Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa...

24.03.2018   15494   5 min.
Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa...

Madinai munavvara Nabiy alayhissalomning hijratgohlari bo‘ldi, bu pok shaharda Qur’oni Karimning fiqhiy ahkomlariga oid oyatlari nozil  bo‘ldi. Ayni shu  shaharda  Islom dinining tarixiga oid ko‘plab hodisalar bo‘lib o‘tgan. Rasululloh (sollaallohu alayhi vasallam) muborak  hadislarining  ko‘pini shu yerda  aytganlar. Madinai  Munavvara Islom  davlatining  poytaxti, bosh  shahri, ilmiy va fiqhiy markazi  hisoblanib, sahobalarning kattalari, xalifalarning  roshidlari yashagan joydir.

Shuning uchun Madinai Munavvaraning fiqh madrasasi  boshqa  madrasalarga qaraganda kuchli va mashhur bo‘lishi turgan gap. Albatta, katta sahobalarning  bu ma’nodagi  hissalari benazir. Ammo  Madinai Munavvarada  ilmga mutaxassis  bo‘lgan va fiqhiy madrasaga  asos  solgan  sahobalarning  nomlarini  tarixchilarimiz   alohida  tilga  oladilar. Ularning ichida  Zayd ibn Sobit va Abdulloh ibn Umar  roziyallohu anhumo  o‘zlariga xos  manzilaga egalar.

Zayd ibn Sobit ibn Zahhoq  Ansoriy al-Xazrajiy roziyallohu anhuning (kunyalari  Abu Sa’iyd) ikkita katta  fazilatlari mashhurdir. Birinchisi, xalifaning  yo‘qligida uning  vazifasini vaqtincha bajarib turishlari. Ikkinchisi, Islom  davlati  poytaxtida  tengi yo‘q olim  bo‘lganlari.

Ibn Sa’d Amr  ibn Diynordan  rivoyat qilinadi: “Ibn Umar  katta  faqihlardan  hisoblanar edi”. Ibn Abdul  Barr  o‘z  kitobida yozishicha, Abdulloh  ibn Umar  roziyallohu anhu shunday degan:

“Ilm  uch narsadir:  notiq kitob, o‘tuvchi sunnat  va “bilmayman”. Ya’ni: Abdulloh ibn  Umar  roziyallohu anhuda  ilmning ushbu   uch turi  ham  yetarlicha  bor  edi. U  kishi Alloh  taoloning  kitobini va  Rasululloh sollallohu  alayhi  vasallamning sunnatlarini  juda  yaxshi  bilar  edilar. Shu bilan  birga, bilmagan narsalarini ham  darhol  tan olar  va  o‘z joyida  “bilmayman” deyish  bilan  fahrlanar edilar. Shu o‘rinda  shar’iy dalillarga  ham  to‘xtalib o‘tsak:

Shar’iy  dalillardan  murod Qur’oni Karim, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari tushuniladi. Fariy hukmlardan murod esa  shahobcha,  kichik  ahamiyatli narsalardir.

Shariat ibodat va muomilatlarni  o‘z ichiga oluvchi  hukmlardir. Lekin oyat va hadislarda   zikri kelmagan masalalar ham bor. Bu turdagi masalalarni hal qilishda esa faqihlarga ijtihod  eshiklari keng ochilgan. Alloh taologa qurbat hosil qilishning   eng ulug‘i bu  din hukmlariga insonlarni qiziqtirishdir.  Ayniqsa fiqhiy jabhalarda, jumladan, ibodat, amal  va muomilat  masalalarida  aniq bir hujjatga ega bo‘lsinlar. Islom  fiqhi  zamonlar  osha musulmonlarning  talablariga javob berib kelmoqda  va o‘zining  barcha zamonlar  hamda makonlarga  mos ekanini isbot qilmoqda.

Butun dunyoga mashhur adib va faylasuf  Bernard Shou “Men doim islom dinini g‘oyatda ehtirom qilaman. Menimcha, faqat ushbu dingina harakatlantiruvchi  kuchga egadir. Va barcha zamonlarda bashariyatning  foydasiga xizmat qila oladi”, degan. Ingliz tarixchisi  Vilz o‘zining “Insoniyat tarixi  ifodalari” kitobida  quyidagilarni  aytadi: “Yevropa o‘zining idoriy va tijoriy  qonunlari bo‘yicha  islomdan qarzdordir”. Fransuz tarixchisi Sidyu: “Napaleonning  qonuni  Imom Molik  mazhabidagi “Sharhi  Dirdir ’ala matni  halil” nomli fiqh kitoblaridan  ko‘chirmadir”,  deb  yozadi. Fiqh  fani g‘arbda  Islamik Lav, muslim Lav (ingliz tilida), le Droit  musulman (fransuz tilida), Islamische Gesetz (nemis tilida ) kabi  nomlar  bilan  yuritiladi.

Fiqh so‘zi  atama sifatida  Qur’on va hadislarda  qo‘llaniladi. Fiqh islom dini vujudga kelib halifalik  qaror topishi  bilanoq darhol tarkib topgan emas. Fiqhning qaror topishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadislari va sahobalarning  aytgan gaplarini  yozib olish bilan birga davom etgan. Zayd ibn Hasanning “Majmul fiqh”, Molik  ibn Anasning “Al-Muvatto”, Ahmad ibn Hanbalning “Al-Musnad” kitoblari fiqhga oid  dastlabki asarlar hisoblanadi. Ular muayyan tanlab olingan  hadislardan iborat  edi. Fiqh  ilmi  X asrga kelib mustaqil fan sifatida  shakllangan. Fiqh bilan  shug‘ullanuvchi, uni o‘rganuvchi kishi “faqih” deb atalgan. Bunda faqatgina shariat hukmlarini sodda va yuzaki bilib olib, uni yod olish yetarli emas. Balki ularning barcha sabab va hikmatlarini bilmoq va shariat asoschisining maqsadlarini anglamoq zarur hisoblanadi. Shuning uchun shariat hukmlarini sodda uslubda bilgan kishi olim  deyilsa ham, faqih deyilmaydi. Faqih olimlarning ta’kidlashicha, ilm  va fiqh orasida  umum  va xususi  mutlaq bor, ya’ni ilm umumiy ma’noda, fiqh esa  xos ma’noda  ishlatiladi. Shu  sababli   ham  faqih  olim bo‘ladi, ammo  har  bir olim  faqih emas  deyilgan.

 

Ma’rifat ESONOVA

Xadichai Kubro ayol-qizlar

o‘rta-maxsus islom
bilim yurti
talabasi

O‘MI Matbuot xizmati

Fiqh
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Pol Kapur: «Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rasiz, balki uni his qilasiz»

12.08.2026   16249   3 min.
Pol Kapur: «Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rasiz, balki uni his qilasiz»

AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.

Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.

Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.

Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:

«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».

Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.

Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari