Ko‘zi ojiz odam, agar olim bo‘ladigan bo‘lsa, uning janoza namozi o‘qishi ham, boshqa namozlarni o‘qib berishi ham joizdir.
Fiqh kitoblarida ko‘zi ojiz odamning mukammal tahorat qilishi qiyin kechgani sababli uning imom bo‘lmasligi avlo, deyiladi. Biroq undan ko‘ra boshqa imomlikka loyiq kishi topilmasa, uning imom bo‘lishi yaxshidir. Chunki ilmli odam ko‘zi ojiz bo‘lsa ham parhezkor bo‘ladi, odamlarda shubha uyg‘otadigan ishlar qilmaydi.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Madinadan safarga chiqqanlarida ko‘zi ojiz bo‘lsa ham Abdulloh ibn Ummi Maktum (roziyallohu anhu)ni o‘z o‘rinlariga qo‘yib ketar edilar. U sahobalarga namoz o‘qib berardi (Imom Abu Dovudning Anas (roziyallohu anhu)dan rivoyati).
Demak, ko‘zi ojiz odamning namozi, agar u imomlikka loyiq va munosib bo‘lsa, durustdir.
“So‘ragan edingiz” kitobi asosida tayyorlandi
O‘MI Matbuot xizmati
Misrlik yozuvchi Anis Mansurning ota-ona haqida yozgan eng go‘zal so‘zlari:
"Ota-onang seni tashlab ketganlaridan so‘ng afsuslanasan. Chunki sen ularga biror yordam yoki biror narsa taklif qilganingda, ular "hojati yo‘q", "kerak emas qo‘yaver" deyishardi, sen esa ularga ishonarding, vijdoningni tinchlantirar eding – haqiqatan otamga kerak emas, onam hech narsa istamayapti, deb o‘ylarding.
Otalaringiz va onalaringiz "hech narsa kerak emas" deganlarida ularga ishonmang. Ular buni sizni o‘ylab, sizni holatingizni inobatga olib yoki sizdan hijolat bo‘lib aytishadi... Siz ulardan so‘ramasdan, ularga takalluflik qilmasdan, ulardan ruxsat olmasdan bering, hadya qiling.
Ko‘pchilik odamlar aldangani kabi siz ham otangizning qariligiga aldanmang. Onangizning yoshi ulug‘ligi, ojizligi yoki soddaligi sizni aldab qo‘ymasin. Chunki ularning har birining ichida erkalatishga va e’tiborga muhtoj bo‘lgan bir bola yashaydi".
Homidjon domla ISHMATBЕKOV