23 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida shu yil 9 fevral kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahri Chilonzor tumaniga tashriflari davomida bergan topshiriqlari yuzasidan, Shayx Muhammadsodiq Muhammadyusuf hazratlarining hayoti va ilmiy faoliyatiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari so‘zga chiqib, Shayx hazratlari dinimiz rivoji yo‘lida bor kuch-quvvatlarini sarflagani, 1990 yilda diyorimizdan besh yuz nafar kishini haj ziyoratiga olib borgani, 120 dan ziyod nomdagi diniy-ma’rifiy kitoblari nashr etilgani haqida bildirdilar.
Joriy yilning 9 fevral kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri Chilonzor tumaniga tashriflari asnosida ushbu hududda barpo etilayotgan masjidga Shayx Muhammadsodiq Muhammadyusuf nomini berish tashabbusi el qalbidagi ayni muddao bo‘ldi. Ushbu masjidni hashamatli qilib bunyod qilish, uning yonida muzey tashkil etish, masjid yonida anjumanlar zali barpo etish, ulamolar, olimlar va din arboblarini jamlab, xalqaro anjuman o‘tkazish kabi vazifalar haqida muftiy hazratlari alohida ta’kidladilar.
So‘zga chiqqan Shayx hazratlarining qadrdonlari Zohidjon Qodirov, Imom Termiziy xalqaro markazi direktori Ubaydulla Uvatov, ukalari Muhammad Amin domla Muhammad Yusuf Shayx Muhammadsodiq Muhammadyusuf hazratlari eng og‘ir davrda O‘zbekiston xalqi, uning tinchligi, odamlarning diniy sohada to‘g‘ri yo‘ldan borishlari uchun juda katta xizmat qilganlari to‘g‘risida so‘z yuritishdi. Shayx hazratlarining dunyo musulmonlari o‘rtasidagi obro‘-e’tibori juda baland ekani, o‘zlarining kuchli ilmlari, hikmatli so‘zlari va ibratli amallari bilan dinimiz ravnaqiga chin dildan halol xizmat qilish bo‘yicha katta bir maktab tashkil etganlari e’tirof qilindi.
Ushbu tadbirga hamohang ravishda “Hilol nashr” nashriyoti va O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamkorligida yurtimizda ilk bor chop etilgan Qur’oni karimning o‘ziga xos nusxasining taqdimot marosimi ham o‘tkazildi. Ushbu Mus'hafi sharif nashri yuqori ilmiy saviyada, jahon andozalariga javob beradigan shaklda “Hilol nashr” nashriyotida chop etilgani va ushbu Mus'haf Misr Arab Respublikasidagi “Dorus-salom” nashriyoti bilan kelishuvga binoan, Azhari sharif huzuridagi ilmiy akademiya xulosasi asosida Diniy idora hamkorligida nashr etilgani alohida qayd etildi.
Tadbirda Shayx Muhammadsodiq Muhammadyusuf hazratlarining hayoti va ilmiy faoliyatiga bag‘ishlangan film namoyish etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bir odamning qorni ochdi. U garchi iqtisodiy ahvoli yaxshi bo‘lmasa-da, bir tamaddixonaga kirib, taom buyurtma qildi. Buyurtma tayyor bo‘lgunga qadar derazadan tashqariga qarab o‘tirarkan, ellik yoshlardagi odam tez-tez tamaddixonaga qarab qo‘yayotgani, kirishga jazm qilolmay turganiga ko‘zi tushdi. O‘tgan ketganlar unga e’tibor bermas, u esa aftidan juda och qolgan edi.
Shu payt buyurtma berilgan taom olib kelindi. U esa hech o‘ylanmasdan ovqatni olib, o‘zi och bo‘lsa-da, ko‘chadagi odamga olib chiqib berdi. So‘ng ortiga qaytib, hisobni berishlarini so‘radi. Holatni zimdan kuzatib turgan tamaddixona rahbari xizmatchiga bir qog‘oz berdi. Unda bunday so‘zlar yozilgan edi:
“Insoniylik bebahodir, sizday oliyjanob inson bizning tamaddixonaga kelganidan baxtiyormiz. Ruxsat bersangiz, siz bir miskinni mehmon qilganingiz kabi biz ham sizni mehmon qilsak”.
Xulosa shuki, Alloh taolo hech bir amalni zoye qilmas, bandasini bandasidan qarzdor holda qoldirmas, ehsonga ehson bilan javob qaytarar ekan.
Shunday ekan, imkonimiz borida boshqalarga yaxshilik qilib qolaylik.
Akbarshoh Rasulov