Sayt test holatida ishlamoqda!
20 May, 2025   |   22 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:23
Quyosh
05:00
Peshin
12:25
Asr
17:27
Shom
19:43
Xufton
21:14
Bismillah
20 May, 2025, 22 Zulqa`da, 1446

Dangasalik o‘limning ukasidir

26.03.2018   8550   11 min.
Dangasalik o‘limning ukasidir

O‘z kalomida “Qachon namozga tursalar dangasalik bilan, odamlar ko‘rsin deb turadilar va Allohni kamdan-kam eslaydilar”[1] deb marhamat qilgan Alloh subhonahu taologa O‘z jaloliga muvofiq  hamdu  sanolar bo‘lsin!

O‘zlarining hadisi shariflarida dangasalik va riyodan panoh so‘ragan Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga, u zotning ahli oilalariga, sahobalar roziyallohu anhumlarga qiyomatgacha salavotu salomlar bo‘lsin!

Tarixdan ayonki, qayerda beparvolik va dangasalik hukm sursa, eng dolzarb masalalar o‘zbilarmonchilikka tashlab qo‘yilsa, o‘sha yerda ma’naviyat eng ojiz va zaif nuqtaga aylanadi. Ayniqsa, davlat va jamiyat hayotida jiddiy o‘zgarishlar sodir bo‘layotgan, Vatan ravnaqi yo‘lida kishidan yuksak  faollik, mas’uliyat talab qilingan sharoitdagi  befarqlik jinoyatdir. Doimiy harakatda, o‘zgarish va yangilanishda bo‘lib turuvchi hayotda bekorchi odam hech qachon o‘z istagiga erisholmasligi aniq. Bekorchilik illati qaysi xalqda ildiz otsa, albatta, o‘sha xalqni zaiflashtiradi, taraqqiyot karvonidan ortda qoldiradi. Bu kasallik qaysi shaxsga yetsa, uni xor qiladi, obro‘sini to‘kadi.

Bekorchilik – zararli ofatlardan biri. Aqlli inson  bu dunyoda bekor turmaydi. Hatto bo‘sh vaqtini ham zoye qilmaydi, balki dunyo yoki oxirat uchun foydali bo‘lgan narsalarga sarflaydi.

Namik Kamolning nazarida, dangasalik o‘limning ukasidir. Bekorchilik asta-sekin insonni ishdan chiqaradi, hayotini vayron qiladi. Tana a’zolari harakatsiz qolsa, ishdan chiqadi, zaiflashib qoladi. Sport esa tanani chiniqtiradi. Xuddi shu kabi qalbning ham o‘z sporti bo‘lishi kerak. Zero, bekorchilik birinchi galda qalbga, nafsga hujum qiladi.

Dangasalikning sabablari:

  1. Qalbning qattiqlashishi,  ruhiy tarbiyaga muhtojlik 

Dangasalikka ruhiy holatning nosog‘lomligi eng asosiy sabablardandir. Avvalo, e’tiqodning yo‘qligi yoki zaifligi, taqvoning kamligi, qolaversa, bekorchi narsalar bilan ovora bo‘lish, o‘yin-kulguga me’yoridan ortiq ruju qo‘yish odamni dangasa qilib qo‘yadi. Ko‘p gapirish ham kishi quvvatini ketkazib, o‘zini behol qiladi. Yalqovlik kasalida ezmalikning ham “hissasi” kam emas. Ibn Umar roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi:
“Allohning zikridan xoli bo‘lgan so‘zlarni ko‘paytirmanglar! Zero, Allohning zikridan xoli bo‘lgan so‘z qalbni qotiradi. Shubhasiz, insonlar ichida Alloh taolodan eng uzoq bo‘lgani qattiq qalb (sohibi)dir[3]. 

  1. Ko‘p ovqat yeyish
    Hozirda ko‘p odamlar aynan taomga ruju qo‘yayotganlari sabab ham qalblari qorayib, vaznlari ortib, ma’naviy olamlari tubanlashmoqda. Ma’naviyatning pasayishi dangasalik va qalb bilan bog‘liq boshqa illatlarga sabab  bo‘ladi.

Ovqatni me’yorida yegan taqdirda ham taomdan so‘ng tezda uyquga ketishdan ehtiyot bo‘lish kerak. Zero, bu qalbni qoraytiradi, sog‘liqqa katta zarar keltiradi.
Oisha roziyallohu anhodan qilingan rivoyatda Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: Taomlaringizni Allohni zikr qilish va namoz o‘qish bilan eritinglar (ya’ni, hazm qilinlar). Zinhor (taomdan so‘ng) uxlamanglar! Aks holda qalblaringiz qotib qoladi .[4]
To‘yib ovqat yegan odamning asosiy quvvati ovqat hazm qilishga sarflanib, uning kuchi kamayadi, tanasidan mador ketadi va uyquga moyillik sezadi.

  1. Ko‘p uxlash

Ko‘p taom yeyish ham dangasalikka sabab bo‘ladi. Ovqatni me’yoridan ortiq iste’mol qilish uyquchilikka olib boradi. Odam ko‘p uxlagani sari uning ruhiy va aqliy faoliyati, ishchanlik salohiyati pasayib boradi.
Oisha roziyallohu anho Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Uch narsa qalbning qotishiga sabab bo‘ladi: taomga hirs qo‘yish, uyqu va rohat-farog‘atni yaxshi ko‘rish” (Ibn Mardavayh va Daylamiy rivoyati).

Ibn Qayum shunday degan: “Ko‘p uxlash qalbni o‘ldiradi, tanani ishdan chiqaradi, vaqtni behuda ketkazadi va g‘aflat bilan dangasalikka olib boradi”. 
O‘tkazilgan tadqiqotlar natijasidan ma’lum bo‘lishicha, dangasalar umrining yarmini uyquda o‘tkazadi.[5] Oqibatda miya po‘stlog‘idagi karaxtlik fikrlash imkoniyatlarini chegaralab qo‘yadi. Demak, uyquchilik dangasalik bilan bir qatorda insonning fikrlash qobiliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Keyin ertalab barvaqt turish o‘rniga quyosh chiqquncha uxlash ham dangasalikning  omillaridandir.

  1. Ishlash vaqti va uyqu soatining buzilishi
    Inson ishlash va dam olish vaqtini belgilab, qat’iy tartib bilan hayotini izga solmasa, hamma ishlari bir-biriga aralashib ketadi. Ish vaqtida ko‘p dam olish, dam olish vaqtida haddan tashqari ko‘p televizor ko‘rish, ovqat yeyayotganida kitob o‘qish bilan odam biron natijaga erisha olmaydi. Hozir ko‘pchilik vaqtning tez o‘tishidan nolib, ovqat yeyayotganda, hatto transportda ketayotganda ham kitob o‘qishga, shu bilan vaqtni tejashga harakat qilishadi. Bu noto‘g‘ri. Sababi, bu bilan ko‘z ishdan chiqsa, o‘qilayotgan ma’lumot diqqat tarqoqligi sabab yaxshi o‘zlashtirilmaydi.
    Zero, ilm olish faqat o‘qishdangina iborat emas. Uni fikrlash, mushohada qilish va o‘qigan ma’lumotlarni miyada qayta ishlash kerak. Kechasi yarim tungacha televizor ko‘rib, quyosh chiqqach uyqudan turadigan odam g‘ayratli, shijoatli bo‘lishini tasavvur qilish qiyin. Dinimizda bejizga xufton namozidan so‘ng uyquga ketishga targ‘ib qilinmagan. Shunday qilinsa, ertalab barvaqt turiladi, ibodat ham, boshqa ishlar ham o‘z vaqtida bajariladi. Biz yuqorida dangasalikka sabab bo‘luvchi ba’zi omillarni sanab o‘tdik.

Quyida dangasalik illatiga shifo bo‘luvchi malhamlarni bayon qilamiz.  Dangasalikdan qutulish yo‘llari ham ruhiyat, ham moddiyat bilan bog‘liqdir. Demak, banda o‘zidagi dangasalik, ishyoqmaslik illatini davolashi uchun quyidagilarga e’tibor berishi kerak:

  1. Allohga taqvo qilish, qalbni poklash.


Dangasalikdan forig‘ bo‘lish uchun birinchi galda e’tiqodni mustahkamlash, imonda sobitqadam bo‘lish, qalbni turli illatlar va nopok narsalardan saqlash kerak. Zero, ma’naviyati nosog‘lom odamning g‘ayratli, shijoatli bo‘lishi qiyin. Gunohga botish, harom-xarish ishlarni qilish qalbni qoraytirib, bandani g‘aflat sari boshlaydi. G‘aflatga botgan odam shijoat va ziyraklik kabi xislatlardan mahrum bo‘ladi, g‘ofil va dangasa kimsaga aylanadi. Shuning uchun qalbni turli shubhalardan va gunoh ishlarni niyat qilishdan poklash, uni Alloh va Rasuliga bo‘lgan muhabbat ila ziynatlash kerak. Qalbdagi imon kuchli bo‘lsa, tana ham g‘ayratli bo‘ladi. Qalbda imon mavj ursa, tanballikdan asar ham qolmaydi.

  1. G‘ayrat va shijoat fazilati haqida hadis va rivoyatlarni o‘qish.

Mo‘min odam halim va kamtarin bo‘lishi kerak. Ammo bu uning bo‘shashgan, qo‘rqoq va og‘zidagi oshni oldirib qo‘yadigan bo‘lishi kerakligini anglatmaydi. Biz sabr bilan qo‘rqoqlik, shijoat bilan muloyimlik orasidagi farqni ajrata bilishimiz lozim. Hadisi shariflarning birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kuchli mo‘min afzal ekanini bayon qilganlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Kuchli mo‘min Alloh uchun kuchsiz mo‘mindan yaxshiroq va sevimliroqdir. Ularning ikkisida ham yaxshilik bor. Sen o‘zingga foydali narsaga intil. Allohdan yordam so‘ra, ojiz qolma. Agar boshingga biron musibat tushsa, “agar bunday qilganimda mana bunday bo‘lardi”, dema. Balki “Allohning taqdiri ekan, U Zot nimani xohlasa, o‘shani qiladi”, degin. Zero “agar” (so‘zi) shayton amalini ochib beradi” (Muslim, Ibn Moja, Ahmad va Ibn Hibbon rivoyati).

Bu hadisda har taraflama kuchli va baquvvat mo‘min kuchsiz mo‘mindan afzal va Alloh uchun sevimliroq ekani aytilmoqda. Sababi kuchli mo‘min ibodatlarga g‘ayratli, nafs bilan kurashishda g‘olib bo‘ladi. Dushmanga qarshi turishda ham kuchli mo‘min ko‘proq shijoat ko‘rsatadi. Kuchli mo‘min dangasalik va ojizlik kabi illatlardan xoli bo‘lib, o‘zi va musulmonlarga ko‘plab manfaatlar yetkazadi.

  1. Vaqtning qadriga yetish, ishlarni tartib bilan bajarish.

Vaqtning qadriga yetish, umr g‘animat ekanini bilish ham dangasalikdan to‘suvchi narsadir. Zero, umr o‘tib borayotgani, hayot kun va soatlardan iboratligini tushunib yetgan banda biron ish bilan mashg‘ul bo‘ladi, dangasalik va boqimandalikka aslo yo‘l qo‘ymaydi.

Ibn Mas’ud roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi:
“Qiyomat kuni besh narsa haqida so‘ralmagunicha Odam bolasining qadami Parvardigori huzuridan siljimaydi: umrini qanday o‘tkazgani, yoshligida qanday ishlar qilgani, boylikni qayerdan topib, qayerga sarflagani va bilgan narsalariga qay darajada amal qilgani haqida (so‘raladi) [6]

Demak, umr insonga bejizga berilmagan, u hayoti dunyoda qilgan har bir ishi uchun javob beradi. Vaqtini qanday o‘tkazgani haqida so‘raladi. Shunday ekan, mo‘min banda biron vaqtini behuda o‘tkazmasdan har bir daqiqa qadriga yetishi kerak. Umrni g‘animat bilgan odam qalbida dangasalikdan asar ham qolmay, o‘z-o‘zidan shijoatli va g‘ayratli, ziyrak va mard insonga aylanadi.

  1. Ishlash va ta’lim vaqtida oz-ozdan jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish.
    Ilm olishda vaqtida dam olish va har 30-40 daqiqa orasida 5-10 daqiqa jismoniy
    mashg‘ulotlarni bajarish foydalidir. Sababi bu bilan miya dam oladi, aqliy zo‘riqish oldi olinadi, ilmga bo‘lgan rag‘bat oshadi. Umuman,jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanish odamni g‘ayratli, shijoatli va dovyurak hamda sog‘lom-baquvvat bo‘lishini ta’minlaydi.[7]

Xulosa shuki, oldimizda ikki yo‘l bor: biri – shu va shunga o‘xshash dangasalik qurollariga nishon bo‘lib, o‘zimizni butun mashaqqatlarning onasi va razolatning uyasi bo‘lgan tanballikning quchog‘iga tashlash; boshqasi yuksaklikning, muvaffaqiyatning kaliti, huzur-halovatning asosi bo‘lgan mehnatga butun borlig‘imizni topshirib, dunyo va oxiratda saodatga erishish. Shunday ekan, biz nimani tanlaymiz, shunga nazar solaylik, ildam qadamlar tashlaylik.  Zero, har bir nafas olishimiz ham bizni o‘lim eshigiga yetaklaydi, qiyomat yaqinligini bildiradi. Shuni his qilib yashash har qanday dangasalik botqog‘idan chiqarib, g‘ayrat, shijoat kabi fazilatlarga olib boradi.

 

Azizaxon MO‘MINOVA,

Xadichai Kubro o‘rta-maxsus islom bilim yurti talabasi

O‘MI Matbuot xizmati

 

[1] Niso surasi 142-oyat

[2] Termiziy, Bayhaqiy va Ibn Mardavayh rivoyati.
[3]Bayhaqiy, Tabaroniy, Abu Nuaym, Ibn Mardavayh, Ibn Sunniy, Uqayliy va Ibn Adiy rivoyati.

[4] Abul Fattoh Abu G‘udda “Ulamolar nazdida vaqt”   Toshkent islom universiteti  Toshkent- 2014.

[5] Termiziy, Dorimiy, Tabaroniy va Abu Ya’lo rivoyati. Rivoyat sanadi hasan.

[6]www.taqvo.uz . 17.07.2014 joylangan. “Dangasalik davosi” nomli maqola

 

 

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Jannatdan uy

18.05.2025   10396   1 min.
Jannatdan uy

Abu Umoma Bohiliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Haq bo‘la turib janjalni tark etgan kishiga jannat yonidagi bir uyga kafilman. Hazildan bo‘lsa ham, yolg‘onni tark etgan kishiga jannat o‘rtasidagi bir uyga kafilman. Chiroyli xulqli kishiga jannatning eng yuqorisidagi bir uyga kafilman", dedilar.

Maqolalar