Nafs nima?
Insonni imtihon qilish uchun yaratilgan nafs musulmon bo‘lmaganlarda ammora, musulmonlarda lavvoma, va mulhima, ishonchi kamolga yetgandan so‘ng mutmainna, Allohdan rozi bo‘lganda roziya, Alloh bandadan rozi bo‘lganda marziya va sofiya darajalariga yuksaladi.
Nafs – insonga uning kamolga yetishmog‘i uchun berilgan vosita. Agar nafs berilmaganida edi, inson farishtaga o‘xshab bir maqomda qolar, unda yuksalish yoki quyiga tushish hodisalari bo‘lmas edi. Shu sababdan Alloh taolo Zariyat surasining 56-oyatida:
وَمَا خَلَقْتُ الْجِنَّ وَالْإِنسَ إِلَّا لِيَعْبُدُونِ
“Jin va insonni faqat Menga ibodat qilish uchungina yaratdim”, deb xitob qilgan.
Ushbu oyati karimada farishtalar va hayvonlarning tilga olinmagani ularning imtihon etilmasligini bildiradi.
Endi nafsning yetti darajasini o‘rganishga harakat qilib ko‘ramiz:
1. Nafsi ammora: Nafsi bu maqomda bo‘lgan kimsa Haqni inkor etadi, har doim yomon ishlarni qilishni rejalashtirib yuradi. Nafsi ammora – kofirlar va munofiqlarning nafsi. Ammora bosqichi nafsning zulmatdagi bosqichidirki, u bosqich faqat tuban axloq manbaidir. Yusuf surasining 53-oyatida:
وَمَا أُبَرِّئُ نَفْسِي إِنَّ النَّفْسَ لأَمَّارَةٌ بِالسُّوءِ إِلاَّ مَا رَحِمَ رَبِّيَ إِنَّ رَبِّي غَفُورٌ رَّحِيمٌ
“Va o‘z nafsimni oqlamayman. Albatta, nafs, agar Rabbim rahm qilmasa, yomonlikka ko‘p undovchidir. Albatta, Rabbim mag‘firatli va bilguvchidir», dedi”, deyiladi.
Bu bosqichda bo‘lgan kimsalarda vasvasa bo‘lmaydi, ular jahannamdan qo‘rqmaydi. Bu toifa Alloh taolodan boshqa hamma narsadan qo‘rqadi. Eng qattiq qo‘rqadigani va nafratlanadigani o‘limdir. Ularning sevgilari ham nafslari uchundir. 2. Nafsi lavomma: Pushaymon bo‘lib o‘zini malomat qilgan nafs demakdir. U nur va zulmat yuzma-yuz bo‘lgan nafsdirki, Qur’oni karimda:
وَلَا أُقْسِمُ بِالنَّفْسِ اللَّوَّامَةِ
“Va malomatchi nafs bilan qasam” deyilgan (Qiyomat, 2).
Nafsi bu holatda bo‘lgan kishilarda oz bo‘lsa-da, oxirotda hisob berish vahimasi bor. Bunday odamlar goh musulmonning, goh munkirning ishini qilib yuradi. Bu – musulmonlarning katta gunoh qilganlarining nafsi. Ularda ham o‘limdan qo‘rqish ko‘p, hisob berishdan qo‘rqish tuyg‘usi juda ozdir.
فَأَلْهَمَهَا فُجُورَهَا وَتَقْوَاهَا
“Bas, u(nafs)ga fujurini va taqvosini bildirdi”, deyilgan (Shams, 8).
Nafsi bu maqomda bo‘lganlar solihlardir. Ular o‘limdan qo‘rqadi, hisob berishning og‘irligidan yanada qattiqroq qo‘rqadi. Ular halol va haromga diqqatli bo‘lgan kishilardir.
يَا أَيَّتُهَا النَّفْسُ الْمُطْمَئِنَّةُ
“Ey xotirjam nafs!” deydi (Fajr, 27).
ارْجِعِي إِلَى رَبِّكِ رَاضِيَةً مَّرْضِيَّةً
“Rabbingga sen Undan, U sendan rozi bo‘lgan holingda qayt!” deb amr qilinadi (Fajr, 28).
Bu maqomda hali Alloh taolo nafsdan rozi bo‘lgani yo‘q, faqat nafs Allohdan rozi bo‘lgandir.
يَا أَيَّتُهَا النَّفْسُ الْمُطْمَئِنَّةُ
ارْجِعِي إِلَى رَبِّكِ رَاضِيَةً مَّرْضِيَّةً
“Ey xotirjam nafs! Robbingga sen Undan, U sendan rozi bo‘lgan holingda qayt!” deb amr qilgan (Fajr, 27-28).
Ana shu maqom bandalar yetisha oladigan eng yuksak martaba, bu darajaga yetgan qullar faqat payg‘ambarlik rutbasiga yeta olmaydilar, xolos. Bu maqom ilohiy ism va sifat nurlarining tajalliysi chaqmoq kabi chaqnab g‘oyib bo‘lib turadigan maqomdir. Bu martabada nafs Alloh taolodang rozi, Alloh taolo ham nafsdan rozidir.
Bu martabaning buyuklariga o‘lim yo‘qlik emas, vuslat, shabi aruz-nikoh kechasidir.
Qur’oni karimda Alloh taolo:
وَلَا تَزِرُ وَازِرَةٌ وِزْرَ أُخْرَى وَإِن تَدْعُ مُثْقَلَةٌ إِلَى حِمْلِهَا لَا يُحْمَلْ مِنْهُ شَيْءٌ وَلَوْ كَانَ ذَا قُرْبَى إِنَّمَا تُنذِرُ الَّذِينَ يَخْشَوْنَ رَبَّهُم بِالغَيْبِ وَأَقَامُوا الصَّلَاةَ وَمَن تَزَكَّى فَإِنَّمَا يَتَزَكَّى لِنَفْسِهِ وَإِلَى اللَّهِ الْمَصِيرُ
“O‘zi yukli jon o‘zga jonning yukini ko‘tara olmas. Yuki og‘ir jon o‘z yukiga (boshqani) chaqirsa-da, undan hech bir narsa ko‘tarilmas. Garchi (chaqirilgan) qarindosh bo‘lsa ham. Sen faqat g‘aybdagi Rabbilaridan qo‘rqadigan va namozni to‘kis ado etganlarni ogohlantirursan. Kim poklansa, O‘zi uchun poklanur. Qaytish Allohgadir. (Qiyomat kunida gunohi ko‘p jon uni yengillatish maqsadida eng yaqin qarindoshini yordamga chaqirsa ham, uning gunohidan biror narsa ko‘tarilmaydi. Chunki yaqin qarindoshning o‘zi yukini ko‘tara olmay xunob bo‘layotgan bo‘ladi. Kofir ham, mo‘min ham faqat Allohga qaytadi. Boshqaga emas. Ana o‘shanda Alloh taolo o‘zi bilib hisob-kitob qiladi. Kofir va osiy jazosini, mo‘min-musulmon mukofotini oladi)”, deb amr qilgan (Fotir, 18).
Nafsning tarbiyasi
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflaridan birida aytiladiki, Alloh taolo nafsni yaratganidan so‘ng nafsdan:
– Men kimman? – deb so‘radi.
– Men kimman? – deb javob berdi. Bu javobni eshitgan Alloh taolo farishtalarga amr qildi, ular nafsga bir yil azob berdilar. Nafs shundan keyin ham ayni savolga ayni javobni berganidan keyin Alloh taolo nafsni bir yil och qo‘ydi. Undan so‘ng nafsdan:
– Men kimman? – deb so‘raganda nafs:
– Sen Sendan boshqa iloh bo‘lmagan zotsan, – deb javob berdi. Shunday qilib, nafs ochlikka chiday olmaganidan Rabbini tanidi.
Buyuk mutasavvuf imom Rabboniy hazratlarigi ko‘ra, bu yerda aytilgan ochlikdan murod ba’zi johil mutasavvuflar tushuntirganidek faqat yemak-ichmoqdan qisib qo‘yish emas, zotan, hindu va buddaviy rohiblari ham uzoq muddat suvsiz va ochlikka toqat qila oladi, Ammo ular bundan faqat nafsining safosiga erisha oladi, xolos. Hazrati Imom “Maktubot”ida nafsni och qo‘ymoq nima ekanini quyidagicha tushuntiradi: “Nafsning istaganlarini qilmaslik, istamaganlarini qilish, nafsni mag‘lub etishning eng qulay yo‘li esa sunnatga uyg‘un yashamoq va qalbni mosuvodan (maxluqot sevgisidan) pok tutmoqdir”.
Damin JUMAQUL tayyorladi.
O‘MI Matbuot xizmati
Islom dini jamoat, ittifoqlik, do‘stlik va mehr-oqibat dinidir. Bir mahalla, bir uyda yashaydigan qo‘shnilar insonga yaqin birodaridan ham yaqinroqdir. Qo‘shnilar o‘rtasidagi o‘zaro totuvlik, yaxshi aloqalar jamiyatning salohiyati va kuchi bo‘lishini ta’minlaydi. Zeroki, Islom dini qo‘shnilarga e’tibor berish, o‘zaro yordam va samimiy aloqalarni tiklashga chaqiradi va bu orqali birlik, ittifoqda bo‘lgan kuchli jamiyatni barpo qilishni talab qiladi.
Bas shunday ekan har bir musulmon qo‘shnisiga e’tibor berib, ularga go‘zal muomala qilishi va shariatga zid kelmagan haqlarini ado etishi kerakdir. Qo‘shnisiga yomonlik qilish, ozor berish musulmonning xulqi emasdir.
Imom Buxoriy va Muslim o‘z sahihlarida Ibn Umar roziyallohu anhu va Oisha roziyallohu anholardan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu haqda bunday deganlar:
وَعَنِ ابْنِ عُمَرَ وَعَائِشَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا قَالَا: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «مَا زَالَ جِبْرِيلُ يُوصِينِي بِالْجَارِ حَتَّى ظَنَنْتُ أَنَّهُ سَيُوَرَّثُهُ». مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ.
Ibn Umar roziyallohu anhu va Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jabroil menga qo‘shni xususida tavsiya beraverganidan uni menga merosxo‘r qilib qo‘yarmikan, deb o‘ylab qoldim”, dedilar. Muttafaqun alayhi.
Qo‘shnilarining haqlariga rioya qilmaslik, ularga yomonlik qilish, ozor berish musulmonni eng yomon, ayanchli oqibatlarga olib keladi. Musulmon uchun imon sifatidan mosuvo bo‘lishdan ham ayanchli oqibat bo‘lmasa kerak?! Imondan mahrum bo‘lishdan, oxiratda jahannamga uloqtirilishdan ham ulkan halokat bo‘lmasa kerak?! Bu holga tushishdan Alloh asrasin!
Bunday ayanchli holatga tushib qolishdan ogohlantirib, bunday past, razil ishlardan qaytarib, Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar:
وَعَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: واللهِ لَا يُؤْمِنُ، وَاللَّهِ لَا يُؤْمِنُ، وَاللَّهِ لَا يُؤْمِنُ قِيلَ: مَنْ يَا رَسُولَ اللهِ؟ قَالَ: «الَّذِي لَا يَأْمَنُ جَارُهُ بَوَائِقَهُ ، مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Allohga qasamki, mo‘min emas! Allohga qasamki, mo‘min emas! Allohga qasamki, mo‘min emas!” deganlarida, “Kim u, yo Allohning Rasuli?” deyildi. Shunda u zot: “Yomonliklaridan qo‘shnisi omonda bo‘lmagan kishi”, dedilar. Muttafaqun alayhi.
Hadisdan biz o‘rgangan foydali o‘gitlar:
1. Qo‘shnilar bilan o‘zaro totuvlikda yashash.
2. Qo‘shniga go‘zal muomala qilishning zarurligi.
3. Qo‘shnilar bilan yaxshi, samimiy aloqalar o‘rnatish, qo‘shnilarga e’tibor berish, qiyinchilik vaqtida, tuy va marosimlarda yordam qo‘lini cho‘zish.
4. Qo‘shnining shunday haqlari borki, ularga rioya qilish musulmonning vazifasidir.
5. Kim qo‘shnisiga ozor bersa, uning imoni mukammal emas.
6. Qo‘shniga yomonlik qilish musulmon axloqiga ziddir.
7. Har bir musulmon kishi qo‘shnilariga e’tibor berib, ularga go‘zal muomala qilishi va haqlarini ado etishi. Qo‘shnining haqlaridan: salom berish, bemor bo‘lsa, borib ko‘rish, shariatga zid kelmagan marosim va munosabatlarda ishtirok etish va ularda ko‘maklashish.
8. Qo‘shni zinasidagi chiroqni o‘chirib qo‘yish, ozor beradigan darajada televizor va radio ovozini baland qilish, qo‘shnining ayoli va qizlariga nazar solish, qo‘shnilarni poylab, josuslik qilish, istirohat vaqtlarida shovqin solish, o‘yin o‘ynash kabi holatlar bilan qo‘shnilarga ozor bermaslik.
Beknazar Muhammad Shakur,
Hadis ilmi maktabi katta o‘qituvchisi.