Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Fevral, 2025   |   7 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:09
Quyosh
07:29
Peshin
12:42
Asr
16:04
Shom
17:49
Xufton
19:03
Bismillah
06 Fevral, 2025, 7 Sha`bon, 1446

Kim dunyoni sevsa, uni ko‘p zikr etadi

26.03.2018   4432   5 min.
Kim dunyoni sevsa, uni ko‘p zikr etadi

﴿اعْلَمُوا أَنَّمَا الْحَيَاةُ الدُّنْيَا لَعِبٌ وَلَهْوٌ وَزِينَةٌ وَتَفَاخُرٌ بَيْنَكُمْ وَتَكَاثُرٌ فِي الْأَمْوَالِ وَالْأَوْلَادِ كَمَثَلِ غَيْثٍ أَعْجَبَ الْكُفَّارَ نَبَاتُهُ ثُمَّ يَهِيجُ فَتَرَاهُ مُصْفَرّاً ثُمَّ يَكُونُ حُطَاماً وَفِي الْآَخِرَةِ عَذَابٌ شَدِيدٌ وَمَغْفِرَةٌ مِنَ اللَّهِ وَرِضْوَانٌ وَمَا الْحَيَاةُ الدُّنْيَا إِلَّا مَتَاعُ الْغُرُورِ * سَابِقُوا إِلَى مَغْفِرَةٍ مِنْ رَبِّكُمْ وَجَنَّةٍ عَرْضُهَا كَعَرْضِ السَّمَاءِ وَالْأَرْضِ أُعِدَّتْ لِلَّذِينَ آَمَنُوا بِاللَّهِ وَرُسُلِهِ ذَلِكَ فَضْلُ اللَّهِ يُؤْتِيهِ مَنْ يَشَاءُ وَاللَّهُ ذُو الْفَضْلِ الْعَظِيمِ ﴾

“Bilingizki, bu dunyo hayoti faqat o‘yin, behudalik, ziynat, o‘zaro faxrlanish va mol-dunyo hamda farzandlarni ko‘paytirishdan iboratdir. (U) bamisoli bir yomg‘irki, uning (sababidan unib chiqqan) giyoh kofirlarni taajjubga solur. So‘ngra u qurigach, uni sarg‘aygan holda ko‘rasiz. So‘ngra u o‘tin bo‘lib qolur. Oxiratda esa (qay birlaringiz uchun) qattiq azob (qay birlaringiz uchun) Alloh tomonidan mag‘firat va rizolik bordir. Dunyo hayoti faqat aldov matohidir” (Hadid surasi, 20-oyat). 

Muhammad Nurulloh Saydo Jazariy: «Dunyoning ichiga kir, sayr qil, ammo ehtiyot bo‘l, dunyo sening ichingga kirmasin», deb ogoh etadi.

«Dunyoni yamadik, yirtib olib dinimizdan,/din ham ketdi, dunyo ham ketdi qo‘limizdan», deya fig‘on chekdi ulug‘ shayx Ibrohim Adham.

Yana bir tasavvuf shayxi va ulug‘ olim Hasan Basriy: «Dunyo kezib oxiratini topganni ko‘rmadik, lekin oxiratini qidirib, dunyosini topganlarni ko‘rdik. Allohga ont ichib aytamanki, pul aziz qilgan har insonni Alloh xor aylagay», dedi afsuslanib…

Shu zotning aytishicha, «Odamzot uch narsaga afsuslanib bu dunyodan ko‘chadi: to‘plagan moli va boyligi bilan to‘ymaydi, orzulariga erisholmaydi, oxirat uchun hozirligini qilolmaydi».

«Bas, dunyo va dunyo hayotidan bahslashib, uni yomonlamang! Agar qalbingizda dunyo sevgisi bo‘lmasaydi, uni yodga olmasdingiz. Zero, kim bir narsani sevsa, o‘shani ko‘p zikr etadi», deydi atoqli so‘fiya Robiya al-Adaviyya.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Dunyo bilan nima ishim bor. Darhaqiqat, men bilan dunyoning misoli daraxt ostiga kelib qaylula (tushdagi orom uyqusi) qilgan kishiga o‘xshaydi. So‘ng u odam ketadi, daraxt esa qoladi».

Molik ibn Dinorda shunday hikmat bor: «Har kim dunyoga (boylikka) «uylanish» istagida bo‘lsa, dunyo mahr badali uchun insondagi tamomi din-diyonatni undan tortib oladi». Yana shu zot bunday degan ekanlar: «Odamlar meni zohid deb o‘ylashadi. Holbuki haqiqiy zohid Umar ibn Abdulazizdir. Zero, dunyo butun dabdabasi bilan unga keldi, u esa dunyodan yuz o‘girdi».

Mo‘min doim Allohning ibodati ila band bo‘lishi, Uning rahmatidan umidvorlik va azobidan xavfda yashamog‘i lozim.

قَالَ صَلى الله عليه وسلم «قالَ اللهُ تعالى: يا دُنْيَا مَنْ خَدَمَني فَاخْدُميهِ وَمَنْ خَدَمَكِ فَأَتْعِبيهِ»

Hadisi qudsiyda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: Alloh taolo dedi: “Ey dunyo, Myenga xizmat qilganga sen ham xizmat qil, sening orqangdan chopganni charchatib holdan toydir”.

Kim dunyo bilan band bo‘lib, oxiratdan chalg‘ib qolsa, uning ortidan zir yugurib, oxir-oqibat holdan toyib charchaydi. Kimki Allohning toati bilan mashg‘ul bo‘lsa, taqvoni lozim tutsa, vafotidan keyin unga tayyorlab qo‘yilgan mukofotlarni ko‘rib mamnun bo‘ladi.

«وَمَنْ يَتَّقِ الله يَجْعَلْ لَهُ مَخْرَجًا وَيَرْزُقْهُ مِنْ حَيْثُ لا يَحْتَسِب»

«Kim Allohga taqvo qilsa, U Zot uning yo‘lini ochib qo‘yur. Va unga o‘zi o‘ylamagan tarafdan rizq berur» (Taloq surasi, 2-3-oyatlar).

 وَقَالَ صَلَّى اللهُ عليهِ وسلم «قالَ اللهُ عَزَّ وَجَلَّ: يا ابْنَ ءادَمَ تَفَرَّغْ لِعِبَادَتي أَمْلأْ صِدْرَكَ غِنًى وَأَسُدَّ فَقْرَكَ وَإِلا تَفْعَلْ مَلَأتُ يَدَكَ شُغْلاً وَلَمْ أَسُدَّ فَقْرَكَ» فَمَنِ اشْتَغَلَ بِطَاعَةِ اللهِ مَلَأَ اللهُ قَلْبَهُ غِنًى مَعْنَوِيًّا وَإِنْ كَانَ فَقِيرًا مِنْ حَيْثُ الْمَالُ.

Abu Hurayra roziyallohu anhu Nabiy  sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: Alloh taolo aytadi: Ey Odam bolasi, ibodatimga forig‘ bo‘l. Shunda qalbingni boylikka to‘ldiraman va faqirligingni ketkazaman. Aks holda qo‘lingni ish bilan band qilib qo‘yaman va faqirligingni ketkazmayman!” (Imom Termiziy, Ibn Moja, imom Ahmad, Ibn Hibbon, Hokim, Bayhaqiy, imom Tabaroniy “Kabiyr”da rivoyat qilgan. Hokim hadis sanadini sahih degan).

Hasan Basriy rahmatullohu alayh aytadilar: “Dunyo sevgisini kabira gunohlar qatori ko‘rmagan kishidan hayron bo‘lganimchalik boshqalardan hayron bo‘lmaganman, Allohga qasamki, dunyo sevgisi gunohi kabiralarning ham kattarog‘idandir. Axir barcha katta gunohlar dunyoga muhabbat tufayli emasmi?! Butlarga topinish, Rahmonga osiy bo‘lish bular ham aslida dunyoga muhabbat ortidan emasmi?!”

Toshkent tumani “Xolmuhammad ota” jome masjidi
imom-xatibi Avazxo‘ja BAHROMOV
tayyorladi.

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Jannatga ko‘chadigan rozi-rizolik

5.02.2025   4075   3 min.
Jannatga ko‘chadigan rozi-rizolik

«...Ular bilan totuv turmush kechiringiz. Agar ularni yomon ko‘rsalaringiz, (bilib qo‘yingki) balkim sizlar yomon ko‘rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko‘pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin» (Niso surasi, 19-oyat). 


Bugungi kunga kelib solih erkaklar qatori soliha ayollar ham kamayib bormoqda. Achinarlisi, erkakning va oila a’zolarining yaxshi munosabatini suiiste’mol qilayotgan ayollar bor. Ayniqsa, erkak oilani saqlab qolishni istasa, ayol arzimagan sabab bilan ajrashishga harakat qiladi. Shunday vaziyatlarda erning nafsoniyati bilan o‘ynashishdan ham tap tortmaydi. 

Xizmat yuzasidan ko‘plab xonadonlarda bo‘lamiz. Ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarni murosaga keltirish vazifamiz. Shunday vaqtlarda er-xotin janjali, qaynona-kelin mojarosi, qudalarning nizosida bir burchakda bu holatga javdirab qarab turgan bolalar yuragimni ezadi. Bolaga buyumday munosabatda bo‘lib, uni u yoqdan-bu yoqqa tortqilayotgan kattalarni insofga chaqirish oson emas. Jahl chiqqanda aql ketadi. Shu norasidalarning kelajagi uchun ham oilani asrab qolishga harakat qilamiz. 

2024 yilda Buxoro tumanida ajrim yoqasida turgan 62 ta oila yarashtirildi. Shulardan sakkiztasi “Kuchkumar” mahallasidagi oilalardir.

Bundan bir yilcha avval bir nafar farzandi bor er-xotin ajrashishga qaror qildi. Qaynona ko‘zida yosh bilan bunday deydi: “O‘zi uchun ovqat tayyorlab, idishlarini ham yuvmay, xonasiga kirib ketadi. Yosh-da, yumushlarga o‘rganib ketar, desam, betgachopar, dangasaligi ortib boryapti. Nabiram bor, deb o‘g‘limni ajrashish fik­ridan qaytargandim. Orasidan gap o‘tganmi, bir kuni hovlida o‘g‘lim bilan qattiq janjallashyapti. Shunda oilani ajrashish fik­ridan qaytarish uchun ularni kelinining muayyan vaqtgacha onasinikida yashashiga ko‘ndirdik. 

Kelin bo‘lgan uyida eri, qaynonasi koyi­gan bo‘lsa, ikki oy o‘tar-o‘tmasdan dangasaligi bois onasi va akasidan har kuni dashnom eshitaveribdi. Bir kuni o‘sha kelin menga qo‘ng‘iroq qilib, pushaymonligini, shunday yaxshi oilasining qadriga yetmaganini aytib, yig‘ladi. Ota-onasi uni erining uyiga olib bordi. Hozir oila ahil, inoq.  

Hanafiy mazhabimizning mo‘tabar manbalaridan bo‘lgan “Durrul muxtor” kitobida bunday deyiladi: “Nikoh va iymon jannatda ham davom etadi. Har qanday shartnoma muayyan muddatdan so‘ng kuchini yo‘qotadi, ammo bir-biridan rozi bo‘lgan umr yo‘ldosh­larning birgalikdagi hayoti o‘lim bilan ham tugamaydi”.

Har bir oila ana shunday saodatga erishsin! Mustahkam oilalar ko‘paysin!

Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Jannatda bir bozor bor. Har juma unga (jannatiylar) keladilar. So‘ngra shamol esib, ularning yuzlariyu kiyimlariga mushk sochadi va ularning husni jamoli ziyoda bo‘ladi. Keyin (ularning) husni va jamollari ziyoda bo‘lgan holda qaytadilar. Ahllari ularga: “Allohga qasam, bizdan keyin husni jamolda yanada ziyoda bo‘libsiz”, deydilar» (Imom Muslim rivoyati). 


To‘xtanor NURIDDINOVA,
Buxoro tumani “Kuchkumar” mahallasi otinoyisi


"Mo‘minalar" jurnalining 2025 yil 1-sonidan olindi