Marhum onamiz doim zikrda yurardilar. Tillari har vaqt “Alhamdulillah”, “Laa ilaaha illalloh”, “Subhaanalloh” kabi zikrlar ila namlanib turardi. O'zlari zikrga muhabbatli bo'lish bilan birgalikda bizga ham doim zikr qilishimizni eslatib turar edilar.
Hamma ham zikr qilishga, zikrga odatlanishga harakat qiladi. Lekin bir kun, ikki kun, uzog'i bir hafta zikr qilib keyin tashlab qo'yadi. Ko'pincha zikrlar qolib ketishiga ishlarimiz, darslarimiz ko'pligi, doim shular haqida o'ylab yurishimiz sabab bo'ladi.
Shu e'tibordan onam zikrni unutib qo'ymasligimiz uchun ajoyib bir tadbirni yo'lga qo'ygan edilar. Har kuni yuradigan ko'chalarimizning nomlarini o'z nomlari bilan nomlamasdan aytadigan zikrlarimiz nomi bilan nomlab qo'yardilar. Masalan, “Subhanalloh” ko'chasi, boshqa ko'chani “Alhamdulillah” ko'chasi, yana boshqa birini esa, “Laa ilaaha illalloh” ko'chasi va hokazo.
Keyin biz qachon shu ko'chalardan o'tadigan bo'lsak, ko'cha nomiga muvofiq zikrni aytib ketar edik. Bu juda ajoyib tadbir edi. Chunki ko'pincha tilimiz bekorchi gaplarni gapirish bilan band bo'ladi. Uning o'rniga qaysi ko'chada yurgan bo'lsak, o'sha ko'chaga atalgan zikrni aytishimiz tilimizni doimo zikr bilan band qilardi. Sababi biz har doim u yoki bu ko'chada yurgan bo'lamiz.
Biz bu zikrlarga shu darajada o'rgangan edikki, o'sha ko'chalarning asl nomlarini ham esimizdan chiqarib yuborgan edik. Biror joyni tushuntirish kerak bo'lganda ham, hattoki, o'sha o'zimiz nomlab olgan zikrlar nomi bilan atar edik.
Onam bu tadbirni bizga o'ttiz yil mobaynida qo'llab keldilar. Mana hozir yoshim qirqqa chiqqan bo'lsa-da, hali-hanuz ushbu odatimni tark qilganim yo'q. Har safar o'sha ko'chalardan o'tsam, o'sha ma'lum zikrlarni aytib o'taman.
Demak, biz ham farzandalarimizga ushbu usulni qo'llagan holda Allohning zikrida bardavom bo'lishni o'rgatsak bo'ladi. Bu uslub nafaqat farzandlarimizga, balki o'zimizga ham foydali bo'lishi shubhasiz.
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining
“Farzand tarbiyasidan 700 ta saboq” kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati