Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Yanvar, 2025   |   23 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:42
Peshin
12:40
Asr
15:47
Shom
17:31
Xufton
18:48
Bismillah
23 Yanvar, 2025, 23 Rajab, 1446

Nafsning yetti darajasi

26.03.2018   20265   7 min.
Nafsning yetti darajasi

Nafs nima?

Insonni imtihon qilish uchun yaratilgan nafs musulmon bo‘lmaganlarda ammora, musulmonlarda lavvoma, va mulhima, ishonchi kamolga yetgandan so‘ng mutmainna, Allohdan rozi bo‘lganda roziya, Alloh bandadan rozi  bo‘lganda marziya va sofiya darajalariga yuksaladi.

Nafs – insonga uning kamolga yetishmog‘i uchun berilgan vosita. Agar nafs berilmaganida edi, inson farishtaga o‘xshab bir maqomda qolar, unda yuksalish yoki quyiga tushish hodisalari bo‘lmas edi. Shu sababdan Alloh taolo Zariyat surasining 56-oyatida:

وَمَا خَلَقْتُ الْجِنَّ وَالْإِنسَ إِلَّا لِيَعْبُدُونِ

Jin va insonni faqat Menga ibodat qilish uchungina yaratdim”, deb xitob qilgan.

Ushbu oyati karimada farishtalar va hayvonlarning tilga olinmagani ularning imtihon etilmasligini bildiradi.

Endi nafsning yetti darajasini o‘rganishga harakat qilib ko‘ramiz:
1. Nafsi ammora: Nafsi bu maqomda bo‘lgan kimsa Haqni inkor etadi, har doim yomon ishlarni qilishni rejalashtirib yuradi. Nafsi ammora – kofirlar va munofiqlarning nafsi. Ammora bosqichi nafsning zulmatdagi bosqichidirki, u bosqich faqat tuban axloq manbaidir. Yusuf surasining 53-oyatida:

وَمَا أُبَرِّئُ نَفْسِي إِنَّ النَّفْسَ لأَمَّارَةٌ بِالسُّوءِ إِلاَّ مَا رَحِمَ رَبِّيَ إِنَّ رَبِّي غَفُورٌ رَّحِيمٌ

Va o‘z nafsimni oqlamayman. Albatta, nafs, agar Rabbim rahm qilmasa, yomonlikka ko‘p undovchidir. Albatta, Rabbim mag‘firatli va bilguvchidir», dedi”, deyiladi.

Bu bosqichda bo‘lgan kimsalarda vasvasa bo‘lmaydi, ular jahannamdan qo‘rqmaydi. Bu toifa Alloh taolodan boshqa hamma narsadan qo‘rqadi. Eng qattiq qo‘rqadigani va nafratlanadigani o‘limdir. Ularning sevgilari ham nafslari uchundir. 2. Nafsi lavomma: Pushaymon bo‘lib o‘zini malomat qilgan nafs demakdir. U nur va zulmat yuzma-yuz bo‘lgan nafsdirki, Qur’oni karimda:

وَلَا أُقْسِمُ بِالنَّفْسِ اللَّوَّامَةِ

Va malomatchi nafs bilan qasam” deyilgan (Qiyomat, 2).

Nafsi bu holatda bo‘lgan kishilarda oz bo‘lsa-da, oxirotda hisob berish vahimasi bor. Bunday odamlar goh musulmonning, goh munkirning ishini qilib yuradi. Bu – musulmonlarning katta gunoh qilganlarining nafsi. Ularda ham o‘limdan qo‘rqish ko‘p, hisob berishdan qo‘rqish tuyg‘usi juda ozdir.

  1. Nafsi mulhima:Asror (sirlar) maqomi bo‘lib, nafsi natiqa bu maqomda mulhimadir. Qur’oni karimda:

فَأَلْهَمَهَا فُجُورَهَا وَتَقْوَاهَا

“Bas, u(nafs)ga fujurini va taqvosini bildirdi”, deyilgan (Shams, 8).

Nafsi bu maqomda bo‘lganlar solihlardir. Ular o‘limdan qo‘rqadi, hisob berishning og‘irligidan yanada qattiqroq qo‘rqadi. Ular halol va haromga diqqatli bo‘lgan kishilardir.  

  1. Nafsi mutmainna:Yetuklik maqomi bo‘lib, nafsi natiqa bu maqomda mutmainnadir. Bu maqomda  banda nafsining hoyu havaslarini jilovlab olib, uni sokinlashtirgan bo‘ladi. Qur’oni karimda Alloh taolo marhamat qilib:

يَا أَيَّتُهَا النَّفْسُ الْمُطْمَئِنَّةُ

Ey xotirjam nafs!” deydi (Fajr, 27).

  1. Nafsi roziya:Vuslat (qovushmoq) maqomi bo‘lib, nafsi natiqa bu maqomda roziya nomini oladi. Qur’oni karimda:

ارْجِعِي إِلَى رَبِّكِ رَاضِيَةً مَّرْضِيَّةً

Rabbingga sen Undan, U sendan rozi bo‘lgan holingda qayt!” deb amr qilinadi (Fajr, 28).

Bu maqomda hali Alloh taolo nafsdan rozi bo‘lgani yo‘q, faqat nafs Allohdan rozi bo‘lgandir.

  1. Nafsi marziya:Fe’llarning tajalliy etish maqomi bo‘lib, nafsi natiqa bu maqomda marziya otini oladi. Qur’oni karimda:

يَا أَيَّتُهَا النَّفْسُ الْمُطْمَئِنَّةُ

ارْجِعِي إِلَى رَبِّكِ رَاضِيَةً مَّرْضِيَّةً

Ey xotirjam nafs! Robbingga sen Undan, U sendan rozi bo‘lgan holingda qayt!” deb amr qilgan (Fajr, 27-28).

Ana shu maqom bandalar yetisha oladigan eng yuksak martaba, bu darajaga yetgan qullar faqat payg‘ambarlik rutbasiga yeta olmaydilar, xolos.  Bu maqom ilohiy ism va sifat nurlarining tajalliysi chaqmoq kabi chaqnab  g‘oyib bo‘lib turadigan maqomdir. Bu martabada nafs Alloh taolodang rozi, Alloh taolo ham nafsdan rozidir.

Bu martabaning buyuklariga o‘lim yo‘qlik emas, vuslat, shabi aruz-nikoh kechasidir. 

  1. Nafsi komila yoki sofiya:Bu nafs payg‘ambarlarning, ulug‘ avliyolarning va xoslarning nafsi bo‘lib, nafsi natiqa bu maqomda sofiya nomini oladi. Bu martabada bo‘lgan buyuklarning ko‘nglida Zoti ilohiyning nurlari chaqmoq kabi chaqnab turadi va so‘nmaydi, har damda tajalliy etib turadi...

Qur’oni karimda Alloh taolo:

وَلَا تَزِرُ وَازِرَةٌ وِزْرَ أُخْرَى وَإِن تَدْعُ مُثْقَلَةٌ إِلَى حِمْلِهَا لَا يُحْمَلْ مِنْهُ شَيْءٌ وَلَوْ كَانَ ذَا قُرْبَى إِنَّمَا تُنذِرُ الَّذِينَ يَخْشَوْنَ رَبَّهُم بِالغَيْبِ وَأَقَامُوا الصَّلَاةَ وَمَن تَزَكَّى فَإِنَّمَا يَتَزَكَّى لِنَفْسِهِ وَإِلَى اللَّهِ الْمَصِيرُ

O‘zi yukli jon o‘zga jonning yukini ko‘tara olmas. Yuki og‘ir jon o‘z yukiga (boshqani) chaqirsa-da, undan hech bir narsa ko‘tarilmas. Garchi (chaqirilgan) qarindosh bo‘lsa ham. Sen faqat g‘aybdagi Rabbilaridan qo‘rqadigan va namozni to‘kis ado etganlarni ogohlantirursan. Kim poklansa, O‘zi uchun poklanur. Qaytish Allohgadir. (Qiyomat kunida gunohi ko‘p jon uni yengillatish maqsadida eng yaqin qarindoshini yordamga chaqirsa ham, uning gunohidan biror narsa ko‘tarilmaydi. Chunki yaqin qarindoshning o‘zi yukini ko‘tara olmay xunob bo‘layotgan bo‘ladi. Kofir ham, mo‘min ham faqat Allohga qaytadi. Boshqaga emas. Ana o‘shanda Alloh taolo o‘zi bilib hisob-kitob qiladi. Kofir va osiy jazosini, mo‘min-musulmon mukofotini oladi)”, deb amr qilgan (Fotir, 18).

Nafsning tarbiyasi

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflaridan birida aytiladiki,  Alloh taolo nafsni yaratganidan so‘ng nafsdan:

 Men kimman? – deb so‘radi.

– Men kimman? – deb javob berdi. Bu javobni eshitgan Alloh taolo farishtalarga amr qildi, ular nafsga bir yil azob berdilar. Nafs shundan keyin ham ayni savolga ayni javobni berganidan keyin Alloh taolo nafsni bir yil och qo‘ydi. Undan so‘ng nafsdan: 

– Men kimman? – deb so‘raganda nafs:

– Sen Sendan boshqa iloh bo‘lmagan zotsan, – deb javob berdi. Shunday qilib, nafs ochlikka chiday olmaganidan Rabbini tanidi. 

Buyuk mutasavvuf imom Rabboniy hazratlarigi ko‘ra, bu yerda aytilgan ochlikdan murod ba’zi johil mutasavvuflar tushuntirganidek faqat yemak-ichmoqdan qisib qo‘yish emas, zotan, hindu va buddaviy rohiblari ham uzoq muddat suvsiz va ochlikka toqat qila oladi, Ammo ular bundan faqat nafsining safosiga erisha oladi, xolos. Hazrati Imom “Maktubot”ida nafsni och qo‘ymoq nima ekanini quyidagicha tushuntiradi: “Nafsning istaganlarini qilmaslik, istamaganlarini qilish, nafsni mag‘lub etishning eng qulay yo‘li esa sunnatga uyg‘un yashamoq va  qalbni mosuvodan (maxluqot sevgisidan) pok tutmoqdir”.

Damin JUMAQUL tayyorladi.

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Allohdan ilm va ofiyat so‘ranglar

22.01.2025   1633   4 min.
Allohdan ilm va ofiyat so‘ranglar

Boshqalarga qalbingiz, aqlingiz, molingiz ila yordam bering. Yordamingiz, amalingiz faqat Alloh taoloning rizoligi uchun bo‘lsin. Qilgan yaxshiligingizni eslab yurishdan saqlaning. Aksincha, birov sizga yaxshilik qilsa, uni doim yodingizda tuting. Zero, Alloh taolo Baqara surasining 264-oyati karimasida: «Ey iymon keltirganlar! Molini odamlar ko‘rsin deb beradigan, Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan kimsaga o‘xshab, (bergan) sadaqalaringizni minnat va ozor bilan yo‘qqa chiqarmang!..» deb marhamat qildi. 

Qarshingizdan chiqadigan har qanday ko‘ngilsizlikni muvaffaqiyat keltiradigan hayot tajribalaridan biri deb biling. Zero, tun naqadar uzun bo‘lmasin, albatta, quyosh chiqishi bordir. Aytishadi-ku, muvaffaqiyat narvondir, ikki qo‘ling cho‘ntakda bo‘la turib, unga ko‘tarila olmaysan, deb.

Bir burda nonga ham Allohga hamd ayting, shukr qiling. Doim ham to‘kin-sochinlik bo‘lavermaydi. O‘tayotgan kuningizdan noliyvermang, qanoatli bo‘ling. Hasad qilishdan saqlaning. Zero, Alloh taolo bandalarini O‘zi siylagan ne’matlar bilan xoslab qo‘ygan. Boshqalarning o‘sha ne’matlardan mahrum bo‘lishlariga orzumand bo‘lmang, aksincha, Alloh sizni ham ne’matlantirishini, barakotini so‘rang.

Har kuni Alloh azza va jalladan afv va ofiyat so‘rashni unutmang. Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Allohdan afv va ofiyat so‘ranglar. Chunki biror kishiga iymondan keyin ofiyatdan-da yaxshirog‘i berilmagan”[1], deya marhamat qilganlar.

Alloh taolodan foydali ilm va keng rizq so‘rang. Boisi, ilm o‘zgalar tortib ololmaydigan xazinadir. Johilning qo‘lidagi ming dinor bir hovuch tuproqqa aylanadi, ilm talabidagi kimsaning qo‘lidagi bir siqim tuproq esa, ming dinorga.

Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu ilmning fazli borasida: Ey Kumayl, ilm mol-dunyodan yaxshiroqdir. Ilm seni muhofaza qiladi, molni esa sen qo‘riqlaysan. Ilm – hokim, mol esa mahkumdir. Molni berganing sari kamayaveradi. Ilm esa tarqatish orqali ko‘payib boradi”, deganlar.

Ilm mag‘rurlikni so‘ndiradi. G‘urur go‘yo bananning po‘stlog‘iga o‘xshaydi. Muvaffaqiyat cho‘qqisiga ko‘tarilayotganingizda, u sabab toyib ketasiz. Foydali ilm so‘rash borasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolodan manfaatli ilm so‘ranglar va foyda bermaydigan ilmdan panoh tilanglar”, deganlar.

O‘zingiz va atrofingizdagilar birdek baxtli bo‘lishi uchun ularning har birini baxtiyor qilishga harakat qiling. Yig‘i orasida kula olmaganingizdek, atrofingizdagilar zulmat qa’rida bo‘lgan bir holda, siz tong yog‘dusi ichra tura olmaysiz. Axir, insonning baxti uning ko‘magi sabab muvaffaqiyatga erishganlarning adadi bilan belgilanadi. O‘ziga to‘q kishilardan bo‘lsangiz davlatingizdan ozroq berish ila boshqalarning saodatiga hissangizni qo‘shing. Bordi-yu, qo‘lingiz kaltalik qilsa, bir og‘iz shirin so‘z bilan bo‘lsa-da, bu jarayonda ishtirok eting.

Qora kuningizda sizga yordam qo‘lini cho‘zgan, dunyo to‘nini teskari kiyganida siz bilan birga yelkadosh bo‘lgan, ba’zan yaqinlaringiz tashlab ketib yolg‘iz qolganingizda sizni jarlikdan olib chiqqan kishilarni unutmang...

Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham minnatdorchilik bildirish mo‘minlarning sifati ekanini ta’kidlab: “Odamlarga tashakkur aytmagan kishi, Alloh azza va jallaga ham shukr qilmaydi”, deganlar va yana boshqa bir hadislarida yaxshilikni mukofotlashni o‘rgatib, shunday deya marhamat qilganlar: “Kim sizlarga bir yaxshilik qilsa, uni mukofotlab qo‘yinglar. Taqdirlashga arzirli biror narsa topa olmasangiz,  haqqi ado bo‘ldi deb o‘ylaguningizgacha uning haqqiga duo qilib qo‘ying” (Imom Abu Dovud rivoyati).

Siz bilmay xafa qilgan insonlaringizni ismini yodingizda tuting va, albatta, uzringizni ayting. Odamlarni hisob-kitob qilmang, odamlarni muhokama qilish vaqtni behuda ketkazishdan boshqa narsa emas.

Hasson Shamsiy Poshoning "Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar" nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1] Imom Termiziy rivoyati.