Madinai munavvara Nabiy alayhissalomning hijratgohlari bo‘ldi, bu pok shaharda Qur’oni Karimning fiqhiy ahkomlariga oid oyatlari nozil bo‘ldi. Ayni shu shaharda Islom dinining tarixiga oid ko‘plab hodisalar bo‘lib o‘tgan. Rasululloh (sollaallohu alayhi vasallam) muborak hadislarining ko‘pini shu yerda aytganlar. Madinai Munavvara Islom davlatining poytaxti, bosh shahri, ilmiy va fiqhiy markazi hisoblanib, sahobalarning kattalari, xalifalarning roshidlari yashagan joydir.
Shuning uchun Madinai Munavvaraning fiqh madrasasi boshqa madrasalarga qaraganda kuchli va mashhur bo‘lishi turgan gap. Albatta, katta sahobalarning bu ma’nodagi hissalari benazir. Ammo Madinai Munavvarada ilmga mutaxassis bo‘lgan va fiqhiy madrasaga asos solgan sahobalarning nomlarini tarixchilarimiz alohida tilga oladilar. Ularning ichida Zayd ibn Sobit va Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo o‘zlariga xos manzilaga egalar.
Zayd ibn Sobit ibn Zahhoq Ansoriy al-Xazrajiy roziyallohu anhuning (kunyalari Abu Sa’iyd) ikkita katta fazilatlari mashhurdir. Birinchisi, xalifaning yo‘qligida uning vazifasini vaqtincha bajarib turishlari. Ikkinchisi, Islom davlati poytaxtida tengi yo‘q olim bo‘lganlari.
Ibn Sa’d Amr ibn Diynordan rivoyat qilinadi: “Ibn Umar katta faqihlardan hisoblanar edi”. Ibn Abdul Barr o‘z kitobida yozishicha, Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu shunday degan:
“Ilm uch narsadir: notiq kitob, o‘tuvchi sunnat va “bilmayman”. Ya’ni: Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhuda ilmning ushbu uch turi ham yetarlicha bor edi. U kishi Alloh taoloning kitobini va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini juda yaxshi bilar edilar. Shu bilan birga, bilmagan narsalarini ham darhol tan olar va o‘z joyida “bilmayman” deyish bilan fahrlanar edilar. Shu o‘rinda shar’iy dalillarga ham to‘xtalib o‘tsak:
Shar’iy dalillardan murod Qur’oni Karim, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari tushuniladi. Fariy hukmlardan murod esa shahobcha, kichik ahamiyatli narsalardir.
Shariat ibodat va muomilatlarni o‘z ichiga oluvchi hukmlardir. Lekin oyat va hadislarda zikri kelmagan masalalar ham bor. Bu turdagi masalalarni hal qilishda esa faqihlarga ijtihod eshiklari keng ochilgan. Alloh taologa qurbat hosil qilishning eng ulug‘i bu din hukmlariga insonlarni qiziqtirishdir. Ayniqsa fiqhiy jabhalarda, jumladan, ibodat, amal va muomilat masalalarida aniq bir hujjatga ega bo‘lsinlar. Islom fiqhi zamonlar osha musulmonlarning talablariga javob berib kelmoqda va o‘zining barcha zamonlar hamda makonlarga mos ekanini isbot qilmoqda.
Butun dunyoga mashhur adib va faylasuf Bernard Shou “Men doim islom dinini g‘oyatda ehtirom qilaman. Menimcha, faqat ushbu dingina harakatlantiruvchi kuchga egadir. Va barcha zamonlarda bashariyatning foydasiga xizmat qila oladi”, degan. Ingliz tarixchisi Vilz o‘zining “Insoniyat tarixi ifodalari” kitobida quyidagilarni aytadi: “Yevropa o‘zining idoriy va tijoriy qonunlari bo‘yicha islomdan qarzdordir”. Fransuz tarixchisi Sidyu: “Napaleonning qonuni Imom Molik mazhabidagi “Sharhi Dirdir ’ala matni halil” nomli fiqh kitoblaridan ko‘chirmadir”, deb yozadi. Fiqh fani g‘arbda Islamik Lav, muslim Lav (ingliz tilida), le Droit musulman (fransuz tilida), Islamische Gesetz (nemis tilida ) kabi nomlar bilan yuritiladi.
Fiqh so‘zi atama sifatida Qur’on va hadislarda qo‘llaniladi. Fiqh islom dini vujudga kelib halifalik qaror topishi bilanoq darhol tarkib topgan emas. Fiqhning qaror topishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadislari va sahobalarning aytgan gaplarini yozib olish bilan birga davom etgan. Zayd ibn Hasanning “Majmul fiqh”, Molik ibn Anasning “Al-Muvatto”, Ahmad ibn Hanbalning “Al-Musnad” kitoblari fiqhga oid dastlabki asarlar hisoblanadi. Ular muayyan tanlab olingan hadislardan iborat edi. Fiqh ilmi X asrga kelib mustaqil fan sifatida shakllangan. Fiqh bilan shug‘ullanuvchi, uni o‘rganuvchi kishi “faqih” deb atalgan. Bunda faqatgina shariat hukmlarini sodda va yuzaki bilib olib, uni yod olish yetarli emas. Balki ularning barcha sabab va hikmatlarini bilmoq va shariat asoschisining maqsadlarini anglamoq zarur hisoblanadi. Shuning uchun shariat hukmlarini sodda uslubda bilgan kishi olim deyilsa ham, faqih deyilmaydi. Faqih olimlarning ta’kidlashicha, ilm va fiqh orasida umum va xususi mutlaq bor, ya’ni ilm umumiy ma’noda, fiqh esa xos ma’noda ishlatiladi. Shu sababli ham faqih olim bo‘ladi, ammo har bir olim faqih emas deyilgan.
Ma’rifat ESONOVA
Xadichai Kubro ayol-qizlar
o‘rta-maxsus islom
bilim yurti talabasi
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida faoliyat olib borayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida Qur’on musobaqasi o‘tkazildi.
Ochilish marosimida Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Jobir domla Elov so‘zga chiqib, mazkur ma’rifiy tadbirning ahamiyati haqida so‘zlab, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.
Musobaqani o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad diniy soha xodimlarining Qur’oni karim bo‘yicha bilim va mahoratini yanada oshirish, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik muhitini shakllantirishdir.
Bellashuvda viloyatning tuman va shaharlarida faoliyat yuritayotgan 10 nafar imom-xatib va imom-noib ishtirok etib, Qur’oni karimni o‘qish va yoddan bilish borasidagi bilim va mahoratini namoyish etishdi.
Birinchi o‘ringa Peshku tumani “Chiqirchi” jome masjidi imom-noibi Afzal Shavkatov sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Buxoro shahridagi “Volidi Abdulazizxon” jome masjidi imom-noibi Abduvohid Akramovga, uchinchi o‘rin Jondor tumani “Raboto‘g‘lon” jome masjidi imom-xatibi Shuhrat Sherovga nasib etdi.
G‘oliblarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati