “So‘ragan edingiz”, “Qur’oni karimni o‘rganamiz”, “Oltin silsila”, “Bitiklar mutolaasi” kabi ko‘rsatuvlar dastlabki sonidanoq mo‘min-musulmonlar qalbidan joy oldi;

– yana bir xursandchilik, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va “Hilol nashr” nashriyoti bilan hamkorlikda Qur’oni karim chop etilishi mo‘min-musulmonlar ko‘pdan beri kutgan quvonchli voqea bo‘ldi.

Mana shunday ishlardan odamlarning shodu xurramligi nihoyatda cheksiz. Ularning ruhoniyatida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar va hayajonlarini ifodalash juda qiyin. Butun respublikamiz bo‘ylab davom etayotgan qorilar musobaqasi hammasidan ham fayzli bo‘lmoqda. Chunki bu bir musobaqa degani bilan uning tarovati, fayzu barakasi hech kimni chetlab o‘tmayapti. Qur’oni karim o‘qilgan, tilovat qilingan joyga rahmat farishtalari tushadi, baloyu qazolar daf bo‘ladi, odamlar orasida mehr-muhabbat ziyoda bo‘ladi. Bularni ko‘rib quvonish ham, Allohga hamdu sano aytish ham chin mo‘minlik sifatidir.

Haqiqatan, Alloh ta’oloning fazlu karami bilan mana shunday savobli ishlarning tashabbuskori  davlatimiz Rahbari ekani va hukumatimizning barcha tashkilotlari o‘zining munosib hissasini qo‘shayotganini sira unutmasligimiz kerak. Din sohasida yangidan-yangi xayrli islohotlar davom etmoqda. Sohani tartibga soluvchi me’yoriy hujjatlarni zamon talabiga moslashtirish borasida ham sa’y-harakatlar olib borilmoqda.

Shu o‘rinda afsus bilan aytish kerakki, ayrim shaxslar yoki kuchlarning ta’siri ostida ba’zi diniy xodimlar tomonidan oqibatini o‘ylamay e’lon qilinayotgan maqolalar, haqiqiy voqelikka zid bo‘lgan xabarlar ko‘pchilikni ranjitmoqda. Tarqatilgan materiallar masjid ochish bo‘lsin, Qur’on kurslari tashkil etish bo‘lsin yoki hamkor tashkilotlar to‘g‘risida bo‘lsin, ularning birortasi haqiqiy holatni ifoda etmaydi. To‘g‘ri kamchiliklarimiz ham bor, lekin kamchilik yoki tushunmovchilik qaysi sohada yo‘q? Bugun jamiyatimizdagi hamma sohada iqtisoddan tortib, ijtimoiy, ma’rifiy, madaniy sohalarning barchasida tubdan islohotlar olib borilmoqda. Nima uchun? Chunki bugungi zamon, tezkor axborot asri shuni talab etmoqda. Bunday holatda agar munosabat bildiriladigan bo‘lsa, yo masalaga obyektiv yondashish kerak yoki umuman munosabat bildirmagan maqul bo‘ladi. Zero, bo‘lib turgan jarayonlardan to‘g‘ri xulosa chiqarmay asossiz vajlar bilan Hukumat idoralariga, yuqori tashkilotlarga tosh otishlar bu o‘ta madaniyatsizlikdan boshqa narsa emasdir. 

Mo‘min-musulmonlarga berilayotgan imkoniyatlar, barpo etilayotgan masjidlar, yo‘l yoqalaridagi ochiladigan namozxonalar, ilmiy maktablar, xalqaro markazlar, dunyoning e’tiborini tortayotgan qorilar musobaqasi, baralla aytilayotgan azonlar, namozxonlarning to‘p-to‘p bo‘lib ibodat qilayotganini e’tirof etish o‘rniga ayrim hal etilayotgan muammolar haqida shoshqaloklik qilib noo‘rin gap-so‘zlarni aytishlik haqiqiy mo‘minlik sifatiga to‘g‘ri kelmaydi.

Boshqa qator ishlarda bo‘lgani kabi din sohasidagi ishlarning bosh tashabbuskori ham muhtaram Prezidentimiz ekanini sira ham yoddan chiqarmasligimiz lozim.

Yurtimizda bo‘layotgan bunday ulkan ijobiy o‘zgarish va yangilanishlarni tushunib yetmagan kishilar oqibatini o‘ylamay qilgan ishlari natijasida turli fitnalarga sababchi bo‘lib qolishdan saqlanishlarini tavsiya etamiz.

G‘arbdagi ayrim buzg‘unchi kuchlar taraqqiyotimizga, milliy ma’naviyatimiz, muborak dinimizga bolta urish payida bo‘layotgan bir paytda, o‘zaro ixtilof qilish bilan ovvora bo‘lsak bu juda ham og‘ir musibat bo‘ladi. Atrofga teran ko‘z bilan boqish kerak, har bir narsaning haqiqati, hikmati, mohiyati va oqibatini o‘ylash kerak. Har bir ishimizda Allohning roziligi bo‘lishi kerak, aks holda hammasi befoyda.

Davlatimiz rahbarining dinu diyonatimiz yo‘lida olib borayotgan tinimsiz sa’y-harakatlari Alloh taoloning buyuk marhamati ekanini har doim yodimizda tutishimiz lozim. Shu bilan birga bu ne’matlarning shukrini har lahzada ado etishga, oldimizga quyilayotgan vazifalarni chin yurakdan, ixlos bilan bajarib, Prezidentimizga kamarbasta bo‘lishda eng avvalo birdamlik va g‘ayrat ko‘rsatishimiz darkor.

Mamlakatimizda diniy sohada olib borilayotgan islohotlar, yangilanishlardan qo‘lga kiritilayotgan muvaffaqiyatlarning barchasi diyorimiz mo‘min-musulmonlarining huquq-manfaatlarini o‘zida ifoda etadi va ularni to‘la ta’minlashga qaratilgandir. Shu bois, sohadagi taraqqiyot tadrijiyligiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, har bir o‘zgarish avvalgisidan mazmunan va mohiyatan tubdan farqlanib, yuqoriga qarab  harakatlanayotganiga guvoh bo‘ladi kishi.

Birgina misol, Shayx Muhammadsodiq Muhammadyusuf hazratlari xotirasiga ehtirom ko‘rsatib, masjid, majmua va muzey tashkil etilishi O‘zbekiston mo‘min-musulmonlarining xohish-istaklarining yorqin ifodasi emasmi?

Umuman olganda O‘zbekistonda bugun diniy sohada olib borilayotgan islohotlar Alhamdulilloh barcha mo‘min-musulmonlarimizning uzoq yillik asriy orzularining amaliy ifodasidir. Eng muhimi bu o‘zgarishlar, islohotlar hali davom etmoqda. Parvardigorimizdan oldimizda turgan barcha masalalarni hal etilishida O‘zi madadkor bo‘lishini so‘rab qolamiz. Shuningdek, so‘zimiz oxirida, mo‘min-musulmonlarimizning qiziqtirgan har qanday mas’ala-masoillar, savol-javoblar va taklif-mulohazalar bo‘yicha O‘zbekiston musulmonlari idorasining eshiklari doimo ochiq ekanini ma’lum qilib qolamiz.

  O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati 

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi murojaati

29.12.2024   23261   6 min.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi murojaati

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Alloh taologa cheksiz hamdu sanolarimiz, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga mukammal salavotu salomlarimiz bo‘lsin.

 

Muhtaram yurtdoshlar!

 

Allohga shukrki, go‘zal diyorimizda har tongni tinchlik, xotirjamlik bilan qarshi olmoqdamiz. Ushbu ulug‘ ne’mat sababli, har sohada yutuqlar, yuksalishlar bo‘lmoqda, ne’matlar kundan-kun ziyoda bo‘lib bormoqda. Bu yurtda inson aziz, uning qadri yuksak ekani, o‘zining hayotiy ifodasini topib bormoqda. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtojlar, nogironligi bo‘lgan insonlar, kambag‘al oilalarga doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelinmoqda.

Shubhasiz, oxirgi yillarda kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, yordamga muhtoj fuqarolar bilan manzilli ishlash bo‘yicha qonuniy asoslar va xalqparvar tizim yaratildi.

Siz aziz yurtdoshlarimizga murojaat qilar ekanmiz, shuni alohida ta’kidlashni xohlardikki, ijtimoiy himoya masalasida Prezidentimizga kamarbasta bo‘lish barchamiz intilayotgan farovon kelajak, farzandlarimiz baxtu saodatini ta’minlashning eng muhim shartidir.

Islom dinida muhtojlarga yordam berish, jismoniy imkoniyati cheklangan insonlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish, miskin va bechoralar holidan xabar olish eng savobli amallardan hisoblanadi. Muborak dinimiz xayr-saxovatga buyurar ekan, uni o‘z o‘rniga sarflashga amr etadi. Muhtoj insonlar haqqiga xiyonat qilish esa og‘ir gunoh sanaladi.

Yurtimizda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilishi xalqimiz qalbidagi ezgu ish bo‘ldi. Agentlik og‘ir ijtimoiy holatga tushgan va tushish xavfi bo‘lgan aholi bilan manzilli ishlayotgani, xayru ehsonlarni o‘z egalariga yetkazayotgani xalqimizni mamnun etmoqda, qalbiga xursandchilik ulashmoqda. Albatta, mana shunday mehrga muhtoj insonlarning duosi bilan yurtimiz yanada obod bo‘ladi.

 

Hurmatli yurtdoshlarimiz!

 

Yaratganga shukr, tarbiyaning asosiy poydevori bo‘lgan maktabga, yoshlarni ilm-ma’rifatli qilishga davlatimiz tomonidan doimiy e’tibor qaratilmoqda. Yangidan yangi maktablar, bog‘chalar qurilmoqda. Yurtimizda o‘rta hisobda yiliga bir million bola tug‘ilmoqda. Bu degani, yetti yildan keyin bir necha ming maktabga ehtiyoj paydo bo‘ladi. Shunday ekan, saxovatpesha kishilarimiz maktab qurish yoki ta’mirlash ishlariga ham katta e’tibor qaratishlarini tavsiya etamiz. Zotan, ma’rifat, ziyo maskani bo‘lgan ta’lim dargohlarini qurish, obod qilish ajri ulug‘ amallardan hisoblanadi. Shuningdek, ta’lim muassasalari talaba va o‘quvchilarni moddiy tarafdan ta’minlash, ularni kontrakt-shartnomalarini to‘lab berish, o‘quv qurol va darsliklarini olib berish savobi doimiy yozilib turadigan sadaqai joriya bo‘ladi.

 

Aziz vatandoshlar!

Taassufki, to‘ylar, oilaviy tantanalar, marhumlar xotirasi, haj va umraga borib-keluvchilarni kutib olishga bag‘ishlangan yig‘inlar, ulardagi bir-biridan o‘tib tushadigan, kimo‘zarga, riyoga, isrofga to‘la ishlar xalqimizning jiddiy muammolaridan biri bo‘lib kelmoqda. 

Shu o‘rinda, ziyolilar, yoshi keksa otaxonu onaxonlar, nuroniylarga aytar so‘zimiz, keling, birgalikda yurtimiz aholisiga, ayniqsa, yuqoridagi kabi isrofgarchilik va dabdaba qilayotganlarga tushuntirish ishlarini ko‘paytiraylik, bu kabi illatlarga birgalikda barham beraylik. Alloh taolo ato etgan mol-dunyoni isrof qilish – katta gunoh, ekanini uqtiraylik! Buning o‘rniga topganlarimizni savobli ishlarga sarflab, beva-bechora, nochor, muhtojlarga yordam beraylik, ana shunda ulkan savobga ega bo‘lamiz, inshoaalloh! 

 

Qadrli ulamolar va imom-domlalar!

 

Ijtimoiy himoya bo‘yicha Yurtboshimizning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagan holda, biz – din peshvolari quyidagi 7 ta vazifani amalga oshirishni belgilab olmoqdamiz:

Birinchi, ulamolar va imom-xatiblar “Xayru saxovat – qalblarga quvonch ulashadi” shiori ostida targ‘ibot-tashviqot ishlarini keng ko‘lamda amalga oshirish.

Ikkinchi, har bir markaziy masjid 5 tadan ehtiyojmand oilani otaliqqa olib, ularning farzandlarini o‘quv kurslarida o‘qitishi, kasb-hunarga o‘rgatishi va doimiy daromadga ega bo‘lishiga ko‘maklashish.

Uchinchi, har bir tuman-shahar bosh imom-xatiblari hududidagi kamida 1 ta maktabni homiylarni jalb etgan holda ta’mirlash ishlariga yordam ko‘rsatish.

To‘rtinchi, “Vaqf” xayriya jamoat fondi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda mamlakatimiz bo‘yicha kam ta’minlangan oilalar farzandlari bo‘lgan 200 nafar yoshni kasbga o‘rgatish va ish bilan band qilish.

Beshinchi, “Vaqf” xayriya jamoat fondi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi bilan hamkorlikda jismoniy imkoniyati cheklangan bolalarga 50 dona sport aravachasi va boshqa reabilitatsiya vositalari olib berib, ularning davolanishlariga ko‘maklashish.

Oltinchi, masjid imom-xatiblari homiylarni jalb etgan holda “Mehribonlik”, “Saxovat”, “Muruvvat” uylariga va mehnat faxriylariga moddiy yordamlar ko‘rsatish ishlarini tashkil etish.

Yettinchi, imom-xatiblar tomonidan to‘y-ma’raka marosimlardagi isrofgarchilik, umra ziyoratidan qaytgandan keyin har xil xo‘jako‘rsin marosimlari uyushtirishdek illatlarning oldini olish yuzasidan targ‘ibot ishlarini amalga oshirish. 

 

Aziz yurtdoshlar!

 

Xayrli va savobli ishga hissa qo‘shgan, yetim-yesir, beva-bechoraning boshini silagan odamning amal daftariga qiyomatgacha sadaqai joriya savobi to‘xtamasdan yozilib turishini, bunday odam xalq ichida, el orasida doimo hurmat va e’zozda bo‘lishini unutmaylik!

Alloh taolo ezgu ishlarimizni O‘zi mukofotlasin, omin!

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi raisi, 

muftiy Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR

Toshkent shahri 

2024 yil 26 dekabr