Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, serqatnov ko‘chaning qoq o‘rtasida turgan tosh kimgadir musibat olib kelishini? Bolalar o‘ynab qoldirgan tosh ko‘pincha hech birimizning e’tiborimizni tortmaydi. Ichimizda kimgadir la’nat aytib toshni aylanib o‘tib ketamiz.
Avtoulovimizni to‘xtatib, o‘sha toshni olib tashlashga yo erinchoqlik qilamiz yoki uni olsam, ust-boshim, qo‘lim kir bo‘ladi, ko‘rganlar nima deydi kabi har xil andishalarga boramiz. Mo‘min-musulmon borki, albatta jannatni orzu qiladi. Bugungi kunda jannatga kiritadigan amalni Payg‘ambarimizdan emas, balki o‘zlarining to‘daboshliqlaridan eshitib, Allohning bergan ne’matiga xiyonat qilib, o‘zlarini portlatib, kechirib bo‘lmas gunohga qo‘l o‘rayotganlar qanchadan-qancha. Buning oqibatida esa begunoh insonlar vafot etishmoqda. Aslida jannatga kiritadigan amalni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sahih hadislaridan o‘rganib amal qilishimiz kerak emasmi?
Bir sahobiy Rasululloh alayhissalomdan o‘zini jannatga kiritadigan amalni ixlos bilan so‘radi. Menga jannat yo‘lini ko‘rsating, shuni qilsam, jannatga kiradigan bo‘lay, dedi. Abu Barza al-Aslamiydan rivoyat qilinadi: “Yo Rasululloh! Meni jannatga kiritadigan amalga dalolat qiling”, – dedi. “Odamlar yo‘lidagi ozor beruvchi narsani olib tashla”, – dedilar”.
Bu kabi ishlarni “Men ham shu ishni qilib, jannatga kiray”, degan e’tiqodda qilish naqadar buyuk, ulug‘ ish ekanini bir o‘ylab ko‘rsak yaxshi bo‘lardi. Balkim shunda yo‘lda yotgan narsaga kimdir qoqilib jarohat olmagan bo‘larmidi?
O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan aholining 93%ini mo‘min-musulmonlar tashkil etilishini inobatga olgan holda, hamma bu hadisi sharifdan boxabar bo‘lsalar va hammalari shu hadisga ixlos qilsalar, hammalari jannatga kirish payidan bo‘lsalar, nima bo‘lishini tasavvur qilib ko‘ravering. Bu hadisni Vatanimizni har bir mo‘min-musulmonlari bilib, unga ixlos bilan amal qilsa, xonadonlarimiz, ko‘chalarimiz, yo‘llarimiz, bozorlarimiz, mozorlarimiz eng pokiza, hech qanday ozorsiz, ko‘ngilni xira qiladigan narsalarsiz bo‘lar edi.
Davlatimiz tomonidan ravon yo‘llar qurilib, xalqimizning avtoulovlarda yurishlari uchun juda katta imkoniyatlar yaratilmoqda. Qolaversa, turizmning rivojlanishi uchun ulkan loyihalar amalga oshirilmoqda. Yaratilayotgan bu sharoitlar uchun biz nima qilishimiz kerak? Albatta, bu ne’matlarni qadriga yetib, asrab-avaylashimiz zarur. Biroq afsuslar bo‘lsinki, ba’zida buning teskarisini ko‘rib qolamiz.
Bo‘stonliq tumani o‘zining go‘zalligi, zilol suvlari, betakror tabiati bilan insonni o‘ziga rom etadi. Ba’zida xizmat safari bilan Oq-tosh, Xumson, Chorbog‘, Burchmulla, Chimgan, Sijjak va boshqa qishloqlarga borganimda xunuk manzarani ko‘rib, shu ham insofdanmi degim keladi. Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz yo‘l chetiga qo‘yilgan beton to‘siqlar kimningdir sevgi izhor qiladigan reklama maydoniga aylangan. Bunga izohni ham xojati yo‘q.
Aslida beton to‘siqlar haydovchilarning xavfsizligi uchun o‘rnatilan bo‘lib, uni ohaklash uchun qancha insonlarni mehnati, qolaversa davlatimizni mablag‘i ketgan. Yana bir achinarli holat. Avtoulovda ketayotgan fuqarolar bilib-bilmasdanmi, ishlatilgan ichimlik idishlarini xuddi bir savobli ishni qilayotgandek avtoulov derazasidan yo‘l chetiga “uloqtirib” ketishadi.
Biz kimgadir aql o‘rgatishdan yiroqmiz. Faqat o‘zimizni ojizona fikrimini bildirdik xalos. Xulosa chiqarish barchamizni vijdonimizga havola.
Mahmudjon ABDUSAITOV
Bo‘stonliq tuman “Doniyor bin Ozod” jome masjidi
imom-noibi
O‘MI Matbuot xizmati
Otalari ularga birinchi maktubni yubordi. Lekin ular uni o‘qish uchun ochmadilar, balki har birlari maktubni peshonalariga surtib: “Bu buyuk habibimizdandir”, dedilar. Ushbu xatning ko‘rinishiga nazar qilib, uni chiroyli qutiga solib qo‘yishdi. Bolalar boshqa paytlarda maktubning changini artish uchun olishar va yana joyiga qo‘yib qo‘yishardi. Otalari oilasiga yuborgan hamma xatlarni shunday qilishdi.
Yillar o‘tdi. Ota uyga qaytdi. Lekin ulardan birgina farzand qolgandi. Ota undan so‘radi:
– Onang qayerda?
O‘g‘il dedi:
– Ular qattiq kasal bo‘ldilar. Bizda onamni davolash uchun mablag‘ topilmadi va vafot etdilar.
Ota dedi:
– Birinchi maktubimni ochmadingizmi?! Men sizlarga katta mablag‘ yuborgan edim-ku!
O‘g‘il dedi:
– Yo‘q!
Ota yana so‘radi:
– Ukang qayerda?
O‘g‘il dedi:
– Siz uning ba’zi o‘rtoqlarini tanirdingiz. Onamning o‘limidan keyin unga nasihat qiladigan va uni to‘g‘ri yo‘lga soladigan kimsa topilmadi. U do‘stlari bilan ketdi.
Ota hayratlanib dedi:
– Nima uchun?! Yomon o‘rtoqlarini tark qilib, mening oldimga kelishini yozgan maktubimni o‘qimadingizmi?
O‘g‘il javoban:
– Yo‘q, – dedi.
Ota dedi:
– La havla va la quvvata illa billah. Opang qayerda?
O‘g‘il dedi:
– Turmushga chiqish uchun maslahat so‘ragan haligi yigit bilan nikohlandi va u hozir baxtsiz yashayapti.
Ota darg‘azab bo‘lib dedi:
– Sizlarga bu yigitning obro‘si, xulqi yomonligi va bu to‘yga noroziligim haqida yozgan xatimni o‘qimadingizmi?
O‘g‘il dedi:
– Yo‘q! Biz xatlaringizni bir chiroyli qutida saqladik. Doim uni ziynatladik, peshonamizga surtdik, lekin o‘qimadik.
Bu oilaning ahvoli, uning birligi qanday tarqalib ketgani, otaning maktubini o‘qimay, undan manfaat olmay, balki uni muqaddaslab, unda yozilganlarga amal qilmay, hayotlarini qiyinlashtirganliklari haqida tafakkur qildim. So‘ng stol ustidagi chiroyli qutiga solib qo‘yilgan Qur’oni Karimga nazar soldim... Sho‘rim qurisin!
Albatta, men Allohning Maktubiga anavi bolalar otalarining xatlariga muomala qilganlari kabi munosabatda bo‘lyapman. Men Mus'hafni stolim ustiga qo‘yganman-u, lekin uni o‘qimayman, undagi narsalardan foydalanmayman ham. Axir, u butun hayotimning dasturi-ku!
Robbimga istig‘for aytdim. Mus'hafni ochdim va hech qachon uni tark etmaslikka qaror qildim.
Arab tilidan Ziyoda Mirahmatova tarjimasi