O‘z kalomida “Qachon namozga tursalar dangasalik bilan, odamlar ko‘rsin deb turadilar va Allohni kamdan-kam eslaydilar”[1] deb marhamat qilgan Alloh subhonahu taologa O‘z jaloliga muvofiq hamdu sanolar bo‘lsin!
O‘zlarining hadisi shariflarida dangasalik va riyodan panoh so‘ragan Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga, u zotning ahli oilalariga, sahobalar roziyallohu anhumlarga qiyomatgacha salavotu salomlar bo‘lsin!
Tarixdan ayonki, qayerda beparvolik va dangasalik hukm sursa, eng dolzarb masalalar o‘zbilarmonchilikka tashlab qo‘yilsa, o‘sha yerda ma’naviyat eng ojiz va zaif nuqtaga aylanadi. Ayniqsa, davlat va jamiyat hayotida jiddiy o‘zgarishlar sodir bo‘layotgan, Vatan ravnaqi yo‘lida kishidan yuksak faollik, mas’uliyat talab qilingan sharoitdagi befarqlik jinoyatdir. Doimiy harakatda, o‘zgarish va yangilanishda bo‘lib turuvchi hayotda bekorchi odam hech qachon o‘z istagiga erisholmasligi aniq. Bekorchilik illati qaysi xalqda ildiz otsa, albatta, o‘sha xalqni zaiflashtiradi, taraqqiyot karvonidan ortda qoldiradi. Bu kasallik qaysi shaxsga yetsa, uni xor qiladi, obro‘sini to‘kadi.
Bekorchilik – zararli ofatlardan biri. Aqlli inson bu dunyoda bekor turmaydi. Hatto bo‘sh vaqtini ham zoye qilmaydi, balki dunyo yoki oxirat uchun foydali bo‘lgan narsalarga sarflaydi.
Namik Kamolning nazarida, dangasalik o‘limning ukasidir. Bekorchilik asta-sekin insonni ishdan chiqaradi, hayotini vayron qiladi. Tana a’zolari harakatsiz qolsa, ishdan chiqadi, zaiflashib qoladi. Sport esa tanani chiniqtiradi. Xuddi shu kabi qalbning ham o‘z sporti bo‘lishi kerak. Zero, bekorchilik birinchi galda qalbga, nafsga hujum qiladi.
Dangasalikning sabablari:
Dangasalikka ruhiy holatning nosog‘lomligi eng asosiy sabablardandir. Avvalo, e’tiqodning yo‘qligi yoki zaifligi, taqvoning kamligi, qolaversa, bekorchi narsalar bilan ovora bo‘lish, o‘yin-kulguga me’yoridan ortiq ruju qo‘yish odamni dangasa qilib qo‘yadi. Ko‘p gapirish ham kishi quvvatini ketkazib, o‘zini behol qiladi. Yalqovlik kasalida ezmalikning ham “hissasi” kam emas. Ibn Umar roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi:
“Allohning zikridan xoli bo‘lgan so‘zlarni ko‘paytirmanglar! Zero, Allohning zikridan xoli bo‘lgan so‘z qalbni qotiradi. Shubhasiz, insonlar ichida Alloh taolodan eng uzoq bo‘lgani qattiq qalb (sohibi)dir”[3].
Ovqatni me’yorida yegan taqdirda ham taomdan so‘ng tezda uyquga ketishdan ehtiyot bo‘lish kerak. Zero, bu qalbni qoraytiradi, sog‘liqqa katta zarar keltiradi.
Oisha roziyallohu anhodan qilingan rivoyatda Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Taomlaringizni Allohni zikr qilish va namoz o‘qish bilan eritinglar (ya’ni, hazm qilinlar). Zinhor (taomdan so‘ng) uxlamanglar! Aks holda qalblaringiz qotib qoladi” .[4]
To‘yib ovqat yegan odamning asosiy quvvati ovqat hazm qilishga sarflanib, uning kuchi kamayadi, tanasidan mador ketadi va uyquga moyillik sezadi.
Ko‘p taom yeyish ham dangasalikka sabab bo‘ladi. Ovqatni me’yoridan ortiq iste’mol qilish uyquchilikka olib boradi. Odam ko‘p uxlagani sari uning ruhiy va aqliy faoliyati, ishchanlik salohiyati pasayib boradi.
Oisha roziyallohu anho Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Uch narsa qalbning qotishiga sabab bo‘ladi: taomga hirs qo‘yish, uyqu va rohat-farog‘atni yaxshi ko‘rish” (Ibn Mardavayh va Daylamiy rivoyati).
Ibn Qayum shunday degan: “Ko‘p uxlash qalbni o‘ldiradi, tanani ishdan chiqaradi, vaqtni behuda ketkazadi va g‘aflat bilan dangasalikka olib boradi”.
O‘tkazilgan tadqiqotlar natijasidan ma’lum bo‘lishicha, dangasalar umrining yarmini uyquda o‘tkazadi.[5] Oqibatda miya po‘stlog‘idagi karaxtlik fikrlash imkoniyatlarini chegaralab qo‘yadi. Demak, uyquchilik dangasalik bilan bir qatorda insonning fikrlash qobiliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Keyin ertalab barvaqt turish o‘rniga quyosh chiqquncha uxlash ham dangasalikning omillaridandir.
Quyida dangasalik illatiga shifo bo‘luvchi malhamlarni bayon qilamiz. Dangasalikdan qutulish yo‘llari ham ruhiyat, ham moddiyat bilan bog‘liqdir. Demak, banda o‘zidagi dangasalik, ishyoqmaslik illatini davolashi uchun quyidagilarga e’tibor berishi kerak:
Dangasalikdan forig‘ bo‘lish uchun birinchi galda e’tiqodni mustahkamlash, imonda sobitqadam bo‘lish, qalbni turli illatlar va nopok narsalardan saqlash kerak. Zero, ma’naviyati nosog‘lom odamning g‘ayratli, shijoatli bo‘lishi qiyin. Gunohga botish, harom-xarish ishlarni qilish qalbni qoraytirib, bandani g‘aflat sari boshlaydi. G‘aflatga botgan odam shijoat va ziyraklik kabi xislatlardan mahrum bo‘ladi, g‘ofil va dangasa kimsaga aylanadi. Shuning uchun qalbni turli shubhalardan va gunoh ishlarni niyat qilishdan poklash, uni Alloh va Rasuliga bo‘lgan muhabbat ila ziynatlash kerak. Qalbdagi imon kuchli bo‘lsa, tana ham g‘ayratli bo‘ladi. Qalbda imon mavj ursa, tanballikdan asar ham qolmaydi.
Mo‘min odam halim va kamtarin bo‘lishi kerak. Ammo bu uning bo‘shashgan, qo‘rqoq va og‘zidagi oshni oldirib qo‘yadigan bo‘lishi kerakligini anglatmaydi. Biz sabr bilan qo‘rqoqlik, shijoat bilan muloyimlik orasidagi farqni ajrata bilishimiz lozim. Hadisi shariflarning birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kuchli mo‘min afzal ekanini bayon qilganlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Kuchli mo‘min Alloh uchun kuchsiz mo‘mindan yaxshiroq va sevimliroqdir. Ularning ikkisida ham yaxshilik bor. Sen o‘zingga foydali narsaga intil. Allohdan yordam so‘ra, ojiz qolma. Agar boshingga biron musibat tushsa, “agar bunday qilganimda mana bunday bo‘lardi”, dema. Balki “Allohning taqdiri ekan, U Zot nimani xohlasa, o‘shani qiladi”, degin. Zero “agar” (so‘zi) shayton amalini ochib beradi” (Muslim, Ibn Moja, Ahmad va Ibn Hibbon rivoyati).
Bu hadisda har taraflama kuchli va baquvvat mo‘min kuchsiz mo‘mindan afzal va Alloh uchun sevimliroq ekani aytilmoqda. Sababi kuchli mo‘min ibodatlarga g‘ayratli, nafs bilan kurashishda g‘olib bo‘ladi. Dushmanga qarshi turishda ham kuchli mo‘min ko‘proq shijoat ko‘rsatadi. Kuchli mo‘min dangasalik va ojizlik kabi illatlardan xoli bo‘lib, o‘zi va musulmonlarga ko‘plab manfaatlar yetkazadi.
Vaqtning qadriga yetish, umr g‘animat ekanini bilish ham dangasalikdan to‘suvchi narsadir. Zero, umr o‘tib borayotgani, hayot kun va soatlardan iboratligini tushunib yetgan banda biron ish bilan mashg‘ul bo‘ladi, dangasalik va boqimandalikka aslo yo‘l qo‘ymaydi.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi:
“Qiyomat kuni besh narsa haqida so‘ralmagunicha Odam bolasining qadami Parvardigori huzuridan siljimaydi: umrini qanday o‘tkazgani, yoshligida qanday ishlar qilgani, boylikni qayerdan topib, qayerga sarflagani va bilgan narsalariga qay darajada amal qilgani haqida (so‘raladi)” [6]
Demak, umr insonga bejizga berilmagan, u hayoti dunyoda qilgan har bir ishi uchun javob beradi. Vaqtini qanday o‘tkazgani haqida so‘raladi. Shunday ekan, mo‘min banda biron vaqtini behuda o‘tkazmasdan har bir daqiqa qadriga yetishi kerak. Umrni g‘animat bilgan odam qalbida dangasalikdan asar ham qolmay, o‘z-o‘zidan shijoatli va g‘ayratli, ziyrak va mard insonga aylanadi.
Xulosa shuki, oldimizda ikki yo‘l bor: biri – shu va shunga o‘xshash dangasalik qurollariga nishon bo‘lib, o‘zimizni butun mashaqqatlarning onasi va razolatning uyasi bo‘lgan tanballikning quchog‘iga tashlash; boshqasi yuksaklikning, muvaffaqiyatning kaliti, huzur-halovatning asosi bo‘lgan mehnatga butun borlig‘imizni topshirib, dunyo va oxiratda saodatga erishish. Shunday ekan, biz nimani tanlaymiz, shunga nazar solaylik, ildam qadamlar tashlaylik. Zero, har bir nafas olishimiz ham bizni o‘lim eshigiga yetaklaydi, qiyomat yaqinligini bildiradi. Shuni his qilib yashash har qanday dangasalik botqog‘idan chiqarib, g‘ayrat, shijoat kabi fazilatlarga olib boradi.
Azizaxon MO‘MINOVA,
Xadichai Kubro o‘rta-maxsus islom bilim yurti talabasi
O‘MI Matbuot xizmati
[1] Niso surasi 142-oyat
[2] Termiziy, Bayhaqiy va Ibn Mardavayh rivoyati.
[3]Bayhaqiy, Tabaroniy, Abu Nuaym, Ibn Mardavayh, Ibn Sunniy, Uqayliy va Ibn Adiy rivoyati.
[4] Abul Fattoh Abu G‘udda “Ulamolar nazdida vaqt” Toshkent islom universiteti Toshkent- 2014.
[5] Termiziy, Dorimiy, Tabaroniy va Abu Ya’lo rivoyati. Rivoyat sanadi hasan.
[6]www.taqvo.uz . 17.07.2014 joylangan. “Dangasalik davosi” nomli maqola
#xabar #haj2025
Makka shahrida ziyoratchilar joylashgan mehmonxonalarda ma’rifiy suhbatlar o‘tkazilib, ulug‘ ibodat ahkomlari va hojilik odoblari haqida mav’izalar qilinmoqda. Yurtimizda keyingi yillarda haj va umra safarlarini yuqori darajada tashkil etilayotgani, yurtdoshlarimizga ushbu ibodatlarini chiroyli ado etishlari uchun har tomonlama qulaylik va sharoitlar hozirlashga katta e’tibor qaratilayotgani ta’kidlanmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov, Qur’on va tajvid bo‘limi mudiri shayx Alijon qori Fayzulla Maxdum o‘g‘li, Fatvo markazi direktori o‘rinbosari G‘ulomjon domla Xolboyev, Andijon viloyati bosh imom-xatibi Mirzamaqsud domla Alimov, Toshkent shahar vakili o‘rinbosari Abdulloh domla Yo‘ldoshev, “Abu Hanifa” jome masjidi imom-xatibi Muhammadamin domla Alixonov, “Eshon Boboxon” jome masjidi imom-xatibi Tavakkal domla Kenjayev, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mas’ul xodimi Muhammadbobur domla Yo‘ldoshev kabi ulamolar hojilarga suhbatlar qilib berishmoqda.
Uchrashuvlarda tabarruk shaharlar qadr-qimmati, bu yerlarda ziyorat va ibodat qilish ulkan saodat ekani, bu ulug‘ joylarda Rasul alayhissalom yurganlari, Islom tarixidagi muhim voqealar sodir bo‘lgani, haj ulug‘ ibodatligi, bunday sharafga yetkazgani uchun Alloh taologa shukronalar aytish, har bir ziyoratchi haqiqiy hojilik maqomiga yetishish yo‘lida yuksak ixlos, go‘zal odob bilan harakat qilish tavsiya etilmoqda.
Shuningdek, ma’rifiy suhbatlar chog‘ida, avvalo, niyatni to‘g‘ri qilish, doimo Alloh taoloning zikpi bilan band bo‘lish, ictig‘fop, dyolar va Qyp’oni kapimni tilovatini ko‘paytirish, tilni behyda co‘zlapdan tiyilish, qo‘lidan kelganicha odamlapga yaxshilik qilish, qalbni mashg‘yl qiluvchi narsalardan xoli bo‘lish, o‘zini kamtar tytish, zeby ziynatga e’tibop bepmaclik singari haj odoblariga amal qilish hajning mabrur bo‘lishiga sabab bo‘lishi haqida shar’iy dalil va hayotiy misollar asosida eslatib o‘tilmoqda.
Suhbatlar nihoyasida ziyoratchilar bilan haj ibodatiga doir savol-javoblar ham bo‘lmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati