﴿اعْلَمُوا أَنَّمَا الْحَيَاةُ الدُّنْيَا لَعِبٌ وَلَهْوٌ وَزِينَةٌ وَتَفَاخُرٌ بَيْنَكُمْ وَتَكَاثُرٌ فِي الْأَمْوَالِ وَالْأَوْلَادِ كَمَثَلِ غَيْثٍ أَعْجَبَ الْكُفَّارَ نَبَاتُهُ ثُمَّ يَهِيجُ فَتَرَاهُ مُصْفَرّاً ثُمَّ يَكُونُ حُطَاماً وَفِي الْآَخِرَةِ عَذَابٌ شَدِيدٌ وَمَغْفِرَةٌ مِنَ اللَّهِ وَرِضْوَانٌ وَمَا الْحَيَاةُ الدُّنْيَا إِلَّا مَتَاعُ الْغُرُورِ * سَابِقُوا إِلَى مَغْفِرَةٍ مِنْ رَبِّكُمْ وَجَنَّةٍ عَرْضُهَا كَعَرْضِ السَّمَاءِ وَالْأَرْضِ أُعِدَّتْ لِلَّذِينَ آَمَنُوا بِاللَّهِ وَرُسُلِهِ ذَلِكَ فَضْلُ اللَّهِ يُؤْتِيهِ مَنْ يَشَاءُ وَاللَّهُ ذُو الْفَضْلِ الْعَظِيمِ ﴾
“Bilingizki, bu dunyo hayoti faqat o‘yin, behudalik, ziynat, o‘zaro faxrlanish va mol-dunyo hamda farzandlarni ko‘paytirishdan iboratdir. (U) bamisoli bir yomg‘irki, uning (sababidan unib chiqqan) giyoh kofirlarni taajjubga solur. So‘ngra u qurigach, uni sarg‘aygan holda ko‘rasiz. So‘ngra u o‘tin bo‘lib qolur. Oxiratda esa (qay birlaringiz uchun) qattiq azob (qay birlaringiz uchun) Alloh tomonidan mag‘firat va rizolik bordir. Dunyo hayoti faqat aldov matohidir” (Hadid surasi, 20-oyat).
Muhammad Nurulloh Saydo Jazariy: «Dunyoning ichiga kir, sayr qil, ammo ehtiyot bo‘l, dunyo sening ichingga kirmasin», deb ogoh etadi.
«Dunyoni yamadik, yirtib olib dinimizdan,/din ham ketdi, dunyo ham ketdi qo‘limizdan», deya fig‘on chekdi ulug‘ shayx Ibrohim Adham.
Yana bir tasavvuf shayxi va ulug‘ olim Hasan Basriy: «Dunyo kezib oxiratini topganni ko‘rmadik, lekin oxiratini qidirib, dunyosini topganlarni ko‘rdik. Allohga ont ichib aytamanki, pul aziz qilgan har insonni Alloh xor aylagay», dedi afsuslanib…
Shu zotning aytishicha, «Odamzot uch narsaga afsuslanib bu dunyodan ko‘chadi: to‘plagan moli va boyligi bilan to‘ymaydi, orzulariga erisholmaydi, oxirat uchun hozirligini qilolmaydi».
«Bas, dunyo va dunyo hayotidan bahslashib, uni yomonlamang! Agar qalbingizda dunyo sevgisi bo‘lmasaydi, uni yodga olmasdingiz. Zero, kim bir narsani sevsa, o‘shani ko‘p zikr etadi», deydi atoqli so‘fiya Robiya al-Adaviyya.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Dunyo bilan nima ishim bor. Darhaqiqat, men bilan dunyoning misoli daraxt ostiga kelib qaylula (tushdagi orom uyqusi) qilgan kishiga o‘xshaydi. So‘ng u odam ketadi, daraxt esa qoladi».
Molik ibn Dinorda shunday hikmat bor: «Har kim dunyoga (boylikka) «uylanish» istagida bo‘lsa, dunyo mahr badali uchun insondagi tamomi din-diyonatni undan tortib oladi». Yana shu zot bunday degan ekanlar: «Odamlar meni zohid deb o‘ylashadi. Holbuki haqiqiy zohid Umar ibn Abdulazizdir. Zero, dunyo butun dabdabasi bilan unga keldi, u esa dunyodan yuz o‘girdi».
Mo‘min doim Allohning ibodati ila band bo‘lishi, Uning rahmatidan umidvorlik va azobidan xavfda yashamog‘i lozim.
قَالَ صَلى الله عليه وسلم «قالَ اللهُ تعالى: يا دُنْيَا مَنْ خَدَمَني فَاخْدُميهِ وَمَنْ خَدَمَكِ فَأَتْعِبيهِ»
Hadisi qudsiyda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Alloh taolo dedi: “Ey dunyo, Myenga xizmat qilganga sen ham xizmat qil, sening orqangdan chopganni charchatib holdan toydir”.
Kim dunyo bilan band bo‘lib, oxiratdan chalg‘ib qolsa, uning ortidan zir yugurib, oxir-oqibat holdan toyib charchaydi. Kimki Allohning toati bilan mashg‘ul bo‘lsa, taqvoni lozim tutsa, vafotidan keyin unga tayyorlab qo‘yilgan mukofotlarni ko‘rib mamnun bo‘ladi.
«وَمَنْ يَتَّقِ الله يَجْعَلْ لَهُ مَخْرَجًا وَيَرْزُقْهُ مِنْ حَيْثُ لا يَحْتَسِب»
«Kim Allohga taqvo qilsa, U Zot uning yo‘lini ochib qo‘yur. Va unga o‘zi o‘ylamagan tarafdan rizq berur» (Taloq surasi, 2-3-oyatlar).
وَقَالَ صَلَّى اللهُ عليهِ وسلم «قالَ اللهُ عَزَّ وَجَلَّ: يا ابْنَ ءادَمَ تَفَرَّغْ لِعِبَادَتي أَمْلأْ صِدْرَكَ غِنًى وَأَسُدَّ فَقْرَكَ وَإِلا تَفْعَلْ مَلَأتُ يَدَكَ شُغْلاً وَلَمْ أَسُدَّ فَقْرَكَ» فَمَنِ اشْتَغَلَ بِطَاعَةِ اللهِ مَلَأَ اللهُ قَلْبَهُ غِنًى مَعْنَوِيًّا وَإِنْ كَانَ فَقِيرًا مِنْ حَيْثُ الْمَالُ.
Abu Hurayra roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Alloh taolo aytadi: “Ey Odam bolasi, ibodatimga forig‘ bo‘l. Shunda qalbingni boylikka to‘ldiraman va faqirligingni ketkazaman. Aks holda qo‘lingni ish bilan band qilib qo‘yaman va faqirligingni ketkazmayman!” (Imom Termiziy, Ibn Moja, imom Ahmad, Ibn Hibbon, Hokim, Bayhaqiy, imom Tabaroniy “Kabiyr”da rivoyat qilgan. Hokim hadis sanadini sahih degan).
Hasan Basriy rahmatullohu alayh aytadilar: “Dunyo sevgisini kabira gunohlar qatori ko‘rmagan kishidan hayron bo‘lganimchalik boshqalardan hayron bo‘lmaganman, Allohga qasamki, dunyo sevgisi gunohi kabiralarning ham kattarog‘idandir. Axir barcha katta gunohlar dunyoga muhabbat tufayli emasmi?! Butlarga topinish, Rahmonga osiy bo‘lish bular ham aslida dunyoga muhabbat ortidan emasmi?!”
Toshkent tumani “Xolmuhammad ota” jome masjidi
imom-xatibi Avazxo‘ja BAHROMOV tayyorladi.
O‘MI Matbuot xizmati
بِسْمِ اللهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ
فَأَمَّا مَنْ أُوتِيَ كِتَابَهُ بِيَمِينِهِ فَيَقُولُ هَاؤُمُ اقْرَءُوا كِتَابِيَهْ. إِنِّي ظَنَنتُ أَنِّي مُلَاقٍ حِسَابِيَهْ. فَهُوَ فِي عِيشَةٍ رَّاضِيَةٍ. فِي جَنَّةٍ عَالِيَةٍ. قُطُوفُهَا دَانِيَةٌ. كُلُوا وَاشْرَبُوا هَنِيئًا بِمَا أَسْلَفْتُمْ فِي الْأَيَّامِ الْخَالِيَةِ
Yaqinda davlatimiz Rahbari raisligida ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilgan ishlar hamda 2025 yildagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari nutq so‘zladi.
Jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan kishilarga yordam ko‘rsatishning fazilati, ular haqiga xiyonat qilish og‘ir gunohligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilishi, xayru ehsonlar o‘z egalariga yetkazilayotgani, yaxshilik qilishning fayzu barakasi haqida to‘xtaldi.
Qur’oni karimda yutuqqa erishish va oxiratda najot topishning to‘rt asosiy sababi haqida so‘z boradi. Alloh taolo aytadi: “Ey iymon keltirganlar, ruku, sajda qilinglar va Rabbingizga ibodat qilinglar hamda yaxshilik qilinglar, shoyadki, najot topsangiz” (Haj surasi, 77-oyat).
“Yaxshilik qilinglar” buyrug‘i barcha yaxshilikni o‘z ichiga oladi. Alloh taolo boshqa bir oyatda aytadiki: “Ularning ko‘pgina maxfiy suhbatlarida yaxshilik yo‘q, magar kim sadaqaga, yaxshilikka va odamlar orasida islohga amr qilsagina, yaxshilik bor” (Niso surasi, 114-oyat).
Haqiqiy yutuq odamlarning holini o‘nglash kabi voqelikda ta’siri ko‘rinadigan yaxshi amallaridir. Talabaning muvaffaqiyati ilmiy yuksalishda, jamiyatga foydasi tegadigan mutaxassis bo‘lib yetishishda. Ustozning muvaffaqiyati talabalarga chiroyli ta’lim berishda. Shu kabi har qanday kasb egasining yutug‘i o‘z ishini puxta bilishi, unga yuklangan vazifani to‘la-to‘kis ado etishidadir.
Haqiqiy yutuq Haqning toatida bo‘lish, Uning buyrug‘iga amal qilish, qaytarig‘idan qaytish ila ro‘yobga chiqarkan!
Haqiqiy yutuq – qiyomat kunida kishining amallari yozilgan daftari o‘ng tomonidan berilishidir: «Bas, o‘z kitobi (nomai a’moli) o‘ng tomonidan berilgan kishi aytur: “Mana, mening kitobimni o‘qingiz! Darhaqiqat, men hisobotimga ro‘baro‘ bo‘lishimni bilar edim”. Bas, u qoniqarli maishatda, oliy jannatda, mevalari (uzib oluvchiga) yaqindir. (Jannat ahliga): “O‘tgan kunlarda (dunyoda) qilib o‘tgan (ezgu) amallaringiz sababli (ushbu noz-ne’matlarni) yoqimli ishtaha bilan yeb-ichaveringiz!” (deyilur)» (Haqqa surasi, 19–24-oyatlar).
Musulmon inson dini va oxirati xususida muvaffaqiyatga erishishi kerak degani dunyoviy muvaffaqiyatlarga erishishga harakat qilmasin, dunyoga butunlay qo‘l siltasin deganimas! Aksincha, musulmon kishining dunyoda muvaffaqiyat qozonish uchun harakat qilishi – Allohning yerdagi “xalifasi” maqomiga munosib ish! O‘tkinchi hayotda muvaffaqiyat qozonishga berilib ketib, oxirat tadorigidan chalg‘imasa, bas! Musulmonlar dinu dunyolarida, oxiratlarida yutsalar, naqadar soz bo‘ladi!
Abdulaziz ABDULLAYEV,
Qamashi tumanidagi “Chim” jome masjidi imom-xatibi
"Hidoyat" jurnali 2-sonidan