Yurtimiz mustaqillikka erishganidan keyin ko‘plab asarlar o‘zbek tiliga tarjima qilindi va arab tilini bilmaydigan kishilarga bemalol asl manbalarga murojaat qilish imkoni tug‘ildi.
Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy” kitobini o‘qish davomida kishini qiziqtirgan savol paydo bo‘ladi. Bu savol quyidagicha: “Nima uchun “Sahihi Buxoriy” aynan niyat haqidagi hadis bilan boshlangan?
Eng ishonarli hadis to‘plami hisoblangan “Sahihi Buxoriy” asari mustaqillik sharofati tufayli ikki marta minglab nusxada nashr etildi va deyarli har bir o‘zbek xonadoniga kirib borgan. O‘quvchilarning mana shunday ulug‘ kitobni olib, o‘qib chiqishi, o‘zini qiziqtirgan savol bilan murojaat qilishi boshqalarni ham ilmdan bahramand qiladi.
Yahyo ibn Said rivoyat qiladi: “Umar ibn Xattob minbarda turganlarida: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning bunday deganlarini eshitganman”, dedilar: “Darhaqiqat, amallar niyatga bog‘liqdir. Har kimga niyat qilgani bo‘ladi.
...Kimning niyati hijratdan dunyo topish bo‘lsa, dunyoga erishadi, kimning niyati xotin olish bo‘lsa, unga nikohlanadi. Demak, qanday niyatda hijrat qilgan bo‘lsa, o‘sha e’tiborga olinadi” (Imom Buxoriy).
Imom Shofi’iy: “Ilmning yarmi shu hadisda”, deganlar. Ko‘pchilik faqihlar “har bir amalda niyat farz”, deyishadi. Banda niyati yaxshiligi bilan o‘z ehtiyoji, talabi yo‘lidagi barcha ish va harakatlardan savob oladi, oddiy amalini ibodat darajasiga ko‘taradi.
Mashhur “Sunan” sohibi Abu Dovud Sijistoniy o‘zi to‘plagan besh yuz ming hadis orasidan bor-yo‘g‘i 4800 tasini tanlab, ulardan to‘rttasi bir kishining dini uchun kifoya qilishini aytib o‘tgan va ular orasida eng birinchisi niyat haqidagi hadis ekanini ta’kidlagan.
Bir odam Makka shahrida Ummu Qays ismli ayolga uylanishni aytganida ayol unga Madinaga hijrat qilmagunicha tegmasligini shart qiladi, u kishi Ummu Qaysga uylanish niyatida Madinaga ko‘chib boradi. Borgan kunidan e’tiboran u “Ummu Qays muhojiri”, deb tilga olina boshlaydi (Ibn Hajar, “Fathul Boriy”, 1/10).
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) keltirgan risolatga ishongan sahobalar qiyinchiliklarga qaramay, hamma narsalarini tashlab Madinaga hijrat qilishlaridan maqsad faqat Alloh roziligi bo‘lgani va bu yo‘lda har xil azob-uqubatlarni yengib o‘tganlari tarixdan ma’lum. O‘zi istagan ayolga uylanish uchun safarga otlangan kishi bilan Rasulullohning buyrug‘iga itoat etib, hijrat qilgan sahobalar bir xil safar qilgan bo‘lsalarda, ularning niyatlari boshqa-boshqa edi. Dunyoviy istagini qondirish uchun yo‘lga chiqqan kishi ham maqsadiga yetishdi, biroq Alloh va Uning Rasulining buyrug‘iga itoat etgan sahobalar qozongan ulug‘ ajr-savoblardan bebahra qoldi.
Islom dini yaxshi niyatsiz va maqsadsiz amallarni behuda hisoblaydi.
Shu bois mo‘min kishi nimalar qilayotganini anglab, aql-idrok bilan ish tutishi lozim. Misol uchun, tashqi ko‘rinishidan Allohga ibodat qilayotgan kishining niyati ibodat bo‘lmasa, uning namozi ibodat o‘rniga o‘tmagani kabi kunduzlari yeyish-ichish va jinsiy yaqinlikdan o‘zini tiygan kishi ham xolis niyat qilmasa, uning ro‘zasi qabul bo‘lmaydi. Bir rivoyatda: “Mo‘min kishining niyati amalidan yaxshiroq” (Imom Tabaroniy, “Al-Mu’jam al-kabir”, 6/185), deyilgan.
Ba’zi olimlar buni: “Mo‘minning niyati niyatsiz amalidan yaxshiroqdir” (Ibn Abdulbarr, “At-Tamhid”, 19/205), deb sharhlashgan. Yana ham tushunarliroq bo‘lishi uchun bu rivoyatni quyidagicha sharhlash mumkin: “Alloh taolo mo‘min bandasini jannatda amali bilan emas, balki niyati bilan abadiy qoldiradi. Agar amali bilan mukofotlantirsa, bu mukofot abadiy hayotni ifoda etmaydi. Chunki amal sanoqli yillar bilan chegaralangan, uning badali mislicha va bir necha barobar qilib berilishi mumkin. Alloh taolo bandalarini niyatlari tufayli abadiy jannatda qoldiradi. Zero, mo‘min bandaga abadiy hayot berilsa, u Allohga abadiy itoat qilishni niyat qiladi. Shuning uchun Alloh taolo uning mukofotini ham abadiy qiladi (Abu Bakr Ahmad ibn Marvon ad-Dinovariy, “Al-Mujolasa va javohirul ilm”, 4/202).
“So‘ragan edingiz” kitobi asosida tayyorlandi
O‘MI Matbuot xizmati
Ba’zi ulamolar insonning hayot bilan vidolashuv damlarini “safar chog‘i”, “safar soati” deyishadi. Xususan, mashhur olim Oiz Qarniy “Sahobalar hayotidan xotiralar” kitobida Amr ibn Os roziyallohu anhuning “safar soati” haqida so‘z yuritib, bu vaqtning rostgo‘ylik, ruhning poklanishi, oshkoralik va shaffoflik onlari ekanini ta’kidlaydi.
Bu vaqtda o‘lim to‘shagida yotgan insondan dunyo bezaklariga intilish, ig‘vo, munofiqlik, soxtakorlik kabi illatlar chekinar va u o‘zining haqiqati bilan yolg‘iz qoladi. Hatto Fir’avn ham jon berish onida ichidagi maxfiy haqiqatni oshkor qilib, bunday degan:
لا إِلَهَ إِلا الَّذِي آَمَنَتْ بِهِ بَنُو إِسْرَائِيلَ وَأَنَا مِنَ الْمُسْلِمِينَ
“Iymon keltirdimki, Isroil avlodi iymon keltirgan Zotdan o‘zga iloh yo‘qdir. Men ham musulmonlardanman” (Yunus surasi, ٩٠-oyat).
Mashhur sahobiy Amr ibn Os roziyallohu anhu o‘lim to‘shagida yotarkan, yuzini devorga burib olgandi. Atrofida o‘tirgan do‘stlari va o‘g‘li Abdulloh Amr ibn Osga Misrni fath etib, Islomning yoyilishiga katta hissa qo‘shganini, Allohning rahmatidan umidvor bo‘lishini eslatar, u zot bo‘lsa, o‘zini qanday oqibat kutayotganini bilmagani bois qo‘rquvdan yig‘lardi.
Amr ibn Os roziyallohu anhu so‘nggi lahzalarini boshdan kechirar ekan, yashab o‘tgan hayotini xotirlab, bunday xulosaga keladi: “Mening umrim uch bosqichda o‘tdi. Islomdan oldin jaholat bosqichida yashadim. O‘sha paytda eng yomon ko‘rganim Rasululloh sollallohu alayhi va sallam edilar. Har qancha hiyla-nayrang ishlatib bo‘lsa ham, u zotni o‘ldirishga tayyor edim. Islomni qabul qilgach, Madinaga hijrat qildim. Bu hayotimdagi ikkinchi bosqich, ya’ni kufrdan Islomga o‘tish bosqichi edi...”
Amr ibn Os Makkadan Madinaga Xolid ibn Valid bilan birga hijrat qilgandi. Ular Madinaga yaqinlasharkan, Amr ibn Os Xolid ibn Validga: “Yo oldinda yur yoki orqada qol. Mening gunohlarim ko‘p. Rasulullohga ular haqida aytmoqchiman. U zot bilan yolg‘iz qolishni istayman”, dedi. Shundan so‘ng Xolid ibn Valid oldinga o‘tib ketdi. Amr ibn Os roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilariga kelib: “Qo‘lingizni bering, bay’at qilaman”, dedi.
Rasululloh Amr ibn Osga bay’at uchun qo‘llarini cho‘zganlarida, u payg‘ambarimizning muborak qo‘llarini mahkam ushlab oldi. Nabiy alayhissalom: “Senga nima bo‘ldi, ey Amr?” deb so‘radilar. Amr ibn Os: “Men shart qo‘ymoqchiman, ey Allohning Rasuli”, dedi. U zot: “Nimani shart qo‘yasan?” dedilar. Amr ibn Os: “Rabbim o‘tgan gunohlarimni mag‘firat qilishini shart qilib qo‘yaman”, dedi. Amr ibn Os johiliyat davrida Islomga qarshi janglarda qatnashgan va ko‘pgina gunoh ishlarga qo‘l urgandi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey Amr, bilmaysanmi? Islom o‘zidan oldingi narsalarni yo‘q qiladi (gunohlarni kechiradi)”, dedilar.
Amr ibn Os roziyallohu anhu aytadi: «Qo‘limni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning qo‘llariga qo‘yib, bay’at qildim. Shundan so‘ng muhabbat va itoatkorlik ila u zotga hamroh bo‘ldim. U zot men uchun insonlarning eng sevimlisi edilar. Islomdan avvalgi nafratim muhabbatga aylandi. Rasuli akram sollallohu alayhi va sallamga bo‘lgan hurmatim sababidan u zotga tik qaray olmaganman. Agar mendan u zotni tasvirlab berishimni so‘rasangiz, bu ishni uddalay olmayman. Chunki u zotga bo‘lgan muhabbatim, ehtiromim va hayoim sababli Rasulullohning yuzlariga qaray olmaganman. Ana shu muhabbat tufayli qaytadan dunyoga kelgandek bo‘ldim... Koshkiydi, o‘sha holatimda vafot topgan bo‘lsam. Chunki mazkur holat din uchun kurash, ilm, tavba va hidoyat kabi his-tuyg‘ularni o‘zida jamlagandi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning vafotlaridan so‘ng o‘zgarib qoldim. Bu hayotimning uchinchi bosqichi edi. Bu bosqichda dunyo men bilan oshkora o‘yin qildi. Siffin va Jamal kabi fitnali hodisalar sodir bo‘ldi. Allohga qasam, jannatga kiramanmi yoki do‘zaxgami, bilmayman!.. Hozir birgina kalima bor, xolos. Uni Allohning huzurida o‘zim uchun hujjat qilaman. Bu: “La ilaha illallohu vahdahu la shariyka lah. Lahul-mulku va lahul hamdu va huva ’ala kulli shay’in qodir” kalimasidir».
Shundan so‘ng Amr ibn Os roziyallohu anhu kaftini mahkam siqdi va ruhi tanasidan chiqib ketdi. Uning o‘g‘li Abdulloh ibn Amr aytadi: “Otamni yuvgani olib kirdik. G‘assollar uning barmoqlarini yuvish uchun ochmoqchi bo‘ldilar, lekin ular mahkam siqilgandi. So‘ng uni kafanlash uchun barmoqlarini ochdik, lekin ular yana yopilib qoldi. Uni qabrga qo‘yganimizda ham qo‘llari mahkam siqilgandi”...
Ushbu voqea zamirida barchamiz uchun ulkan saboq bor. Amr ibn Os roziyallohu anhuning naqadar samimiyligi, tavhid kalimasini dili va tilida mahkam tutib, Rabbisiga yuzlanganiga havasdamiz, albatta.
Amr ibn Os roziyallohu anhu umrini uch bosqichga bo‘ldi. Bizning “safar soati”miz qanday kecharkin? Hayotimiz necha bosqichdan iborat bo‘ladi? Umrimiz qanday kechyapti? Rabbimiz biz ojiz bandalariga bu borada ham O‘z “taklif”ini taqdim etgan. Oli Imron surasi ٨-oyatida bunday duo bor:
رَبَّنَا لَا تُزِغْ قُلُوبَنَا بَعْدَ إِذْ هَدَيْتَنَا وَهَبْ لَنَا مِنْ لَدُنْكَ رَحْمَةً إِنَّكَ أَنْتَ الْوَهَّابُ
“Robbanaa laa tuzig‘ quluubanaa ba’da iz hadaytanaa vahab lanaa mil-ladunka rohmah. Innaka antal Vahhaab”.
“Ey Rabbimiz, bizni hidoyat yo‘liga solganingdan keyin dillarimizni (to‘g‘ri yo‘ldan) og‘dirma va bizga huzuringdan rahmat ato et! Albatta, Sen Vahhob (barcha ne’matlarni tekin ato etuvchi)dirsan”.
Mehribon Zot barchamizni ushbu duo-oyat haqiqati bilan rizqlantirsin!
Mavjuda NURIDDINOVA
tayyorladi.